Ulamolar Kengashining koronavirus infeksiyasi bo‘yicha fatvosi e’lon qilindi
Xabaringiz bor, shu kunlarda butun dunyoda koronavirus infeksiyasining tarqalishi katta tahdidga aylandi. Bugungi kunda yurtimizda ham ushbu kasallik yuqqan fuqarolar aniqlandi.
Kuni kecha Bosh vazirimiz Abdulla Aripov boshchiligida koronavirus mavzusiga bag‘ishlangan brifing bo‘lib o‘tdi.
Ushbu kasallikni keng tarqalib ketmasligi uchun barcha profilaktik chora-tadbirlar to‘liq amalga oshirilmoqda. Xususan, turli ommaviy tadbirlar, sayllar, o‘yinlar bekor qilindi. Shuningdek, Hukumatimiz tomonidan barcha diniy idoralarga diniy marosimlarni o‘tkazishni vaqtincha cheklash bo‘yicha tavsiya etildi.
Shu nuqtayi nazardan, O‘zbekiston musulmonlari idorasi Ulamolar kengashi shoshilinch yig‘ilishini o‘tkazdi. Yirik islomiy tashkilotlar va ulamolarning fatvo va xulosalari o‘rganildi. Quyidagi fatvo qabul qilindi.
بِسْمِ اللَّـهِ الرَّحْمَـٰنِ الرَّحِيمِ
اَلْحَمْدُ لله رَبِّ الْعَالَمِينَ وَالْعَاقِبَةُ لِلْمُتَّقِينَ وَالصَّلَاةُ وَالسَّلَامُ عَلَى رَسُولِ الله محمد وَ عَلَى آلِهِ وَ أَصْحَابِهِ أَجْمَعِينَ أَمَّا بَعْدُ
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Ulamolar kengashining koronavirus (COVID-19) infeksiyasi tarqalishining oldini olish bo‘yicha
FATVOSI
Dinimizda insonning joni, e’tiqodi, aqli, moli va obro‘sini saqlash muhim asoslardan biridir. Mana shu jihatlarga zarar yetadigan holatlarda shariat o‘z ko‘rsatmalarini insoniyatga yengillatadi.
Ma’lumki, bugungi kunda jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti koronavirus – COVID-19 ni pandemiya deb e’lon qildi. Ushbu kasallik asosan, havo-tomchi, qo‘l berib so‘rashish kabi holatlarda yuqadi. Shunday ekan, jamoa bo‘lib to‘planish holatlari ushbu xatarli virusning tarqalishiga sabab bo‘lmoqda. Bunday vaziyatda quyidagi oyat, hadis va shar’iy qoidalarda ko‘rsatilgan tavsiyalarga amal qilishga buyuriladi: Alloh taolo Qur’oni karimda shunday bayon qiladi:
وَلَا تُلْقُوا بِأَيْدِيكُمْ إِلَى التَّهْلُكَةِ وَأَحْسِنُوا إِنَّ اللَّهَ يُحِبُّ الْمُحْسِنِينَ
ya’ni: “O‘zingizni halokatga duchor qilmang. Ehson qiling, albatta Alloh ehson qiluvchilarni xush ko‘radir” (Baqara surasi, 195-oyat).
Bu oyatda halokatga sabab bo‘ladigan ishlardan to‘xtashga buyurilgan.
Abu Sa’id Xudriy raziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisi sharifda Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam:
"لا ضرر ولا ضرار" (رواه ابن ماجة والدارقطني )
ya’ni: “ Zarar berish ham va zarar ko‘rish ham yo‘q” deganlar (Imom Moja, Imom Doraqutniy rivoyatlari).
Demak, hadisi sharifda inson o‘ziga yoki o‘zgalarga zarar keltiradigan sabablardan uzoq bo‘lishga buyurilgan.
Mo‘tabar fiqhiy kitoblarimizda:
درء المفاسد مقدم على جلب المصالح
ya’ni: “Zararni daf qilish foydani jalb qilishdan oldinga qo‘yiladi”.
المشقة تجلب التيسير
ya’ni “Mashaqqat yengillatishni talab etadi” kabi fiqhiy qoidalar keltirilgan. Shulardan kelib chiqib, shariat insonga zarar yetish ehtimoli kuchaygan paytda o‘z ko‘rsatmalarini yengil tarzda bajarishga ruxsat beradi.
