Avval xabar berganimizdek, bugun Toshkent shahri Olmazor tumanida joylashgan “Islomobod” jome masjidining yangi binosiga ilk g‘isht qo‘yish marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov hazratlari ishtirok etib, bir guruh ulamolar, yoshi ulug‘ otaxonlar bilan birgalikda masjid poydevoriga tamal toshini qo‘yib berdilar.
Tadbir davomida muftiy hazratlari ommaviy axborot vositalari, marosim ishtirokchilariga yurtimizda bo‘layotgan xayrli o‘zgarishlar, dinimizda obodlik va pokizalikka bo‘lgan e’tibor haqida so‘zlab, jumladan bunday dedilar: “Alloh taolo yurtimizga bergan tinchlik-hotirjamlik ne’mati tufayli barcha sohalarda bo‘lgani singari diniy sohada ham katta o‘zgarishlar bo‘lmoqda. Alhamdulillah, yurtimizdagi qaysi joyga bormaylik, masjidlarimiz mo‘min-musulmonlarimiz bilan obod. Mamlakatimizga kelgan xorijlik mehmonlar masjid va ziyoratgohlar obodligi, ularda yaratilgan sharoitlarni ko‘rib qoyil qolishmoqda. Bunday imkoniyatlar, albatta, ko‘p joylarda yo‘q. Yaqinda yurtimizda bo‘lib qaytgan Misr Bosh imomi, Al-Azhar majmuasi rahbari shayx Ahmad Muhammad Toyyib hazratlari yurtimizda bo‘layotgan islohotlarga tahsin aytib, Alloh taolo ato etgan bu ne’matlarga ko‘p shukr qilish kerakligini aytdilar.
Mo‘min-musulmonlar dinimizning har bir ko‘rsatmalariga amal qilishi lozim. Shunda ikki dunyo yaxshiligiga ega bo‘ladilar. Dinimiz nazokat, tozalik, poklik ustiga qo‘rilgan. Paygambar sollalloxu alayxi vasallam: «Poklik iymonning yarmidir...», – deganlar (Imom Muslim, Imom Nasaiy, Imom Termiziylar rivoyati).
Demak, mo‘min-musulmonlar kundalik turmush tarzida ozodalikka katta e’tibor berishi, jumladan, masjidlarni obod va pok holatda saqlashi lozim ekan. Shuningdek, uyimiz, mahallamizni ozoda tutsak, dinimizga muvofiq ish tutgan bo‘lamiz”.
Tadbir davomida masjid qurilishiga homiylik qilayotgan, o‘z hissasini qo‘shayotganlarga minnatdorchilik bildirdilar, yig‘ilganlar bilan yurtimiz tinchligi, xalqimiz farovonligini, el-yurtimizni turli ofat va kasalliklardan asrashini so‘rab xayrli duolar qildilar.
Masjid loyihasi milliy obidalarimizdan andoza olgan holda to‘g‘ri to‘rtburchak shaklida qurilmoqda, – deydi “Mamur Project” korxonasi rahbari Is'hoqjon Ahmedov. – Masjid ikki qavat va yerto‘ladan iborat bo‘lib, bir vaqtning o‘zida ko‘p odamni sig‘diradi. Boshqa masjidlardan farqli ravishda balandligi 54 metrli to‘rt minorali va 4 gumbazli bo‘ladi. Uning yonida katta avtoturargoh qad rostlaydi. Qurilish uchun ketadigan barcha mahsulotlar o‘zimida ishlab chiqarilgan, chetdan olib kelishga xojat yo‘q.
Ushbu masjidni mo‘min-musulmonlarga har tomonlama qulay qilib qurish maqsadida Yurtimizdagi ko‘plab masjidlar holatini o‘rgandik, – deydi “Islomobod” masjidi qurishi boshlig‘i Muhammadjon Umarov. – Jumladan, masjidga namozxonlar sig‘imini ko‘paytirish, kirish eshiklarida tirbandlikning oldini olish, tahoratxonalarda navbat kutish muammolarni bartaraf etish uchun masjidni keng, eshiklari ko‘p, xonaqoh va yerto‘lalarni balandroq qilib qurmoqdamiz. Shuningdek, xavfsizlik jihatlariga alohida e’tibor berdik.
Bu yilgi masjid tomini yopib olishni rejalashtirganmiz. Masjid 8 ming nafar namozxonga mo‘ljallanmoqda. Namozxonlar xonaqoh, yerto‘la va balkonda ibodatlarini ado etishlari mumkin. Ayollar uchun alohida namozxona va tahoratxona bo‘ladi. Qurilishni 2021 yil oxiriga qadar bitirishni rejalashtirganmiz, deydi “Ehson” firmasi vakili Abdusalom Abdiqodirov.
Alloh taolo ushbu masjid qurilishini xayrli va barakali qilsin, unga hissa qo‘shayotganlarga ajru savobini ko‘paytirib bersin, yurtimiz yana ko‘plab masjidlar qurilishini nasib aylasin.
Bahriddin XUSHBOQOV,
O‘MI Matbuot xizmati
Shu yil 16 yanvar kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisining birinchi o‘rinbosari Homidjon domla Ishmatbekov O‘zbekiston Xalqaro islom akademiyasi talabalari bilan ochiq muloqot o‘tkazdilar.
Suhbat avvalida Homidjon domla keyingi yillarda yurtimizda yoshlarning ta’lim-tarbiyasini yuksaltirishga katta e’tibor berilayotgani ta’kidlash barobarida O‘zbekiston musulmonlari idorasining tarixi va bugungi faoliyati haqida so‘zlab berdi. Xususan, ilk nomi “O‘rta Osiyo va Qozog‘iston musulmonlari idorasi” bo‘lgan tashkilot 1943 yil 20 oktyabrda tashkil topgani, 1992 yili “Movarounnahr musulmonlari idorasi”, 1995 yili “O‘zbekiston musulmonlari idorasi” deb davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgani, istiqlolgacha 80 ta masjid faoliyat yuritgani, O‘rta Osiyoda yagona bo‘lgan Mir Arab madrasasida jami 10 nafar talaba o‘qitilganini aytib o‘tdi.
Homidjon domla o‘z so‘zi davomida mustaqillik ne’mati nasib etgandan so‘ng diniy-ma’rifiy sohada ulkan o‘zgarishlar bo‘lgani, xususan, so‘nggi yillarda muhtaram Prezidentimiz tashabbusi bilan sohada amalga oshirilayotgan ko‘lamli islohotlar natijasi va muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari sa’y-harakatlari bilan yurtimiz masjidlari soni 2145 taga, diniy ta’lim muassasalari soni 14 taga yetgani, Fatvo va ilmiy-tadqiqot markazlari, diniy adabiyotlar nashri, “Vaqf” fondi jadal faoliyat olib borayotgani, umra bo‘yicha kvota olib tashlangani, hajga boruvchilar soni yildan-yilga ortib borayotgani, eng qadimiy va nodir qo‘lyozma sanalgan “Usmon mus'hafi”, “Langar Qur’oni” yuqori darajada ta’mirlangani, Diniy idora Kutubxona fondida 20 dan ziyod toshbosma va qo‘lyozma asarlar yaxshi holatda saqlab kelinayotgani va bu kabi amaliy ishlarning sanog‘i va salmog‘i ko‘pligini ta’kidlab, ana shu e’tibor va imkoniyatlarning qadriga yetish va har kim o‘z yo‘nalishida yetuk mutaxassis bo‘lib yurt rivoji va xalq farovonligiga hissa qo‘shishi lozimligiga urg‘u qaratdi.
Muloqot yakunida har bir talabaga O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlarining “Yoshlarga nasihatim”, “Fitna ko‘z ilg‘amas xatar” kitoblari taqdim etildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati