Avval xabar berganimizdek, O‘zbekiston musulmonlari idorasi tashabbusi bilan karonavirus yuqumli xastaligini tez orada insoniyat boshidan aritish maqsadida dinimiz ko‘rsatmalariga muvofiq, bir qator xayrli ishlar amalga oshirildi.
Bugungi fazilatli juma ayyomida O‘zbekiston musulmonlari idorasining Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi vakilliklari jami 21 bosh qora mol, tuman-shaharlar markaziy masjid imom-xatiblari tashabbusi bilan homiylar jalb qilingan holda, 386 bosh qo‘y so‘yilib, go‘shtlari kam ta’minlangan oilalar, yordamga muhtoj kishilar, duosi mustajob insonlar va mehribonlik uylariga xayriya qilindi.
Diniy soha xodimlari 6 543 ta najot so‘rash namozini ado etdilar. 1 466 301 ta “Solatun nojiya”, 1 277 537 ta “Solatun noriya”, 234 055 ta “Hasbunallohu va ni’mal vakil” kabi ulug‘ salovoti sharif va duo, 207 390 marta “Fotiha” va “Ixlos” suralari o‘qildi.
Ushbu xatmi Qur’onlar, salavotlar va xayriya ishlarining yakuniy duolari O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov hazratlari boshchiliklarida Toshkent shahridagi "Suzuk ota" majmuasida yurtimizdagi eng tabarruk ulamolar tomonidan amalga oshirildi.
Shu o‘rinda alohida ta’kidlash lozimki, ushbu xayrli ishlarga hissa qo‘shish maqsadida xalqimiz tomonidan katta tashabbus ko‘rsatildi. Jumladan, ijtimoiy tarmoqlar orqali xabar topgan yurtdoshlarimiz o‘z uylarida, oila a’zolari bilan xatmi Qur’on va “Solatun nojiya”, “Solatun noriya” kabi ulug‘ duolarni o‘qishga kirishdilar.
Qiyinchilik, musibat davrida jipslasholishimiz, bir tanu bir jonga aylana olishimizni ko‘rsatdi. Bugun erta tongdan boshlab Diniy idoraga aholimizdan qo‘ng‘iroqlar tinmadi. Ularda ixlosi baland azizlarimiz: “Biz shuncha xatmona qildik, buncha salovoti shariflar o‘qidik, bizni ham yozib qo‘ying”, deya xabar berdilar.
Bugun soat 12-00 gadar Diniy idoraga kelib tushgan ma’lumotlarga ko‘ra, yurtdoshlarimiz tomonidan 17 ta qo‘y so‘yilib, haqdorlarga ehson qilishgan. 213 marotaba xatmi Qur’on qilishgan, 271 690 kishi najot so‘rash namozini ado etishgan. 656 864 ta “Solatun nojiya”, 612 053 ta “Solatun noriya”, 199 343 ta “Hasbunallohu va ni’mal vakil” kabi ulug‘ salovoti sharif va duolarni, 350 466 marta “Fotiha” va “Ixlos” suralarini o‘qishgan. Bundan tashqari, qanchadan-qancha yurtdoshlarimiz aytishga botinmagan yoki xufyona tarzda ibodat va tasbehu duolarda bo‘lishgan.
Xalqimiz orasida Alloh taoloning valiy bandalari, duolari mustajob chin do‘stlari bor. Ularning birgina duolari balolarni aritishi, yengillik va kushoyishlar keltirishi mumkin. Ana shunday azizlarimiz ham duolarda bo‘ldilar, inshoalloh.
Sinovli damlarda butun xalqimiz chin niyat va ixlos bilan qilgan xayriya, ehson va qurbonliklar, ko‘plab xatmi Qur’on, duoi salovotlar sharofatidan yurtimiz, qolaversa, butun dunyoda karonavirus yuqumli kasalligi tez orada chekinsin, bermorlarga komil shifo bersin, masjidlarimiz ham yaqin vaqtlar ichida ochilib, mo‘min-musulmon xalqimiz bilan obod bo‘lsin!
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Masjidlar bo‘limi
1. Diniy sohani tanlashingizga nimalar va kimlar turtki bergan?
– Diniy sohani tanlashimga padari buzrukvorim sababchi bo‘lgan. U kishi bizga yoshligimizdan qisqa suralarni yodlattirgan. Tumanimizdagi jome masjidlar imomlariga shogird tushdim. Maktabni tugatgach, Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom institutiga o‘qishga kirdim.
2. Bugungi imom qanday bo‘lishi kerak?
– Bugungi imom ilmli, odobli, muomalada, yurish-turishda barchaga ibrat va namuna bo‘lishi zarur. O‘z ustida tinimsiz ishlashi kerak. Shu bilan birga, yurtimizda diniy-ma’rifiy va boshqa sohalarda amalga oshirilayotgan islohotlardan xabardor va bu xayrli ishlarni xalqqa yetkaza oladigan bo‘lishi zarur.
3. Imom-xatib odamlar orasida xuddi yuzdagi xoldek bo‘lishi kerak. Shunday emasmi?
– Bugun xalqimiz ma’rifatini yuksaltirish, bid’at-xurofotlarga murosasiz bo‘lishda imomning o‘rni alohida. Imomning so‘zi va amali uyg‘un, ya’ni aytganiga o‘zi amal qiladigan bo‘lishi kerak. Shundagina u odamlar orasida xuddi yuzdagi xoldek bo‘ladi.
4. Bugun jamiyatimizda sizni qaysi jihatlar quvontiradi va tashvishga soladi?
– Yurtimizda diniy-ma’rifiy sohada amalga oshirilayotgan xayrli ishlar barcha qatori meni ham quvontiradi. Ayniqsa, Qur’on va tajvidni o‘rgatish kurslari faoliyati yo‘lga qo‘yilgani tahsinga sazovor.
Ayrim yoshlarning bilib-bilmay aqidasi buzuq turli g‘alamislar tuzog‘iga tushib qolayotgani dilni xufton qiladi.
5. Eng ko‘p o‘qiydigan kitoblaringiz? Diniy manbalardan tashqari qanday mavzulardagi kitoblarni mutolaa qilasiz?
– Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rahimahullohning “Tafsiri Hilol”, “Hadis va hayot”, “Ruhiy tarbiya” asarlarini qo‘ldan qo‘ymay mutolaa qilaman. Alixonto‘ra Sog‘uniyning “Turkiston qayg‘usi” kitobi, jadidchi bobolarimizning asarlari meni maftun etgan.
6. Tanlagan kasbingizdan ko‘nglingiz to‘lmagan paytlar ham bo‘lganmi?
– Kasbim – faxrim. Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning meroslarini imkon qadar xalqqa yetkazayotganimdan behad baxtiyorman, alhamdulillah.
Ma’lumot o‘rnida, Shokirxon Imomiddinov 1979 yilda Toshkent viloyati Quyi Chirchiq tumanida tug‘ilgan. 1997–2001 yillarda Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom institutida ta’lim olgan. 2001 yildan beri Quyi Chirchiq tumani “Olmazor” jome masjidida imom-xatib hamda 2019 yildan buyon mazkur tuman bosh imomi bo‘lib ishlab kelmoqda.
"Hidoyat" jurnalining 8-sonidan olingan