Qirg‘izistonda COVID –19 karonavirusi aniqlanmadi. Shunday bo‘lsada mamlakat bosh vaziri Muhammadkali Abilgaziyev virus tarqalib ketishining oldini olish maqsadida ayrim cheklovlar o‘rnatilishini ma’lum qildi: “Infeksiyani oldini olishning iloji yo‘q. Virus qo‘shni davlatlarda paydo bo‘lgan. Mamlakatda qattiq karantin choralari joriy etiladi. Maktab va universitetlarda darslar bekor qilinadi. Ommaviy tadbirlar taqiqlanadi. Chet elliklar kirishi uchun chegaralar yopiladi”.
Shu munosabat bilan Qirg‘iziston bosh muftiysi Maqsat hoji Toktomushev musulmonlarga murojaat bilan chiqdi. Unda jumladan bunday deyiladi: “Islom dini qiyinchilikka emas, yengillikka asoslangan. Qur’oni karimda marhamat qilinadi: “Alloh sizlarga yengillikni xohlaydi va sizlarga qiyinchilikni xohlamaydi” (Baqara, 185-oyat). Boshqa oyati karimada: “...o‘z qo‘llaring bilan o‘zlaringni halokatga tashlamanglar...” (Baqara surasi, 195-oyat), deyilgan.
Payg‘ambarimiz (sollolohu alayhi va sallam) rivoyat qilingan bir-necha hadislarda musulmon kishi o‘ziga ham, o‘zgaga ham ziyon bermasligi aytilgan. Demak, inson o‘zi va boshqalarga ziyon bo‘luvchi narsalardan uzoq bo‘lishi zarur ekan. Shu bois dunyodagi musulmon mamlakatlari diniy fatvolarini hisobga olib, karonavirusning odamlar govjum joylarda tarqalishining oldini olish uchun Qirg‘iziston musulmonlari idorasi tegishli yechimlarni qabul qildi”.
Ushbu fatvoga ko‘ra, endilikda Qirg‘izistonda holat barqarorlashguncha masjidlarda juma namozlari o‘qilmaydi, balki uning o‘rniga peshin namozlari uylarda o‘qiladi. Masjidlar yopilmaydi, ammo namoz vaqtlarini bildirish uchun masjidlarda azon aytilib turadi. Masjidlarda da’vat ishlari vaqtincha to‘xtatiladi. Janoza namozlari marhumning yaqin qarindoshlari ishtirokida uylarda o‘qiladi.
“Bunday qiyin vaziyatlarda Qirg‘iziston diniy boshqarmasi Yaratgan Alloh taologa yuzlanib, gunohlarga kechirim so‘rab, tovba qilib, duo qilishga chaqiradi. Elimiz xavfsizligini saqlash uchun Qirg‘iziston hukumati tomonidan qabul qilingan charalarga amal qilish har bir kishining burchi, elimiz boshiga kelgan qiyinchilikdan foydalanib, kundalik oziq-ovqat va boshqa turli narsalarning narx-navolarni ataylab ko‘tarish orqali sodir bo‘ladigan katta gunoh ishlarga yo‘l bermasligimiz kerak”, deyiladi murojaat yakunida.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Diyorimizga ulug‘ ayyom kirib kelmoqda. Qutlug‘ Iydul Azho vatandoshlarimizni xayru saxovat, mehr-oqibat sari chorlaydi. Bu bayram chin ma’noda odamiylik ayyomi. Insonlarga mehr, o‘ksik ko‘ngillarga shodlik ulashish fursati.
Qalblari himmat va karam ne’matidan bobahra xalqimiz bu muazzam kunlarni boy bermaslik uchun fursatni g‘animat biladilar va savobdan bahramand bo‘lib qolishga harakat qiladilar.
Dinimiz ko‘rsatmalari, shariat hukmlarini ustivor tutgan qodir vatandoshlarimiz qurbonliklar qilib, Haqni rozi qilishga, haqdorlar ko‘nglini olishga intiladilar. Yaratganning rahmati yog‘ilib turgan damlarda duolar mustajob bo‘ladi. Alloh taolo o‘zining kalomida “Parvardigoringiz uchungina namoz o‘qing va qurbonlik qiling”, - deb marhamat qiladi.
