Sayt test holatida ishlamoqda!
24 Dekabr, 2024   |   23 Jumadul soni, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:21
Quyosh
07:47
Peshin
12:28
Asr
15:18
Shom
17:02
Xufton
18:22
Bismillah
24 Dekabr, 2024, 23 Jumadul soni, 1446

Qur’on ilmlari: QUR’ONI KARIM OYATLARINING MAKKIY VA MADANIYGA TAQSIMLANISHI

13.03.2020   4472   13 min.
Qur’on ilmlari: QUR’ONI KARIM OYATLARINING MAKKIY VA MADANIYGA TAQSIMLANISHI

 

Ma’lumki, Qur’oni Karim oyatlari makkiy va madaniyga taqsimlanadi. Bu boradagi ilm ham Qur’on ilmlaridan biri bo‘lib tanilgan. Ulamolarimiz bu ilmga ham alohida e’tibor qaratganlar. Boshqa Qur’on ilmlari kabi, oyatlarning Makka yoki Madinada nozil bo‘lganligini bilish ilmi ham foyda va hikmatlardan xoli emas. Ulumi Qur’on mutaxassislari bu ilmning hikmatlari haqida jumladan, quyidagilarni aytganlar:

Makkiy va madaniy oyatlar ilmi Qur’oni Karim oyatlarining nas'h qilinmishi hamda nas'h qiluvchisini aniqlashda yordam beradi.

Faraz qilaylik, Qur’oni Karimda bir mavzuda ikki yoki bir necha oyat nozil bo‘lgan. Ularning birining hukmi ikkinchisinikiga to‘g‘ri kelmayapti. Shunday holatda ulardan biri makkiy, boshqasi madaniy ekani bilinsa, madaniysi nah qiluvchi, makkiysi nas'h qilingani bo‘ladi.

Makkiy va madaniy oyatlar ilmining foydalaridan yana biri – shariatning tarixini va uning asta-sekin yo‘lga qo‘yilganini bilib olishga yordam beradi.

Makkiy va madaniy oyatlar ilmining foydalaridan yana biri – Qur’oni Karimga ishonchni kuchaytiradi. Ushbu ilohiy Kitobning bizgacha birorta o‘zgarishsiz, buzilishsiz yetib kelganini bilishga yordam beradi. Bu ilmni o‘rganish musulmonlarning Qur’oni Karimga qanchalik katta e’tibor bilan qaraganlarini, uning oyatlarining makkiy va madaniyligini ham qoldirmasdan o‘rganib, avloddan-avlodga yetkazib kelganini bildiradi.

 

MAKKIY VA MADANIY OYATLARNING TA’RIFI

Ulamolar Qur’oni Karim oyatlarining makkiy va madaniyligi xususida bir necha xil ta’rif aytganlar.

Birinchi ta’rif:

Makkiy oyatlar – Makkai Mukarramada nozil bo‘lgan oyatlar. Agar hijratdan keyin nozil bo‘lgan bo‘lsa ham.

Madaniy oyatlar – Madinai Munavvarada nozil bo‘lgan oyatlar.

Bunda Makkaga yaqin bo‘lgan, misol uchun, Mino, Arafot va Xudaybiyaga o‘xshash joylarda nozil bo‘lgan oyatlar ham makkiy oyatlar hisoblanadi.

Madaniy oyatlarga esa Madinai Munavvara atrofidagi Badr, Uhudga o‘xshash joylar ham kiradi.

Mulohaza qiladigan bo‘lsak, bu ta’rifda makon e’tiborga olingan. Shuning uchun ham u maqsadni to‘liq ifodalay olmagan. Chunki Qur’oni Karimda Makka va Madina hamda ularning atroflaridan boshqa joylarda ham nozil bo‘lgan oyatlar mavjud.

Misol uchun, Alloh taoloning Tavba surasidagi quyidagi qavlini olaylik:

لَوۡ كَانَ عَرَضٗا قَرِيبٗا وَسَفَرٗا قَاصِدٗا لَّٱتَّبَعُوكَ

«Agar o‘lja yaqin, safar oson bo‘lganida, senga albatta ergashar edilar» (42-oyat).

Ushbu oyati karima Tabukda nozil bo‘lgan.

Alloh taolo Zuxruf surasida marhamat qiladi:

وَسۡ‍َٔلۡ مَنۡ أَرۡسَلۡنَا مِن قَبۡلِكَ مِن رُّسُلِنَآ أَجَعَلۡنَا مِن دُونِ ٱلرَّحۡمَٰنِ ءَالِهَةٗ يُعۡبَدُونَ٤٥

«Sendan oldin yuborgan rasullarimizdan so‘ra-chi: Rohmandan boshqa ibodat qilinadigan ilohlar qilgan ekanmizmi?!» (45-oyat).

Ushbu oyati karima Isro kechasida, Baytul Maqdisda no­zil bo‘lgan.

Ikkinchi ta’rif:

Makkiy oyatlar Makka ahliga xitob bo‘lib tushgan oyatlardir.

Madaniy oyatlar Madina ahliga xitob bo‘lib tushgan oyatlar.

Shu e’tibordan ba’zilar: «Ya ayyuhannas» lafzi bilan boshlangan oyatlar makkiydir. «Yaa ayyuhallaziyna aamanuu» lafzi bilan boshlangan oyatlar madaniydir», deganlar. Chunki Makkadagi odamlarning ko‘pchiligi kofir bo‘lgan. Shuning uchun ularga «Yaa ayyuhannaas» – «Ey odamlar!» deya xitob qilingan. Madinadagi odamlarning ko‘pi esa mo‘minlar bo‘lgan. Shuning uchun ularga «Yaa ayyuhallaziyna aamanuu» – «Ey iymon keltirganlar!» deya xitob qilingan.

Bu ta’rif ham avvalgisiga o‘xshab, nuqsonlardan xoli emas.

Birinchidan, Qur’oni Karimda mazkur ikki lafzdan boshqa lafzlar bilan boshlanadigan oyatlar juda ham ko‘p. Misol uchun:

Alloh taolo Zuxruf surasida marhamat qiladi:

وَلَقَدۡ أَرۡسَلۡنَا مُوسَىٰ بِ‍َٔايَٰتِنَآ إِلَىٰ فِرۡعَوۡنَ وَمَلَإِيْهِۦ فَقَالَ إِنِّي رَسُولُ رَبِّ ٱلۡعَٰلَمِينَ٤٦

«Batahqiq, Musoni O‘z oyat(mo‘jiza)larimiz ila Fir’avnga va uning a’yonlariga rasul qilib yubordik. Bas: «Albatta, men olamlar Robbining rasulidirman», dedi» (46-oyat).

Alloh taolo Taloq surasida marhamat qiladi:

يَٰٓأَيُّهَا ٱلنَّبِيُّ إِذَا طَلَّقۡتُمُ ٱلنِّسَآءَ فَطَلِّقُوهُنَّ لِعِدَّتِهِنَّ وَأَحۡصُواْ ٱلۡعِدَّةَۖ وَٱتَّقُواْ ٱللَّهَ رَبَّكُمۡۖ

«Ey Nabiy! Agar ayollarni taloq kiladigan bo‘lsangiz, iddalarida taloq qiling va iddani hisoblang va Robbingiz Allohga taqvo qiling» (1-oyat).

Ikkinchidan, bu taqsim Qur’oni Karimdagi voqe’likka to‘g‘ri kelmaydi. Barcha «Yaa ayyuhannaas» – «Ey odamlar!» xitobi bilan boshlangan oyatlar makkiy emas. Balki ushbu xi- tob bilan boshlangan madaniy oyatlar ham bor. Misol uchun:

Alloh taolo Niso surasida marhamat qiladi:

يَٰٓأَيُّهَا ٱلنَّاسُ ٱتَّقُواْ رَبَّكُمُ ٱلَّذِي خَلَقَكُم مِّن نَّفۡسٖ وَٰحِدَةٖ وَخَلَقَ مِنۡهَا زَوۡجَهَا وَبَثَّ مِنۡهُمَا رِجَالٗا كَثِيرٗا وَنِسَآءٗۚ

«Ey odamlar! Sizlarni bir jondan yaratgan va undan uning juftini yaratib, ikkovlaridan ko‘plab erkagu ayollar taratgan Robbingizdan qo‘rqinglar!» (1-oyat).

