Yoshi ulug‘larni qadrlash;
Hurmat ko‘rsatish;
Kutib olish;
Hayoli bo‘lish;
Yoshi ulug‘larni qadrlash
Yosh avlod turmush sinovlarida toblanib, katta hayotiy tajribaga ega bo‘lgan, teran aqlli, taqvoli, ulug‘ kishilar ko‘magi va maslahatiga doim ehtiyoj sezadi. Mehnatsevar, halol-pok, diyonatli, el ishi uchun fidoyi inson bo‘lib ulg‘ayishni istagan har bir o‘g‘il-qiz keksalar hayotiy tajribasidan albatta foydalanishi lozim. Shuning uchun oramizda kattalarning borligi ulug‘ ne’matdir.
Inson hayoti mevali daraxtga qiyos etiladi. Chunki daraxt bir mavsumning o‘zida kurtaklar tugadi, gullaydi, ko‘pdan-ko‘p mevalar qiladi. Keksalik esa xuddi mevalari pishgan boqqa o‘xshaydi.
Luqmoni Hakimdan:
– Nega hadeb o‘g‘lingga nasihat qilaverasan? – deb so‘rashdi.
– Keksalarning nasihatlari yoshlar uchun bog‘bon niholni tarbiya qilgani kabidir, – deya javob berdi Luqmoni Hakim.
Inson dunyoga kelib o‘sadi, ulg‘ayadi, umrguzaronlik qiladi. Kechagi go‘dak bugun yigit, bo‘y yetgan qiz. Vaqt o‘tishi bilan, nasib etsa, har bir inson qarilik yoshiga yetadi, bu – hayot qonuniyati.
Qariyalarni e’zozlashga dinimizda alohida e’tibor berilgan. Imon-e’tiqodli, ixlosli va nuroniy keksalarning fazilatlarini bilish hamda ularning haqlarini ado etish boshqalar uchun vojibdir. Bunday xayrli ishlar Payg‘ambarimizning (sollallohu alayhi va sallam) sunnatlariga muvofiqdir. U zot kishilarga keksalarning fazilatlarini bildirib, ularning haqlariga rioya etishni shart qilganlar.
عَنْ أَنَسٍ رَضِيَ اللهُ عَنْهُ قَالَ: قَالَ رَسُولُ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ: مَا أَكْرَمَ شَابٌّ شَيْخًا لِسِنِّهِ إِلَّا قَيَّضَ اللهُ (أَيْ قَدَّرَ) لَهُ مَنْ يُكْرِمُهُ عِنْدَ سِنِّهِ (رواه الترمذي).
Imom Termiziy Anasdan (roziyallohu anhu) rivoyat qilgan hadisi sharifda Muhammad (sollallohu alayhi va sallam) keksalarni ulug‘lash haqida bunday deganlar: “Yosh yigit keksa kishini yoshi ulug‘ligi uchun hurmat qilsa, Alloh taolo uni ham keksayganida hurmat qilinadigan insonlar qatoriga qo‘yadi”.
Bir yigit bobosiga derdi: “Bobojon, men ham sizning yoshingizga yetsam deyman...” “Iloyo, niyatingga yet, bolam, uzoq yashay desang, keksalarni hurmat qil...” dedi bobosi.
Islom dini doimo katta yoshli kishilarni hurmat qilishga chorlab kelgan.
رَوَى أَبُو دَاوُدَ وَالتِّرْمِذِيُّ عَنْ عَمْرِو بْنِ شُعَيْبٍ عَنْ أَبِيهِ عَنْ جَدِّهِ رَضِيَ اللهُ عَنْهُمْ قَالَ: لَيْسَ مِنَّا مَنْ لَمْ يَرْحَمْ صَغِيرَنَا وَلَمْ يَعْرِفْ حَقَّ كَبِيرَنَا
Abu Dovud va Imom Termiziy Amr ibn Shuayb otasidan, u esa bobosidan (roziyallohu anhum) rivoyat qilgan hadisi sharifda: “Kichiklarga rahm-shafqatda, kattalarga hurmat-izzatda bo‘lmagan kishi bizdan emasdir”, deyilgan.
رَوَى أَبُو دَاوُدَ عَنْ أَبِي مُوسَى رَضِيَ اللهُ عَنْهُ قَالَ: قَالَ رَسُولُ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيهِ وَسَلَّمَ : إنَّ مِنْ إجْلَالِ اللهِ تَعَالَى إِكْرَامُ ذِي الشَّيْبَةِ الْمُسْلِمِ وَحَامِلِ الْقُرْآنِ غَيْرِ الْغَالِي فِيهِ وَالْجَافِي عَنْهُ (أَي التَّاركُ لَهُ) وَ إِكْرَامُ ذِي السُّلْطاَنِ الْمُقْسِطِ (الْعَادِلُ)
Abu Dovud Abu Musodan (roziyallohu anhu) rivoyat qiladi. Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam): “Musulmon mo‘ysafid, Qur’onni yod olib, unda haddidan oshmagan va uni tark qilmagan qori hamda odil podshohni hurmat qilish Alloh taoloni ulug‘lash kabidir”, dedilar.
Ushbu hadisi muborakda bayon qilingan sifatlar xalqimiz ongiga singib ketgan, milliy qadriyatlarimizning ajralmas qismiga aylangan. Lekin hozirgi kunda ayrim ota-onalar va murabbiylar bolalarda mazkur sifatlar shakllanishiga alohida e’tibor qaratmayaptilar. Oqibatda, ba’zi yoshlarda keksalarni hurmat qilmaslik holatlari uchramoqda. Afsus, ba’zi g‘o‘r yoshlar nazarida qariyalar dardisardek, ortiqchadek tuyuladi. Biror davraga kirgan otaxonni yoki avtobusga chiqqan qariyani ko‘rgan nodon yoshlar “uff” tortishadi. “Qariganida uyida jimgina o‘tirsa bo‘lmasmikan-a?” deya xato o‘ylashadi.
Hayotning achchiq va shirin tomonlari bor. Qariyalar e’tibor, mehr-muruvvat va shafqatga muhtoj bo‘lishadi. Bunday insonlarga e’tiborli bo‘lmoq lozim. Chunki ularning umri mehnat bilan o‘tgan, endi keksalik bois ishga yaramay, xastalanib, kuch-quvvatdan qolganlar. Jamiyat va ona Vatan ravnaqi uchun hissa qo‘shgan, oilani oyoqqa turg‘azgan, o‘g‘il-qizlar o‘stirib, yedirib-ichirgan, oilam, bolam-chaqam deb, yelib-yugurganlar ham shular.
Keksalikning kasallik, ko‘z xiralanishi, oyoq-bel og‘rishi, kuchdan qolish, avvalgi kuch-quvvatning susayishi, qadamning mayda bo‘lib qolishi kabi muayyan mushkulotlari va murakkabliklari bor. Lekin qarilik pallasida kishilar hayotga o‘zgacha nigoh bilan boqadi. So‘zlar salmoqli, nigohlar vazminlik kasb etadi. Hayotda ko‘p tajriba orttirgan kishilar yuvosh va muloyim bo‘lib qoladilar. Keksa odam zaiflashib, o‘zi va o‘zgalarga muloyimlik istaydi. Ularga nisbatan asosan uch holatda muloyimlik zarur: shirin muomalada, tansiq taom tayyorlashda va yumshoq o‘rin to‘shashda.
رَوَى مُسْلِمٌ عَنْ ابْنِ عُمَرَ رَضِيَ اللهُ عَنْهُمَا أَنَّ النَّبِيَّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: أَرَانِي فِي الْمَنَامِ أَتَسَوَّكُ بِسِوَاكٍ فَجَاءَنِي رَجُلاَنِ أَحَدُهُمَا أَكْبَرُ مِنَ الآخَرِ: فَنَاوَلْتُ السِّوَاكَ الْأَصْغَرَ (مِنْهُمَا) فَقِيلَ لِي: كَبِّرْ فَدَفَعْتُهُ إِلَى الْأَكْبَرِ مِنْهُمَا
Imom Muslim Ibn Umardan (roziyallohu anhu) rivoyat qilgan hadisi sharifda Nabiy (sollallohu alayhi va sallam): “Tushimda misvok ishlatayotgan edim. Ikki kishi keldi, birining yoshi katta edi. Men misvokni kichigiga uzatdim, shunda menga: “Kattaga ber”, deyildi. Men yoshi kattasiga berdim”, dedilar.
Yuqoridagi hadisi sharifdan yoshi ulug‘larni hurmatlash kerakligi haqida xulosa chiqarish mumkin.
Yoshi ulug‘larning hurmatini joyiga qo‘yish deyilganida, har ishda ulardan maslahat so‘rash, yig‘inlarda yuqoriroq joyga o‘tqazish, taomga ulardan keyin qo‘l uzatish kabilar tushuniladi. Ushbu fazilatlar Rasuli akramning (sollallohu alayhi va sallam) “Insonlarni o‘z o‘rniga o‘tqizinglar”, degan hadislariga muvofiqdir.
Maymun ibn Abu Shabib (roziyallohu anhu) rivoyat qiladi: «Oyshaning (roziyallohu anho) yonlaridan bir tilamchi o‘tdi. Shunda hazrat Oysha unga bir bo‘lak non berdilar. Bir ozdan so‘ng chiroyli kiyingan bir kishi o‘tib qoldi. Oysha onamiz uni o‘tqizib, non yedirdilar. Shunda Oyshadan (roziyallohu anho) “Nega bunday qildingiz?” deb so‘rashdi. Hazrat Oysha Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Insonlarni o‘z o‘rniga o‘tqizinglar”, deganlar” deb javob berdilar» (Imom Abu Dovud rivoyati).
Ushbu hadisni Shihob ibn Ubbod elchilardan eshitgan quyidagi voqea ham quvvatlaydi: “Biz Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) huzurlariga kelganimizda, juda xursand bo‘ldilar. Bizga keng joy qildilar va u yerga o‘tirdik. Ul zot bizga qarab: “Sizlarning boshliqlaringiz va ulug‘laringiz kim?” dedilar. Biz Munzir bin Oizga ishora qildik. Munzir yaqin kelganida kishilar unga joy berdi. Munzir Payg‘ambarimizning (sollallohu alayhi va sallam) oldilariga keldi. Ul zot uni o‘ng tomonlariga o‘tqizdilar va unga hurmat ko‘rsatdilar”.
Ushbu o‘rinda jamoa ulug‘larini hurmatlash va alohida ehtirom ko‘rsatish lozimligi bayon qilinmoqda. Xalqimizda “Ming qo‘shchiga bir boshchi” degan hikmatli naql bor. Azal-azaldan ajdodlarimiz ham oralaridan har tomonlama bilimdon, oqil, fahmu farosati teran va odil kishini o‘zlariga boshliq etib, unga bo‘ysunganlar. Ajdodlarimiz ushbu fazilatlarni farzandlariga ham singdirishgan. Aziz ustoz va murabbiylar ham o‘g‘il-qizlarga ta’lim-tarbiya berishda ushbu sifatlarni shakllantirishga alohida e’tibor qaratsalar, maqsadga muvofiq bo‘ladi.
Yoshi ulug‘lardan keyin...
Sahobai kiromlar ovqat yeyishni Muhammad payg‘ambarimizdan (sollallohu alayhi va sallam) keyin boshlardilar. Avval u zotga o‘ng tomondan yaqin o‘tirgan kishi taomga qo‘l uzatar edi. Bu odat Nabiy (sollallohu alayhi va sallam) ko‘rsatmalariga binoan sunnat hisoblanadi. Ulug‘larni hurmatlash va har bir yaxshi ishni o‘ngdan boshlash inson xulqini go‘zallashtirib, unga ziynat beradi.
Jamoat namozida keksalarni oldingi safga o‘tkazish, suhbatda avval ulug‘larni tinglash, fikr-mulohazalarini e’tiborga olish lozim.
Abu Mas’uddan (roziyallohu anhu) rivoyat qilingan quyidagi hadisi sharifda bunday deyiladi: Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) namoz oldidan yelkalarimizni silab: “To‘g‘ri bo‘linglar, har xil (qiyshiq) bo‘lmanglar, agar turli xil bo‘lsanglar, qalblaringiz turlicha bo‘ladi. Menga sizlardan balog‘atga yetgan va oqillaringiz yaqin bo‘lishsa, so‘ng ularga yaqinlar, so‘ngra ularga yaqinlar...”, dedilar (Imom Muslim rivoyati).
Allohga shukr, mustaqillik sharofatidan yurtimizda ko‘plab masjidlarda namozxonlar toatu ibodatlarini emin-erkin ado etmoqdalar. Ammo bunday ulug‘ ne’matlar qadrini to‘la anglamagan ba’zi g‘o‘r yoshlar ham uchrab turadi. Bir mo‘ysafid bunday hikoya qiladi: «Keksalikning o‘ziga yarasha gashti, huzur-halovati bor, albatta. Farzandu nabiralar qo‘llarini ko‘ksiga qo‘yib “Labbay, bobojon” deya xizmatga shay turishlari, kelin-qizlarning tansiq taomlari, hovli-joylarni ozoda tutishlari, yoshlarning hurmat-e’tibori va e’zozlashlarini ko‘rib, shunday farovon kunlarda keksalik ne’matini bergan Yaratganga cheksiz shukronalar aytaman. Qalbim sururga to‘lib, yoshlarimiz haqiga duolar, Parvardigorga ibodat qilish maqsadida doim masjidga qatnayman. Lekin ba’zi holatlar meni ranjitadi. Qariyalar jismonan zaif va qalbi nozik bo‘ladi. Ayrim yoshlar esa ularning holatini his qilmay, o‘tirganingizda orqadan turtib o‘tsa, xafa bo‘lasan kishi. Imom-domla necha bor: “Qariyalarni oldingi safga o‘tqizaylik”, deya ta’kidlasa ham, keksalarga e’tibor bermaydigan ayrim yoshlarni ko‘rib achinaman. Ammo ko‘plar yoshi ulug‘larga ehtirom ko‘rsatib, yuksak odob bilan: “Hoji ota, haqimizga bir duo qiling, biz ham yurtimiz va xalqimizga xizmat qilib, elning hurmatiga musharraf bo‘lib, sizdek nuroniy bo‘lib yuraylik”, deganlarida ko‘zlarimda yosh qalqiydi».
Hurmat ko‘rsatish
Yoshlar keksalarga nisbatan yuksak odob, cheksiz hurmat va shirinso‘z ila munosabatda bo‘lishlari lozim. Abu Umomadan rivoyat qilingan hadisi sharifda bunday deyiladi: “Uch toifa kishilarni: musulmon qariya, olim va odil podshohni faqat munofiq inson hurmat qilmaydi”, dedilar (Imom Tabaroniy rivoyati).
Ushbu hadisi sharifdan yoshi kattalarni hurmatlash, ehtirom qilish fazilat ekani tushuniladi. Murabbiylar yoshlar qalbida yaxshi xulqlarga muhabbat uyg‘otishlari va ularni shunday fazilatlar sohibi bo‘lishga undashlari lozim. Quyida chiroyli odobning ko‘rinishlari haqida bayon qilamiz.
Kutib olish
Mehmon yoki katta yoshli kishi kelganida boshqalarning o‘rnidan turib kutib olishi odobdandir. Bu fazilat haqida farzandlarga ta’lim berish va shunga odatlantirish lozim.
Oysha (roziyallohu anho): “Yo‘l ko‘rsatish, boshqarish va yo‘naltirish bo‘yicha Rasulullohga (sollallohu alayhi va sallam) o‘xshaydigan biror kishini ko‘rmadim. Rasuli Akram qizlari Fotimaga (roziyallohu anho) turish va o‘tirishda ham o‘rnak edilar. Agar Fotima Payg‘ambar (sollallohu alayhi va sallam) huzurlariga kirsa, u zot o‘rinlaridan turib, peshonalaridan o‘pib, o‘rinlariga o‘tqizardilar. Payg‘ambar (sollallohu alayhi va sallam) ham Fotima (roziyallohu anho) oldiga kirsalar, u ham o‘rnidan turib, o‘rinlariga o‘tqizar edi”, dedilar (Imom Buxoriy, Abu Dovud va Imom Termiziy rivoyati).
