Butun dunyoni tashvishga solayotgan koronavirus infeksiyasi 160 dan ortiq mamlakatda tarqalgani, kasallanganlar soni 190 ming nafarga yetgani, 7,5 ming o‘lim holati qayd etilgani har bir kishini yanada hushyor bo‘lishga, uning oldini olish tadbirini ko‘rishga undaydi.
Mana shunday yuqumli xastaliklarni tez orada insoniyat boshidan aritish borasida Qur’oni karim, hadisi shariflar va mo‘tabar manbalarda duoyu tazarrular o‘qish bayon etilgan.
Shu bois, O‘zbekiston musulmonlari idorasi tashabbusi bilan bir qator xayriya ishlarni boshlab yuborildi. Jumladan, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida jonliqlar so‘yilib, go‘shtlari kam ta’minlangan oilalar, yordamga muhtoj kishilar, duosi mustajob insonlarga va mehribonlik uylariga xayriya qilish ishlari boshlandi.
Imom-xatiblar va imom noiblari tomonidan 20 mart kuni “Najot so‘rash” namozini ado etib, ibodatlardan so‘ng “Solatun nojiya”, “Solatun noriya”, “Hasbunallohu va ni’mal vakil” kabi duolar, iltijolar qilinadi.
“Solatun nojiya (tunajjino)” duosi
اللَّهُمَّ صَلِّ عَلَى سَيِّدِنَا مُحَمَّدٍ صَلاَةً تُنَجِّينَا بِهَا مِنْ جَمِيعِ الأَهْوَالِ وَالآفَاتِ وَتَقْضِي لَنَا بِهَا جَمِيعَ الْحَاجَاتِ وَتْطَهِّرُنَا بِهَا مِنْ جَمِيعِ السَّيِّئاتِ وَتَرْفَعُنَا بِهَا عِنْدَكَ أَعْلَى الدَّرَجَاتِ وَتُبَلِّغُنَا بِهَا أَقْصَى الْغَايَاتِ مِنْ جَمِيعِ الْخَيْرَاتِ فِي الْحَيَاةِ وَبَعْدَ الْمَمَاتِ
“Allohumma solli ala sayyidina Muhammadin solatan tunajjina biha min jami’il-ahvaali val aafaati va taqziy lanaa biha jamiy’al hajaati va tutohhiruna biha min jamiy’is-sayyiaati va tarfauna biha i’ndaka a’lad-darojaati va tuballig‘unaa biha aqsol-g‘oyati min jamiy’il-xoyroti fil hayati va ba’dal mamaati.”
Ushbu duoni o‘qish orqali Hazrati Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga ko‘p salovot aytish iltijolarning ijobat bo‘lishi, mushkullarning kushoyish etilishiga sabab ekani haqida rivoyatlar kelgan. Hazrat Umar ibn Xattob raziyallohu anhu: “Nabiy sollallohu alayhi vasallamga salavot aytmas ekansan, qilgan duoying yer va osmon o‘rtasida to‘xtab turadi, undan biror narsa ko‘tarilmaydi”, deganlar (Imom Termiziy rivoyati).
Mashhur olim Zayniddin Iroqiy: “Ushbu rivoyat garchi Umar raziyallohu anhudan rivoyat qilingan bo‘lsa-da, odatda bu kabi xabarlar kishining fikridan kelib chiqib aytilmasligi jihatidan marfu’ – Rasululloh sallallohu alayhi vasallam aytganlari hukmidadir”, degan.
Hibbon ibn Munqiz roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda bunday deyiladi: «Bir kishi “Ey Allohning rasuli, duoyimni uchdan birini sizga salavot aytish uchun ajratayinmi?” dedi. U zot: “Agar xohlasang, mayli”, dedilar. “Uchdan ikkisini ajratsamchi?” dedi. “Mayli”, dedilar. “Hammasini ajratsamchi?” dedi. “Unda dunyo va oxiratingdagi g‘am-tashvishingga Alloh kifoya qiladi”, dedilar» (Imom Tabaroniy rivoyati).
“Solatun noriya” duosi
اَللّٰهُمَّ صَلِّ صَلَاةً كَامِلَةً وَسَلِّمْ سَلَامًا تَامًّا عَلٰى سَيِّدِنَا مُحَمَّدٍ الَّذِى تَنْحَلُّ بِهِ الْعُقَدُ، وَتَنْفَرِجُ بِهِ الْكُرَبُ، وَتُقْضٰى بِهِ الْحَوَآئِجُ، وَتُنَالُ بِهِ الرَّغَائِبُ، وَحُسْنُ الْخَوَاتِمِ، وَيُسْتَسْقَى الْغَمَامُ بِوَجْهِهِ الْكَرِيْمِ، وَعَلٰى اٰلِهِ وَ صَحْبِهِ فِي كُلِّ لَمْحَةٍ وَنَفَسٍ بِعَدَدِ كُلِّ مَعْلُوْمٍ لَّكَ
“Allohumma solli solatan kaamilatan va sallim salaman taamman a’la sayyidina Muhammadinil-laziy tanhallu bihil uqad va tanfariju bihil kurab, va tuqzo bihil havaaij, va tunaalu bihir-rag‘ooib va husnul-havatim. Va yustasqol g‘amam bi-vajhihil-karim va ala aalihi va sohbihi fi kulli lamhatin va nafasin bi-a’dadi kulli ma’lummil-lak”.
