frontend\widgets\header\Header: Attempt to read property "fajr" on null

Stulda namoz o‘qishning qanday tartib va odoblari bor?

13.03.2020   15187   15 min.
Stulda namoz o‘qishning qanday tartib va odoblari bor?

Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.

 

Bugungi kunda masjidlarimiz xonaqohlarida bir yoki bir nechta kursilar (stullar) qo‘yilganini ko‘rib qolamiz. Bu kursilar biror uzr sababli namozni tik turib o‘qiy olmaydigan, shuning uchun o‘tirib namoz o‘qiydigan birodarlarimiz uchun qo‘yilgan bo‘ladi. Odatda quvvat yo‘qligi, bemorlik va shu kabi uzrli sabablar tufayli namozxonlarimiz kursiga o‘tirib namoz o‘qiydilar. Biroq, namozni o‘tirib o‘qish uchun uzrli holatlarning ham o‘ziga yarasha qonun-qoidalari bor, faqih ulamolarimiz bu masalalarni ham chuqur o‘rganib, ularga oid hukmlarni batafsil bayon qilishgan.

Kursi Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning zamonlaridan avvalda ham, sahobalar, taba’a tobe’inlar zamonlarida ham bor edi. Ularning davrida jangu jadallar ko‘p bo‘lgan. Kimningdir oyog‘i kesilib, qiyomga qodir bo‘lmagan, boshqasini beli singan, yana birining boshi jarohatlanib, sajda qila olmagan. Shunday bo‘lsa-da, ularning birortasi kursida o‘tirib namoz o‘qigani rivoyat qilinmagan. Ularning barchalari yerga o‘tirib namoz o‘qiganlar. "Al-mu’jamul avsat" kitobida bunday deyilgan:

عن عبيد الله بن عمر رَضِي اللهُ عَنْهُ، عن نافع ، عن ابن عمر قال : قال رسول الله صلى الله عليه وسلم : " من استطاع منكم أن يسجد فليسجد ، ومن لم يستطع فلا يرفع إلى جبهته شيئا ليسجد عليه ، ولكن ركوعه وسجوده يومئ برأسه "

Tabaroniyning "Al-mu’jamul kabir" kitobida Ibn Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam as'hoblaridan biri bemor bo‘lganida uni ko‘rishga bordilar. Men u zot bilan birga edim. Uning huzuriga kirsak, oldiga bir yog‘ochni qo‘yib, peshonasini unga qo‘yib namoz o‘qiyotgan ekan. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam unga ishora qilgan edilar, u yog‘ochni tashlab yuborib, yostiqni oldi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam "Qo‘y uni. Agar yerga sajda qila olsang, shunday qil. Qila olmasang, ishora qilib o‘qigin, sajdangni esa ruku’ingdan pastroq qilgin", dedilar.

Abu Hanifa rahmatullohi alayhning zamonlaridan tortib, mutaaxxir fuqaholarning zamonigacha birorta faqih "kursida o‘tirib namoz o‘qish" degan masalani bayon qilgan emas. Chunki namoz ulug‘ bir ibodat bo‘lib, banda bu ibodatda Robbining huzurida o‘zining ojizligi, siniqligini, xorligini izhor qiladi. Kursida o‘tirish esa izzat hisoblanadi.

Agar biror sabab tufayli odam umuman yerga o‘tira olmasa, uning kursida o‘tirishi mustasno. Chunki o‘tirishga ojiz bo‘lgan kishiga yotib namoz o‘qishga ruxsat berilgan. Nochor holatdagina kursiga o‘tirib, ishora bilan namoz o‘qishga ijozat bor. Masalan, jarrohlik amaliyotidan so‘ng faqatgina kursida o‘tirib o‘qish qulay bo‘lsa, ana shunday majburiy holatlardagina bunga ijozat beriladi. Lekin bemor odam masjidga o‘zi yurib kelsa, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bemorliklarida o‘tirib namoz o‘qiganlaridek o‘tirishga qodir bo‘lsa, safni tekis qilishdek vojib amalga xilof qilib, safdan oldinga yoki orqaga o‘tib ketish joiz emas. Chunki kursida o‘tirgani uchun safdan orqaroqda turib, keyingi safda turgan kishining sajda qiladigan joyini egallab olishi yoki safdagi o‘rnini bo‘sh qoldirib, safdan oldinga chiqib o‘tirib olishi mutlaqo joiz emas.

