Ma’lumki, Qur’oni Karim oyatlari makkiy va madaniyga taqsimlanadi. Bu boradagi ilm ham Qur’on ilmlaridan biri bo‘lib tanilgan. Ulamolarimiz bu ilmga ham alohida e’tibor qaratganlar. Boshqa Qur’on ilmlari kabi, oyatlarning Makka yoki Madinada nozil bo‘lganligini bilish ilmi ham foyda va hikmatlardan xoli emas. Ulumi Qur’on mutaxassislari bu ilmning hikmatlari haqida jumladan, quyidagilarni aytganlar:
Makkiy va madaniy oyatlar ilmi Qur’oni Karim oyatlarining nas'h qilinmishi hamda nas'h qiluvchisini aniqlashda yordam beradi.
Faraz qilaylik, Qur’oni Karimda bir mavzuda ikki yoki bir necha oyat nozil bo‘lgan. Ularning birining hukmi ikkinchisinikiga to‘g‘ri kelmayapti. Shunday holatda ulardan biri makkiy, boshqasi madaniy ekani bilinsa, madaniysi nah qiluvchi, makkiysi nas'h qilingani bo‘ladi.
Makkiy va madaniy oyatlar ilmining foydalaridan yana biri – shariatning tarixini va uning asta-sekin yo‘lga qo‘yilganini bilib olishga yordam beradi.
Makkiy va madaniy oyatlar ilmining foydalaridan yana biri – Qur’oni Karimga ishonchni kuchaytiradi. Ushbu ilohiy Kitobning bizgacha birorta o‘zgarishsiz, buzilishsiz yetib kelganini bilishga yordam beradi. Bu ilmni o‘rganish musulmonlarning Qur’oni Karimga qanchalik katta e’tibor bilan qaraganlarini, uning oyatlarining makkiy va madaniyligini ham qoldirmasdan o‘rganib, avloddan-avlodga yetkazib kelganini bildiradi.
MAKKIY VA MADANIY OYATLARNING TA’RIFI
Ulamolar Qur’oni Karim oyatlarining makkiy va madaniyligi xususida bir necha xil ta’rif aytganlar.
Birinchi ta’rif:
Makkiy oyatlar – Makkai Mukarramada nozil bo‘lgan oyatlar. Agar hijratdan keyin nozil bo‘lgan bo‘lsa ham.
Madaniy oyatlar – Madinai Munavvarada nozil bo‘lgan oyatlar.
Bunda Makkaga yaqin bo‘lgan, misol uchun, Mino, Arafot va Xudaybiyaga o‘xshash joylarda nozil bo‘lgan oyatlar ham makkiy oyatlar hisoblanadi.
Madaniy oyatlarga esa Madinai Munavvara atrofidagi Badr, Uhudga o‘xshash joylar ham kiradi.
Mulohaza qiladigan bo‘lsak, bu ta’rifda makon e’tiborga olingan. Shuning uchun ham u maqsadni to‘liq ifodalay olmagan. Chunki Qur’oni Karimda Makka va Madina hamda ularning atroflaridan boshqa joylarda ham nozil bo‘lgan oyatlar mavjud.
Misol uchun, Alloh taoloning Tavba surasidagi quyidagi qavlini olaylik:
لَوۡ كَانَ عَرَضٗا قَرِيبٗا وَسَفَرٗا قَاصِدٗا لَّٱتَّبَعُوكَ
«Agar o‘lja yaqin, safar oson bo‘lganida, senga albatta ergashar edilar» (42-oyat).
Ushbu oyati karima Tabukda nozil bo‘lgan.
Alloh taolo Zuxruf surasida marhamat qiladi:
وَسَۡٔلۡ مَنۡ أَرۡسَلۡنَا مِن قَبۡلِكَ مِن رُّسُلِنَآ أَجَعَلۡنَا مِن دُونِ ٱلرَّحۡمَٰنِ ءَالِهَةٗ يُعۡبَدُونَ٤٥
«Sendan oldin yuborgan rasullarimizdan so‘ra-chi: Rohmandan boshqa ibodat qilinadigan ilohlar qilgan ekanmizmi?!» (45-oyat).
Ushbu oyati karima Isro kechasida, Baytul Maqdisda nozil bo‘lgan.
Ikkinchi ta’rif:
Makkiy oyatlar Makka ahliga xitob bo‘lib tushgan oyatlardir.
Madaniy oyatlar Madina ahliga xitob bo‘lib tushgan oyatlar.
Shu e’tibordan ba’zilar: «Ya ayyuhannas» lafzi bilan boshlangan oyatlar makkiydir. «Yaa ayyuhallaziyna aamanuu» lafzi bilan boshlangan oyatlar madaniydir», deganlar. Chunki Makkadagi odamlarning ko‘pchiligi kofir bo‘lgan. Shuning uchun ularga «Yaa ayyuhannaas» – «Ey odamlar!» deya xitob qilingan. Madinadagi odamlarning ko‘pi esa mo‘minlar bo‘lgan. Shuning uchun ularga «Yaa ayyuhallaziyna aamanuu» – «Ey iymon keltirganlar!» deya xitob qilingan.
Bu ta’rif ham avvalgisiga o‘xshab, nuqsonlardan xoli emas.
Birinchidan, Qur’oni Karimda mazkur ikki lafzdan boshqa lafzlar bilan boshlanadigan oyatlar juda ham ko‘p. Misol uchun:
Alloh taolo Zuxruf surasida marhamat qiladi:
وَلَقَدۡ أَرۡسَلۡنَا مُوسَىٰ بَِٔايَٰتِنَآ إِلَىٰ فِرۡعَوۡنَ وَمَلَإِيْهِۦ فَقَالَ إِنِّي رَسُولُ رَبِّ ٱلۡعَٰلَمِينَ٤٦
«Batahqiq, Musoni O‘z oyat(mo‘jiza)larimiz ila Fir’avnga va uning a’yonlariga rasul qilib yubordik. Bas: «Albatta, men olamlar Robbining rasulidirman», dedi» (46-oyat).
Alloh taolo Taloq surasida marhamat qiladi:
يَٰٓأَيُّهَا ٱلنَّبِيُّ إِذَا طَلَّقۡتُمُ ٱلنِّسَآءَ فَطَلِّقُوهُنَّ لِعِدَّتِهِنَّ وَأَحۡصُواْ ٱلۡعِدَّةَۖ وَٱتَّقُواْ ٱللَّهَ رَبَّكُمۡۖ
«Ey Nabiy! Agar ayollarni taloq kiladigan bo‘lsangiz, iddalarida taloq qiling va iddani hisoblang va Robbingiz Allohga taqvo qiling» (1-oyat).
Ikkinchidan, bu taqsim Qur’oni Karimdagi voqe’likka to‘g‘ri kelmaydi. Barcha «Yaa ayyuhannaas» – «Ey odamlar!» xitobi bilan boshlangan oyatlar makkiy emas. Balki ushbu xi- tob bilan boshlangan madaniy oyatlar ham bor. Misol uchun:
Alloh taolo Niso surasida marhamat qiladi:
يَٰٓأَيُّهَا ٱلنَّاسُ ٱتَّقُواْ رَبَّكُمُ ٱلَّذِي خَلَقَكُم مِّن نَّفۡسٖ وَٰحِدَةٖ وَخَلَقَ مِنۡهَا زَوۡجَهَا وَبَثَّ مِنۡهُمَا رِجَالٗا كَثِيرٗا وَنِسَآءٗۚ
«Ey odamlar! Sizlarni bir jondan yaratgan va undan uning juftini yaratib, ikkovlaridan ko‘plab erkagu ayollar taratgan Robbingizdan qo‘rqinglar!» (1-oyat).
Alloh taolo Baqara surasida marhamat qiladi:
يَٰٓأَيُّهَا ٱلنَّاسُ ٱعۡبُدُواْ رَبَّكُمُ ٱلَّذِي خَلَقَكُمۡ وَٱلَّذِينَ مِن قَبۡلِكُمۡ لَعَلَّكُمۡ تَتَّقُونَ٢١
«Ey odamlar, sizlarni va sizdan oldingilarni yaratgan Robbingizga ibodat qiling. Shoyadki, taqvo qilsangiz» (21-oyat).
Barcha «Yaa ayyuhallaziyna aamanuu» – «Ey iymon keltirganlar!» xitobi bilan boshlangan oyatlar makkiy emas. Balki ushbu xitob bilan boshlangan madaniy oyatlar ham bor.
Alloh taolo Haj surasida marhamat qiladi:
يَٰٓأَيُّهَا ٱلَّذِينَ ءَامَنُواْ ٱرۡكَعُواْ وَٱسۡجُدُواْۤ وَٱعۡبُدُواْ رَبَّكُمۡ
«Ey iymon keltirganlar! Ruku’ qilinglar, sajda qilinglar va Robbingizga ibodat qilinglar...» (77-oyat)
Barcha ulamolar ushbu sura avvalidan oxirigacha makkiy ekaniga ittifoq qilganlar.