Shariatimiz ko‘rsatmalariga ko‘ra, favqulodda vaziyatlar yuz berganda, masalan, qattiq shamol, izg‘irin sovuq bo‘lganda masjid jamoatiga chiqmaslik uzr hisoblanadi. Bunga quyidagi hadis dalil bo‘ladi:
عَنْ عَبْدِ اللَّهِ بْنِ الحَارِثِ، عَنْ عَبْدِ اللهِ بْنِ عَبَّاسٍ، أَنَّهُ قَالَ لِمُؤَذِّنِهِ فِي يَوْمٍ مَطِيرٍ: "إِذَا قُلْتَ: أَشْهَدُ أَنْ لَا إِلَهَ إِلَّا اللهُ، أَشْهَدُ أَنَّ مُحَمَّدًا رَسُولُ اللهِ، فَلَا تَقُلْ: حَيَّ عَلَى الصَّلَاةِ، قُلْ: صَلُّوا فِي بُيُوتِكُمْ"، قَالَ: فَكَأَنَّ النَّاسَ اسْتَنْكَرُوا ذَاكَ، فَقَالَ: "أَتَعْجَبُونَ مِنْ ذَا؟!، قَدْ فَعَلَ ذَا مَنْ هُوَ خَيْرٌ مِنِّي، إِنَّ الْجُمُعَةَ عَزْمَةٌ، وَإِنِّي كَرِهْتُ أَنْ أُحْرِجَكُمْ، فَتَمْشُوا فِي الطِّينِ وَالدَّحْضِ " (رواه الإمام البخاري والإمام مسلم)
ya’ni: Abdulloh Ibn Horis raziyallohu anhudan rivoyat qilinadi, Ibn Abbos raziyallohu anhu qattiq yomg‘ir yoqqan kunda muazzinlariga shunday dedilar: “Ashhadu alla ilaha illalloh”, “Ashhadu anna Muhammadan Rasululloh”ni aytganingizdan keyin “Hayya ’alas solah”ni aytmang, balki uyingizda namoz o‘qinglar deb ayting”. Shunda ba’zi odamlar bundan norozi bo‘lishdi. U zot: Bu gapimdan ajablandingizmi? Vaholanki, bu narsani mendan ko‘ra yaxshiroq Zot (ya’ni, Rasululloh) qilganlar. Albatta jamoat namozi qat’iy hukmdir, lekin men sizlarni uylaringizdan chiqib, loy va balchiqlarni bosib yurishingizni xush ko‘rmayman”, dedilar (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyatlari).
Ma’lumki, farz namozlarini jamoat bilan masjidlarda o‘qishga shariatimizda targ‘ib qilingan bo‘lib, odamlarga qattiq sovuq, kuchli yomg‘ir yoqqanda yoki insonlarga zarar yetkazadigan holatlarda jamoatga kelmasdan uyda o‘qishlari tavsiya qilingan.
Hadisi sharifda vabo chiqqan joyga kirmaslik, agar o‘sha yerda bo‘lsa, u yerdan chiqib ketmaslik buyurilgan. Bu kasallikning oldini olish uchun eng yaxshi choradir. Buning ustiga jamoat joylari va boshqa katta tadbirlarda bu virusning tarqalish ehtimoli katta bo‘ladi.
Yuqoridagilardan kelib chiqib, O‘zbekiston musulmonlari idorasi Ulamolar Kengashi barcha musulmonlarni quyidagilarga chaqiradi:
Ushbu fatvo virus aniqlangan musulmon mamlakatlar hamda boshqa o‘lkalardagi yirik islomiy tashkilotlar va ulamolarning ushbu masaladagi fatvo hamda xulosalarini hisobga olgan holda qabul qilindi.
Alloh taolo ushbu kasallikni tez kunlarda bartaraf etishini hamda xalqimiz hayotini tinchlik va osoyishtalikda davom etishini nasibu ro‘zi aylasin! Omin!
Milodiy: 16 mart 2020 yil.
Hijriy: 21 Rajab 1441 yil.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Ulamolar Kengashi
Bu ehtiyot choralari vaqtincha bo‘lib, mo‘min-musulmonlarimiz to‘g‘ri tushunishlari lozim. Epidemik holat barqaror bo‘lgandan so‘ng jamoat bo‘lib ibodatlarimizni davom ettiramiz, insha Alloh.
Ayni vaqtda fuqarolarimizni karantin bilan bog‘liq holatni bosiqlik bilan qabul qilishga, turli asossiz vahimali xabarlarga ishonmaslik va tarqatmaslikka chaqiramiz. Shuningdek, tadbirkorlarimizdan fuqarolar uchun zarur oziq-ovqat, dori-darmon va boshqa vositalarni narxini oshirmasliklarini so‘raymiz.
Fuqarolarimizdan yana bir karra hukumatimiz tomonidan koronavirus tarqalishining oldini olish bo‘yicha belgilangan chora-tadbirlarga qat’iy itoat qilishlarini iltimos qilamiz.
Biz birgalikda va hamjihatlikda ushbu ofatni albatta yengamiz!
Alloh taboraka va taolo xalqimizni, yurtimizni turli baloyu-ofatlardan, turli kasalliklardan, jumladan, koronavirus kabi ofatlardan O‘zi asrasin! Bemorlarga komil shifo bersin!
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
AQSH Davlat kotibining Janubiy va Markaziy Osiyo ishlari bo‘yicha yordamchisi Samir Pol Kapur O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi, xabar bermoqda iccu.uz.
Islom sivilizatsiyasining ko‘p asrlik tarixi, uning ilm-fan, madaniyat va ma’rifat taraqqiyotiga qo‘shgan ulkan hissasi O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi ekspozitsiyalarida yaxlit va ta’sirchan tarzda namoyon etilgan. Tashrif davomida Samir Pol Kapur islomgacha bo‘lgan davr sivilizatsiyalaridan tortib, Yangi O‘zbekiston davriga qadar bo‘lgan tarixiy jarayonlarni aks ettiruvchi galereyalar, buyuk allomalarning ilmiy-ma’rifiy merosi, noyob qo‘lyozmalar, muqaddas yodgorliklar hamda zamonaviy raqamli texnologiyalar asosida yaratilgan interaktiv ekspozitsiyalar bilan yaqindan tanishdi.
Mehmon ekspozitsiyalarning mazmunan izchilligi va tarixiy jarayonlarni bir-biri bilan uzviy bog‘liq holda namoyon etish usuliga alohida e’tibor qaratdi. Uning qayd etishicha, bu yerda muzey eksponatlari orqali o‘tmish haqida ma’lumot olish bilan cheklanib qolmay, tarixiy davrlar ruhini his qilish, ular o‘rtasidagi bog‘liqlikni anglash imkoni ham mavjud.
Samir Pol Kapur o‘z taassurotlarini quyidagicha ifodaladi:
«Bu muhtasham maskan. Islom tarixi va madaniyatining asrlar davomidagi taraqqiyoti bilan yaqindan tanishish men uchun unutilmas tajriba bo‘ldi. Bu yerda tarixni shunchaki kitob sahifalari orqali emas, balki o‘z ko‘zingiz bilan ko‘rasiz, uni his qilasiz va go‘yo o‘sha davrlarning ichida bo‘lasiz. Shu bois ushbu noyob maskanni barpo etishga hissa qo‘shgan barcha insonlarga samimiy minnatdorchilik bildiraman.
Yoshlarga ham bu yerga kelishni albatta tavsiya qilaman. Chunki bu maskan nafaqat tarixni o‘rganish, balki o‘tmish bilan kelajak o‘rtasidagi uzviy bog‘liqlikni anglash imkonini beradi. Men uchun eng esda qolarli lahzalardan biri Qur’oni karimga bag‘ishlangan golografik namoyish bo‘ldi. U menda katta taassurot va hayajon uyg‘otdi.
Menimcha, bu dargoh islom sivilizatsiyasining jahon tamadduniga qo‘shgan ulkan hissasini butun dunyoga namoyon etishga xizmat qiladi. Shuning uchun har bir inson bu yerga tashrif buyurib, ana shu boy va bebaho meros bilan shaxsan tanishishi lozim».
Pol Kapurning fikricha, Markazning ahamiyati uning tarixiy merosni namoyon etish bilangina cheklanmaydi. Ushbu maskan yosh avlod uchun o‘tmish saboqlarini anglash, ilm-fan va ma’rifatning sivilizatsiya taraqqiyotidagi o‘rnini his etish, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhini shakllantirish uchun ham muhim ma’naviy-ma’rifiy maydon vazifasini o‘taydi.
Tashrif yakunida AQSH Davlat kotibining Janubiy va Markaziy Osiyo ishlari bo‘yicha yordamchisi Samir Pol Kapur Islom sivilizatsiyasi markazidan olgan taassurotlari yuksak ekanini qayd etib, ushbu maskan boy tarixiy merosni zamonaviy muzey texnologiyalari va ta’sirchan taqdimot usullari orqali jahon jamoatchiligiga yetkazishda muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati