Islom insoniyatning go‘zal hayot kechirishini taminlaydigan dindir. Inson dunyo va oxiratda saodatga erishmog‘i uchun zarur bo‘lgan barcha moddiy va ma’naviy ehtiyojlari dinimizda shar’iy hukmlar uchun asos qilib olingan. Fiqh ilmining qariyb yarmidan ko‘pini tashkil qilgan oldi-berdi va muomalot sohasiga nazar soladigan bo‘lsak, savdo-sotiqlarda harom qilingan barcha muomalot turlarining taqiqlanish negizida inson manfaatiga ochiq zid keluvchi holatlarni bartaraf etish, iste’molchi huquqlarini himoya qilish, jamiyat vakillari o‘rtasida nizo keltirib chiqarishi mumkin bo‘lgan har qanday salbiy holatlarning oldini olish kabi oliy maqsadlar o‘rin olganligining guvohi bo‘lamiz.
Garchi, “iste’molchi huquqi” degan istiloh ayni shaklda yigirmanchi asrdan beri paydo bo‘lib qolgan bo‘lsa-da, aslida fiqhning muomalot bobida iste’molchi huquqlarining himoyasi amaliy tarzda o‘z ifodasini topgan. Uning huquqlarini buzadigan qator savdo turlari ta’qiqlangan. Mazkur savdo turlaridan biri fiqhiy manbalarda “al-Ihtikor” deb yuritiladi. Ihtikor bu zamonamizdagi monopoliya so‘ziga muqobil so‘zdir. Biroq, iqtisodiy nazariyadagi “monopoliya” bilan fiqhiy istilohdagi “monopoliya”ning ta’riflari orasida o‘ziga xos tafovut va farqlar mavjud. Bu tabiiy hamdir. Zero, faqihlar “ihtikor”ga o‘z zamonalarida hukmron bo‘lgan yashash tarzidan kelib chiqib, o‘sha paytlarda odamlar eng ko‘p ehtiyoji tushadigan mahsulotlar doirasida ta’rif berganlar. Shuningdek, uning shar’iy hukmi borasidagi so‘zlarini ham asosan diniy manbalarga tayanib gapirganlar. Shu bois, zamonaviy iqtisoddagi “monopoliya” bilan fiqhiy istilohdagi “ihtikor” bir-biriga har jihatdan muvofiq kelmasligi mumkin. Balki, ularning o‘zaro kesishadigan nuqtalari bo‘lganidek, ajraladigan nuqtalari ham mavjud. Ammo, shunisi aniqki, monopoliya qaysi ko‘rinishda bo‘lmasin, iqtisod uchun zararli bo‘lgan amaliyotdir. Monopoliya tufayli iste’molchi huquqlari buziladi, jamiyat hayotiga zarar yetkaziladi.
Quyidagi satrlarda fiqhda nazarda tutilgan monopoliya (ihtikor) mavzusini yoritishga harakat qilamiz.
Ihtikor so‘zining lug‘aviy va istilohiy ma’nolari:
Ihtikor (الاحتكار) so‘zining asli uch o‘zak harfdan iborat “حكر” “hakr(un)”so‘zidan olingan. “Hakr(un)” zulm qilmoq, kamsitmoq, yomon muomala qilmoq, atrofidagilarni mashaqqatga solmoq kabi salbiy ma’nolarga dalolat qiladi. “Hakar(un)” deb o‘qisak, unda “narx oshishi uchun bozorga chiqarilmay, saqlab qo‘yilgan oziq-ovqat va shunga o‘xshash narsalar” tushuniladi.
Ihtikor so‘zining o‘zi esa arabcha “احتكر” (ihtakara) fe’lining masdari (ish-harakat nomi) bo‘lib, lug‘aviy jihatdan “oziq-ovqat va hokazoni narx qimmatlashini kutib, bozorga chiqarmay, saqlab qo‘yish” ma’nosini anglatadi.
Shuningdek, zamonaviy lug‘at kitoblarida biroz boshqacharoq ta’riflarni ham uchratish mumkin. Jumladan, “Qomus al-maoniy” kitobida ihtikor so‘zi quyidagicha ta’riflanadi: “Ihtikor bu – tovar bozorga kirib kelishidan oldin uni ko‘tarasiga sotib olish va narxini oshirib donalab sotish”; “Ihtikor bu – biror narsada yakkahokimlik qilish bo‘lib, iqtisodiy sohada ishlatiladigan bo‘lsa, tovar va xizmat turlarida bozor miqyosida yakkahokimlik qilish ma’nosiga dalolat qiladi va bu ish odatda iste’molchilarning zarariga narxlar oshib ketishiga olib keladi”.
