Sayt test holatida ishlamoqda!
10 Yanvar, 2025   |   10 Rajab, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:24
Quyosh
07:48
Peshin
12:36
Asr
15:32
Shom
17:16
Xufton
18:35
Bismillah
10 Yanvar, 2025, 10 Rajab, 1446

Biz Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni qanchalik sevamiz?

13.03.2020   3168   2 min.
Biz Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni qanchalik sevamiz?

Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam biz uchun jonimizdan, molimizdan, ota-onamizdan, barcha oila a’zolarimizdan, jamiki insonlardan azizroq va mahbubroqdirlar.

Imom Molik rahimahulloh Madinada yashab, Madinada vafot etganlar. U yerdan boshqa shaharga chiqmaganlar. Sababini so‘ralganda, “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam yotgan shaharni tashlab ketishni yoqtirmayman” degan ekanlar.

Imom Molik rahimahulloh hadis o‘qiyotib, seskangan ekanlar. Hadisni o‘qib bo‘lganlarida, shogirdlari o‘sha seskanishlarining sababini so‘rashganda, chayon chaqib olgani uchun shunday bo‘lganini aytgan ekanlar. Shogirdlari hayron bo‘lib, “Nega hadisni to‘xtatmadingiz?” deyishganda, ulug‘ imom: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning so‘zlarini bo‘lgim kelmadi!” deb javob bergan ekanlar.

Imom Molik rahimahulloh Madina ko‘chalarida umuman ulovga minmagan ekanlar. Sababini so‘rashganda, “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam yotgan tuproqni ulovning tuyoqlari bilan bosgani Alloh taolodan hayo qilaman!” deb javob bergan ekanlar.

Imom Molik rahimahulloh Madina ko‘chalarida yurganlarida, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga odob va hurmat yuzasidan hech qachon yerni tepib, siltab qadam bosib yurmagan ekanlar.

Ba’zi oshiqlar Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning ravzalari, qabrlari ustidagi gumbaz yashil rangda bo‘lgani uchun yashil rangdagi poyabzal kiyishni o‘zlariga ep ko‘rmagan ekanlar!

Ba’zi ahli ilmlar tajriba qilib ko‘rishlaricha, bir joyda ko‘p o‘tirganlarida oyoqlari uvishib, jimirlab qolsa, darhol sevikli Payg‘ambarimizning muborak ismlarini zikr qilsalar, o‘sha uvishish va jimirlash ketgan ekan.

Biz Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni qanchalik sevamiz? U zoti bobarakotga bo‘lgan muhabbatimiz bolamizga yoki mol-dunyoga bo‘lgan muhabbatimizdan ko‘proqmi yoki kammi? Agar kam bo‘lsa, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning hayotlarini ko‘proq o‘rganaylik, muhabbatimizni oshiraylik!

Afsuski, ijtimoiy tarmoqlarda Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga nisbatan istehzoli, haqoratli gapiruvchilar uchrab turibdi.

Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamni istehzo qiluvchi ana shunday kimsalar ko‘zlarini kattaroq ochib, o‘zlarini o‘nglashlari uchun bir oyatni keltirsak:

Alloh taolo Qur’oni Karimda shunday degan:

إِنَّا كَفَيْنَاكَ الْمُسْتَهْزِئِينَ

“Albatta, Biz senga istehzo qiluvchilardan kifoya qilurmiz” (Hijr surasi, 95-oyat).

Ikki olam sarvari, mahbubimiz, oxiratda shafoatchimiz bo‘lgan zotga Alloh taoloning salomi, salovoti va barakoti bo‘lsin!

 

Internet ma’lumotlari asosida Nozimjon Hoshimjon tayyorladi

Siyrat
Boshqa maqolalar

Bu mo‘jizani kim inkor qila oladi?

10.01.2025   483   1 min.
Bu mo‘jizani kim inkor qila oladi?

 Bilasizmi? Silikat moddasiga boy bo‘lgan tuproqqa dafn qilingan insonning skeleti vaqt o‘tishi bilan tosh va xarsangga aylanadi.
 Agar u piri‌t (temir sulfidi) moddasiga boy mintaqaga dafn qilinsa, unday jasad temir haykalga aylanib qolishi mumkin!

Bu ilmiy haqiqat yaqinda aniqlangan bo‘lsa-da, Qur’onda bu haqida 1445 yil oldin hayratlanarli tarzda juda aniqlik bilan bayon etilgan. Qur’onda bunday deyilgan:

وَقَالُوا أَإِذَا كُنَّا عِظَامًا وَرُفَاتًا أَإِنَّا لَمَبْعُوثُونَ خَلْقًا جَدِيدًا

"Ular: “Biz suyaklarga  va chang- tuproqlarga aylanib ketganimizdan keyin ham, yangitdan tiriltirilamizmi?” dedilar. “Sen ularga, toshga yoki temirga aylaninglar”, deb ayt"
(Isro surasi, 50-oyat).

Bu oyat yaqin yillarda kashf etilgan — suyaklari toshga aylangan yoki temir haykalga aylangan qazilmalarga ochiq va ravshan ishora qilmoqda. Go‘yoki Qur’onda xabar berilgan ushbu dalillar olimlar kashf qilishlarini uzoq asrlardan beri kutib yotgandek.

Shunday ekan, aqlli inson bunday ochiq-oydin va ravshan mo‘jizani qanday inkor qila oladi? Qur’onning bu mo‘jizasi kunduzdagi quyoshdek ravshan emasmi?

Homidjon domla ISHMATBЕKOV