Sayt test holatida ishlamoqda!
24 Dekabr, 2024   |   23 Jumadul soni, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:21
Quyosh
07:47
Peshin
12:28
Asr
15:18
Shom
17:02
Xufton
18:22
Bismillah
24 Dekabr, 2024, 23 Jumadul soni, 1446

Sinovda o‘zaro ahil bo‘laylik!

17.03.2020   2560   4 min.
Sinovda o‘zaro ahil bo‘laylik!

Hurmatli yurtdoshlar! O‘zbekiston Musulmonlari idorasi Ulamolar kengashi tomonidan hozirgi kunda yurtimizda bo‘lib turgan koronavirus epidemiyasidan saqlanish maqsadida fatvo chiqarildi. Ushbu Fatvoda juma va besh vaqt farz namozlarini masjidlarda jamoat tarzida o‘qishdan vaqtinchalik to‘xtatilgani bayon qilingan.

Ta’kidlash joizki, mazkur fatvoni qabul qilish ulamolar kengashi uchun ham o‘ziga yarasha mas’uliyat yuklaydi. Bunday holatlar afsuski, hammamizni ham chuqur tashvishga soladi. Biroq shuni unutmaslik lozimki, dinimizda hech kim o‘z aqli bilan, havoi nafsi bilan ish tutishiga ruxsat yo‘q. Aksincha, diniy masalalarda har bir hukm va fatvolar aynan shari’atimizning ko‘rsatmasiga muvofiq, Qur’oni karim va hadislarga suyangan holda qabul qilinadi. Ulamolar kengashi ham mazkur fatvolarni qabul qilishda dinimizning bir qator ko‘rsatmalariga suyanganlar. Jumladan: Ibn Abbos raziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Payg‘ambarimiz alayhissalom: “Azonni eshitib, unga bormaganlar uchun namoz yo‘qdir. Uzrli holatlar bundan mustasno” dedilar. Shunda sahobalar: “Ey Allohning rasuli uzr nima?” – deb so‘radilar. Payg‘ambarimiz alayhisalom: “Xavf yoki kasallikdir”, – dedilar. (Abu Dovud rivoyati.) 

Mazkur hadisdan kelib chiqib Ibn Qudoma rahimahulloh o‘zlarining “Al-Mug‘niy” kitoblarida: “Juma va jamoatni tark qilishga qo‘rquv, xavf-xatar sabab bo‘ladi. Xavf uch turli bo‘ladi. Insonning joniga bo‘ladigan xavf, molu mulkiga nisbatan bo‘ladigan xavf va oilasiga nisbatan bo‘lgan xavf”, – deganlar.

Ikki sahihda kelishicha Ibn Abbos raziyallohu anhumodan rivoyat qilingan hadisda, U zot yomg‘irli kunda muazzinlariga qarata: “Hayya alassolah” ya’ni, “Namozga kelinglar”ning o‘rniga “Sollu fi buyutikum” ya’ni, “Namozni  uyingizda o‘qing”, deb ayting dedilar. Shunda bu gap  odamlarga yoqmagandek tuyulganini sezdilar va “Bu ishni mendan yaxshiroq bo‘lgan Zot qilganlar (Payg‘ambarimizni nazarda tutdilar). Juma namozi qat’iy vojib amaldir. Men sizlarni sirpanchiq va loyda yurib qiynalib qolishingizni istamadim” dedilar (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyatlari).   

Ibn Abbos raziyallohu anhumoning mazkur hadislaridan kelib chiqib, Ulamolar vabo va shunga o‘xshash insonning hayotiga xavf soladigan zararli holatlarda jamoat namozini vaqtincha to‘xtatib turish maqsadga muvofiq ekanini ta’kidlaganlar. Muttafaqun alayh bo‘lgan hadisda Payg‘ambarimiz sallalohu alayhi vasallam aytadilar: “Bir joyda vabo tarqalganini eshitsangiz u yerga bormanglar va sizlar yashab turgan joyda vabo tarqalgan bo‘lsa u yerdan chiqmanglar”.

Ushbu hadisdan ma’lum bo‘lishicha kasallikning tarqalishini oldini olish va undan uzoq bo‘lish qalbning taskin topishiga sabab bo‘ladi.

 Xulosa shuki, kasallikka qarshi turish, undan himoyalanish, ehtiyot choralarini ko‘rish shar’an talab qilingan ishlardandir. Aksincha, sabablarni tark qilib, o‘zini halokatga qo‘yish, noo‘rin tavakkalchilik qilish shar’an taqiqlangan ishlardandir. Zero, Alloh taolo Qur’oni karimda “O‘zlaringizni halokatga duchor qilmanglar!” – deb marhamat qilgan (Baqara surasi, 195-oyat).

Shari’atimiz ko‘rsatmalaridan kelib chiqib dunyoning  bir qator davlatlari, jumladan Turkiya, Malayziya, Qatar, Ummon, Marokash, Iroq, Falastin, Singapur, Kuvayt, Qozog‘iston, Tojikiston davlatlarida ham juma va jamoat namozlari vaqtincha to‘xtatilgan. Mana shularni inobatga olgan holda bizlar ham O‘zbekiston Musulmonlar idorasi Ulamolar kengashi tomonidan qabul qilingan fatvolarni amalga oshirishda turli ixtiloflarga berilmasdan, sabr va matonat bilan o‘zaro hamjihatlikda hamkorlik qilishimiz  maqsadga muvofiqdir. Bunday hollarda musulmon kishi  har xil asossiz fitna va ig‘volarga berilmasdan, joylarda turli tartibsizliklar chiqarmasdan, namozlarimizni o‘zimiz uchun qulay bo‘lgan manzillarda ado etib borishimiz har jihatdan o‘rinlidir. Buyuk va Hakim Zot Alloh taolodan ushbu sinovdan muvaffaqiyatli o‘tishimizda  yordam va rahmat so‘raymiz. Allohim barchalarimizni ushbu kasallikdan o‘z panohida asrasin!

 

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Ulamolar kengashi

Maqolalar
Boshqa maqolalar

Fiqhga ikki xil qarash mumkinmi?

23.12.2024   1361   1 min.
Fiqhga ikki xil qarash mumkinmi?

Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.

Faqihlarning fiqhga bergan ta’riflarida «dalil» degan so‘z bormi? Yo‘q. Ular faqat mukallaflarning amallari haqida gapirishdi, hukmlarning mukallaflarga nisbatan joriy bo‘lish holatlariga e’tibor qaratishdi. Demak, umumiy qilib aytadigan bo‘lsak, fiqhga ikki xil ta’rif berildi. Biri usuliy ulamolarning ta’rifi, ya’ni «Qur’on va Sunnatdan hukmlarni qay tarzda chiqarib olish haqidagi ilm» degan ta’rif. Ikkinchisi fuqaholar bergan ta’rif bo‘lib, unda hosil bo‘lgan hukmlarning mukallaflarga qanday joriy qilinishi asosiy o‘ringa qo‘yildi. Bu hukmlar mutlaq mujtahidlar tarafidan chiqariladi. Hukmni faqat mutlaq mujtahid chiqara oladi. Ana shu mujtahid muayyan bir hukmni Qur’on va Sunnatdan qanday chiqarganini o‘rganish usul ilmining mavzusidir. Chiqarilgan hukmni o‘zimizga va jamiyatga tatbiq qilish esa muftiy va faqihlarning ishidir.

Demak, fiqhga ikki xil qarash mumkin ekan: hukmni chiqarib olish va uni tatbiq qilish. Bizning xatoimiz shuki, hukmni ishlab chiqish bilan uni tatbiq qilish orasidagi farqni tushunmayapmiz. Tushunmaganimiz uchun ham keraksiz gaplarni gapiryapmiz. Biz yuqorida aytib o‘tgan ikki yo‘nalish – tahallul, ya’ni dinga yengil qarash va tashaddud, ya’ni dinda g‘uluvga ketish yo‘nalishlari yo ikkinchi ta’rifdan bexabar qolishdi, yoki unga e’tiborsiz qarashdi. Ular faqat birinchi ta’rifni, ya’ni hukmni qay tarzda ishlab chiqishni izohlashdi.

«Hanafiy mazhabiga teran nigoh» kitobidan