Korona virus (COVID-19) kasalligi shiddat bilan tarqalib uning geografik hududi kengayayotgan va odamlar orasida uni yuqumli kasallik ekanligi vahimasi kuchayayotgan paytda dunyo islom ulamolari bu kasallikning shar’iy muolajalarini eslatmoqdalar.
Bunday holatlarda musulmon kishi Alloh taoloning taqdir qilgani yuzaga chiqishiga qattiq ishongan holda, kasallikdan saqlanish chora tadbirlarini ko‘radi. Vabo va shu kabi tez tarqaladigan kasalliklar chiqqan joyga kirilmaydi va qattiq zarurat bo‘lmasa, u yerdan chiqib ketilmaydi. Tibbiy soha vakillari ko‘rsatmalariga to‘la amal qilinadi. Ibodatlar va istig‘for ko‘paytiriladi. Mana shu shartlarga amal qilib, vabo, o‘lat va shu kabi kasalliklardan vafot etgan mo‘min-musulmonlar shahidlik martabasini topadilar.
Alloh taolo Qur’oni karimda shunday marhamat qiladi:
{ أَيْنَمَا تَكُونُوا يُدْرِكْكُمُ المَوْتُ وَلَوْ كُنْتُمْ فِي بُرُوجٍ مُشَيَّدَةٍ } [ النساء : 78 ]
ya’ni: “Qayerda bo‘lsangiz ham o‘lim sizlarni topadi, hatto mustahkam qal’alar ichida bo‘lsangiz ham” (Niso surasi 78-oyat).
{ وَلاَ تُلْقُوا بِأيْدِيكُمْ إلَى التَّهْلُكَةِ } [ البقرة : 195 ] .
ya’ni: “...o‘z qo‘llaringiz (baxilligingiz) bilan o‘zlaringizni halokatga tashlamangiz!” (Baqara surasi 195-oyat).
Payg‘ambarimiz alayhissalomning vabo haqidagi so‘zlari yuqoridagi oyatlarining tasdig‘idir. U zot alayhissalom shunday deganlar:
إِنَّ هَذَا الْوَبَاءَ رِجْزٌ أَهْلَكَ اللَّهُ بِهِ الْأُمَمَ قَبْلَكُمْ وَقَدْ بَقِيَ مِنْهُ فِي الْأَرْضِ شَيْءٌ يَجِيءُ أَحْيَانًا وَيَذْهَبُ أَحْيَانًا فَإِذَا وَقَعَ بِأَرْضٍ فَلَا تَخْرُجُوا مِنْهَا وَإِذَا سَمِعْتُمْ بِهِ فِي أَرْضٍ فَلَا تَأْتُوهَ (رواه الامام احمد عَنْ أُسَامَةَ بْنِ زَيْدٍ رضي الله عنه)
ya’ni: “Albatta, bu vabo – Alloh u bilan sizdan avvalgi qavmlarni halok qilgan azobdir. Yer yuzida undan bir ozi qolgan. Gohida keladi, gohida ketadi. Agar bir yerda vabo paydo bo‘lsa, u yerdan chiqib ketmanglar. Agar bir yerda vabo borligini eshitsangiz, u yerga bormanglar” (Imom Ahmad rivoyatlari).
Madinaga hijrat qilingandan keyin bir muddat o‘tgach, Abu Bakr va Bilol raziyallohu anhumoni isitma (bezgak, vabo) tutdi. Bu haqda Payg‘ambarimizga xabar berilganda, U Zot alayhissalom vaboning ko‘tarilishi va Juhfa degan joyga ketishini so‘rab duo qildilar. Alloh taolo U Zotning duolarini qabul qildi (Imom Bayhaqiy rivoyatlari).
Vabo va o‘lat (epidemiyalar) sababidan vafot etgan musulmonlar haqida Payg‘ambarimiz alayhissalom shunday deganlar:
الطَّاعُونُ شَهَادَةٌ لِكُلِّ مُسْلِمٍ (رواه الامام البخاري عَنْ أَنَسِ بْنِ مَالِكٍ رَضِيَ اللَّهُ عَنْهُ)
ya’ni: “Vabo – har bir musulmon uchun shahidlikdir” (Imom Buxoriy rivoyatlari).