Ihtikor so‘ziga o‘zak bo‘lgan “hakratun” degan yana bir so‘z ham bo‘lib, u biror narsani yoppasiga sotib olish ma’nosiga dalolat qiladi. Ibn Manzurning “Lisonu-l-arab” nomli qomusiy lug‘at kitobida keltirilishicha, “hakratun” so‘zining asli “jamlash va ushlab turish” ma’nosini bildiradi.
Ihtikor so‘zining zamonaviy iqtisodiyot nazariyasidagi muqobil varianti bo‘lgan monopoliya so‘zining lug‘aviy ma’nolariga qisqacha to‘xtaladigan bo‘lsak, bu so‘z grekcha “mono”: “yagona”, “bitta” va “poleo”: “sotaman” so‘zlaridan tarkib topgan bo‘lib, nomlanishidan ham “bir o‘zi sotish”, “bozorda yakkahokimlik qilish” ma’nolarini anglash mumkin.
Ihtikorning istilohiy ma’nosi
Azhar universiteti tadqiqotchisi doktor Ahmad Arafa o‘zining “Ahkam al-ihtikar fil fiqh al-islomiy” (Islom fiqhida monopoliyaga taalluqli masalalar) nomli kitobida qayd etishicha, “ihtikor” so‘zining shar’iy va istilohiy ma’nosi uning lug‘aviy mazmunidan katta farq qilmaydi.
Fuqaholar bu so‘zni o‘xshash lafzlar va bir-biriga yaqin ma’nolar bilan ta’riflaganlar. Jumladan, hanafiy mazhabi ulamolaridan Haskafiy “Ad-durr al-muntaqo”ning sharhida shunday deydi: “Ihtikor so‘zi shar’an ozuqa va shunga o‘xshash narsalarni (ko‘plab miqdorda) sotib olib, uni to narxlar qimmatlashgunga qadar (kamida) qirq kun davomida (bozorga chiqarmay) ushlab turishdir. Zero, Nabiy (sollallohu alayhi va sallam) shunday deganlar: “Kimki, musulmonlarga qirq kun davomida ihtikor qilsa, Alloh uni moxov kasali va kasod bo‘lish balosiga duchor etadi”.
So‘g‘diy o‘zining “Fatovo”sida ihtikorni: “U – o‘z shahridan oziq-ovqatni (ko‘p miqdoda) sotib olib, uni ularga (shahar aholisiga sotishda) monopoliya qilib olishdir”, deydi (“Fatovo as-so‘g‘diy”: 2/486).
Alloma Shurunbuloliy “Durar al-hukkam sharhu g‘urar al-ahkam” nomli kitobga yozgan hoshiyasida aytadi: “ihtikor bu – qimmatlab ketgunga qadar oziq-ovqatni (bozorga chiqarmay) saqlab turish bo‘lib, zulm qilish va kamsitish ma’nosiga dalolat qiluvchi hakara fe’lidan “ifti’ol” vaznida yasalgan. (Arab tilida) “Hakara bish-shay’” degani biror narsada yakkahokimlik qilib, u narsani o‘zgalardan to‘sib qo‘yish ma’nosini anglatadi”.
Yana bir hanafiy faqih Akmaliddin Bobartiy esa vatandoshimiz Burhoniddin Marg‘inoniyning mashhur “al-Hidoya” nomli fiqhiy asariga sharh sifatida yozgan “al-Inoya” nomli kitobida ihtikorni bunday ta’riflaydi: “ihtikor so‘zidan murod oziq mahsulotlarini narxlar oshishini poylab (bozorga chiqarmay) ushlab turishdir”.
Ibn Obidin ihtikor so‘zining ta’rifida: “U yegulik va shunga o‘xshash narsalarni (ulgurji) sotib olib, so‘ng narxlar qimmatlashini poylab, qirq kun g‘amlab qo‘yishdir” (Hoshiyatu Ibn Obidin: 6/398), deydi.
Yuqoridagi ta’riflardan shu narsa oydinlashadiki, hanafiy mazhabining aksar ulamolariga ko‘ra, ihtikorning qaytarilgan va mazammat qilingan turi oziq-ovqat mahsulotlariga taalluqli hisoblanadi. “Aksar ulamolariga ko‘ra”, deya qaydlashimizning boisi shuki, mazhabboshi mujtahidlarimizdan imom Abu Yusuf rahimahulloh ihtikorni faqat oziq-ovqatlarda cheklamagan, balki u ham imom Molik rahmatullohi alayhi singari musulmonlar ehtiyoji tushadigan barcha narsada ihtikor yuzaga kelishini ta’kidlagan.
Oziq-ovqat mahsulotlari deganda u yoki bu shaharda asosiy ozuqa vazifasini bajaradigan narsalar tushuniladi. Masalan, don-dun, un, guruch, non, yog‘, kartoshka, piyoz kabi mahsulotlar bugungi kunda eng zaruriy ozuqa hisoblanadi. Ammo, qadimgi paytlarda oziq-ovqatning turi kamligi tufayli ulamolarimiz o‘sha zamonlarda mavjud bo‘lgan asosiy ozuqa turlariga to‘xtalganlar xolos. Zero, qadimdan guruch, kartoshka kabi ozuqalar musulmon o‘lkalarida bo‘lmagan. Ular keyinchalik kirib kelgan. Holbuki, bu moddalar bugungi kunda eng zaruriy ozuqa turlaridan hisoblanadi.
Ihtikor so‘ziga berilgan ta’riflarning “Narxlar qimmatlashgunga qadar ushlab turish” degan bandi shuni anglatadiki, ihtikorda mahsulotni bozorga chiqarmay ushlab turishdan ko‘zlangan maqsad katta foyda ko‘rish bo‘lib, natijada mahsulot sun’iy ravishda qimmatlashib, odamlarga zarar etadi. Agar boshqa maqsadda bo‘lsa, masalan, odamlarga yengillik tug‘dirish uchun biror mol turini ko‘tara sotib olib, keyin uni bozorda narxini oshirmasdan sotish maqsadida saqlab qo‘ysa, ihtikor qilgan hisoblanmaydi.
So‘g‘diyning ta’rifiga ko‘ra, qaytarilgan ihtikor yuzaga kelishi uchun kishi oziq-ovqat mahsulotlarini o‘z shahridan ulgurji sotib olishi kerak, bordi-yu, chetdan keltirsa, ihtikor qilgan bo‘lmaydi.
Ihtikorning hukmi
Molikiy, shofeiy va hanbaliylardan iborat jumhuri ulamo nazdida ihtikor shar’an harom sanaladi. Hanafiy mazhabining aksar mashoyixlari va shofeiylarning ba’zilari nazdida hamda hanbaliy mazhabidagi bir qavlda ihtikor makruhdir. Bu o‘rinda ihtikorning shar’iy hukmiga nisbatan mazhabimiz va boshqa mazhablar aytgan qavllar orasidagi ixtilof haqiqiy emas, balki shakliy va lafziy ixtilof ekanligini unutmaslik lozim. Mohiyat e’tibori bilan qarasak, ihtikorning hukmi haqidagi fikrlar bir-biridan tubdan farq qilmaydi. Zero, hanafiy mazhabimizda amalda bo‘lgan qoidaga ko‘ra, biror narsaning hukmi borasida fuqaholarimiz tomonidan “makruh” so‘zi mutlaq holda aytilgan bo‘lsa, makruhi tahrimiy ekanligi tushuniladi. Ya’ni mazhabimizda ihtikorning hukmi “makruh” deyilsa-da, bu o‘rinda tanzihiy makruh emas, balki tahrimiy makruh, ya’ni haromga yaqin ma’nodagi makruh tushuniladi. “I’lamu-l-muvaqqi’iyn”da zikr etilishicha, mazhabimiz asoschilaridan biri bo‘lmish Imom Muhammad Shayboniy (r.h.) makruh deganda haromni tushungan, lekin mazkur “harom”ga qat’iy dalil topilmagach (qat’iy dalil deganda tavotur yo‘liga ko‘ra vorid bo‘lgan dalil nazarda tutilmoqda-muallif.), unga nisbatan “harom” lafzini ishlatmagan. Imom Muhammad Imom Abu Hanifa va Imom Abu Yusuflardan “Makruh haromga yaqinroqdir!”, degan so‘zlarini ham rivoyat qilgan. Zohiru-r-rivoya kitoblaridan sanaluvchi “al-Jome’ al-kabir”da Imom Muhammad “Erkaklar ham, ayollar ham tilla va kumush idishlarda ichimlik ichishlari makruhdir”, deganlar. Bundan murodlari esa “Haromdir!” degan so‘z bo‘lgan. Yana, Abu Yusuf va Muhammad “Ipak to‘shaklarda uxlash va ipak yostiqlarni ishlatish makruh”, deganlar. Maqsadlari esa “tahrim” bo‘lgan. Shuningdek, Imom Abu Hanifa va Sohibayn “O‘g‘il bolalar tilla taqinchoqlarni taqishlari va ipak kiyim kiyishlari makruh”, deganlar. Vaholanki, as'hoblar (ya’ni, bu o‘rinda hanafiy mazhab mashoyixlari) bu narsaning haromligini ochiq aytishgan. As'hoblar “Odamlar va hayvonlarning ozuqasida ihtikor qilish, agar ularga zarar bersa va ularga mashaqqat va tanglki tug‘dirsa, karih ko‘riladi”, deganlar, maqsadlari “Harom bo‘ladi”, deyish bo‘lgan. Yana, “Fitnalar zamonida qurol-aslaha sotish makruhdir”, deganlar va bu bilan haromlikni iroda qilganlar” (“I’lamu-l-muvaqqi’iyn”: 1/33).
Shundan ham bilamizki, ihtikor mazhabimizda makruh deyilar ekan, hech qanday gunoh va uxroviy uqubatga olib bormaydigan “tanzihiy makruh” emas, balki tahrimiy makruh iroda qilingan. Bu so‘z bilan “harom” so‘zining orasida katta farq yo‘q. Faqat, ihtikor haqida ochiq oyat yoxud mutavotir sanadli hadis rivoyat qilinmaganligi uchun hamda ihtikor haqidagi rivoyatlarning aksari zaif hisoblanganligi bois as'hoblarimiz unga nisbatan “makruh” so‘zini ishlatganlar. Maqsadlari esa tahrimiy makruh bo‘lgan. Zero, odamlarga zarar yetkazish, ularni tanglik va harajga qo‘yish halol hisoblanmaydi.
Shuningdek, aksar fiqhiy kitoblarimizda ihtikorning hukmi “makruh” deyilar ekan, bu so‘zdan tahrimiy makruh iroda qilinishiga quyida keltirajagimiz olimlarning so‘zlari ham dalolat qiladi.
Jumladan, Imom Kosoniy “Badoi’u-s-sanoi’”da “ihtikor makruhdir”, degan so‘zni keltirgach, uni quyidagicha izohlaydi: “Endi ihtikorning hukmiga kelsak, aytish joizki, ihtikor masalasiga bir qancha hukmlar daxldor bo‘lib qoladi. Ulardan ba’zilari “haromlik”dir (ya’ni ihtikorning ba’zi ko‘rinishlari harom, deyilmoqchi.-muallif). Chunki, Rasululloh sollallohu alayhi va sallamdan rivoya qilinishicha, u zot (sollallohu alayhi va sallam) “Ihtikor qiluvchi mal’undir, mol olib keluvchi esa marzuqdir (ya’ni, uning rizqi keng qilinadi.-muallif)”, deganlar. La’nat esa kishiga faqat harom ishni qilish tufayligina yetishi mumkin. Yana, Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning shunday deganlari rivoyat qilingan: “Kimki biror ozuqa turini qirq kecha ihtikor qilsa, bas, u kimsa Allohdan begona bo‘libdi, Alloh ham undan begona bo‘libdi”. Ma’lumki, bunday va’iydga faqat harom ishni sodir qilish bilangina sazovor bo‘lish mumkin. Boz ustiga ihtikor zulm bobidandir. Zero, shaharda sotiladigan barcha narsa shahar ahlining haqi bo‘lib, agar o‘sha narsalarni (yalpisiga sotib olgan) odamlarning mazkur narsaga ehtiyojlari kuchaygan paytda sotishdan bosh tortsa, demakki, ularning haqini man qilgan bo‘ladi. Haqdorga haqini bermaslik esa zulmdir. Zulm esa haromdir” (Qarang: Badoi’u-s-sanoi’: 5/129).
Bobartiy aytadi: “O‘zidan shaharga biror tovar keltiriladigan har qanday joy ham ko‘pincha shahar hukmida bo‘ladi. Shunday ekan, ommaning haqi bog‘lanib qolganligi sababli u narsalarda ihtikor qilish harom bo‘ladi” (“al-Inoya sharh al-Hidoya”: 10/58).
Buyuk hanafiy faqih Hofizuddin Nasafiy o‘zining “al-Bahr ar-roiq sharhu Kanz ad-daqoiq” nomli kitobida shunday deydi: “Al-Muhit” (kitobi)da kelishicha, ihtikor bir necha turlardan iborat bo‘lib, ba’zi xillari haromdir, u ham bo‘lsa, shunday bo‘ladiki, kishi shaharda biror oziq-ovqat turini (ulgurji) sotib oladi va odamlarning o‘sha narsaga ehtiyojlari tushganda sotishdan bosh tortadi” (“al-Bahr ar-roiq sharhu Kanz ad-daqoiq”: 8/229).
Yuqoridagilardan xulosa qilib, aytish joizki, aksar fiqhiy kitoblarimizda ihtikor so‘zining hukmi borasida “makruh” so‘zi ishlatilar ekan, undan tahrimiy makruh iroda qilingan. Tahrimiy makruh esa sodir qiluvchisi jazoga loyiqligi jihatidan harom bilan teng narsadir. Avvalroq ishora kilinganidek, mazhabimizda harom bilan tahrimiy makruh orasidagi farq shuki, harom bu – haromligi qat’iy dalil bilan sobit bo‘lgan narsadir, makruhi tahrimiy esa haromligi zonniy dalil orqali sobit bo‘lgan narsadir. Shuningdek, zonniy dalil bilan sobit bo‘lgan narsani inkor qilish bilan inson kofir bo‘lib qolmaydi. Ammo, qattiq gunohkor va fosiq bo‘ladi.
Ihtikor qanday narsalarda bo‘ladi?
Hanafiy, shofeiy va hanbaliy mazhablarida ihtikor faqat ozuqa moddalarida vujudga keladi. Oziq-ovqat deyilar ekan, aholining ehtiyoji tushadigan asosiy yemish turlari nazarda tutiladi. Qadimda oziq-ovqatning turi kamroq bo‘lgan. G‘alla, don-dun, xurmo, mayiz, aqt yoki aqit deb ataluvchi pishloqqa o‘xshash narsalar asosiy ozuqa mahsulotlarini tashkil qilgan. Go‘sht asosiy yemish bo‘lgani holda ihtikorga nisbatan fuqaholarimiz ta’riflarida uchramasligining sababi, u vaqtlarda deyarli hammaning chorva hayvonlari bo‘lgan hamda go‘sht tashqaridan yoki boshqa qo‘shni shahardan olib kelib sotiladigan narsa bo‘lmagan, balki hamma o‘z xonadonida so‘yib yeyavergan. Shuningdek, go‘sht tez aynib qolishi tufayli uni uzoq vaqt saqlab qo‘yish imkonsiz bo‘lgan. Bugungi kunga kelib, asosiy oziq-ovqat moddalarining turlari ham ko‘payib ketdi. Ko‘p narsa bozor yoki do‘konlardan sotib olinadigan bo‘lib qoldi. Qadimda hamma bug‘doy yoki arpani o‘z uyida yanchib, un qilib ishlatgan bo‘lsa, hozir shahar joylarda odamlar (hatto qishloqlarda ham aksariyat) ro‘zg‘or uchun tayyor unni sotib oladi. Un bilan bir qatorda guruch, makaron, shakar, yog‘, go‘sht, kartoshka, piyoz va hokazolar ham bugunning asosiy ozuqa moddasi hisoblanadi. Chunki, aynan shu narsalar ro‘zg‘orda kundalik ishlatiladi.
Shunday qilib, hanafiy, shofeiy va hanbaliy mazhablarida ihtikor faqat oziq-ovqat moddalaridagina vujudga kelsa, molikiy mazhabi hamda hanafiylardan Abu Yusuf (r.h.)ning ixtiyoriga ko‘ra, nafaqat oziq-ovqat balki, odamlar ehtiyoji tushadigan har qanday mahsulot ihtikor obyekti bo‘la oladi.
Ihtikorning hadisi shariflarda qoralanishi
Ma’mar ibn Abdulloh roziyallohu anhudan Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning shunday deganlari rivoyat qilinadi: “Faqat xatokor (osiy) kimsagina ihtikor qilur” (Imom Muslim (1605) va Ibn Moja (2154) rivoyatlari). Hadisning aslida vorid bo‘lgan “xoti’un” so‘zi shunchaki, xato qiluvchi emas, balki osiy, gunohkor ma’nosiga dalolat qiladi. Shunga ko‘ra, hadis mazmuni, “Ihtikor kabi qabih ishlarga faqat gunohlardan tap tortmaydigan osiy kimsagina jur’at qilur” qabilida tushunilishi to‘g‘ri bo‘ladi.
Umar ibn Xattob roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning shunday deyayotganlarini eshitdim: “Kimki, musulmonlarga nisbatan biror taom turini ihtikor qilsa, Alloh uni moxov kasali va (tijoratda) kasodga yo‘liqtirish bilan urib qo‘yadi” (Ibn Moja va Imom Ahmad rivoyatlari).
Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi: “Nabiy sollallohu alayhi va sallam dedilar: “Kimki, biror ozuqa turini qirq kecha ihtikor qilsa, bas, u kimsa Allohdan begona bo‘libdi, Alloh ham undan begona bo‘libdi. Va qaysi bir mahalla ahlida bir kishi qorni och holda tong ottirgan bo‘lsa, demak, ulardan Allohning zimmasi (himoyasi) ko‘tarilib ketibdi”” (Imom Ahmad rivoyati).
Xulosa qilib, aytadigan bo‘lsak, ihtikor, ya’ni monopoliya bir qator iqtisodiy va ijtimoiy zararlarga ega bo‘lgan savdo turi bo‘lib, dinimizda undan qaytarilgan. U iste’molchi huquqini poymol etilishiga olib keladi, bozorda narxlar oshib ketishiga, odamlar mashaqqatga yuz tutishlariga sabab bo‘ladi. Shuningdek, ihtikor uni amalga oshiruvchi kimsaning xudbinligi, o‘z manfatini omma manfaatidan yuqori qo‘yishi va manfaatparastligiga dalolat qiladi. Monopoliya tufayli erkin raqobat rivojlanmay qoladi, oqibatda davlat iqtisodiy zarar ko‘radi.
Rahmatulloh SAYFUDDINOV,
Yunusobod tumani bosh imom-xatibi,
Toshkent Islom instituti o‘qituvchisi,
«Mirza Yusuf» jome masjidi imom-xatibi
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Hech shubha yo‘qki, xalifa Usmon ibn Affon roziyallohu anhuning o‘limlariga sabab bo‘lgan hodisalardan tortib hazrati Aliy ibn Abu Tolib roziyallohu anhuning o‘limlarigacha bo‘lgan davrda bo‘lib o‘tgan hodisalar Islom uchun, musulmon ummati uchun misli ko‘rilmagan musibat bo‘ldi.
Ushbu hodisalar tufayli musulmon ummati o‘rtasida bo‘linish yuz berdi. O‘sha paytgacha bir tanu bir jon bo‘lib, butun dunyoga Islom nurini taratib kelayotgan, butun insoniyatga xayru barakani ulashib kelgan dunyo tarixidagi eng yaxshi ummat ichida darz paydo bo‘ldi. Avvallari bu ummat vakillari ixtilof nimaligini bilmas edilar. Vaqti kelib, ular avval ikkiga, keyinroq uchga bo‘linib ixtilof qildilar. Xuddi o‘sha mash’um hodisalar tufayli boshlangan bu bo‘linishlar sekin-asta davom etib, musulmon ummatining sog‘lom tanasi ichidan turli-tuman toifalar chiqdi. Shiy’a, rofiza, xavorij va shunga o‘xshash boshqa har xil toifalarning kelib chiqishi aynan ana shu hodisalardan boshlangan edi.
Mazkur hodisalar tufayli musulmon ummati avval hokim shaxs haqidagi ba’zi mulohazalar bilan bahs boshlagan bo‘lsa, oxiri kelib iymon va kufr borasida bahs qiladigan, bir-birini kufrga ketganlikda ayblaydigan darajaga yetdi.
Ushbu hodisalar, avvalo, fitnachilarning hazrati Usmonga u kishi ishga qo‘ygan ba’zi voliylar haqida shikoyat qilishlari bilan boshlangan edi. Oxiri kelib xorijiylar o‘zlariga muxolif bo‘lganlarni, hatto hazrati Aliydek zotni kofirlikda ayblay boshlashdi. Tabiiyki, qarshi tomondan ham o‘ziga yarasha javob bo‘ldi.
Ushbu hodisalar tufayli musulmon ummati ichida bir-birining qonini o‘zi uchun halol bilish va bir-birini o‘ldirishni ravo ko‘rish boshlandi.
Birinchi marta fitnachilar hazrati Usmon roziyallohu anhuning qonlari va mollarini o‘zlariga halol hisoblab, u kishini o‘ldirib, mollarini talashdi. Ana shu nobakorlik oqibatida ishlar rivoj topib, «Tuya hodisasi»da, «Siffin»da bir necha o‘n minglab kishi halok bo‘ldi. Xorijiylar bilan bo‘lgan alohida hodisalarni qo‘shadigan bo‘lsak, bu hisob yana ham ortadi.
Bir tanu bir jon bo‘lib, dunyo xalqlarini birin-ketin bandalarning bandalarga sig‘inishidan Allohning ibodatiga, noto‘g‘ri dinlarning jabridan Islomning adolatiga, dunyo torligidan oxirat kengligiga, johiliyat zulmatlaridan Islom nuriga chiqarayotgan ummat bir-birini Robbiga ibodat qilishdan chiqarish, bir-biriga jabr qilish, Islomning kengligidan ixtilof torligiga, Islom nuridan jaholat zulmatiga o‘ta boshladi.
Ushbu hodisalar tufayli musulmon ummatining guli, yetakchi kuchi bo‘lmish sahobai kiromlarning ko‘pchiligi nobud bo‘ldilar. Ularning ma’naviy kuchlariga futur yetdi.
Ushbu hodisalar tufayli musulmon ummati boshiga tushgan musibatlarni birma-bir sanab chiqish nihoyatda og‘ir ish. Shuning uchun bu borada gapni qisqa qilganimiz ma’qul.
Endi ijozatingiz bilan mazkur hodisalarga baho berish haqida bir necha og‘iz so‘z.
Bu hodisalar bo‘lib turgan vaqtlarning o‘zidayoq ularga baho berish boshlangan. Unda har bir tomon o‘zini haq, o‘zgani nohaq deb bilgan. Tarafkashlik bo‘lib turgan joyda bundan boshqa narsa bo‘lishi mumkin ham emas. Ammo mazkur hodisalarga baho berish ular bo‘lib o‘tganidan keyin nihoyatda avj olgani kutilmagan hol. Ushbu hodisalar bo‘lib o‘tgandan keyin turli sabablarga ko‘ra ularni baholash, «kim nima qilgan-u, kim nima qilmagan, aslida nima qilish kerak edi», kabi mavzularda munozaralar qizib ketgan. Bu borada har kim o‘sha to‘palonlar yuz bergan vaqtdagi har bir harakat va sakanot, har bir og‘iz gap va so‘zdan o‘z fikrini qo‘llashga, o‘zganing fikrini rad qilishga dalil izlagan. Tarafkashlik va nizo olovida qizib ketib, dalil topa olmay qolgan paytlarda o‘zidan qo‘shib yuborishlar bo‘lmaganiga esa hech kim kafolat bera olmaydi.
Tarafkashlik avj olgan joyda har kim o‘zining haq ekanini isbot qilishga urinib, o‘zida bo‘lmagan yaxshi sifatlarni bemalol da’vo qilganidek, o‘zida bo‘lgan salbiy sifatlarni taraddudsiz inkor etadi. Shu bilan bir vaqtda, qarshi tarafning barcha yaxshiliklarini inkor etgan holda, barcha yomonliklarni unga ag‘daradi. Mana shu jarayonda nima bo‘lsa bo‘ladi.
Islom ummati yolg‘on nima ekanini bilmas edi. Ammo fitnachilar o‘z qilmishlarini xaspo‘shlash, odamlarni ortlaridan ergashtirish maqsadida bu ummat ichiga «yolg‘on» degan illatni olib kirishdi. Jumladan, ular: «Bizga Aliydan xat keldi» «Bizga Oishadan xat keldi», «Bizga falonchidan xabar keldi» «U debdi», «Bu debdi» degan yolg‘onlarni ham tarqatishgan edi.
Fitnachilar mazkur mash’um hodisalar o‘tib ketganidan keyin ham o‘z tarafini olib, o‘zgani tanqid qilishda davom etaverishdi. Bu narsalar asta-sekin avj ola boshladi. Tarafkashlikda uchiga chiqqan tomonlar esa o‘z gaplarini tasdiqlash uchun oyat va hadislarni nohaq ta’vil qilganlari yetmagandek, yolg‘onlar to‘qib, hatto ularga hadis sifatini berishgacha yetib borishdi.
Ammo mas’ul kishilar, ulamolar bu nobakorlikni darhol bo‘g‘ib tashlash yo‘liga o‘tdilar. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamga oid barcha rivoyatlar yaxshilab himoya qilindi. Hadislarning darajalarini aniqlashning mustahkam qoidalari ishlab chiqildi. Bu borada fitnachilarning fitnasi o‘tmadi.
Ammo tarixchilar keltirgan rivoyatlarga bu qadar e’tibor qaratilmadi, chunki tarix haqidagi rivoyatlar din va e’tiqod masalalari bo‘yicha rivoyatlar ahamiyatiga ega emas, degan o‘y bor edi. O‘sha paytlarda bo‘lib o‘tgan hodisalar haqidagi rivoyatlar to‘plandi. Ammo ularni saralash va yaroqsizini tashlab yuborish ishlari qilinmadi. Bu narsa ayniqsa hukmdorlik uchun o‘zaro kurash olib borgan toifalarga qo‘l keldi. Ular turli asossiz rivoyatlardan o‘z manfaatlari yo‘lida foydalanish bilan birga, yetmay qolgan joylariga o‘zlaridan qo‘shib yuborishdi.
Asta-sekin sahobai kiromlarga til tekkizish boshlandi. Til tekkan sahobiyning tarafdorlari o‘ziga yarasha javob berishdi. Har kim o‘zi ergashgan shaxsni ulug‘lashga o‘tdi.
Ayniqsa, hazrati Aliy roziyallohu anhu haqlarida bunga o‘xshash gap-so‘zlar ko‘p uchraydi. Ba’zi g‘uluvga ketgan toifalar u zotni ilohlik darajasigacha ko‘targan bo‘lishsa, xorijiylarga o‘xshash kimsalar: «Kufrga ketdi», deyishgan.
Yana boshqa bir toifalar hazrati Aliy roziyallohu anhuning taraflarini olish maqsadida u zotni mazlum qilib ko‘rsatishga urinib, boshqa bir nechta katta sahobalarni esa kofirga chiqarib qo‘yishgan.
Bu masalalarga bag‘ishlangan majlislar, janjallar bo‘ldi, kitoblar yozildi, xutbalar o‘qildi. Nima bo‘lsa bo‘ldi, lekin ixtilof ko‘payib boraverdi.
Nihoyat, musulmonlar jumhuri – ahli sunna val jamoa bu masalada ijmo’ ila eng adolatli va so‘nggi nuqtani qo‘ydi: orada bo‘lib o‘tgan ko‘ngilsiz hodisalarda hazrati Aliy va u zotning tarafdorlari haq bo‘lganlar. Ular haqida boshqacha gap bo‘lishi mumkin emas. Bunga dalil va hujjatlar yetarli. Ularning eng ishonchli va kuchlisi Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamdan vorid bo‘lgan sahih hadislardir. Xususan, Ammor ibn Yosir roziyallohu anhu va Zul Sadyaynining hazrati Aliy roziyallohu anhuning fazilatlari haqidagi, kelajakda bo‘ladigan fitnalar haqidagi hadislari fikrimizga dalil bo‘la oladi.
Orada bo‘lib o‘tgan ko‘ngilsiz hodisalarning aybdorlari Ibn Saba’ boshliq fitnachilar va xorijiylardir, barcha qilingan gunohlar ularning bo‘ynida. Ular haqida boshqa gap bo‘lishi mumkin emas.
Fitnachilar asosan Misr, Basra va Kufada tuxum qo‘yib, urchib ketishdi. Fitnaning bosh qarorgohi Misr edi. Uning Islom jamiyatining markazidan uzoqda joylashgani, u yerda haqiqiy ulamolarning, xususan, sahobalarning kam bo‘lgani va boshqa shunga o‘xshash omillar fitnachilarning o‘z fikr-mulohazalarini avom xalqqa yetkazishlariga katta imkon berar edi.
Orada bo‘lib o‘tgan ko‘ngilsiz hodisalarda fitnachilarga ham, hazrati Aliy roziyallohu anhuga ham qo‘shilmagan, balki u zotga talab qo‘yib, talabi bajarilgandagina bay’at qilishlarini aytgan toifa ham bor edi. Ularning gaplari va qilgan ishlari «Tuya» va «Siffin» hodisalaridan hammamizga ma’lum. Ushbu toifaning mashhur shaxslari sifatida Talha ibn Ubaydulloh, Zubayr ibn Avvom, Muoviya ibn Abu Sufyon va Amr ibn Os roziyallohu anhumni eslash mumkin. Ahli sunna val jamoa musulmonlari ularni: «Xato ta’vil va ijtihod qilganlar», deb baholaydi. Ular haqoratlanmaydilar, yomonlanmaydilar. Balki sahobiy bo‘lganlar boshqa sahobai kiromlar bilan bir qatorda ko‘riladi.
Ulamolarimiz va musulmonlar jumhuri bu ishda g‘oyatda talabchan bo‘lgani sababli bu haqda har bir musulmon shaxs e’tiqod qilishi lozim bo‘lgan narsani aqiyda kitoblarimizga bitib ham qo‘yganlar.
Jumladan, ahli sunna val jamoaning eng mashhur aqiyda kitoblaridan biri bo‘lmish «Aqiydai Tahoviyya»da quyidagilar aytiladi:
«Biz ularning hammalari haqida yaxshilik bilan: «Robbimiz, bizni va bizdan avval iymon bilan o‘tgan birodarlarimizni mag‘firat qilgin, iymon keltirganlarga nisbatan qalbimizda g‘ashlik qilmagin. Robbimiz, albatta, Sen o‘ta shafqatlisan, o‘ta rahmlisan», deymiz (Hashr surasi, 10-oyat).
Alloh taolo bizning qo‘llarimizni o‘z vaqtida bo‘lib o‘tgan fitnadan asragan. Biz Allohdan tillarimizni ham mazkur fitnadan saqlashini so‘raymiz».
«Islom tarixi» birinchi juzi asosida tayyorlandi