“Solatun noriya” duosi tariqat peshvosi Shayx Ahmad Rifoiy quddisa sirruhudan naql qilingan bo‘lib, u zotning tavsiyalari asosida ba’zi ixlosmandlar tomonidan hozirga qadar o‘qib kelinadi. Ayniqsa, bu duo 4444 marta o‘qilishi natijasida Alloh taoloning inoyati ila hojatlarning baroridan kelishi, duolar ijobat bo‘lishi ko‘pchilik tomonidan e’tirof etilgan.
Shuningdek, zamonamiz allomasi, faqihi, Shayx Muhammad Taqiy Usmoniy hafizahulloh bunday paytlarda 3 martadan “Fotiha”, “Ixlos” suralari va حَسْبُنَا اللهُ وَنِعْمَ الْوَكِيلُ – “Hasbunallohu va ni’mal vakil” duolarini o‘qishni tavsiya etdilar.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi diniy ta’lim muassasalarining ustoz va talabalari o‘z uylarida Qur’oni karimni 70 marta xatm qilishga kirishdilar. Shu bilan birga, Imom Buxoriyning “Al-Jome As-Sahih” asarini ham o‘qishyapti. Imom Termiziy rivoyat qilgan hadisi sharifda Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Alloh taolo: «Kimni Qur’on va Mening zikrim Mendan (narsalarni) so‘rashdan to‘sgan bo‘lsa, unga so‘rovchilarga bergan narsamdan afzalini berurman», deb marhamat qilgan» dedilar (Imom Termiziy rivoyati).
Qur’oni karim xatm qilib bo‘lingach, Imom Buxoriyning “Al-jome as-sahih” asari o‘qib tugatilgach eng tabarruk ulamolar ishtirokida xatmi Qur’onlar, salavotlar ijobatini so‘rab, yakuniy duolar qilinadi. Xuddi shu tarzda respublikamizning barcha viloyatlarida ham shunday xayrli ishlar va duoyu tazarrular ado etiladi.
Bu ish ham quyidagi hadisi muborakka hamohangdir. Hazrati Payg‘ambar alayhissalom «Bir qavm jamlansa, ba’zisi duo qilsa va qolganlari “omin”, desa, albatta, Alloh taolo ularni ijobat qiladi», deganlar (Imom Tabaroniy rivoyati).
Saudiya Arabistonidagi hamkor shirkatlar vakillari ham Makkai mukarramadagi Harami sharif – Baytulloh va Madinai munavvaradagi Masjid an-Nabiy kabi iltijolar shaksiz qabul bo‘ladigan muborak maskanlarda duo-tazarruda bo‘lishlari ko‘pchiligimizni mamnun etadi.
O‘z navbatida, xalqimizni mana shunday sinovli damlarda jips bo‘lib, oila davrasida, farzandu arjumandlar birla zikr, istig‘for va baloni daf bo‘lishi uchun duoyu tazarruda bo‘lishlarini ayni muddaodir.
Buyuk va Hakim Zot Alloh taolodan ushbu sinovlardan muvaffaqiyatli o‘tishimizda yordam va rahmat so‘raymiz. Allohim barchalarimizni ushbu kasallikdan o‘z panohida asrasin, bermorlarga komil shifo bersin!
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Savol: Islomda yangi kun qaysi soatdan boshlab kiradi? Masalan, shartli qabul qilingan tartib bo‘yicha soat 00:00 yangi kunning boshlanishi sanaladi? Islomda yangi kunning boshlanishi va tugashi qaysi vaqtdan e’tiborga olinadi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Dinimizga ko‘ra, kun shom vaqtidan boshlanadi va keyingi shomgacha davom etadi. Boshqacha qilib aytganda, islomda kun kecha bilan boshlanadi va uning ertasida kun botib, kunduz tugaganida, o‘sha kun ham yakunlanadi. Bunga oyat va hadislardan ko‘plab dalillar bor.
Faqat ayrim ahkomlarda kunning boshlanishi bomdod namozining vaqti kirishi (subhi sodiq)dan boshlanadi va kun keyingi bomdod vaqtigacha davom etadi. Masalan, Hajda Arafot vodiysida turishda hukm shunday.
Shuningdek, ayrim hollarda “kun” tushunchasi yuqoridagidek, 24 soatdan iborat (sutka) ma’nosida emas, balki tunga muqobil – qarama-qarshi ma’noda qo‘llanilishi ham mumkin. Bu holda kun boshlanishi bomdod vaqtidan to quyosh botgunigacha bo‘lgan muddat, ya’ni kunduzdan iborat bo‘ladi. Bunga misol uchun “bir kun ro‘za tutish” deganda aynan shu muddat nazarda tutiladi.
Xulosa qilib aytganda, dinimizdagi umumiy qoidaga ko‘ra, kunning boshlanishi kun botganidan boshlanib, keyingi kun botishigacha davom etadi. Ayrim istisno qilingan holatlarda kunning qachon boshlanib, qachon tugashi dindagi hukmlarga qarab farq qiladi. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.