Abu Hurayradan (roziyallohu anhu) rivoyat qilingan hadisda bunday deyilgan: “Payg‘ambar (sollallohu alayhi va sallam) biz bilan suhbatlashardilar. Agar o‘rinlaridan tursalar, biz ham turar edik” (Nasoiy va Abu Dovud rivoyati).
Umar ibn Soib rivoyat qiladi: “Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) o‘tirganlarida otalari (emizish jihatdan) keldi, kiyimlarining bir qismini to‘shadilar, u kishi unga o‘tirdi. So‘ngra onalari (emizgan) keldi, kiyimlarining boshqa tomonidan bir qismini qo‘ydilar, onalari unga o‘tirdi. So‘ngra emikdosh ukalari keldi. Shunda Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) o‘rinlaridan turib, oldilariga o‘tirg‘izdilar” (Abu Dovud rivoyati).
Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyat qilishgan hadisi sharifda bunday deyiladi:
أَنَّ سَعْدَ بنَ مُعَاذٍ لَمَّا دَنَا إِلَى الْمَسْجِدِ قَالَ النَّبِيُّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ لِلْأَنْصَارِ: قُومُوا إِلَى سَيِّدِكُمْ أَوْ خَيْرِكُمْ
Sa’d ibn Muoz masjidga yaqinlashganida Payg‘ambar (sollallohu alayhi va sallam) ansorlarga: “Ulug‘lar yoki solih kishilar kelganida o‘rinlaringizdan turinglar”, dedilar.
Ka’b ibn Molik bunday rivoyat qiladi: «Men Rasulullohni (sollallohu alayhi va sallam) izlab masjidga bordim. Odamlar oldimga to‘da-to‘da bo‘lib kelib: “Alloh tavbangni qabul qilgani bilan tabriklaymiz”, dedilar. Masjidga kirdim. Nabiy (sollallohu alayhi va sallam) atroflarida odamlar o‘tirgandi. Talha ibn Ubaydulloh o‘rnidan turib kelib, meni quchoqladi va tabrikladi».
Ulamolar ushbu hadisni ahli ilm va ahli fazl kishi kelsa, marosimlarda o‘rindan turish joizligiga dalil qildilar. Ammo Payg‘ambar (sollallohu alayhi va sallam) o‘zini ulug‘ sanaydigan, o‘z shaxsiyati uchun odamlar turishlarini qasd qilgan, xos sifatga taqlid qilgan kimsalar kelganda turishdan qaytarganlar. Bu sifat, ya’ni ba’zi kishilar yo‘l tutgani kabi ayrimlarni ulug‘lash va u kishining faxrlanib o‘tirishi hamda odamlar uning atrofida tik turishlari kibrdandir.
Farzand keksalarni hurmat qilish va mo‘ysafidlarni e’zozlash orqali ma’nan yuksaladi. Yoshligidan kattalarni hurmatlashga o‘rgangan odam ilm, fazilat va maqom jihatidan o‘zidan yuqori bo‘lganlarni e’zozlaydi.
Murabbiy farzandga boshqalarni hurmatlash va ularga yaxshilik qilishni o‘rgatsa, farzand hayoti davomida fazilatli kishilarni ulug‘lashga va mo‘ysafidlarni hurmatlashga intiladi. Keksalikka yetganlar bor, yetmaganlar bor. Qariyalarning ko‘nglini chog‘ etib, ularning duosini olganlar aslo kam bo‘lmaydi, niyatiga yetadi.
Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Inson farzandi yaratilganida yonida o‘limning to‘qson to‘qqiz sababi ham birga bo‘ladi. Agar u ushbu sabablardan xalos topib yashasa, unga keksalik nasib etadi”, deya marhamat qilganlar.
Bu hadis ham insonni fikrlash, tafakkur qilishga chorlaydi. Chunki yonimizda, mahallamizda xokisor bo‘lib yurgan qariyalar mana “shu sabablardan xalos topib” yashagan kishilardir. Shuning uchun ham Payg‘ambar (sollallohu alayhi va sallam): “Katta yoshdagilar bilan suhbatda bo‘linglar, ulamolardan masalalar so‘ranglar va hukamolar bilan aralashib turinglar”, deb aytganlar. Unutmaylik, imon-e’tiqodli qariyalar bo‘lgan joyda yoshlar yaxshi, chiroyli tarbiya topadilar. Bu fikrni xalqimizdagi bir urf-odat bilan dalillashimiz mumkin. Diyorimizning ko‘p hududlarida sovchilar yoki kuyovning ota-onalari qiz, ya’ni kelin bo‘lmishning oilasida yoshi ulug‘ kishilar borligini surishtirishadi. Agar oilada keksalar bo‘lsa, qiz yaxshi tarbiya topgan, deb hisoblashadi. Albatta, bu hayotda ko‘p sinalgan holatdir.
Bu dunyoda insonni qilgan yaxshiliklariyu ekkan daraxtlari, voyaga yetkazgan farzandlari, tarbiyalagan shogirdlari ulug‘laydi.