  1. Kim biror uzri yoki bemorligi tufayli tik turishga qodir bo‘lmasa yoki tik tura olsa ham, yiqilib tushishi mumkin bo‘lsa yo holati shar’an uzrli deb baholaydigan darajada nochor bo‘lsa (mohir (tajribali) musulmon shifokor «Tik tursangiz, dardingiz ziyoda bo‘ladi ‎yoki sog‘ayishingiz kechikadi» desagina holatni shar’an uzrli deyish mumkin‎), yoki tik turganda chidab bo‘lmaydigan og‘riq tursa yoki boshi aylansa, bu holatlarning barchasida o‘tirib namoz o‘qish joiz.

Bu haqda «Durrul muhtor»ning muallifi quyidagilarni keltiradi:

(مَنْ تَعَذَّرَ عَلَيْهِ الْقِيَامُ) أَيْ كُلُّهُ (لِمَرَضٍ) حَقِيقِيٍّ وَحَدُّهُ أَنْ يَلْحَقَهُ بِالْقِيَامِ ضَرَرٌ بِهِ يُفْتَى (قَبْلَهَا أَوْ فِيهَا) أَيْ الْفَرِيضَةِ (أَوْ) حُكْمِيٍّ بِأَنْ (خَافَ زِيَادَتَهُ أَوْ بُطْءَ بُرْئِهِ بِقِيَامِهِ أَوْ دَوَرَانَ رَأْسِهِ أَوْ وَجَدَ لِقِيَامِهِ أَلَمًا شَدِيدًا.. صلى قاعدا

Bir kishining namozdan oldin yoki namoz ichida (farz namozida) kasalligi ziyoda bo‘lsa yoki tik turgani uchun dardining tuzalishi kechiksa (bu holatning oxirgi chegarasi tik tursa zarar yetishidir, shunga fatvo berilgan), boshi aylansa yoki tik tursa qattiq og‘riq turgani uchun (kabi hukmiy kasallik sababli) tik turishi uzrli bo‘lsa, o‘tirib o‘qiyveradi.

Qiyomni soqit qiluvchi uzrlar

Qiyomni ikki narsa soqit qiladi:

* tik turishga umuman qodir bo‘lmasa.

* tik tura olsa ham, hoziq tabib turishni man qilgan bo‘lsa yoki tik turgani uchun kasali kuchaysa, boshi aylanib yiqilishi mumkin bo‘lsa yoki kasalining tuzalishi kechiksa yoki qattiq og‘riq tursa.

  1. Tik turgani sababli paydo bo‘ladigan og‘riq yengil bo‘lsa, chidasa bo‘ladigan darajada bo‘lsa, shar’an o‘tirib o‘qishga uzr bo‘la olmaydi. Bu holatda o‘tirib o‘qigan namoz durust bo‘lmaydi.

وإن لم يكن كذلك (أي بما ذكر) ولكن يلحقه نوع مشقة لا يجوز ترك القيام. (التاتارخانية).

وَإِنْ قَدَرَ عَلَى بَعْضِ الْقِيَامِ ) وَلَوْ مُتَّكِئًا عَلَى عَصًا أَوْ حَائِطٍ ( قَامَ ) لُزُومًا بِقَدْرِ مَا يَقْدِرُ وَلَوْ قَدْرَ آيَةٍ أَوْ تَكْبِيرَةٍ عَلَى الْمَذْهَبِ لِأَنَّ الْبَعْضَ مُعْتَبَرٌ بِالْكُلِّ

Agar bunday (ya’ni yuqorida zikr qilingandek) bo‘lmasa, ammo biror mashaqqat yetishi mumkin bo‘lsa, o‘tirib o‘qish joiz bo‘lmaydi («Tatarxoniya»).

Agar (hassaga yoki devorga suyanib bo‘lsa ham) ozgina turishga qodir bo‘lsa, (imkoni boricha, hanafiy mazhabiga ko‘ra bir oyat yoki bir takbir miqdoricha) tik turib o‘qiydi (chunki ozgina miqdorda turish ham to‘liq turish hisoblanadi).

Qiyomga qodir bo‘lmasa

  1. Kim yuqoridagi sabablar tufayli tik turishga qodir bo‘lmasa, lekin o‘tirgan holda ruku’, sajda qilib namoz o‘qishga qodir bo‘lsa, yerga o‘tirgan holda ruku’ va sajda bilan namoz o‘qiydi. Bundan boshqa suratda o‘qish joiz emas.

وإن عجز عن القيام وقدر على القعود، فإنه يصلي المكتوبة قاعداً بركوع وسجود، ولا يجزئه غير ذلك(التاتارخانية).

Tik turishga imkoni bo‘lmay, o‘tirishga qodir bo‘lsa, farzlarni o‘tirgan holda ruku’ va sajda qilib o‘qiydi. Bundan boshqacha suratda o‘qish joiz emas («Tatarxoniya»).

  1. Bir odam o‘tirgan holda ruku’ va sajda qilib namoz o‘qishga ham qodir bo‘lmasa, o‘tirgan holda ishora bilan o‘qishi farz bo‘ladi, bunday odam sajda ishorasini ruku’ ishorasidan pastroq qiladi. O‘tirgan holati tashahhud holatida bo‘lishi shart emas. Qanday o‘tirish o‘ziga qulay bo‘lsa, shunday o‘tiraveradi.

وإن عجز عن الركوع والسجود وقدر على القعود فإنه يصلي قاعداً بإيماء، ويجعل السجود أخفض من الركوعظ.

Ruku’ va sajda qila olmasa, faqat o‘tirishga qodir bo‘lsa, o‘tirgan holda, sajdani ruku’dan pastroq qilib, imo-ishora bilan o‘qiydi.

  1. Bir kishi o‘zi o‘tira olmasa, lekin devor, odam yoki boshqa biror narsaga suyanib o‘tirishga qodir bo‘lsa, suyangan holda namoz o‘qishi shart, yotib olib o‘qishi mumkin emas.

إذا لم يقدر على القعود مستوياً، وقدر عليه متكئاً، أو مستنداً إلى حائط أو إنسان، أو ما أشبه ذلك، قال شمس الأئمة الحلواني رحمه الله: قال مشايخنا رحمهم الله: يجزىء أن يصلي قاعداً مستنداً أو متكئاً، لا يجزئه أن يصلي مضطجعاً.

To‘g‘ri o‘tirishga imkoni bo‘lmay, devorga yoki biror odamga yoki shunga o‘xshash narsalarga suyanib o‘tira olmasa, bu borada Shamsul Aimma Al-Hulvaniy rohimahullohning aytishicha, mashoyixlarimiz «Suyangan holda o‘tirib o‘qishi joiz bo‘ladi. Yotgan holda o‘qishi esa joiz emas», deganlar.

 

O‘tirishga ham qodir bo‘lmasa

  1. Agar odam har qanday holatda ham o‘tirishga qodir bo‘lmasa, yotgan holida, ishora bilan namoz o‘qishi farzdir. Bunda bemor ikki oyog‘ini qibla tomonga uzatib, qodir bo‘lsa ikki tizzasini bir oz bukkan holda, ruku’ va sajdani boshi bilan ishora qilib o‘qiydi. Bosh tomonini bir oz ko‘tarib qo‘yilsa, yuzi osmonga qaragan bo‘lmaydi. Shuningdek, yuzini qiblaga qaratgan holda o‘ng yoki chap yonboshi bilan yotib ishora bilan namoz o‘qisa ham bo‘ladi.

وَإِنْ تَعَذَّرَ الْقُعُودُ ) وَلَوْ حُكْمًا ( أَوْمَأَ مُسْتَلْقِيًا ) عَلَى ظَهْرِهِ ( وَرِجْلَاهُ نَحْوَ الْقِبْلَةِ ) غَيْرَ أَنَّهُ يَنْصِبُ رُكْبَتَيْهِ لِكَرَاهَةِ مَدِّ الرِّجْلِ إلَى الْقِبْلَةِ وَيَرْفَعُ رَأْسَهُ يَسِيرًا لِيَصِيرَ وَجْهُهُ إلَيْهَا ( أَوْعَلَى جَنْبِهِ الْأَيْمَنِ ) أَوْ الْأَيْسَرِ وَوَجْهُهُ إلَيْهَا ( وَالْأَوَّلُ أَفْضَلُ ) عَلَى الْمُعْتَمَدِ رد المحتار

Biror narsaga suyanib o‘tirishning ham imkoni bo‘lmasa, chalqancha yotib, oyoqlarini qibla tarafga uzatib, tizzalarini bir oz ko‘tarib, yuzi qiblaga yuzlanishi uchun boshini bir oz ko‘tarib o‘qiydi. Yoki o‘ng yoki chap tarafiga yonboshlab yuzini qiblaga qaratib, imo-ishora bilan o‘qiydi. Birinchi surat afzalroq («Roddul Muhtor»).

Bemorlardan boshqalar oyog‘ini qiblaga uzatib yotishi tanzihiy makruhdir.

Namozdagi qiyom va qa’daning ta’rifi. Yuqorida «tik turish» va «o‘tirish» so‘zlari ishlatildi. Tik turishning miqdori haqida ulamolarimiz quyidagilarni aytganlar: «Qiyom deb insonning qaddini tik tutishiga aytiladi. Bunda bir oz egilishning ham zarari yo‘q, lekin bu narsa ruku’ning eng past darajada ado bo‘ladigan miqdoriga yetmasligi kerak». Tik turgan kishi 90 darajada egilsa, to‘liq ruku’ qilgan bo‘ladi, 45 darajadan o‘tib egilsa, ruku’ning eng oz miqdori bo‘ladi. Bunda qo‘lini yozsa, tizzaga yetadigan bo‘ladi. 45 darajadan kamroq egilsa tik turgan (qoim) hisoblanadi.

اتفق الفقهاء على أن القيام المطلوب شرعاً في الصلاة هو الانتصاب معتدلاً , ولا يضر الانحناء القليل الذي لا يجعله أقرب إلى أقل الركوع بحيث لو مدّ يديه لا ينال ركبتيه. الموسوعة الفقهية

Fuqaholar «Namozda shar’iy talab qilingan tik turish – mo‘tadil to‘g‘ri turishdir. Bunda qo‘lni cho‘zganda tizzaga yetmaydigan darajada bir oz egilishning zarari yo‘q» deb ittifoq qilishgan («Mavsu’atul-fiqhiyya»).

Qa’da deb hammamiz biladigan oddiy o‘tirishga aytiladi. Alloma Kosoniy rahimahulloh qa’daga ta’rif berib, «Inson tanasining beldan past qismi bukilib, orqaning yerga tegishi qa’da deb ataladi», deganlar.

Yerga o‘tirgan holida boshini yerga qo‘yib sajda qila oladigan kishi kursiga (stulga) o‘tirib namoz o‘qish joizmi?

Ba’zi odamlar tik turishga qodir bo‘lmasa ham, o‘tirib sajda qilishga qodir bo‘lsa, kursida o‘tirgan hollarida ishora bilan sajda qilishlari joiz emas, chunki peshonasini yerga tekkiza oladigan kishiga ishora bilan sajda qilish kifoya qilmaydi.

Fuqaholarimiz sajdaga ta’rif berib, «vaz’ur-ro’si ’alal-ard», ya’ni «boshni yerga qo‘yish» deganlar. Ba’zilar «tasviyatul-a’laa ma’al-asfal», ya’ni «boshni oyoq bilan teng qilish», deyishgan (bosh oyoqdan bir g‘isht barobaricha ko‘tarilsa joiz‎). Kursiga o‘tirib sajda qiluvchilar mana shu farzni tark qilgan bo‘ladilar. Bunday holda o‘qilgan namozni qayta o‘qish shart («Ahsanul fatavo»).

Savol: Engashsa qon bosimi oshib ketadigan odam ishora bilan sajda qilsa bo‘ladi-mi?

Javob: Unday kishilar boshlarini yerga qo‘yib sajda qila olmaganlari uchun kursiga o‘tirib, ishora bilan sajda qilishlari joiz.

Ramazon Butiy rohmatullohi alayh o‘tirib namoz o‘qish haqida shunday deganlar: «Kursida namoz ŭqishda asosiĭ shart shuki, hoziq (mohir), ishonchli, namozxon tabib bemorga yerga ŭtirib namoz ŭqishi mumkin emasligini aĭtgan bŭlishi kerak. Bundan bosh qacha holatda kursida ŭtirib namoz ŭqishi joiz emas. Agar shifokor tik turishni taqiqlagan bŭlsa, ammo ŭtirib ruku’ sajda qilishni yëki ishora bilan sajda qilishni taqiqlamagan bŭlsa (u odamning kursiga emas), yerga ŭtirib namoz ŭqishi vojibdir».

 

Ibodatlarda boshqa din vakillariga o‘xshab qolish

Kursiga o‘tirib o‘qishda nasorolarning ibodatxonasidagi holatga o‘xshab qolish xavfi ham bor. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ibodatlarda ahli kitoblarga o‘xshashdan qattiq qaytarganlar.

Takbiri tahrima uchun qiyom shartdir

Odatda kursiga o‘tirib o‘qiydigan kishilar yurib kelib, kursiga o‘tirib, so‘ng quloq qoqib, namozga kirishadilar. Takbiri tahrimaning sharti esa namozga tik turgan holda kirishishdir. Bu holatda mana shu shart bajarilmay qoladi.

شرط صحة التكبير أن يوجد في حالة القيام في حق القادر على القيام ، سواء كان إماما أو منفردا أو مقتديا ، حتى لو كبر قاعدا ثم قام لا يصير شارعا ، ولو وجد الإمام في الركوع أو السجود أو القعود ينبغي أن يكبر قائما ثم يتبعه في الركن الذي هو فيه ، ولو كبر للافتتاح في الركن الذي هو فيه لا يصير شارعا لعدم التكبير قائما مع القدرة عليه .

Imom uchun ham, yolg‘iz namoz o‘qiyotgan odam uchun ham, iqtido qilgan odam uchun ham takbiri tahrimaning sharti shuki, qiyomga qodir bo‘lgan odam tik turib takbir aytishi kerak. Bunday odam o‘tirgan holida takbir aytsa, namozga kirgan hisoblanmaydi. Imom ruku’, sajda yoki qa’dada bo‘lsa, namozga yangi qo‘shilayotgan odam takbirni tik turib aytib, keyin imomga ergashishi shartdir. Imom sajdada yoki qa’dadaligida unga iqtido qilgan odam o‘tirib olganidan keyin takbir aytsa, namozga kirishgan bo‘lmaydi, chunki u qiyomga qodirdir («Badoius sanoi’»).

Qiyomga qodir bo‘lishning miqdori

Bir kishi hassaga yoki devorga suyanib bo‘lsa ham tik tura olsa, namozda ana shunday turishi shart, chunki qiyom farzdir, qo‘lni kindik ostida bog‘lash esa sunnatdir. Farzni ado qilish uchun sunnatni tark qilish joiz. Bir-ikki oyat o‘qilguncha qodir bo‘lib, qolganiga qodir bo‘lmasa ham, shuncha miqdor tik turish farzdir.

وإن قدر على بعض القيام) ولو متكئا على عصا أو حائط (قام) لزوما بقدر ما يقدر ولو قدر آية أو تكبيرة على المذهب،

Agar hassa yoki devorga suyanib o‘qishga qodir bo‘lsa, qodir bo‘lgan miqdoricha tik turib o‘qishi shart. Agarchi bir oyat miqdori yoki unga ham yaramasa, takbiri tahrimani aytish miqdoricha bo‘lsa ham.

 

Muhammad Ayyub HOMIDOV

 

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Halol bo‘ling, rost so‘zlang, iymon va insoniylikni asrang!

19.08.2026   24912   4 min.
Halol bo‘ling, rost so‘zlang, iymon va insoniylikni asrang!

Halollik va rostgo‘ylik insonning shaxsiy fazilatlari bo‘lish bilan birga, oila mustahkamligi, jamiyat taraqqiyoti va ijtimoiy munosabatlarning barqarorligini ta’minlaydigan muhim milliy, diniy, ma’naviy-axloqiy qadriyatlardir.

Islom dinida halollik va rostgo‘ylikka inson hayotining barcha sohalarini qamrab oluvchi muhim tamoyillar sifatida qaraladi. Halol va haromni farqlash, shubhali ishlardan saqlanish, o‘zgalarning haq-huquqini poymol qilmaslik, rostgo‘y va adolatli bo‘lish insonning nafaqat shaxsiy kamoloti, balki jamiyat oldidagi mas’uliyatini ham belgilaydi.

Qur’oni karim oyatlari va Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamning ko‘plab hadisi shariflarida insonlarni halollik va rostgo‘ylikka da’vat qilish, har doim halol bo‘lishga undash, aldov va yolg‘on guvohlik berishdan qaytarishga alohida e’tibor qaratilgan. Zero, halollik va rostgo‘ylik insonning ma’naviy kamolotini, imoni mustahkam va axloqi go‘zalligini namoyon etuvchi eng muhim fazilatlardir. Harom va yolg‘on esa nafaqat shaxsning obro‘si va unga ishonchini yemiradi, balki jamiyatda o‘zaro ishonchsizlik, adovat va nizolar kelib chiqishiga ham sabab bo‘ladi.

Alloh taolo "Nahl" surasining 105-oyatida bunday marhamat qilgan: “Yolg‘on so‘zlarni faqat Allohning oyatlariga imon keltirmaydiganlargina to‘qiydilar. Aynan o‘shalarning o‘zlari yolg‘onchilardir”.

Bu o‘rinda yolg‘onning qanchalik og‘ir ma’naviy illat ekani bayon qilinib, uning Allohning oyatlariga munosabat bilan bog‘liq jihati ko‘rsatib berilyapti. Oyatning nozil bo‘lish sababi Makka mushriklarining Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga nisbatan turli asossiz da’volarni ilgari surgani, jumladan, u zotni yolg‘onchilikda ayblaganidir. Ular Qur’oni karimni go‘yo Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning o‘zlari to‘qib chiqargani to‘g‘risida asossiz da’volarni ilgari surgan. Qur’oni karim esa bunday iddaolarni ochiq-oydin rad etgan.

Aslida yolg‘onni faqat imonsiz kishilargina to‘qiydi. Chunki, mo‘min kishi yolg‘onni katta gunoh deb biladi. Yolg‘on sababli qiyomatda azobga qolishdan qo‘rqadi. Shuning uchun har qanday vaziyatda rostgo‘y bo‘lishga intiladi. Hatto o‘z manfaatiga zid bo‘lgan holatlarda ham haqiqatni aytishni afzal biladi. Zero, haqiqiy imon insonni faqat ibodatlarga emas, balki yuksak axloqiy fazilatlarga ham undaydi.