Tarixda Yusuf alayhissalom Misr azizi (vaziri)ning ayoli uni zinoga chorlagan paytda eng avvalo Alloh taolodan panoh so‘ragan. Maryam onamizga Jabroil alayhissalom odam qiyofasida ko‘ringanida u zot ham eng avvalo: “Men Rahmondan sendan panoh berishini so‘rayman”, – dedilar. Demak, musulmon kishi biror musibatga yo‘liqsa, avvalo Alloh taolodan bu balolarni daf qilishini, mashaqqatlarni yengillatishini so‘rab duo qilishi lozim bo‘ladi. Bandaning boshiga keladigan kasalligu tashvishlarning barchasi Alloh taoloning taqdiri ilohiysidir. Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam:
ولا يرد القدر إلا الدعاء ... (رواه الامام ابن ماجة عن ثوبان)
ya’ni: “Qazoi qadarni duogina qaytaradi”, – deganlar (Imom ibn Moja rivoyatlari). Duoni ijobat bo‘lishi uchun avvalo insonning luqmasi halol bo‘lishi, duosining qabul bo‘lishiga qat’iy ishonishi va duo ijobat bo‘ladigan muborak vaqtlarni e’tiborga olishi lozim.
Qur’oni karim insonning hissiy va ma’naviy kasalliklariga shifo bo‘ladi. Alloh taolo Isro surasinig 82-oyatida shunday marhamat qilgan.
وَنُنَزِّلُ مِنَ الْقُرْآنِ مَا هُوَ شِفَاءٌ وَرَحْمَةٌ لِلْمُؤْمِنِينَ
ya’ni: “Biz Qur’onni mo‘minlar uchun shifo va rahmat o‘laroq nozil qilurmiz”.
Insonning iymon e’tiqodi qancha kuchli bo‘lsa, Qur’oni Karimning shifosi ham shuncha ziyoda bo‘ladi. Bu borada Alloh taolo Fussilat surasinig 44-oyatida shunday marhamat qilgan.
{قُلْ هُوَ لِلَّذِينَ آمَنُوا هُدًى وَشِفَاءٌ}
ya’ni: “U (Qur’on) iymon keltirganlar uchun hidyat va shifo” deb ayt”.
Qur’oni Karimning barchasi shifo bo‘lib, xususan Oyatal Kursiy, Fotiha, Ixlos, Falaq va Nas suralari bilan davolanishni ulamolarimiz tavsiya qilishgan. Xususan Ixlos, Falaq va Nas suralarini ertalab va kechqurun uch martadan o‘qib yursa barcha kasallik va balolarni daf qilishga yetarli bo‘ladi.
Shuningdek, Payg‘ambarimiz alayhissalom:
مَنْ قَرَأَ بِالْآيَتَيْنِ مِنْ آخِرِ سُورَةِ الْبَقَرَةِ فِي لَيْلَةٍ كَفَتَاهُ (رواه الامام البخاري عَنْ أَبِي مَسْعُودٍ)
ya’ni: “Kim Baqara surasining oxirgi ikki oyatini tunda o‘qisa, unga yetarli bo‘ladi”, – dedilar (Imom Buxoriy rivoyatlari). Ya’ni, bu oyatlarning barakasidan Alloh bandasini turli balo-ofatlardan asraydi.
Kishi besh vaqt namoz o‘qib yurishi, xususan bomdod namozini jamoat bilan ado qilishda bardavom bo‘lsa, turli kasalliklardan omonda bo‘ladi.
Imom Muslim rivoyat qilgan hadisi sharifda Payg‘ambarimiz alayhissalom:
«مَن صَلَّى الصُّبْحَ فَهو في ذِمَّةِ اللهِ...»
Hadisi shariflarda inson biror musibat yoki kasallikka yo‘liqqanda o‘qiydigan maxsus duolar ham kelgan. Payg‘ambarimiz alayhissalom:
مَا مِنْ عَبْدٍ يَقُولُ فِي صَبَاحِ كُلِّ يَوْمٍ وَمَسَاءِ كُلِّ لَيْلَةٍ: بِسْمِ اللَّهِ الَّذِي لَا يَضُرُّ مَعَ اسْمِهِ شَيْءٌ فِي الأَرْضِ وَلَا فِي السَّمَاءِ، وَهُوَ السَّمِيعُ العَلِيمُ ثَلَاثَ مَرَّاتٍ، لم يَضُرَّهُ شَيْءٌ
ya’ni: “Kimki: “Uning ismi tufayli yeru osmonda biror narsa zarar bera olmaydigan Allohning nomi bilan panoh so‘rayman. U o‘ta eshituvchi va biluvchi zotdir”, – deb uch marta aytsa, unga biror narsa zarar bermaydi”, – dedilar. (Imom Abu Dovud va Imom Termiziy rivoyatlari).
Banda zikr va istig‘forni ko‘p aytishi uning turli balo qazolardan omonda bo‘lishiga sabab bo‘ladi. Alloh taolo “Anfol” surasida shunday marhamat qilgan:
وَمَا كَانَ اللَّهُ مُعَذِّبَهُمْ وَهُمْ يَسْتَغْفِرُونَ
ya’ni: “Modomiki, ular istig‘for aytar ekanlar, Alloh ularni azoblovchimas”.
Demak, yuqoridagi kabi balo-ofatlar tarqalganda bandalar yanada ibodat, zikru tasbehga, istig‘forga zo‘r berishlari, katta jamoatlarda, ayniqsa juma namozlarida duo qilib, Alloh taolodan ofiyat so‘rashlari kerak bo‘ladi. Alloh taolo dunyodagi mo‘min-musulmonlarni, jumladan yurtdoshlarimizni turli balo-ofatlardan panohida asrasin.
O‘zbekiston elchixonasida ikki davlat o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlik, sivilizatsiyalar muloqoti va umumiy merosga bag‘ishlangan madaniy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.
Tadbirda SHHT Kotibiyati rahbariyati, Pekinda akkreditatsiyadan o‘tgan diplomatik korpus vakillari, vazirlik va idoralar xodimlari, yetakchi tahlil markazlari, ilmiy-akademik hamda madaniy doiralar vakillari ishtirok etdi.
Uchrashuvda O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Firdavs Abduxoliqov boshchiligidagi mamlakatimiz delegatsiyasi ham qatnashdi.
Ishtirokchilarga Islom sivilizatsiyasi markazi faoliyati keng namoyish qilindi. Markazning noyob konsepsiyasi, asosiy ekspozitsiyalari, ilmiy-ma’rifiy yo‘nalishlari hamda xalqimizning boy merosini o‘rganish, saqlash va ommalashtirish bo‘yicha xalqaro missiyasi haqida atroflicha ma’lumot berildi. Islom sivilizatsiyasi markazi faoliyati haqidagi film ishtirokchilarda katta taassurot qoldirdi.
Tadbir davomida qatnashchilar e’tiboriga O‘zbekistonning boy tarixi va madaniyati, zamonaviy taraqqiyotini aks ettiruvchi 100 dan ortiq video va fotosuratlardan iborat ko‘rgazma havola qilindi.
Mutaxassislar O‘zbekiston Prezidenti tashabbusi bilan tashkil etilgan Islom sivilizatsiyasi markazi jahon ahamiyatiga molik yirik loyiha ekanini e’tirof etdi. Dunyoda o‘xshashi bo‘lmagan bunday noyob markazning tashkil etilishi davlat rahbarining o‘z xalqi tarixi va madaniy merosiga bo‘lgan cheksiz hurmatini aks ettirishi, O‘zbekistonning sivilizatsiyalar chorrahasidagi yuksak o‘rnini yaqqol namoyon etishi ta’kidlandi.
“Bugun biz tarixiy voqeaga – Toshkentda barpo etilgan va allaqachon global ahamiyat kasb etgan Islom sivilizatsiyasi markazining muhtasham binosi taqdimotiga guvoh bo‘ldik. O‘zbekiston yetakchisi Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan ushbu yirik loyihaning amalga oshirilishi butun dunyoga buyuk sivilizatsiyalar ruhini mujassam etgan Yangi O‘zbekistonni barpo etishning asl mohiyati va g‘oyasini namoyon etdi”, – dedi SHHT Bosh kotibi o‘rinbosari Suhayl Xon.
Uchrashuvda qatnashgan Pekin xalqaro muloqot klubi bosh kotibi Xan Xua ham ushbu markaz haqida o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi. Uning ta’kidlashicha, Islom sivilizatsiyasi markazi jahon madaniyati va san’atining muhim maskanlaridan biridir. Yangi O‘zbekistonda bu jihat Prezident Shavkat Mirziyoyevning oqilona siyosati tufayli yaqqol namoyon bo‘lmoqda. U alohida ta’kidlaganidek, mazkur muhtasham muassasa nafaqat O‘zbekiston, balki butun Sharq sivilizatsiyasining boy madaniy va ma’naviy merosini dunyoga targ‘ib etmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati