Bugun dunyoda shiddat bilan tarqalayotgan yuqumli kasallikdan xabaringiz bor. Shubhasiz, bu narsalarning barchasi Alloh taoloning buyuk hikmatidan, cheksiz qudratidan dalolatdir. Bu jarayon bandalar Allohga qaytishi uchun bir imtihon va sinovdir. Alloh taolo Kalomi majidida “Biz, albatta, sizlarni qo‘rquv, ochlik bilan, mol-jon va mevalarga nuqson yetkazish bilan sinab ko‘ramiz”, deb bayon qilgan. Bandaning vazifasi doimo Alloh taolo bilan bog‘liq bo‘lishdir. Chunki foyda yetkazuvchi ham, zararni daf qiluvchi ham u Zot subhanahu va taolodir. Shuning uchun insonlar Alloh taologa bo‘lgan ishonchlari mustahkam bo‘lishi, Uning qazo va qadariga imon keltirishi, doimo Uning o‘ziga tazarruda bo‘lishi, O‘ziga tavakkal qilishi kerak. Yana bu dardu vabolarni musulmonlardan uzoq qilishini so‘rab Uning o‘ziga duo qilish lozim.
Saudiya Arabistoni Podshohligi, ikki masjid xodimi podshoh hazratlari, valiy ahd janoblari boshchiliklarida bu yomon kasalliklar bu yurtlarda va boshqa musulmon o‘lkalarda tarqalishining oldini olish yo‘lida ehtiyot choralarini ko‘rdi. Shubhasiz, bu tadbirlar ehtiyot choralari bo‘lib, muborak yurt hukumatining Ikki Haram, umrachi va ziyoratchilar xizmatiga bo‘lgan katta e’tibor namunasidir. Alloh taoloning taqdiriga imon keltirgan holda, bosiqlik bilan xavotir va qo‘rquvga berilmasdan, faqat Alloh taoloning rizoligidan umidvor bo‘lib, ehtiyot chorasini qo‘lladi. Zero, sabablarni amalga oshirish shariatimizda kelgan amaldir.
Bu mamlakat tomonidan amalga oshirilgan ehtiyot choralari, shariat qoidalariga muvofiqdir. Jumladan, “amallar niyatlarga ko‘radir”, “qiyinchilik yengillatishni olib keladi”, “zararni daf qilish”, “buzg‘unchilikning oldini olish va kamaytirish”, “manfaatlarni jalb qilish va mukammal qilish”, “yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan muammo eshigini yopish”, “daf qilish yuzaga kelgandan keyin bartaraf qilishdan afzal”, “oldini olish davolashdan afzal” kabi mashhur qoidalarga muvofiqdir.
Ushbu butun dunyoda tarqalib ketgan vaboning oldini olish, yo‘lini to‘sish maqsadida joriy qilingan muborak chora-tadbirlar doirasida vaqtinchalik Harami sharifni dezinfeksiya qilish va tozalash uchun kechasi yopishga qaror qilindi va tavof maydoniga tushish hamda sa’y yo‘laklaridan foydalanish to‘xtatildi.
Bu tadbirlar vaqtincha, Allohga hamd bo‘lsin, tez kunlarda insha Alloh barcha ishlar o‘z yo‘liga tushib ketadi. Bu ehtiyot choralarini Islom shariati ham taqozo qiladi. Zero, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam sabablarni joriy qilishga buyurganlar. Jang vaqtida sovutlarini kiyganlar. Yana aytganlarki, “Agar biror joyda vabo bor ekanini eshitgan bo‘lsangiz, u yerga kirmangiz. Agar vabo siz turgan joyga kelib qolsa, u yerdan chiqmangiz”, deb buyurganlar. U zot sollallohu alayhi va sallam moxov tekkan odamdan xuddi sherdan qochgandek qochishga amr etganlar. Demak, tibbiy karantin va ehtiyot choralari shariatda kelgan ishlardan ekan. Ushbu muborak mamlakat aqida va shariat, Ikki Haram xizmati davlatidir. Shuning uchun bu davlat o‘sha kasallikning muborak Haramda va haram ziyoratchilariga tarqalishining oldini olish, ehtiyot choralarini ko‘rishi bag‘oyat o‘rinlidir. Umid qilamizki, bu uzoqqa cho‘zilmaydi.
Masjid al-Harom va Masjid an-Nabaviy ishlari bosh hay’ati xavfsizlik, sog‘liqni saqlash tashkilotlari bilan hamkorlikda ehtiyot choralarini ko‘rish bo‘yicha bir qancha xayrli ishlarni amalga oshirdi. Shuning uchun muhtaram musulmon qardoshlar, Allohning marhamati bilan bu dardning tarqalishining oldini olish, ehtiyotkorlik choralari samarasini oshirish uchun biz mas’ul tashkilotlar bilan o‘zaro hamkorlik qilishimiz, rahbariyatdan berilayotgan ko‘rsatmalarga amal qilishimiz zarur. Bu ko‘rsatmalar rahbariyatning bizga bo‘lgan e’tibori va g‘amxo‘rligidandir. Alloh ularni musulmonlar manfaatiga, xususan Alloh taoloning umrachi, ziyoratchi mehmonlari manfaatiga xizmat qilishga muvaffaq etsin.
Alloh taolodan go‘zal ismlari, oliy sifatlari ila so‘raymiz, yurtlarimizni, musulmonlar yurtlarini har qanday bedavo dardlar va kasalliklardan O‘z fazli va karami bilan panohida asrasin. Alloh taolodan so‘raymiz, bizdan qimmatchilik, vabo va oshkoru maxfiy fitnalarni ko‘tarsin. Bizlarni pesdan, telbalikdan, moxovdan, korona va yomon kasalliklardan saqlasin. Zero, U buni berishga loyiq va qodir zotdir. Alloh taolodan xotirjamlik, omonlik va barqarorlikni davomli qilishini so‘raymiz.
Muhtaram musulmonlar bu barcha ehtiyot choralari sizlarning salomatligingiz va xavfsizligingiz uchundir. Islom shariati dinni saqlash, jon, aql, mol va obro‘ni saqlashga buyurgan. Shaksiz, musulmonlar jonini saqlash, ularning tanlarini asrash musaffo Islom shariatining talablaridandir.
Biz bu choralarga amal qilishimiz, aslo xavotirga tushmasligimiz, to Alloh taolo yengillik berguniga qadar, sobit turishimiz lozim.
Shu o‘rinda hammamiz bilishimiz va esda tutishimiz kerak bo‘lgan bir masala bor. U ham bo‘lsa, hech jazavaga tushmaslik, hecham xavotirga berilmaslik, balki xotirjam bo‘lishimiz lozim. Chunki, musulmonlar ikki Haramda butun bir uyg‘unlik, rohatda, xotirjamlikda yashamoqdalar, Allohga hamd bo‘lsin! Bularning barchasi avvalo Allohning fazlidan, qolaversa, to‘g‘ri yo‘ldan yuruvchi rahbariyatning dono tadbirlari natijasidir. Bu tadbirlar bu muborak diyorlarda, ziyoratchilarga bunday yomon kasallik va vabolar tarqalmasligi uchun ko‘rilmoqda.
Biz ma’lumotlarni to‘g‘ri manbalardan olishimiz kerak. Ba’za badniyatlar tarqatayotgan turli mish-mish, yolg‘on, uydirma va vahimalarga quloq solmasligimiz kerak. Alloh taolo biz va sizlarga o‘zining ne’matlarini davomli qilsin, O‘zining fazli bilan bizdan turli fitnalar va yomonliklarni daf qilsin. U buni berishga loyiq va qodir zotdir. Ey Alloh, Sendan biz va barcha musulmonlardan har qanday dard, balo, yomonlik va qo‘rqinchni ko‘tarishingni so‘raymiz, yo Zal-jalol val-ikrom, ey quvvat va qudrat sohibi! Va axiru da’vana anil-hamdu lillahi rabbil-olamin. Va sallallohu va sallama va baraka ala sayyidina Muhammadin va ala alihi va as'habihi ajma’iyn.
Vassalamu alaykum va rahmatullohi va barakotuh!
Makka shahridagi Harami sharif masjidi imom-xatibi Abdurahmon as-Sudaysning 2020 yil 8 mart kungi hufton namozidan so‘ng nutqini arab tilidan Abduhakim Aripov tarjima qildi.
27 avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan diniy-ma’rifiy sohada samarali mehnat qilib kelayotgan fidoyi yurtdoshlarimizni taqdirlashga bag‘ishlangan tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining diniy-ma’rifiy masalalar bo‘yicha maslahatchisi Muzaffar Komilov kirish so‘zi bilan ishtirok etdi.
Kirish nutqida mamlakatimizda mustaqillik yillarida, ayniqsa, so‘nggi yillarda diniy-ma’rifiy sohani rivojlantirish, jamiyatda tinchlik-totuvlik, millatlararo hamjihatlik va diniy bag‘rikenglikni mustahkamlash borasida amalga oshirilayotgan islohotlar, shuningdek, sohada faoliyat yuritayotgan ulamolar, imom-xatiblar, mudarrislar va fidoyi xodimlarning munosib hissasi haqida alohida ta’kidlandi.
Tantanali tadbir davomida diniy-ma’rifiy sohada ko‘p yillardan buyon samarali mehnat qilib, yurtimizda ma’naviy barqarorlikni ta’minlash, yosh avlodni milliy va umuminsoniy qadriyatlar ruhida tarbiyalash, aholi o‘rtasida ma’rifiy tushuntirish ishlarini olib borishga munosib hissa qo‘shib kelayotgan bir guruh fidoyi yurtdoshlarga "O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 35 yilligi" esdalik nishonlari tantanali ravishda topshirildi.
Esdalik nishonlarini topshirish marosimida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining diniy-ma’rifiy masalalar bo‘yicha maslahatchisi Muzaffar Komilov, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi Sodiq Toshboyev, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari, O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Firdavs Abduhalikov, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi mas’ul xodimi Orifxon Zokirovlar ishtirok etdilar.
Taqdirlash marosimida ta’kidlanganidek, mazkur esdalik nishoni mamlakatimiz taraqqiyotiga, uning tinchligi va barqarorligiga, jamiyatda millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglik muhitini mustahkamlashga, yosh avlodni milliy va umuminsoniy qadriyatlar ruhida tarbiyalashga munosib hissa qo‘shayotgan fidoyi insonlarga bildirilgan yuksak ehtirom va e’tirof ramzidir.
Tadbir yakunida taqdirlanganlar o‘zlariga bildirilgan yuksak ishonch va e’tibor uchun minnatdorlik bildirib, mamlakatimiz tinchligi va ravnaqi yo‘lidagi ezgu faoliyatlarini yanada sidqidildan davom ettirishlarini ta’kidladilar.
Barcha mukofot sohiblarini samimiy muborakbod etamiz!
Mustaqilligimizning 35 yilligi muborak bo‘lsin!
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati