Sayt test holatida ishlamoqda!
24 Dekabr, 2024   |   23 Jumadul soni, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:21
Quyosh
07:47
Peshin
12:28
Asr
15:18
Shom
17:02
Xufton
18:22
Bismillah
24 Dekabr, 2024, 23 Jumadul soni, 1446

Vahimaga o‘rin yo‘q

18.03.2020   2573   3 min.
Vahimaga o‘rin yo‘q

Bu dunyo hayoti insonlarga sinov uchun berilgan. Bu haqda Alloh taolo shunday marhamat qiladi:  “Albatta, Biz sizlarni xavfu xatar, ochlik, molu jon va meva-chevalarni kamaytirish kabi narsalar bilan imtihon qilamiz” (Baqara surasi, 155-oyat). Ushbu oyati karimaning ma’nosini  Imom Sha’roviy rohimahulloh ta’vil qilib shunday deydilar: “Bilamizki, aslida  kishilar boshiga sinovlarning kelishi  yomon emas, balki uni sinovlardan o‘ta olmasligi yomondir. Zero, har bir sinov tajriba va imtihon hisoblanadi. Hech kim imtihonlarni yomon demagan, balki u muvaffaqiyatga erishish yo‘lidagi mashaqqatlarni ko‘tara olmagan kishining nazdida yomondir. Ammo, bor-kuch g‘ayratini ishga solib, peshqadamlardan bo‘lgan kishi nazdida  imtihon  yaxshidir”.

Bugungi kunda ko‘pgina mamlakatlarga tarqalgan Korona virus (COVID-19) kasalligi ham insonlarga yuborilgan Alloh taoloning sinovlardan biridir. Har bir mo‘min-musulmon biror sinovni qarshi olar ekan uni Allohdan ekanligini bilib, unga sabr qiladi. Va u bu sabri uchun Alloh taoloning mag‘firat va rahmatiga sazavor bo‘ladi.   Alloh taolo Qur’oni karimda shunday xabar beradi: (Ey Muhammad alayhissalom) biron musibat kelganida: “ Bizlar albatta  Allohnikimiz va albatta Unga qaytamiz”, deyishadi.  Ana shularga parvardigorlaridan mag‘firat va rahmat bor, ana shular to‘g‘ri yo‘lni topganlardir” ( Baqara surasi 156-157-oyatlar).  Bu oyatlarning tafsiri haqida “Tafsiri irfon” da: “ Oyatdagi “Bizlar albatta Allohnikimiz va albatta Unga qaytuvchimiz” (Inna lillahi va inna ilayhi roji’un) istirjo’ duosidir.  Musibat yoki bir balo-ofat yetganida musulmon kishi sabrli bo‘lib, Janobi Haq O‘zi o‘rgatgan shu duoni aytishi lozim”[1] deyilgan.

Sinovlar oldida inson vahimaga tushmasdan, o‘zidagi xotirjamlikni ziyoda qilishi lozim. Abu Ali Husayn ibn Abdulloh ibn Sino hazratlari shunday degan ekanlar: “Vahimaning o‘zi yarim kasallik, xotirjamlik yarim sog‘lik va sabr esa shifoni boshlanishidir”. 

Vahima va qo‘rquv ichra yashaydigan kishilarga aytar so‘zimiz shuki,  siz vahima  bilan o‘zingizni charchatasiz. Shunday ekan, siz yaxshisi o‘zingizni vahimaga solayotgan  ishni oldini olishga harakat qiling. Uni sodir bo‘lishiga yo‘l qo‘ymang!

Mo‘min-musulmon kishi Alloh taoloning taqdir qilgani yuzaga chiqishiga qattiq ishongan holda, kasallikdan saqlanish chora tadbirlarini ko‘radi. Vabo va shu kabi tez tarqaladigan kasalliklar chiqqan joyga kirilmaydi va qattiq zarurat bo‘lmasa, u yerdan chiqib ketmaydi. Tibbiy soha vakillari ko‘rsatmalariga to‘la amal qiladi. O‘zida har xil vahimalarga  o‘rin bermaydi va boshqalarni ham vahimaga tushishdan qaytaradi.    

Alloh taolo hammamizni turli vahimalarga berilishdan saqlab, turli balo-ofatlardan O‘z panohida asrasin.

 

 R. Usmonov

O‘MIning Qashqadaryo viloyatidagi vakili,

viloyat bosh imom xatibi

 

[1] Shayx Usmonxon Temurxon Samarqandiy. “Tafsiri irfon”.“Sharq” NMAK, 2019.1-jild.146-bet. 

Maqolalar
Boshqa maqolalar

Fiqhga ikki xil qarash mumkinmi?

23.12.2024   1284   1 min.
Fiqhga ikki xil qarash mumkinmi?

Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.

Faqihlarning fiqhga bergan ta’riflarida «dalil» degan so‘z bormi? Yo‘q. Ular faqat mukallaflarning amallari haqida gapirishdi, hukmlarning mukallaflarga nisbatan joriy bo‘lish holatlariga e’tibor qaratishdi. Demak, umumiy qilib aytadigan bo‘lsak, fiqhga ikki xil ta’rif berildi. Biri usuliy ulamolarning ta’rifi, ya’ni «Qur’on va Sunnatdan hukmlarni qay tarzda chiqarib olish haqidagi ilm» degan ta’rif. Ikkinchisi fuqaholar bergan ta’rif bo‘lib, unda hosil bo‘lgan hukmlarning mukallaflarga qanday joriy qilinishi asosiy o‘ringa qo‘yildi. Bu hukmlar mutlaq mujtahidlar tarafidan chiqariladi. Hukmni faqat mutlaq mujtahid chiqara oladi. Ana shu mujtahid muayyan bir hukmni Qur’on va Sunnatdan qanday chiqarganini o‘rganish usul ilmining mavzusidir. Chiqarilgan hukmni o‘zimizga va jamiyatga tatbiq qilish esa muftiy va faqihlarning ishidir.

Demak, fiqhga ikki xil qarash mumkin ekan: hukmni chiqarib olish va uni tatbiq qilish. Bizning xatoimiz shuki, hukmni ishlab chiqish bilan uni tatbiq qilish orasidagi farqni tushunmayapmiz. Tushunmaganimiz uchun ham keraksiz gaplarni gapiryapmiz. Biz yuqorida aytib o‘tgan ikki yo‘nalish – tahallul, ya’ni dinga yengil qarash va tashaddud, ya’ni dinda g‘uluvga ketish yo‘nalishlari yo ikkinchi ta’rifdan bexabar qolishdi, yoki unga e’tiborsiz qarashdi. Ular faqat birinchi ta’rifni, ya’ni hukmni qay tarzda ishlab chiqishni izohlashdi.

«Hanafiy mazhabiga teran nigoh» kitobidan