Uchinchi ta’rif:
Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning hijratlaridan avval nozil bo‘lgan oyatlar makkiy va u zotning hijratlaridan keyin nozil bo‘lgan oyatlar madaniydir.
Ushbu ta’rifni barcha ulamolar ittifoq ila qabul qilganlar. Unda zamon omili e’tiborga olingan. Bunda Makkai Mukarramada nozil bo‘lgan oyat ham, agar hijratdan keyin tushgan bo‘lsa, madaniy bo‘laveradi.
Alloh taolo Moida surasida marhamat qiladi:
ٱلۡيَوۡمَ أَكۡمَلۡتُ لَكُمۡ دِينَكُمۡ وَأَتۡمَمۡتُ عَلَيۡكُمۡ نِعۡمَتِي وَرَضِيتُ لَكُمُ ٱلۡإِسۡلَٰمَ دِينٗاۚ
«Bu kun sizga diningizni mukammal qilib berdim. Sizga ne’matimni batamom qildim. Va sizga Islomni din deb rozi bo‘ldim» (3-oyat).
Ushbu oyati karima vidolashuv hajida, Arafotda juma kuni nozil bo‘lgani hammaga ma’lum va mashhur. Shu bilan birga, hijratdan keyin nozil bo‘lgani uchun uni barcha madaniy oyat deb biladi.
Alloh taolo Niso surasida marhamat qiladi:
۞إِنَّ ٱللَّهَ يَأۡمُرُكُمۡ أَن تُؤَدُّواْ ٱلۡأَمَٰنَٰتِ إِلَىٰٓ أَهۡلِهَا وَإِذَا حَكَمۡتُم بَيۡنَ ٱلنَّاسِ أَن تَحۡكُمُواْ بِٱلۡعَدۡلِۚ إِنَّ ٱللَّهَ نِعِمَّا يَعِظُكُم بِهِۦٓۗ إِنَّ ٱللَّهَ كَانَ سَمِيعَۢا بَصِيرٗا٥٨
«Albatta, Alloh sizlarga omonatlarni o‘z ahliga topshirishingizni va odamlar orasida hukm qilganingizda adolat ila hukm qilishingizni amr qilur. Alloh sizlarga qanday ham yaxshi va’z qilur! Albatta, Alloh o‘ta eshituvchidir, ko‘rib turuvchidir» (58-oyat).
Ushbu oyati karima Makka fathi yili Makkada, Ka’baning ichida nozil bo‘lganiga qaramay, madaniy hisoblanadi. Chunki u xijratdan keyin nozil bo‘lgan.
Shunga o‘xshash Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning safarlarida, turli joylarda tushgan oyatlarning barchasi ham hijratdan avval yoki keyin nozil bo‘lishiga qarab, makkiy yoki madaniy deyilaveradi.
MAKKIY VA MADANIY OYATLARNI BILISHGA ELTUVCHI YO‘L
Qur’oni Karim oyatlarining makkiy va madaniysini bilishga eltuvchi birdan-bir yo‘l sahoba va tobe’inlardan naql qilingan ishonchli rivoyatlardir. Chunki Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan bu borada biron narsa naql qilinmagan. Zotan, u zotning davrlarida musulmonlar bu kabi ma’lumotlarga muhtoj bo‘lmaganlar. Ular vahiy bilan hamnafas yashaganlar. Qur’oni Karim oyatlarining qachon, qayerda va ne sababdan nozil bo‘lishini o‘z ko‘zlari bilan ko‘rib, quloqlari bilan eshitib turganlar.
Abdulloh roziyallohu anhu aytdi:
«O‘zidan o‘zga iloh yo‘q Allohga qasamki, Allohning Kitobida biror sura yo‘qki, men uning qayerda nozil bo‘lganini bilmasam. Allohning Kitobida biror oyat nozil bo‘lmaganki, men uning nima haqida nozil bo‘lganini bilmasam. Agar Allohning Kitobini mendan yaxshiroq biladigan birovni bilsam-u, u tuya yeta oladigan joyda bo‘lsa, uning oldiga albatta boraman».
Imom Buxoriy rivoyat ilgan.
Qur’oni Karimni Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan qabul qilgan ko‘plab kishilarning vakili bo‘lmish Abdulloh ibn Mas’ud roziyallohu anhuning gaplariga e’tibor beraylik.
«O‘zidan o‘zga iloh yo‘q Allohga qasamki...»
Abdulloh ibn Mas’ud roziyallohu anhu o‘z gaplarining avvalida Alloh taoloning sifati ila qasam ichmoqdalar. Bu esa keyin keladigan gapda zarracha shak-shubha yo‘qligini bildiradi.
«Allohning Kitobida biror sura yo‘qki, men uning qayerda nozil bo‘lganini bilmasam».
Qur’oni Karimni Nabiy sollallohu alayhi vasallamdan qabul qilib olgan zotlar faqat uning so‘zlarini yodlashgagina ahamiyat bermagan ekanlar. Ular har bir suraning nozil bo‘lgan vaqtini ham, joyini ham ochiq-oydin va aniq bilar ekanlar. Bu esa ular tomonidan Qur’oni Karimning har bir surasiga nisbatan bo‘lgan benazir ehtimomning alomatidir.
«Allohning Kitobida biror oyat nozil bo‘lmaganki, men uning nima haqida nozil bo‘lganini bilmasam».
Qur’oni Karimni Nabiy sollallohu alayhi vasallamdan qabul qilib olgan zotlar har bir suraning nozil bo‘lgan vaqtini ham, joyini ham ochiq-oydin va aniq bilish bilan kifoyalanib qolmasdan, har bir oyatning nima haqida nozil bo‘lganini ham yaxshi bilar ekanlar. Bu ham ular tomonidan Qur’oni Karimning har bir oyatiga nisbatan bo‘lgan benazir ehtimomni ko‘rsatadi.
«Agar Allohning Kitobini mendan yaxshiroq biladigan birovni bilsam-u, u tuya yeta oladigan joyda bo‘lsa, uning oldiga albatta boraman».
Qur’oni Karimni Nabiy sollallohu alayhi vasallamdan qabul qilib olgan zotlar o‘zlari bilgan narsa bilan kifoyalanib qolmagan ekanlar. Ular Qur’oni Karimdan o‘zlari bilmagan narsaning xabarini eshitishlari bilan, o‘sha narsani o‘rganish uchun hamma imkoniyatlarini ishga solganlar.
MAKKIY VA MADANIY OYATLARNING ALOMATLARI
Yuqorida sahoba va tobe’inlardan naql qilingan ishonchli rivoyatlar oyatlarning makkiy yoki madaniyligini bilish vositasi ekani ta’kidlab o‘tildi. Lekin shu bilan birga, ulamolarimiz ularni bir-biridan ajratib olishda yordamchi omillar – bir qancha alomatlar borligini ham ta’kidlaganlar.
Makkiy suralarning alomatlari quyidagilar:
Bu lafz Qur’oni Karimning ikkinchi yarmida o‘n beshta surada o‘ttiz uch marta kelgan.
Madaniy suralarning alomatlari quyidagilar:
Yana ulamolarimiz Qur’oni Karim suralarini to‘liq makkiy, to‘liq madaniy hamda aralash suralarga taqsimlaganlar. Misol uchun:
Muddassir surasi to‘liq makkiydir.
Oli Imron surasi to‘liq madaniydir.
A’rof surasida bir qavlga qaraganda, bitta, boshqa qavlga qaraganda, bir nechta madaniy oyat bor. Qolgani makkiydir.
Haj surasining to‘rt oyati makkiy, qolganlari madaniydir.
Shuningdek, makkiy yoki madaniyligida ittifoq qilingan va qilinmagan suralar ham bor.
Madaniyligiga ittifoq qilingan suralar yigirmata bo‘lib, ular quyidagilardan iborat:
Baqara, Oli Imron, Niso, Moida, Anfol, Tavba, Nur, Ahzob, Muhammad, Fath, Xujurot, Hadid, Mujodala, Hashr, Mumtahana, Juma, Munofiqun, Taloq, Tahriym va Nasr.
Makkiy yoki madaniyligida ixtilof qilingan suralar o‘n ikkita bo‘lib, ular quyidagilardan iborat:
Fotiha, Ra’d, Rahmon, Saf, Tag‘obun, Mutoffifun, Qadr, Bayyina, Zalzala, Ixlos, Falaq va an-Naas.
Qolgan suralarning barchasi – sakson ikkitasi makkiydir.
KЕYINGI MAVZULAR:
“Sababi nuzul” ilmi;
Sababi nuzulni bilish yo‘li;
Sababi nuzulning ifoda turlari.
Har yangi kunning tongini ko‘rganingizda qalbingizni zikr ila to‘ldiring. Iymon zikrlariga quloq tutar ekansiz, borliq Yaratgan Zot sari talpinayotganini his qilasiz. Alloh taolo aytadi: «...Mavjud bo‘lgan barcha narsa hamd bilan Unga tasbeh aytur...»[1]. Balki uyda, balki ko‘chada, qayerda bo‘lsangiz-da, Allohning zikriga shoshiling. Zikrlarni ko‘paytirganingiz sari Allohga bo‘lgan muhabbatingiz ortib boradi, osmonlaru yerning Xoliqi bo‘lgan Alloh taolodek buyuk Zot suyanchig‘ingiz ekanini anglaysiz...
Ushbu misralarni doim yodda tuting:
Gar ersa qalblar Xoliqin zikridin mosuvo,
Alar jasad ichidin joy olgan tosh kabi go‘yo.
Qalbingizni zabonsiz toshga aylantirib qo‘ymang.
Toshda na mehr va na his bor. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Robbini zikr qiladigan bilan zikrdan yiroqda bo‘lgan kishi xuddi tirik bilan o‘lik kabidir” [2], deganlar.
Yana Nabiy alayhissalom: “Sizlarga amallaringizning eng xayrlisi va Sultoningiz huzurida eng pokiza, darajangizni yuqorilatadigan, sizlar uchun tillo-kumushlarni ehson qilgandan-da, dushmaningizga yo‘liqib, uning boshini tanasidan judo qilishingiz, u ham sizning kallangizni bo‘yningizdan uzib tashlashidan-da yaxshiroq amal qaysi ekanini bildirib qo‘yaymi?!” – dedilar. Sahobalar: ”Ha, ey Allohning Rasuli”, deyishdi. U zot: U Allohning zikridir”,3] dedilar.
Ubayd ibn Umayr aytadilar: “Mo‘minning amal daftaridagi hamd ila tasbeh – u bilan dunyo tog‘laricha tillo sudralib yurishidan xayrlidir”.
Nabiy alayhissalom yana boshqa bir hadisda: «Alloh taoloning fazilat izlab kezib yuruvchi farishtalari bo‘lib, ular zikr aytib o‘tirilgan davralarni izlab yurishadi. Shu asnoda zikr bo‘layotgan davrani topishsa, farishtalar zikr halqasidagilar bilan birgalikda o‘tirishadi va bir-birlarini qanotlari bilan o‘rab olishadi, shu tarzda zikrdagi kishilar bilan dunyo osmonining orasi farishtalar bilan to‘lib ketadi. Zikr halqasidagi kishilar tarqalib ketishsa, farishtalar osmonga ko‘tarilib ketishadi.
Keyin Alloh taolo hammasini bilib turgani holda, ulardan: “Qayerdan keldinglar? – deb so‘raydi. Ular: “Biz yerdagi bandalaring oldidan keldik. Ular Senga tasbeh aytyaptilar, takbir, tahlil aytib, Senga maqtov yo‘llayaptilar va O‘zingdan so‘rashyapti”, deb javob qaytarishadi.
Alloh taolo: “Ular Mendan nimani so‘rayapti?” – deydi. Farishtalar javoban: “Sendan jannatingni so‘rashyapti”, deyishadi. Alloh taolo: “Ular jannatimni ko‘rishganmi?” – deya farishtalardan yana savol so‘raydi. Farishtalar javob berib: “Yo‘q! Ey Yaratgan Zot!” – deyishadi. Alloh subhanahu va taolo yana: “Mabodo ular jannatimni ko‘radigan bo‘lsalar, holat qanday bo‘ladi-ya?” – deydi. Farishtalar: “Ular yana Sendan panoh tilashyapti”, deyishadi. Alloh taolo savol tariqasida: “Nimadan panoh berishimni so‘rashyapti?” – deydi.
Ular: “Jahannamingdan, ey Yaratgan Zot!” – deb javob qaytarishadi. “Ular do‘zaximni ko‘rganmi?” – deb so‘raydi Alloh taolo. Javob qaytarib: “Yo‘q!” – deyishadi ular.
Alloh taolo: “Ular do‘zaximni ko‘rishsa qanday bo‘larkin?” – deydi.
Farishtalar: “Ular yana Sendan mag‘firat qilishingni so‘rashyapti”, deyishadi.
Alloh taolo: “So‘zsiz ularning gunohlarini kechirdim, ularga so‘rovlarini ato etdim va panoh tilagan narsalaridan ularni O‘z panohimga oldim”, deydi.
Farishtalar: “Ey Yaratgan Zot! Ular orasida falonchi, o‘ta xatokor qul ham bor. U o‘tib keta turib ularning oldiga o‘tirib oldi”, deyishadi. Alloh taolo shunday deya marhamat qiladi: “Uni ham kechirdim! Ular hammajlislari badbaxt bo‘lmaydigan kishilardir”, deydi»[4], dedilar.
[1] Isro surasi, 44-oyat.
[2] Imom Muslim rivoyati.
[3] Imom Termiziy rivoyati.
[4] Imom Muslim rivoyati.