O‘z zamonasining ulug‘ olimlaridan bo‘lgan tib ilmiga ulkan hissa qo‘shgan Abu Ali Xusayin ibn Abdulloh ibn Sino xazratlari aytgan edi: “Vahimaning o‘zi yarim kasallaikdir, Xotirjamlik yarim sog‘likdir, sabr esa shifoning boshlanishidir” degan edilar.
Mashhur rivoyatlardan biridan :
Bir kishi safarga ketayotib, yo‘lda Vaboni uchratib qolibdi.
— Qayerga ketayapsan? — so‘rabdi vabo.
— Ziyoratga. Sen-chi?
— Sening yurtingga, besh ming kishini olib ketishga, — debdi vabo.
Har kim o‘z yo‘lida ketibdi. Yil o‘tib, ular yana o‘sha joyda ko‘rishib qolishibdi.
— Sen aldading, — debdi ziyoratchi vaboga — Besh ming kishini olib ketaman deb, yurtimdan ellik besh ming odamni olib ketibsan!
— Yo‘q, — e’tiroz qildi vabo, — Men rostdan ham besh ming kishini olib ketdim. Qolgani vahima kasalidan o‘ldi…Qissadan hissa: Odamni kasallikdan ko‘ra, vahimasi o‘ldiradi.
Xo‘sh bunday paytdan musulmon kishi qanday ish tutishi lozim shariat bu haqda nima deydi, inson vahimaga tushmaslik uchun nima qilishlishi lozim va bu “Vabo” kasalligi o‘zi nima?
Vabo va shu kabi tez tarqaladigan kasalliklar chiqqan joyga kirilmaydi va qattiq zarurat bo‘lmasa, u yerdan chiqib ketilmaydi. Tibbiy soha vakillari ko‘rsatmalariga to‘la amal qilinadi. Mana shu shartlarga amal qilib, vabo, o‘lat va shu kabi kasalliklardan vafot etgan mo‘min-musulmonlar shahidlik martabasini topadilar.
Koronavirus (COVID-19) kasalligi shiddat bilan tarqalib uning geografik hududi kengayayotgan va odamlar orasida uni yuqumli kasallik ekanligi vahimasi kuchayayotgan paytda dunyo islom ulamolari bu kasallikning shar’iy muolajalarini eslatmoqdalar. Alloh taolo Qur’oni karimda shunday marhamat qiladi:“Qayerda bo‘lsangiz ham o‘lim sizlarni topadi, hatto mustahkam qal’alar ichida bo‘lsangiz ham” (Niso surasi 78-oyat).boshqa bir oyati karimada esa: “…o‘z qo‘llaringiz (baxilligingiz) bilan o‘zlaringizni halokatga tashlamangiz!”, — deyilgan (Baqara surasi 195-oyat).Payg‘ambarimiz alayhissalomning vabo haqidagi so‘zlari yuqoridagi oyatlarining tasdig‘idir. U zot alayhissalom shunday deganlar: “Albatta, bu vabo – Alloh u bilan sizdan avvalgi qavmlarni halok qilgan azobdir. Yer yuzida undan bir ozi qolgan. Gohida keladi, gohida ketadi. Agar bir yerda vabo paydo bo‘lsa, u yerdan chiqib ketmanglar. Agar bir yerda vabo borligini eshitsangiz, u yerga bormanglar” (Imom Ahmad rivoyatlari). Madinaga hijrat qilingandan keyin bir muddat o‘tgach, Abu Bakr va Bilol raziyallohu anhumoni isitma (bezgak, vabo) tutdi. Bu haqda Payg‘ambarimizga xabar berilganda, U Zot alayhissalom vaboning ko‘tarilishi va Juhfa degan joyga ketishini so‘rab duo qildilar. Alloh taolo U Zotning duolarini qabul qildi (Imom Bayhaqiy rivoyatlari).
Vabo va o‘lat (epidemiyalar) sababidan vafot etgan musulmonlar haqida Payg‘ambarimiz alayhissalom shunday deganlar:ya’ni: “Vabo – har bir musulmon uchun shahidlikdir”(Imom Buxoriy rivoyatlari).Insonning iymon e’tiqodi qancha kuchli bo‘lsa, Qur’oni Karimning shifosi ham shuncha ziyoda bo‘ladi. Bu borada Alloh taolo Fussilat surasinig 44-oyatida shunday marhamat qilgan.“U (Qur’on) iymon keltirganlar uchun hidyat va shifo” deb ayt”. Qur’oni Karimning barchasi shifo bo‘lib, xususan Oyatal Kursiy, Fotiha, Ixlos, Falaq va Nas suralari bilan davolanishni ulamolarimiz tavsiya qilishgan. Xususan Ixlos, Falaq va Nas suralarini ertalab va kechqurun uch martadan o‘qib yursa barcha kasallik va balolarni daf qilishga yetarli bo‘ladi Shuningdek, Payg‘ambarimiz alayhissalom: “Kim Baqara surasining oxirgi ikki oyatini tunda o‘qisa, unga yetarli bo‘ladi”, – dedilar (Imom Buxoriy rivoyatlari). Ya’ni, bu oyatlarning barakasidan Alloh bandasini turli balo-ofatlardan asraydi. Hadisi shariflarda inson biror musibat yoki kasallikka yo‘liqqanda o‘qiydigan maxsus duolar ham kelgan. Payg‘ambarimiz alayhissalom: “Kimki: “Uning ismi tufayli yeru osmonda biror narsa zarar bera olmaydigan Allohning nomi bilan panoh so‘rayman. U o‘ta eshituvchi va biluvchi zotdir”, – deb uch marta aytsa, unga biror narsa zarar bermaydi”, – dedilar. (Imom Abu Dovud va Imom Termiziy rivoyatlari).Yuqoridagilardan kelib chiqib shuni xulosa qilamizki bunday vaziyatda har doim bo‘lganidek musulmon kishi sababni ushlash va tadbir o‘rtasida bo‘ladi. Sababni ushlash. ya’ni zohirda ehtiyot chorasini ko‘radi. Niqob taqib yuradi, shifokor ko‘rigidan o‘tadi, agar virus alomatlari ko‘rinsa, yashirmaydi va karantinga rozi bo‘ladi. Soha mutaxassislari tavsiyasi va bu to‘g‘ridagi hukumat qarorlarini hurmat qiladi. Tadbir, ya’ni, botinida ishlarning tadbirini qilmaydi, endi nima bo‘lar ekan deb ich-etini yemaydi. Taqdirda Alloh nima yozgan bo‘lsa unga rozi bo‘ladi. Har bir ish Allohning ilmida ekaniga iymon keltirib, Unga tavakkul qiladi. Xotiri jam bo‘ladi, sarosima va vaximaga tushmaydi, hamda vaxima qo‘zg‘amaydi. Allohga iymoni uni har qanday qiyin vaziyatda o‘zini munosib tutishga undaydi. Demak musulmon kishi boshqa joylarda bo‘layotganidek vaxima ko‘tarmaydi va sarosimaga tushmaydi. Shu bilan birga ehtiyot choralarini ko‘radi va sabablarni ushlaydi.
Alloh yurtimizni xar turlik balo – yu ofatlardan omonda saqlasin!
X.Kenjayev
Urganch shaxar bosh imom-xatibi
O‘zbekiston musulmonlari idorasining Namangan viloyat vakilligida viloyat bosh imom-xatibi Musoxon domla Abbosiddinov rahbarliklarida viloyat Adliya boshqarmasi bilan hamkorlikda viloyatda faoliyat ko‘rsatayotgan masjidlar mutavallilari uchun yig‘ilish o‘tkazildi.
Yig‘ilishda viloyat Adliya boshqarmasi mutaxassisi Z.Axmedxodjayeva, Yangi Namangan tumani kadastr bo‘limi boshlig‘i O.Usmanov, notarius A.Artiqovlar ishtirok etdilar.
Unda notiqlar tomonidan mutavalli masjid imom-xatibining xo‘jalik ishlari bo‘yicha yordamchisi, masjidlarning iqtisodiy faoliyatini yaxshilash, xodimlarning oylik ish xaqi bilan ta’minlash, qurilish-ta’mirlash ishlarini belgilangan tartib va me’yorlarga rioya qilgan holda amalga oshirish, masjid mulkini iqtisod qilish maqsadida geleokollektorlar o‘rnatish, mavjud qozonxonalarni xavfsiz hududlarga olib chiqish, ish yuritish nomenklaturasiga, ichki mehnat tartib qoidalariga va muomala madaniyatiga rioya qilish, masjidlarning tozalik va obodonlashtirish ishlariga mas’ul ekanini aytib o‘tildi.
Masjidlarning ta’sis xujjatlari, ish haqlarini me’yorlashtirish, yangi xodim ishga qabul qilinganda Adliya boshqarmasini onlayn xabardor qilish, masjidlardagi mavjud “tekshirishlarni ro‘yxatga olish kitobi”ni yuritish tartibi yuzasidan tushuntirish ishlari olib borildi.
Yig‘ilish davomida masjidlarning qo‘shimcha yer maydonlarini qonuniylashtirish, kadastr hujjatini rasmiylashtirish tartib-qoidalari va huquqiy oqibatlari haqida batafsil ma’lumotlar berildi.
Yig‘ilish davomida qatnashchilar o‘zlarining qiziqtirgan savollariga mutaxassislar tomonidan batafsil javoblar oldilar.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Namangan viloyati vakilligi
Matbuot xizmati