Islom ta’limotida halollik va to‘g‘riso‘zlik maqtalgan, yolg‘on gapirish va haqiqatni yashirish keskin qoralangan. Jumladan, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar: “Nabiysollallohu alayhi vasallam:“Rostgo‘ylikni o‘zingizga lozim tutingiz (rostgo‘y bo‘lingiz)! Chunki, rostgo‘ylik yaxshilikka yetaklaydi, yaxshilik esa jannatga yetaklaydi. Kishi doim rost gapirsa, Allohning huzurida “siddiq” (o‘ta rostgo‘y) deb yozib qo‘yiladi. Yolg‘ondan saqlaning! Chunki, yolg‘on fojirlikka (gunoh va buzuqlikka) yetaklaydi, fojirlik esa do‘zaxga yetaklaydi. Kishi yolg‘on gapiraversa, Allohning huzurida “kazzob” (o‘ta yolg‘onchi) deb yozib qo‘yiladi”, dedilar”. (Imom Buxoriy rivoyati).

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam rostgo‘ylik va yolg‘onchilikning inson axloqi, ma’naviy hayoti va oxiratiga qay darajada ta’sir qilishini ochiq tarzda bayon qilib beryaptilar. Hadis mazmunidan anglashiladiki, insonning jannatga yoki do‘zaxga tushishida uning tili, ya’ni rostgo‘yligi yo yolg‘onchiligi hal qiluvchi omillardan ekan.

Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam halol va harom o‘rtasidagi shubhali narsalardan saqlangan kishi dini va obro‘yini pok saqlashi borasida bunday marhamat qilganlar: No‘’mon ibn Bashir roziyallohu anhudan rivoyat qilinishicha,“Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday deganlarini eshitdim: Halol ham aniq, harom ham aniq. Ularning o‘rtasida shubhali narsalar bor. Ko‘p odamlar buni bilmaydi. Kim shubhalardan saqlansa, dini va obro‘yini pok saqlaydi...” (Imom Buxoriy rivoyati).

Bu o‘rinda Nabiy sollallohu alayhi vasallam insonlarni ehtiyotkorlik va poklikka da’vat etmoqdalar. Chunki, halollik tamoyillariga amal qilgan inson hayotning har bir jabhasida, jumladan, so‘zida, oilaviy munosabatlarida, ta’lim olishda, mehnat faoliyatida va jamiyatdagi o‘zaro munosabatlarida adolat, poklik va rostgo‘ylikka intiladi. O‘zgalarning haq-huquqlarini hurmat qiladi, birovning mol-mulki yoki mehnatining mahsuliga tajovuz qilmaydi, aldov, xiyonat va manfaatparastlikdan uzoq bo‘lishga harakat qiladi. Bunday fazilatlar insonning shaxsiy obro‘-e’tiborini yuksaltirish bilan birga jamiyat a’zolari o‘rtasida o‘zaro ishonch va hamkorlik muhitini mustahkamlaydi.

Muxtasar qilib aytganda, halollik va rostgo‘ylik ijtimoiy hayotning barqarorligini, insonlar o‘rtasidagi ishonch va jamiyat taraqqiyotini ta’minlovchi muhim ma’naviy-axloqiy asosdir. Islom ta’limotidagi halollik, rostgo‘ylik, adolat va omonatdorlikka oid ko‘rsatmalar bu qadriyatlarning inson va jamiyat hayotidagi o‘rni naqadar muhim ekanini ko‘rsatadi. Har bir inson o‘z hayoti va faoliyatida halollik, rostgo‘ylik, adolat va vijdonlilikni ustuvor tamoyilga aylantirsa, jamiyatda sog‘lom ma’naviy muhitni shakllantirish imkoniyati ortadi.

Yo‘ldoshxon Isayev, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

Ibratli hikoyalar