Alloh taolo Baqara surasida marhamat qiladi:

يَٰٓأَيُّهَا ٱلنَّاسُ ٱعۡبُدُواْ رَبَّكُمُ ٱلَّذِي خَلَقَكُمۡ وَٱلَّذِينَ مِن قَبۡلِكُمۡ لَعَلَّكُمۡ تَتَّقُونَ٢١

«Ey odamlar, sizlarni va sizdan oldingilarni yaratgan Robbingizga ibodat qiling. Shoyadki, taqvo qilsangiz» (21-oyat).

Barcha «Yaa ayyuhallaziyna aamanuu» – «Ey iymon keltirganlar!» xitobi bilan boshlangan oyatlar makkiy emas. Balki ushbu xitob bilan boshlangan madaniy oyatlar ham bor.

Alloh taolo Haj surasida marhamat qiladi:

يَٰٓأَيُّهَا ٱلَّذِينَ ءَامَنُواْ ٱرۡكَعُواْ وَٱسۡجُدُواْۤ وَٱعۡبُدُواْ رَبَّكُمۡ

«Ey iymon keltirganlar! Ruku’ qilinglar, sajda qilinglar va Robbingizga ibodat qilinglar...» (77-oyat)

Barcha ulamolar ushbu sura avvalidan oxirigacha makkiy ekaniga ittifoq qilganlar.

Uchinchi ta’rif:

Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning hijratlaridan avval nozil bo‘lgan oyatlar makkiy va u zotning hijratlaridan keyin nozil bo‘lgan oyatlar madaniydir.

Ushbu ta’rifni barcha ulamolar ittifoq ila qabul qilganlar. Unda zamon omili e’tiborga olingan. Bunda Makkai Mukarramada nozil bo‘lgan oyat ham, agar hijratdan keyin tushgan bo‘lsa, madaniy bo‘laveradi.

Alloh taolo Moida surasida marhamat qiladi:

ٱلۡيَوۡمَ أَكۡمَلۡتُ لَكُمۡ دِينَكُمۡ وَأَتۡمَمۡتُ عَلَيۡكُمۡ نِعۡمَتِي وَرَضِيتُ لَكُمُ ٱلۡإِسۡلَٰمَ دِينٗاۚ

«Bu kun sizga diningizni mukammal qilib berdim. Sizga ne’matimni batamom qildim. Va sizga Islomni din deb rozi bo‘ldim» (3-oyat).

Ushbu oyati karima vidolashuv hajida, Arafotda juma kuni nozil bo‘lgani hammaga ma’lum va mashhur. Shu bilan birga, hijratdan keyin nozil bo‘lgani uchun uni barcha madaniy oyat deb biladi.

Alloh taolo Niso surasida marhamat qiladi:

۞إِنَّ ٱللَّهَ يَأۡمُرُكُمۡ أَن تُؤَدُّواْ ٱلۡأَمَٰنَٰتِ إِلَىٰٓ أَهۡلِهَا وَإِذَا حَكَمۡتُم بَيۡنَ ٱلنَّاسِ أَن تَحۡكُمُواْ بِٱلۡعَدۡلِۚ إِنَّ ٱللَّهَ نِعِمَّا يَعِظُكُم بِهِۦٓۗ إِنَّ ٱللَّهَ كَانَ سَمِيعَۢا بَصِيرٗا٥٨

«Albatta, Alloh sizlarga omonatlarni o‘z ahliga topshirishingizni va odamlar orasida hukm qilganingizda adolat ila hukm qilishingizni amr qilur. Alloh sizlarga qanday ham yaxshi va’z qilur! Albatta, Alloh o‘ta eshituvchidir, ko‘rib turuvchidir» (58-oyat).

Ushbu oyati karima Makka fathi yili Makkada, Ka’baning ichida nozil bo‘lganiga qaramay, madaniy hisoblanadi. Chunki u xijratdan keyin nozil bo‘lgan.