Bu borada sarvari koinot sayyidimiz ibratlari o‘rinli. Oila a’zolarimizni yo‘qlash, qo‘shnilar holidan xabar olishda, miskinlarni sevintirish-u, xastalar ahvolidan ogoh bo‘lishda ularning hadisi muboraklari bizga nurli yo‘l, deymiz.
Amallar ko‘p. Ularga beriladigan savoblarning darajasi amalga qarab belgilanadi. Eng savobi ko‘p amal bu farz hisoblansa, boshqalarga yaxshilik ulashish undan keyingi o‘rinda turadigan ulug‘ ibodatdir!
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam muborak hadislarida boshqalarga qilinadigan yaxshilikni farzdan keyingi o‘rinda turishini bayon qilib shunday dedilar: “Farzlarni ado qilishdan keyingi o‘rinda turadigan Allohga eng suyukli bo‘lgan amal bu musulmoning qalbiga xursandchilikni kiritishdir”.
Shuning uchun Shayx Abdulloh Hoshim rahmatullohi alayh qozilikdan kelgan maoshning teng yarmiga shirinlik sotib olib, o‘zlari bilan olib yurar va har doim uchratgan bolaga shirinlikdan berib, uni xursand qilar edilar.
Ulug‘ kunlarda turibmiz. Har damni g‘animat bilishlik, bir birimizga saxovatda ibrat bo‘lishimiz savobli amallar ekanini his qilmog‘imiz lozim. Bu kunda isrofgarchilikdan xoli dasturxonlar yozish, borimizni boshqalar bilan bo‘lishishga intilishimiz darkor. Xayrni, yaxshilikni gunohga almashtirib qo‘ymaslik uchun ham uyg‘oq ko‘ngil bo‘lish talab etiladi.
Bugun muazzam kunlar og‘ushidamiz, dedik. Vatandoshlarimiz ulug‘ safarlarni ixtiyor etganlar. Ayni fursatlarda hojilarimiz Mino, Arofat vodiylarida, Muzdalifada – duolar qabul bo‘ladigan makonlarda, zamonlarda ibodatlar qilib, elu yurtga tinchlik, osoyishtalik so‘ramoqdalar. Bu duolar barakotidan diyorimiz ahliga qancha yaxshiliklar yetishadi, inshaalloh. Ibodatlar huzurini totgan odamlarning qalbi salim, ehsonu, muruvvatda peshqadam bo‘lishlari bu eng katta yaxshilik aslida. Hojilarimiz safar odoblarini tushunib, ulug‘ dargohlardan nasibador bo‘lib qaytadilar. Diyorimizga qaytganlaridan so‘ng esa yoshlarimiz ma’naviyatiga kamarbasta bo‘ladigan, Haq va haqiqat yo‘lida sidqidil xizmat qiladigan xolis Haq xizmatchilariga aylanadilar, degan umidimiz bor. Bunday ulug‘ ziyoratlar insonni qaysi yoshda bo‘lmasin, ezguliklarga xayrixox qiladi. O‘zgalar qalbini tushunishga, vatan va xalq manfaati yo‘lida sa’y-harakatga chorlaydi.
Bu kunlarning Yaratgan dargohidagi o‘rni musharraf. Hayit kechalarida duolar qabul bo‘ladi. Qurbonlik go‘shtlaridan nasibador oilalarga xursandchilik kiradi. Bu ehsonlar ortida ham mehr-oqibat, o‘zaro bag‘rikenglik maqsadi mujassam. Biz bu makonda yasharkanmiz, turli millatlar vakillari yagona O‘zbekistonning fuqarolarimiz. O‘zaro tenglik, adolat hukm surgan yurtda birodarlik, yaxshi qo‘shnichilik an’analarini qadrlab yashamoqdamiz. Mahallalarda hamkorlik bilan obodlik sari yo‘l ochilyapti. Vatanimiz kundan- kunga farovon, xalqimiz turmushi chiroyli bo‘lib boryapti. Bu ne’matlarga shukrona qilish, to‘g‘ri yo‘lda sobitqadam bo‘lish ma’rifatimiz, ma’naviyatimiz kamolidan darak beradi.
Xalqimizga saodat va sano ayyomi – Qurbon hayiti muborak bo‘lsin! Barchamizni Yaratgan xayru xursandchiliklar ustida bardavom qilsin. Vatanimiz tinch, yurtdoshlarimizning oilalari farovon bo‘lsin.
Xolmurod MAMAJONOV,
Farg‘ona shahar “Ummul quro” masjidi imom-xatibi