Sahobai kiromlarning bir-birlariga nisbatan yuksak hurmat va go‘zal axloqlari qalbni to‘lqinlantirib, ko‘zlarni yoshlantiradi. Bu qadar tavoze’, bu qadar qadr-qimmat, ahli ilmlar va ahli fazllarning maqomlarini bu qadar oliy o‘ringa qo‘yish muborak va sof dinimizning muhim ko‘rsatmalaridan ekan. Bu fazilat kishilarning odob-ahloqlarini nazokat ila sayqallaydi, kamolot sari yetaklab, suratu siyratini zebu ziynatga to‘ldiradi. Bir kishi o‘zini lol qoldirib, taajjubga solgan bunday voqeani so‘zlab bergan edi:
«Shariatu tariqat ilmlarida peshvo ustozimiz bilan bir joyda mehmon bo‘ldik. Xonadon darvozasidan qadam qo‘yishimiz bilanoq hovlidagi ajib orastalik e’tiborimizni tortdi. Xushmanzara hovliga suvlar sepilgan, anvoyi rayhonu turli-tuman gullar ochilgan, pokizalik va ozodalik barq urib turardi. Xonadon sohibi nuryuzli chehrasi va tabassum ila peshvoz chiqib: “Xush kelibsiz, aziz mehmonlar, qadamlariga hasanot”, deya iliq kutib olishi esa xush kayfiyatimizga yanada ko‘tarinkilik baxsh etdi. Mehmonxonaga joylashdik, odatiy Qur’on tilovati va hol-ahvol so‘rashib bo‘lganimizdan so‘ng, xonaga egnidagi bosh-oyoq orasta liboslari o‘ziga judayam yarashib turgan, chamasi olti yoshli bola, qo‘llarini ko‘ksiga qo‘ygancha “Assalomu alaykum va rohmatullohi va barakatuh”, deya salom berib kirdi. Yuqoridan joy olgan ustozimiz huzurlariga borib, qo‘llaridan o‘pib: “Ustoz, mening haqimga bir duo qiling, men ham sizdek ulug‘ olim bo‘lay”, deya jajji qo‘llarini duoga ochdi. Ustoz bu nurli go‘dak haqiga duo qilyaptilar, qani endi bizlarning ko‘zlarimiz yoshdan tiyilsa. Duodan so‘ng barchamizning qalblarimizni totli bir hayratga to‘ldirib, o‘zi kichik, ammo odobu tarbiyasi yuksak bo‘lgan bola ehtirom bilan chiqib ketdi. Bir necha daqiqalar ichida bizlarga bir umrga tatigulik saboq, olam-olam zavqu havas berib, o‘zi bilmagan holda bir ilm o‘rgatib ketdi».
Darhaqiqat, bu bir ulkan ilm edi. Bu borada keltirilgan hadislar dengizdan bir tomchi, xolos. Murabbiylar farzandlarni shunday aziz xulq va yuqori odobga odatlantirishlari lozimdir. To farzandlarimiz katta yoshlilarni hurmatlash, olimlarni ulug‘lash hamda boshqalar bilan muomalada to‘liq tavoze’ va yuksak xulqli bo‘lib ulg‘aysinlar.
Murabbiylar farzandning o‘rindan turib kutib olish odobi bilan xulqlantirishda ikki muhim jihatga e’tibor berishlari lozim bo‘ladi:
– chuqur g‘uluvga ketmaslik;
– Islom shariati buyurganidan ziyod qilmaslik. Masalan, o‘rindan turayotganda egilib turish kabi harakatlar bilan chegaradan chiqmaslik kerak.
Bu boshqalarning huquqlarini saqlashdagi Islom dini belgilab qo‘ygan muhim qoidadir. Murabbiylar farzandlarni shu qoida asosida tarbiyalab, ularni bu chiroyli amallarga odatlantirmoqlari uchun avvalo o‘zlari amallari bilan ko‘rsatib bermoqlari lozim. Hatto farzand keksalarni hurmat qilish va mo‘ysafidlarni e’zozlashda pog‘onama-pog‘ona ko‘tarilib boradi. Yoshligidanoq o‘zidan katta yoshdagilarning haqlarini tushunadi hamda ilm, fazl va o‘rin jihatidan o‘zidan yuqori bo‘lganlarni izzat-hurmat etish odoblarini ham fahmlaydi.
Shubhasiz, murabbiy boshqalarni hurmatlash va ularga yaxshilik qilish sabablarini va bu ezgu odat xosiyatidan keladigan yaxshiliklarni o‘rgatsa va eng asosiysi, singdira olsa, farzand majburan yoki zarurat yuzasidan emas, balki chin qalbidan bu ziynatli amalni bajaradi. Fazilatli kishilarni ulug‘lashga va mo‘ysafidlarni hurmatlashga astoydil harakat qiladi. Bu odob insonni ulug‘lash va ehtirom qilishning eng yuksak pog‘onasidir. Ajdodlarimiz bu ulug‘vor xislatlarni qalblariga mustahkam joylab, kattayu kichikka o‘z o‘rnida qo‘llay bilganlar. Bu borada sobitqadamliklari bois Islom ummatlari ichra ma’naviyat va ma’rifatning yuqori cho‘qqilarini zabt etdilar. Bugungi yoshlarimizga Islomdagi tarbiya xususiyatlarini tushuntiradigan, sanab o‘tilgan odoblarni ularning ongu qalblariga nozik yo‘l ila yetkaza oladigan darajadagi ota-onalar va murabbiylar bo‘lishi juda zarurdir. Ana shunday ruhda voyaga yetgan farzanddan avvalo ota-ona va butun jamiyat manfaat ko‘radi.
Hayoli bo‘lish
Hayo – yuksak fazilat, gunoh, uyat ishni qilishdan tiyilish, aybli harakatlarni tark etish, imonning komilligini bildiruvchi xususiyatdir. Muhammad (sollallohu alayhi va sallam) “Hayo bir xulq bo‘lib, yomonlikni tark qilishga odatlantiradi va kattalarga hurmatsizlik qilishdan saqlaydi”, deganlar.
Imron ibn Hasindan rivoyat qilingan hadisda: “Hayo yaxshilikdir”, deyilgan. Quyidagi hadisi sharif ham hayoning fazilatini ta’kidlaydi:
عَنْ عَائِشَةَ رَضِيَ اللهُ عَنْهَا قَالَتْ: قَالَ رَسُولُ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ يَا عَائِشَةَ لَوْ كَانَ الْحَيَاءُ رَجُلًا لَكَانَ رَجُلًا صَالِحًا وَلَوْ كَانَ الْفَحْشُ رَجُلًا لَكَانَ رَجُلَ سُوءٍ
«Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) Oyshaga (roziyallohu anho): “Ey Oysha, agar hayoli kishi bo‘lsa, albatta u solih kishidir. Agar odobsiz kimsa bo‘lsa, albatta u yomon kimsadir”, dedilar» (Imom Tabaroniy rivoyati).
رَوَى ابْنُ مَاجَةَ وَالترْمِذِيُّ عَنْ أَنَسٍ رَضِيَ اللهُ عَنْهُ قَالَ: قَالَ رَسُولُ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ: “مَا كَانَ الْفَحْشُ فِي شَيْءٍ إِلاَّ شَانَهُ وَمَا كَانَ الْحَيَاءُ فِي شَيْءٍ إِلاَّ زَانَهُ
Anasdan (roziyallohu anhu) quyidagi hadisi sharifni rivoyat qilishgan. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Odobsizlik qayerda bo‘lsa, u joyni bulg‘aydi va hayo qayerda bo‘lsa, u joyni bezaydi”, dedilar (Ibn Moja va Imom Termiziy).
رَوَى الْبُخَارِيُّ وَمُسْلِمٌ قَالَ رَسُولُ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ: اَلْحَيَاءُ شُعْبَةٌ مِنَ الْإِيْمَانِ
Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyat qilgan hadisi sharifda Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Hayo imonning bir qismidir”, dedilar.
Payg‘ambarimizning (sollallohu alayhi va sallam) hayo haqidagi ko‘rsatmalari bilan sahobalarning farzandlari bu ulug‘ xulq bilan ziynatlanishdi va yoshi ulug‘larni e’zozlashdi.
Abu Said (roziyallohu anhu) bunday deydi: “Men Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) zamonlarida yosh yigit edim. Ul zotdan hadislarni yod olardim. Mening so‘zimni yoshi ulug‘lardan boshqa hech kim qaytarmas edi”.
KЕYINGI MAVZULAR:
OVQATLANISH ODOBI:
Taomlanishdan oldin va keyin qo‘lni yuvish;
Taomni ayblamaslik;
O‘ng qo‘l bilan va o‘ziga yaqin joydan yeyish;
Yonboshlab ovqatlanmaslik;
Taomlanish paytida so‘zlashish mustahabdir;
Mezbonni duo qilish mustahabdir;
Yoshi ulug‘lardan keyin taomga qo‘l uzatish;
Ne’matni isrof qilmaslik;
Chanqoq bosish odoblari;
Idishning og‘zidan ichish makruhdir;
Ichimlikka puflash makruhdir;
O‘tirgan holda ichish va yeyish mustahabdir;
Tilla va kumush idishda ichishdan qaytarish;
Haddan ziyod to‘yib ovqat yemaslik;
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Hech shubha yo‘qki, xalifa Usmon ibn Affon roziyallohu anhuning o‘limlariga sabab bo‘lgan hodisalardan tortib hazrati Aliy ibn Abu Tolib roziyallohu anhuning o‘limlarigacha bo‘lgan davrda bo‘lib o‘tgan hodisalar Islom uchun, musulmon ummati uchun misli ko‘rilmagan musibat bo‘ldi.
Ushbu hodisalar tufayli musulmon ummati o‘rtasida bo‘linish yuz berdi. O‘sha paytgacha bir tanu bir jon bo‘lib, butun dunyoga Islom nurini taratib kelayotgan, butun insoniyatga xayru barakani ulashib kelgan dunyo tarixidagi eng yaxshi ummat ichida darz paydo bo‘ldi. Avvallari bu ummat vakillari ixtilof nimaligini bilmas edilar. Vaqti kelib, ular avval ikkiga, keyinroq uchga bo‘linib ixtilof qildilar. Xuddi o‘sha mash’um hodisalar tufayli boshlangan bu bo‘linishlar sekin-asta davom etib, musulmon ummatining sog‘lom tanasi ichidan turli-tuman toifalar chiqdi. Shiy’a, rofiza, xavorij va shunga o‘xshash boshqa har xil toifalarning kelib chiqishi aynan ana shu hodisalardan boshlangan edi.
Mazkur hodisalar tufayli musulmon ummati avval hokim shaxs haqidagi ba’zi mulohazalar bilan bahs boshlagan bo‘lsa, oxiri kelib iymon va kufr borasida bahs qiladigan, bir-birini kufrga ketganlikda ayblaydigan darajaga yetdi.
Ushbu hodisalar, avvalo, fitnachilarning hazrati Usmonga u kishi ishga qo‘ygan ba’zi voliylar haqida shikoyat qilishlari bilan boshlangan edi. Oxiri kelib xorijiylar o‘zlariga muxolif bo‘lganlarni, hatto hazrati Aliydek zotni kofirlikda ayblay boshlashdi. Tabiiyki, qarshi tomondan ham o‘ziga yarasha javob bo‘ldi.
Ushbu hodisalar tufayli musulmon ummati ichida bir-birining qonini o‘zi uchun halol bilish va bir-birini o‘ldirishni ravo ko‘rish boshlandi.
Birinchi marta fitnachilar hazrati Usmon roziyallohu anhuning qonlari va mollarini o‘zlariga halol hisoblab, u kishini o‘ldirib, mollarini talashdi. Ana shu nobakorlik oqibatida ishlar rivoj topib, «Tuya hodisasi»da, «Siffin»da bir necha o‘n minglab kishi halok bo‘ldi. Xorijiylar bilan bo‘lgan alohida hodisalarni qo‘shadigan bo‘lsak, bu hisob yana ham ortadi.
Bir tanu bir jon bo‘lib, dunyo xalqlarini birin-ketin bandalarning bandalarga sig‘inishidan Allohning ibodatiga, noto‘g‘ri dinlarning jabridan Islomning adolatiga, dunyo torligidan oxirat kengligiga, johiliyat zulmatlaridan Islom nuriga chiqarayotgan ummat bir-birini Robbiga ibodat qilishdan chiqarish, bir-biriga jabr qilish, Islomning kengligidan ixtilof torligiga, Islom nuridan jaholat zulmatiga o‘ta boshladi.
Ushbu hodisalar tufayli musulmon ummatining guli, yetakchi kuchi bo‘lmish sahobai kiromlarning ko‘pchiligi nobud bo‘ldilar. Ularning ma’naviy kuchlariga futur yetdi.
Ushbu hodisalar tufayli musulmon ummati boshiga tushgan musibatlarni birma-bir sanab chiqish nihoyatda og‘ir ish. Shuning uchun bu borada gapni qisqa qilganimiz ma’qul.
Endi ijozatingiz bilan mazkur hodisalarga baho berish haqida bir necha og‘iz so‘z.
Bu hodisalar bo‘lib turgan vaqtlarning o‘zidayoq ularga baho berish boshlangan. Unda har bir tomon o‘zini haq, o‘zgani nohaq deb bilgan. Tarafkashlik bo‘lib turgan joyda bundan boshqa narsa bo‘lishi mumkin ham emas. Ammo mazkur hodisalarga baho berish ular bo‘lib o‘tganidan keyin nihoyatda avj olgani kutilmagan hol. Ushbu hodisalar bo‘lib o‘tgandan keyin turli sabablarga ko‘ra ularni baholash, «kim nima qilgan-u, kim nima qilmagan, aslida nima qilish kerak edi», kabi mavzularda munozaralar qizib ketgan. Bu borada har kim o‘sha to‘palonlar yuz bergan vaqtdagi har bir harakat va sakanot, har bir og‘iz gap va so‘zdan o‘z fikrini qo‘llashga, o‘zganing fikrini rad qilishga dalil izlagan. Tarafkashlik va nizo olovida qizib ketib, dalil topa olmay qolgan paytlarda o‘zidan qo‘shib yuborishlar bo‘lmaganiga esa hech kim kafolat bera olmaydi.
Tarafkashlik avj olgan joyda har kim o‘zining haq ekanini isbot qilishga urinib, o‘zida bo‘lmagan yaxshi sifatlarni bemalol da’vo qilganidek, o‘zida bo‘lgan salbiy sifatlarni taraddudsiz inkor etadi. Shu bilan bir vaqtda, qarshi tarafning barcha yaxshiliklarini inkor etgan holda, barcha yomonliklarni unga ag‘daradi. Mana shu jarayonda nima bo‘lsa bo‘ladi.
Islom ummati yolg‘on nima ekanini bilmas edi. Ammo fitnachilar o‘z qilmishlarini xaspo‘shlash, odamlarni ortlaridan ergashtirish maqsadida bu ummat ichiga «yolg‘on» degan illatni olib kirishdi. Jumladan, ular: «Bizga Aliydan xat keldi» «Bizga Oishadan xat keldi», «Bizga falonchidan xabar keldi» «U debdi», «Bu debdi» degan yolg‘onlarni ham tarqatishgan edi.
Fitnachilar mazkur mash’um hodisalar o‘tib ketganidan keyin ham o‘z tarafini olib, o‘zgani tanqid qilishda davom etaverishdi. Bu narsalar asta-sekin avj ola boshladi. Tarafkashlikda uchiga chiqqan tomonlar esa o‘z gaplarini tasdiqlash uchun oyat va hadislarni nohaq ta’vil qilganlari yetmagandek, yolg‘onlar to‘qib, hatto ularga hadis sifatini berishgacha yetib borishdi.
Ammo mas’ul kishilar, ulamolar bu nobakorlikni darhol bo‘g‘ib tashlash yo‘liga o‘tdilar. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamga oid barcha rivoyatlar yaxshilab himoya qilindi. Hadislarning darajalarini aniqlashning mustahkam qoidalari ishlab chiqildi. Bu borada fitnachilarning fitnasi o‘tmadi.
Ammo tarixchilar keltirgan rivoyatlarga bu qadar e’tibor qaratilmadi, chunki tarix haqidagi rivoyatlar din va e’tiqod masalalari bo‘yicha rivoyatlar ahamiyatiga ega emas, degan o‘y bor edi. O‘sha paytlarda bo‘lib o‘tgan hodisalar haqidagi rivoyatlar to‘plandi. Ammo ularni saralash va yaroqsizini tashlab yuborish ishlari qilinmadi. Bu narsa ayniqsa hukmdorlik uchun o‘zaro kurash olib borgan toifalarga qo‘l keldi. Ular turli asossiz rivoyatlardan o‘z manfaatlari yo‘lida foydalanish bilan birga, yetmay qolgan joylariga o‘zlaridan qo‘shib yuborishdi.
Asta-sekin sahobai kiromlarga til tekkizish boshlandi. Til tekkan sahobiyning tarafdorlari o‘ziga yarasha javob berishdi. Har kim o‘zi ergashgan shaxsni ulug‘lashga o‘tdi.
Ayniqsa, hazrati Aliy roziyallohu anhu haqlarida bunga o‘xshash gap-so‘zlar ko‘p uchraydi. Ba’zi g‘uluvga ketgan toifalar u zotni ilohlik darajasigacha ko‘targan bo‘lishsa, xorijiylarga o‘xshash kimsalar: «Kufrga ketdi», deyishgan.
Yana boshqa bir toifalar hazrati Aliy roziyallohu anhuning taraflarini olish maqsadida u zotni mazlum qilib ko‘rsatishga urinib, boshqa bir nechta katta sahobalarni esa kofirga chiqarib qo‘yishgan.
Bu masalalarga bag‘ishlangan majlislar, janjallar bo‘ldi, kitoblar yozildi, xutbalar o‘qildi. Nima bo‘lsa bo‘ldi, lekin ixtilof ko‘payib boraverdi.
Nihoyat, musulmonlar jumhuri – ahli sunna val jamoa bu masalada ijmo’ ila eng adolatli va so‘nggi nuqtani qo‘ydi: orada bo‘lib o‘tgan ko‘ngilsiz hodisalarda hazrati Aliy va u zotning tarafdorlari haq bo‘lganlar. Ular haqida boshqacha gap bo‘lishi mumkin emas. Bunga dalil va hujjatlar yetarli. Ularning eng ishonchli va kuchlisi Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamdan vorid bo‘lgan sahih hadislardir. Xususan, Ammor ibn Yosir roziyallohu anhu va Zul Sadyaynining hazrati Aliy roziyallohu anhuning fazilatlari haqidagi, kelajakda bo‘ladigan fitnalar haqidagi hadislari fikrimizga dalil bo‘la oladi.
Orada bo‘lib o‘tgan ko‘ngilsiz hodisalarning aybdorlari Ibn Saba’ boshliq fitnachilar va xorijiylardir, barcha qilingan gunohlar ularning bo‘ynida. Ular haqida boshqa gap bo‘lishi mumkin emas.
Fitnachilar asosan Misr, Basra va Kufada tuxum qo‘yib, urchib ketishdi. Fitnaning bosh qarorgohi Misr edi. Uning Islom jamiyatining markazidan uzoqda joylashgani, u yerda haqiqiy ulamolarning, xususan, sahobalarning kam bo‘lgani va boshqa shunga o‘xshash omillar fitnachilarning o‘z fikr-mulohazalarini avom xalqqa yetkazishlariga katta imkon berar edi.
Orada bo‘lib o‘tgan ko‘ngilsiz hodisalarda fitnachilarga ham, hazrati Aliy roziyallohu anhuga ham qo‘shilmagan, balki u zotga talab qo‘yib, talabi bajarilgandagina bay’at qilishlarini aytgan toifa ham bor edi. Ularning gaplari va qilgan ishlari «Tuya» va «Siffin» hodisalaridan hammamizga ma’lum. Ushbu toifaning mashhur shaxslari sifatida Talha ibn Ubaydulloh, Zubayr ibn Avvom, Muoviya ibn Abu Sufyon va Amr ibn Os roziyallohu anhumni eslash mumkin. Ahli sunna val jamoa musulmonlari ularni: «Xato ta’vil va ijtihod qilganlar», deb baholaydi. Ular haqoratlanmaydilar, yomonlanmaydilar. Balki sahobiy bo‘lganlar boshqa sahobai kiromlar bilan bir qatorda ko‘riladi.
Ulamolarimiz va musulmonlar jumhuri bu ishda g‘oyatda talabchan bo‘lgani sababli bu haqda har bir musulmon shaxs e’tiqod qilishi lozim bo‘lgan narsani aqiyda kitoblarimizga bitib ham qo‘yganlar.
Jumladan, ahli sunna val jamoaning eng mashhur aqiyda kitoblaridan biri bo‘lmish «Aqiydai Tahoviyya»da quyidagilar aytiladi:
«Biz ularning hammalari haqida yaxshilik bilan: «Robbimiz, bizni va bizdan avval iymon bilan o‘tgan birodarlarimizni mag‘firat qilgin, iymon keltirganlarga nisbatan qalbimizda g‘ashlik qilmagin. Robbimiz, albatta, Sen o‘ta shafqatlisan, o‘ta rahmlisan», deymiz (Hashr surasi, 10-oyat).
Alloh taolo bizning qo‘llarimizni o‘z vaqtida bo‘lib o‘tgan fitnadan asragan. Biz Allohdan tillarimizni ham mazkur fitnadan saqlashini so‘raymiz».
«Islom tarixi» birinchi juzi asosida tayyorlandi