Bu dunyo hayoti insonlarga sinov uchun berilgan. Bu haqda Alloh taolo shunday marhamat qiladi: “Albatta, Biz sizlarni xavfu xatar, ochlik, molu jon va meva-chevalarni kamaytirish kabi narsalar bilan imtihon qilamiz” (Baqara surasi, 155-oyat). Ushbu oyati karimaning ma’nosini Imom Sha’roviy rohimahulloh ta’vil qilib shunday deydilar: “Bilamizki, aslida kishilar boshiga sinovlarning kelishi yomon emas, balki uni sinovlardan o‘ta olmasligi yomondir. Zero, har bir sinov tajriba va imtihon hisoblanadi. Hech kim imtihonlarni yomon demagan, balki u muvaffaqiyatga erishish yo‘lidagi mashaqqatlarni ko‘tara olmagan kishining nazdida yomondir. Ammo, bor-kuch g‘ayratini ishga solib, peshqadamlardan bo‘lgan kishi nazdida imtihon yaxshidir”.
Bugungi kunda ko‘pgina mamlakatlarga tarqalgan Korona virus (COVID-19) kasalligi ham insonlarga yuborilgan Alloh taoloning sinovlardan biridir. Har bir mo‘min-musulmon biror sinovni qarshi olar ekan uni Allohdan ekanligini bilib, unga sabr qiladi. Va u bu sabri uchun Alloh taoloning mag‘firat va rahmatiga sazavor bo‘ladi. Alloh taolo Qur’oni karimda shunday xabar beradi: (Ey Muhammad alayhissalom) biron musibat kelganida: “ Bizlar albatta Allohnikimiz va albatta Unga qaytamiz”, deyishadi. Ana shularga parvardigorlaridan mag‘firat va rahmat bor, ana shular to‘g‘ri yo‘lni topganlardir” ( Baqara surasi 156-157-oyatlar). Bu oyatlarning tafsiri haqida “Tafsiri irfon” da: “ Oyatdagi “Bizlar albatta Allohnikimiz va albatta Unga qaytuvchimiz” (Inna lillahi va inna ilayhi roji’un) istirjo’ duosidir. Musibat yoki bir balo-ofat yetganida musulmon kishi sabrli bo‘lib, Janobi Haq O‘zi o‘rgatgan shu duoni aytishi lozim”[1] deyilgan.
Sinovlar oldida inson vahimaga tushmasdan, o‘zidagi xotirjamlikni ziyoda qilishi lozim. Abu Ali Husayn ibn Abdulloh ibn Sino hazratlari shunday degan ekanlar: “Vahimaning o‘zi yarim kasallik, xotirjamlik yarim sog‘lik va sabr esa shifoni boshlanishidir”.
Vahima va qo‘rquv ichra yashaydigan kishilarga aytar so‘zimiz shuki, siz vahima bilan o‘zingizni charchatasiz. Shunday ekan, siz yaxshisi o‘zingizni vahimaga solayotgan ishni oldini olishga harakat qiling. Uni sodir bo‘lishiga yo‘l qo‘ymang!
Mo‘min-musulmon kishi Alloh taoloning taqdir qilgani yuzaga chiqishiga qattiq ishongan holda, kasallikdan saqlanish chora tadbirlarini ko‘radi. Vabo va shu kabi tez tarqaladigan kasalliklar chiqqan joyga kirilmaydi va qattiq zarurat bo‘lmasa, u yerdan chiqib ketmaydi. Tibbiy soha vakillari ko‘rsatmalariga to‘la amal qiladi. O‘zida har xil vahimalarga o‘rin bermaydi va boshqalarni ham vahimaga tushishdan qaytaradi.
Alloh taolo hammamizni turli vahimalarga berilishdan saqlab, turli balo-ofatlardan O‘z panohida asrasin.
R. Usmonov
O‘MIning Qashqadaryo viloyatidagi vakili,
viloyat bosh imom xatibi
[1] Shayx Usmonxon Temurxon Samarqandiy. “Tafsiri irfon”.“Sharq” NMAK, 2019.1-jild.146-bet.
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Imom Molik Sa’id ibn Musayyibdan rivoyat qiladi:
«Bir musulmon va bir yahudiy xusumatlashib, Umar roziyallohu anhuning huzuriga kelishdi. Yahudiy haq bo‘lib chiqdi. Umar uning foydasiga hukm chiqardi. Shunda yahudiy unga:
«Allohga qasamki, haq ila hukm chiqarding», dedi.
«Sen qayerdan bilding?» dedi Umar, uni darra ila urib.
«Biz Tavrotda: «Qaysi qozi haq ila hukm chiqarsa, albatta, o‘ng tomonida bitta, chap tomonida bitta farishta uni quvvatlab turadi. Modomiki, u haqda ekan, ishini to‘g‘rilab ham turadilar. Qachon haqni tark qilsa, ular ham uni tark qilib, ko‘tariladilar», deyilganligini topamiz», dedi».
Umar ibn Xattob roziyallohu anhuning ilohiy adolat ummonidan suv ichgan adolatlarini ko‘rgandan keyin, undan bahramand bo‘lgandan keyin yahudiy ham erib ketib, musulmonlar xalifasini alqashga o‘tgan. U yahudiylarning boshqalardan berkitib yuradigan kitoblari, ya’ni Tavrotdagi haqiqatni Umar ibn Xattob roziyallohu anhuning hukmida ko‘rganligini e’tirof etgan.
Ha, hazrati Umar roziyallohu anhuning Islom jamiyati rahbari sifatida olib borgan ishlariga butun dunyo qoyil qolgan va haligacha qoyil qolib kelmoqda.
Umar ibn Xattob roziyallohu anhu bunga o‘xshash adolatli ishlarni tashviqot uchun qilmas edilar. Balki buni vazifa, Alloh taolo oldidagi burch, deb his etganlaridan qilar edilar. Kim bo‘lishidan qat’i nazar, har bir odam u kishi uchun Alloh taolo nozil qilgan shariat hukmi oldida barobar edi. Musulmonmi, zimmiymi yoki boshqami, hazrati Umar uchun baribir edi. Haq kim tarafda bo‘lsa, hukm o‘shaning foydasiga chiqarilar edi.
«Hadis va hayot» kitobining 23-juzidan olindi