Shunga o‘xshash Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning safarlarida, turli joylarda tushgan oyatlarning barchasi ham hijratdan avval yoki keyin nozil bo‘lishiga qarab, makkiy yoki madaniy deyilaveradi.

 

MAKKIY VA MADANIY OYATLARNI BILISHGA ELTUVCHI YO‘L

Qur’oni Karim oyatlarining makkiy va madaniysini bilishga eltuvchi birdan-bir yo‘l sahoba va tobe’inlardan naql qilingan ishonchli rivoyatlardir. Chunki Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan bu borada biron narsa naql qilinmagan. Zotan, u zotning davrlarida musulmonlar bu kabi ma’lumotlarga muhtoj bo‘lmaganlar. Ular vahiy bilan hamnafas yashaganlar. Qur’oni Karim oyatlari­ning qachon, qayerda va ne sababdan nozil bo‘lishini o‘z ko‘zlari bilan ko‘rib, quloqlari bilan eshitib turganlar.

Abdulloh roziyallohu anhu aytdi:

«O‘zidan o‘zga iloh yo‘q Allohga qasamki, Allohning Kitobida biror sura yo‘qki, men uning qayerda nozil bo‘lganini bilmasam. Allohning Kitobida biror oyat nozil bo‘lmaganki, men uning nima haqida nozil bo‘lga­nini bilmasam. Agar Allohning Kitobini mendan yaxshiroq biladigan birovni bilsam-u, u tuya yeta oladigan joyda bo‘lsa, uning oldiga albatta boraman».

Imom Buxoriy rivoyat ilgan.

Qur’oni Karimni Rasululloh sollallohu alayhi vasal­lamdan qabul qilgan ko‘plab kishilarning vakili bo‘lmish Abdulloh ibn Mas’ud roziyallohu anhuning gaplariga e’tibor beraylik.

«O‘zidan o‘zga iloh yo‘q Allohga qasamki...»

Abdulloh ibn Mas’ud roziyallohu anhu o‘z gaplarining avvalida Alloh taoloning sifati ila qasam ichmoqdalar. Bu esa keyin keladigan gapda zarracha shak-shubha yo‘qligini bildiradi.

«Allohning Kitobida biror sura yo‘qki, men uning qayerda nozil bo‘lganini bilmasam».

Qur’oni Karimni Nabiy sollallohu alayhi vasallamdan qabul qilib olgan zotlar faqat uning so‘zlarini yodlashgagina ahamiyat bermagan ekanlar. Ular har bir suraning nozil bo‘lgan vaqtini ham, joyini ham ochiq-oydin va aniq bilar ekanlar. Bu esa ular tomonidan Qur’oni Karimning har bir surasiga nisbatan bo‘lgan benazir ehtimomning alomatidir.

«Allohning Kitobida biror oyat nozil bo‘lmaganki, men uning nima haqida nozil bo‘lganini bilmasam».

Qur’oni Karimni Nabiy sollallohu alayhi vasallamdan qabul qilib olgan zotlar har bir suraning nozil bo‘lgan vaqtini ham, joyini ham ochiq-oydin va aniq bilish bilan kifoyalanib qolmasdan, har bir oyatning nima haqida nozil bo‘lganini ham yaxshi bilar ekanlar. Bu ham ular tomonidan Qur’oni Karimning har bir oyatiga nisba­tan bo‘lgan benazir ehtimomni ko‘rsatadi.

«Agar Allohning Kitobini mendan yaxshiroq biladigan birovni bilsam-u, u tuya yeta oladigan joyda bo‘lsa, uning oldiga albatta boraman».

Qur’oni Karimni Nabiy sollallohu alayhi vasallamdan qabul qilib olgan zotlar o‘zlari bilgan narsa bilan kifoyalanib qolmagan ekanlar. Ular Qur’oni Karimdan o‘zlari bilmagan narsaning xabarini eshitishlari bilan, o‘sha narsani o‘rganish uchun hamma imkoniyatlarini ishga solganlar.

 

MAKKIY VA MADANIY OYATLARNING ALOMATLARI

Yuqorida sahoba va tobe’inlardan naql qilingan ishonchli rivoyatlar oyatlarning makkiy yoki madaniyligini bilish vositasi ekani ta’kidlab o‘tildi. Lekin shu bilan birga, ulamolarimiz ularni bir-biridan ajratib olishda yordamchi omillar – bir qancha alomatlar borligini ham ta’kidlaganlar.

Makkiy suralarning alomatlari quyidagilar:

  1. Sajda oyati bor suralar makkiydir.
  2. Ichida «Kallaa» lafzi bor suralar makkiydir.

Bu lafz Qur’oni Karimning ikkinchi yarmida o‘n beshta surada o‘ttiz uch marta kelgan.

  1. «Yaa ayyuhannasu» jumlasi bor aksar suralar (hammasi emas) makkiydir.
  2. Anbiyolar va o‘tgan ummatlarning qissalari bor sura­lar makkiydir. Baqara surasi bundan mustasno.
  3. Odam Ato va shayton qissasi bor suralar makkiydir. Baqara surasi bundan mustasno.
  4. «Alif laam mim»ga o‘xshash muqatta’ot harflar bi­lan boshlangan suralar makkiydir. Baqara va Oli Imron bundan mustasno.
  5. Makkiy suralarning oyatlari odatda qisqa bo‘ladi.
  6. Allohning yagonaligi va sifatlari, Qur’on va payg‘ambarning haqligi, mushriklar tanqidi, musulmonlarga xos odob-axloq, qiyomat kuni, e’tiqod masalasi kabi mavzularni bayon qiladigan suralar makkiydir.

Madaniy suralarning alomatlari quyidagilar:

  1. Farz ibodatlar haqidagi oyatlari bor suralar madaniydir.
  2. Munofiqlar haqidagi oyatlari bor suralar madaniydir
  3. Ahli kitoblar bilan tortishuvlar zikr etilgan oyat­lari bor suralar madaniydir.
  4. Nasoro va yahudiylarga xitob oyatlari bor suralar madaniydir.
  5. Uzun-uzun oyatlari bor suralar madaniydir.
  6. Muomalot, oila masalalari, meros, urush va tinchlik kabi mavzulardagi oyatlari bor suralar madaniydir.

Yana ulamolarimiz Qur’oni Karim suralarini to‘liq makkiy, to‘liq madaniy hamda aralash suralarga taqsimlaganlar. Misol uchun:

Muddassir surasi to‘liq makkiydir.

Oli Imron surasi to‘liq madaniydir.

A’rof surasida bir qavlga qaraganda, bitta, boshqa qavlga qaraganda, bir nechta madaniy oyat bor. Qolgani mak­kiydir.

Haj surasining to‘rt oyati makkiy, qolganlari mada­niydir.

Shuningdek, makkiy yoki madaniyligida ittifoq qilingan va qilinmagan suralar ham bor.

Madaniyligiga ittifoq qilingan suralar yigirmata bo‘lib, ular quyidagilardan iborat:

Baqara, Oli Imron, Niso, Moida, Anfol, Tavba, Nur, Ahzob, Muhammad, Fath, Xujurot, Hadid, Mujodala, Hashr, Mumtahana, Juma, Munofiqun, Taloq, Tahriym va Nasr.

Makkiy yoki madaniyligida ixtilof qilingan suralar o‘n ikkita bo‘lib, ular quyidagilardan iborat:

Fotiha, Ra’d, Rahmon, Saf, Tag‘obun, Mutoffifun, Qadr, Bayyina, Zalzala, Ixlos, Falaq va an-Naas.

Qolgan suralarning barchasi – sakson ikkitasi makkiydir.

 

KЕYINGI MAVZULAR:

“Sababi nuzul” ilmi;

Sababi nuzulni bilish yo‘li;

Sababi nuzulning ifoda turlari.

Boshqa maqolalar
Videolar

Alloh Rasululloh ﷺ ga o‘rgatgan duoni bilasizmi?

24.12.2024   435   1 min.
Alloh Rasululloh ﷺ ga o‘rgatgan duoni bilasizmi?

Videolavhalar