Alloh shohid, bundan uch-to‘rt yil muqaddam ketmon bilan yer tekislab turgan paytimda, chap oyoq iligimning yuqoriroq qismiga nimadir nish urganday bo‘ldi. Vujudim titrab ketdi. Darhol shimim pochasini qayirib ko‘rsam, chayon ekan. Depsinib yerga tushirdim. Poyabzalimning tovoni bilan bosdim. Ketmon mo‘hrasi bilan urdim. Atrofimda hech kim yo‘q edi. Bir necha daqiqa gazanda chaqqan joyni ishqalab o‘tirdim. Og‘riq jismimning yuqori qismi bo‘ylab siljiy boshladi. Qo‘rqdim, o‘rnimdan turib oqsoqlangan holda olisda o‘tirgan odamlar oldiga bordim. Ularga bo‘lgan voqeani aytib berdim. Ular ishonishmadi: «Chayon chaqqan odam bunday qilib yurolmaydi,» deyishdi ular. Men og‘riq borgan sari chap tomonim bo‘ylab jismimning yuqorisiga siljib borayotganini aytdim. Ular menining umumiy ahvolimga qarab baho berishardi. Jazavaga tushmasdim. Lekin zahar yuragimga yetib borsa, yiqilib qolsam kerak, degan o‘yda edim. Boz ustiga har qanday shifoxonadan ancha olisdamiz, mashina ham yo‘q edi.
Odamlar menga bee’tibor bo‘lib, gapga tushib ketishdi. Og‘riq jismim-ning qoq yarmi(umurtqa pog‘onam)ga qadar kelganda sekinlashdi va ikkinchi yarmiga o‘tmadi. Ancha xotirjam tortdim. O‘rnimdan turib, kelgan yerimga qaytdim. Biroz isitma bor edi, xolos. Oradan bir yarim soatlar o‘tgandan keyin o‘zimni yaxshi his qila boshladim. Shu-shu voqea esimdan chiqib ketdi.
Kunlardan bir kuni televizorda bir imom domla ma’ruza orasida kimki: «Bismillahillazi la yazurru ma’asmihi shayun fil arzi va la fis samai va huvas sami’ul ’alim!» duosini o‘qib yurgan bo‘lsa, har qanday balo daf bo‘ladi va gazanda chaqqan taqdirda ham ziyoni yetmaydi, deb aytdilar. Shukurlar bo‘lsinki, ushbu duoni men muntazam aytib yurar edim. Shundan bildimki, o‘sha kuni mazkur duo sabab bo‘lib, Alloh taolo meni azobdan asragan ekan. Aziz birodarlarim, ushbu duoni siz ham yodda saqlang va kechda hamda tongda, albatta uch bora takror aytib yuring.
Muhiddin OMAD.
Har haftaning chorshanba kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasida an’anaviy tarzda tashkil etiladigan fuqarolar qabuli bu safar ham aholi vakillarining murojaatlarini o‘rganish, muammolarga yechim topishga qaratildi.
Joriy haftadagi qabulda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari Muhammadolim domla Muhammadsiddiqov poytaxtimizdan hamda yurtimizning turli shahar va tumanlaridan tashrif buyurgan fuqarolarning shaxsiy va jamoaviy masalalari, taklif va mulohazalarini tingladi.
Qabul yakunida mas’ullarga aniq topshiriqlar berilib, fuqarolar murojaatlarini tezkor va adolatli hal etish bo‘yicha choralar belgilandi. Shu bilan birga, fuqarolar bilan bevosita muloqot qilish, ularning fikrlarini eshitish va islohotlarga jamoatchilikni faol jalb etish borasidagi ishlar doimiy e’tiborda ekani ta’kidlandi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati