G‘iybatning ta’rifini ushbu hadisdan bilib olamiz:
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Ey Allohning Rasuli, g‘iybat nima?” deb so‘rashdi. “Birodaringni o‘ziga yoqmagan narsa bilan eslashing”, dedilar. Shunda: “Birodarimda men aytgan narsa bo‘lsa-chi, bunga nima deysiz?” deyishdi. “Agar aytganing unda bo‘lsa, g‘iybat qilgan bo‘lasan, aytganing unda bo‘lmasa, bo‘hton qilgan bo‘lasan”, deb javob berdilar” (Abu Dovud rivoyat qilgan).
Ba’zilar “Men birodarimning yo‘q aybini gapirmayapman. Balki bor aybini aytyapman” deb da’vo qilishadi. Mazkur hadisga ko‘ra ularning da’vosi asossiz bo‘lib, ular g‘iybat qilayotgan bo‘lishadi.
Qur’oni Karimning Hujurot surasida g‘iybat qilish o‘lgan birodarining go‘shtini yeyishga o‘xshatilgan. Hech kim o‘lgan birodarining go‘shtini yeyishni xayoliga ham keltirolmaydi. G‘iybat ana shunday og‘ir gunohdir.
Afsuski, uch-to‘rtta ulfatlar yig‘ilib qolsa, suhbat orasida kimnidir g‘iybat qilish ham sodir bo‘ladi. Iymoni komil musulmon birovni g‘iybat qilmasligi, g‘iybatchilarni bu gunohdan qaytarishga urinishi, agar ular g‘iybatdan tillarini tiymasalar, o‘zi unday majlisni tark etishi kerak. Chunki g‘iybatchilar bilan birga o‘tirib, ularni bu ishdan qaytarmay o‘tiravergan kishi o‘sha kimsalarning gunohiga sherik bo‘ladi.
G‘iybat birodarimizning unga yoqmaydigan narsa bilan eslash ekan, bu narsa uning tashqi ko‘rinishi, shakliga oid bo‘lishi ham mumkin. Masalan, ba’zilar “Falonchi pakana”, “Falonchi cho‘loq”, “Falonchi naynov”, “Falonchi qora” kabi gaplarni ko‘p ishlatishadi. Bu gapni o‘sha inson eshitsa, xafa bo‘ladi. Demak, bu ham g‘iybat hisoblanadi.
G‘iybatchini hech kim yoqtirmaydi. Unday kimsaga oxiratda ham alamli azob bordir.
Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam dedilar: “Me’rojga chiqarilganimda bir qavmning yonidan o‘tdim. Ularning misdan bo‘lgan tirnoqlari bo‘lib, ular (o‘sha tirnoqlar ila) yuzlarini va ko‘kraklarini tirnar edilar. Men: “Ey Jabroil, bular kim?” deb so‘radim. U: “Ular odamlarning go‘shtlarini yeydigan (g‘iybat qiladigan) va ularning obro‘lariga til tekkizadigan kishilardir” deb javob berdi”.
Imom Ahmad va Abu Dovud rivoyat qilishgan.
Oddiy tirnoq bilan yuzingizni yoki tanangizning biror joyini qashiyversangiz, borib-borib o‘sha joy yaraga aylanadi. Endi misdan bo‘lgan tirnoqlar bilan yuz va ko‘kraklarni tirnash juda qo‘rqinchlidir. Hadisi sharifda g‘iybatchilar “odamlarning go‘shtlarini yeydiganlar” deb vasf qilinmoqda. Bu Hujurot surasida keltirilgan g‘iybatchi misolining hadisda ham keltirilishidir. G‘iybatchi kimsa g‘iybat qilayotgan paytda do‘stining, dindoshining go‘shtini yeb o‘tirgan bo‘ladi.
Oxiratda g‘iybatchi o‘sha g‘iybat qilgan kishisiga o‘z savoblaridan beradi. Bordiyu uning haqqini to‘liq berishidan oldin savoblari tugab qolsa, g‘iybat qilgan odamining gunohlaridan o‘ziga oladi. Inson o‘sha onda bitta sajda, bitta tasbehning savobiga muhtoj bo‘lib turganda, haqqini poymol qilgan kishisiga savoblarini berib, uning gunohlarini o‘ziga olishi musibat ustiga musibatdir. Shuning uchun barchamiz g‘iybatdan tiyilib, o‘zimizni isloh qilish bilan mashg‘ul bo‘lib, ibodatlarimizni o‘z vaqtida ado etib, qarzlarimizni egalariga berib, gunoh-xatolarimizga istig‘for aytib, tavbada bardavom bo‘lishimiz lozim. Shuningdek, bunday og‘ir gunoh bo‘lgan g‘iybatdan saqlanishimiz, boshqalarni ham g‘iybatdan tiyishimiz, g‘iybat majlislarida o‘tirmasligimiz kerak.
Alloh taolo barchamizni g‘iybat qilishdan, g‘iybatga qolishdan asrab, O‘zining hidoyatidan ayirmasin!
Internet ma’lumotlari asosida Nozimjon Hoshimjon tayyorladi
Sulaymon ibn Ayub rahimahulloh bunday hikoya qiladi: “Men o‘n yildan ko‘proq vaqt davomida ilm o‘rganish va Qur’onni yod olishga harakat qilsam-da, Fotiha surasini to‘g‘ri o‘qiy olmasdim. Bu holat menga og‘ir edi. Hatto ustozim ham mendan umidini uzgan edi.
Yolg‘iz qolganimda sajdaga bosh qo‘yib yig‘lab, duolarimda Alloh taolodan tilimni burro, xotiramni o‘tkir qilishini hamda qalbimdagi g‘ashlikni ketkazishini so‘rab iltijo qilardim.
Solih insonlardan biriga holimni bayon etdim. U mendan: Ota-onang bormi? - deb so‘radi.
Men: Ha, onam bor, - deb javob berdim.
U: Onangga yaxshilik qilasanmi? – deb so‘radi.
Men: Ha onamning xizmatlarini bekamu ko‘st bajaraman, – dedim.
Shunda solih kishi menga: Onangni oldiga borib, undan Qur’oni karimni yod olishing hamda faqih bo‘lishing uchun duo qilishini so‘ra, – dedi.
Men uyga borib, bu gaplarni onamga aytdim. Volidam yarim tunda namoz o‘qidi, haqqimga xayrli duolar qildi. So‘ngra saharlik qilib, Alloh uchun ro‘za tutdi.
Tong otishi bilan onamning duolari qabul bo‘ldi. Xuddi bulutlar tarqagach quyosh charaqlagani singari aqlim ham yorishib, quvvai hofizam kuchayganini his etdim.
Shu tariqa men zehni o‘tkir va ilmli insonga aylandim. Onamning duosi barakotidan Qur’on va hadisni puxta o‘zlashtirib, ilmu-hikmat dengizida suza boshladim. Nihoyat, kuchli imomga aylandim”.
Kim biror maqsadini amalga oshirishda qiynalsa, avvalo, Alloh taologa tayanish barobarida ota-onasining duosini olsin!.
Shayx Mahmud MISRIYning
“Solih va solihalar hayotlaridan qissalar” kitobi asosida
Ilyosxon AHMЕDOV tayyorladi.