Sayt test holatida ishlamoqda!
24 Dekabr, 2024   |   23 Jumadul soni, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:21
Quyosh
07:47
Peshin
12:28
Asr
15:18
Shom
17:02
Xufton
18:22
Bismillah
24 Dekabr, 2024, 23 Jumadul soni, 1446

Koronavirus muolajasi Sunnatga amal qilishdadir!

9.03.2020   3458   9 min.
Koronavirus muolajasi Sunnatga amal qilishdadir!

Matbuotdagi holat qanday?

Shu kunlarda butun dunyoda gapirilayotgan muammo – koronavirus. Deyarli barcha ommaviy axborot vositalarida shu mavzu. Ijtimoiy tarmoqlarda ham shu virus bo‘yicha postlar, audio-video ma’lumotlar tarqalmoqda. U yerda uncha odam shu virusga chalinibdi, bu yerda buncha odam shu virusdan vafot etibdi va hokazo.

Dunyoda bundan boshqa kasallik yo‘qmi?

Dunyoda kasalliklarning turi ko‘p. Koronavirus orqali yuz beradigan kasallik shularning biri, xolos. Saraton, sil, jigar sirrozi, qandli diabet, yurak kasalliklari, avtohalokat vahokazolardan dunyoda har kuni o‘n minglab odamlar vafot etadi. Lekin biz faqat koronavirus haqida bosh qotiryapmiz. Unutmang, sizning koronavirusga chalinib o‘lish ehtimolingizdan ko‘ra uyquga yotib, qayta uyg‘onmaslik ehtimolingiz ancha yuqoridir.

Musulmon odamning kasalliklarga munosabati qanday bo‘lishi kerak?

Biz nafaqat koronavirus tarqalgan paytda, balki barcha kasalliklar tarqalgan kezlarda “Har qanday kasallik Allohning izni bilangina yetadi. Alloh yozmagan bo‘lsa, viruslar o‘chog‘ida bo‘lsam ham, atrofimdagilarning barchasiga virus tekkan bo‘lsa ham menga kasallik tegmaydi” degan e’tiqodda bo‘lishimiz kerak.

Kasalliklardan saqlanish uchun nima qilishimiz lozim?

Karantin

Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyat qilogan hadisda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam “Agar bir joyda vabo tarqalganini eshitsangiz, u yerga bormanglar. Agar o‘zingiz turgan joyga vabo kelsa, u yerdan qochib chiqib ketmanglar!” deganlar.

Ushbu hadisi sharifga muvofiq, vabo tarqalgan joyga bormaslik, vabo tarqagan joydan qochib chiqmaslik zarur bo‘ladi.

Mo‘min-musulmon odam bunday paytda o‘zining ehtiyotini qilishi, virus keng tarqalib borayotgan hududga bormasligi, imkon qadar xavfsiz joyda bo‘lishga intilishi zarur. Shu bois mazkur virus tarqalayotgan mamlakatlarga safar qilmay turish to‘g‘ri bo‘ladi.

Davolanish

Alloh taolo qaysi bir kasallikni tushirgan bo‘lsa, uning davosini ham tushirgan. Har qanday kasallikning shifosini faqat va faqat Alloh taoloning O‘zi beradi. U Zot Qur’oni Karimda shunday deb marhamat qilgan:

وَإِذَا مَرِضْتُ فَهُوَ يَشْفِينِ

“Bemor bo‘lganimda menga shifo beradigan ham Uning O‘zi” (Shuaro surasi, 80-oyat).

Imom Ahmad rivoyat qilgan bir hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam “Ey, Allohning bandalari, davolaninglar! Chunki, Alloh qaysi kasallikni tushirgan bo‘lsa, uning shifosini ham tushirgandir. Faqat bitta kasallik – keksalikning davosi yo‘q” deganlar.

Mo‘min-musulmon odam o‘ziga tekkan kasallikka qarshi kurashib, Alloh taolodan komil shifo so‘rab, davolash choralarini ko‘rishi kerak.

Duolar

Dinimizda har bir holat uchun aytiladigan duolar bor. Jumladan, kasallikdan, turli zararlardan saqlanish uchun aytiladigan duolar ham bor.

Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi:

«Nabiy sollallohu alayhi vasallam o‘z ahllaridan ba’zilarga panoh tilaganlarida o‘ng qo‘llari ila silab:

“Allohumma! Robban-naasi! Izhibil ba’sa. Ishfi. Antash-shaafii. Laa shifa’a illaa shifaauka. Shifaan laa yug‘odiru saqman”, der edilar”.

Ikki shayx rivoyat qilganlar.

Duoning ma’nosi quyidagicha: «Allohim! Odamlarning Robbi! Shiddatni ketkaz! Shifo ber. Shifo beruvchi Sensan. Shifoingdan boshqa shifo yo‘q. Hech dardni qo‘ymaydigan shifo ber!» (“Hadis va Hayot” kitobidan).

“Allohumma inniy a’uzu bika minal barosi val junuuni val juzami va min sayyiil asqoom”.

Ma’nosi: “Ey Alloh, meni pes, jinnilik, mohov va bedavo yomon kasalliklardan panoh berib, saqlashingni so‘rayman”.

(Abu Dovud rivoyati sahih hadis.)

Usmon ibn Affon roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Biror bir banda har tongda va tunda: “Bismillahillaziy la yazurru ma’asmihi shayun fil arzi va la fis samai va huvas samiy’ul aliym”, deb uch marta aytsa, unga biror narsa zarar bermaydi”, dedilar.

Duoning ma’nosi: “Allohning ismi bilan boshlayman. Uning ismi tufayli yeru osmonda biror narsa zarar bera olmaydi. U eshituvchi va biluvchi Zotdir”. (Imom Abu Dovud, Imom Termiziy rivoyati)

Demak, mo‘min-musulmon odam mazkur hadislardagi duolarni o‘qib, Alloh taolodan turli kasalliklardan panoh berishini so‘rashi kerak. Shu bilan birga kasallikning oldini olish choralarini ham ko‘rishi, barcha sabablarni ishga solishi lozim.

Poklikka e’tibor berish

Buning uchun inson poklikka katta e’tibor berishi kerak. Musulmon odam kun davomida besh mahal namoz o‘qiydi. Buning uchun esa tahorat qiladi. Tahorat qilganda og‘iz-burnini, yuzini, qo‘llarini tirsakkacha, oyoqlarini to‘qiplari bilan qo‘shib yuvadi. Kun davomida besh bora mana shu tarzda tahorat oladigan insonga virus va boshqa narsalar yaqin yo‘lamaydi.

Halol luqma va shaxsiy gigiyenaga e’tibor berish

Shu bilan birga tibbiyot niqobini taqib yurish, turli insonlar bilan ko‘rishgach, qo‘llarni sovunlab yuvish yoki antiseptik vositalardan foydalanish maqsadga muvofiq. Shaxsiy gigiyenaga amal qilish, sovun, tish yuvish vositalari va sochiq kabi narsalardan faqat o‘zi foydalanish, oila a’zolar uchun ham bunday vositalarni olib berish, yeydigan taomlarga e’tiborli bo‘lish, luqmaga katta ahamiyat qaratish, tanani ham, libosni ham pok tutishga, tez-tez almashtirishga harakat qilish lozim bo‘ladi.

Taomdan oldin va keyin qo‘llarni yuvish

Shuningdek, ovqatlanishdan oldin va keyin qo‘llarni sovunlab yuvish ham salomatlik omillaridandir.

Muso ibn Ja’far otasidan, otasi bobosidan rivoyat qiladi:Rasululloh sollallohu alayhi va sallam dedilar:“Taomdan oldin(qo‘lni) yuvish kambag‘allikni ketkazadi. (Taomdan) so‘ng (qo‘lni yuvish) esa kichik gunohlarni ketkazadi va ko‘zni tuzatadi”(Quzo’iy “Musnadush shihob”da rivoyat qilgan).

Salmon roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Men Tavrotda taomning barakasi undan oldin qo‘lni yuvishda ekanini o‘qidim va buni Nabiy  sollallohu alayhi va sallamga aytgan edim, u zot: “Taomning barakasi undan oldin va keyin qo‘lni yuvishdadir”, dedilar”(Abu Dovud rivoyati).

Demak, inson taomdan oldin qo‘lni yuvishi orqali taomni pok qo‘l bilan yeyishga zamin hozirlagan bo‘ladi. Taomdan keyin qo‘lni yuvish esa turli kasalliklar va viruslarga qulay sharoit bo‘lmish yog‘li muhitdan qo‘lini tozalagan bo‘ladi. Agar banda bu ishlarni sunnatga amal qilish niyati bilan qiladigan bo‘lsa, savobga ham erishadi. Ham savob, ham salomatlikni qo‘lga kiritadi.

Kasallikni so‘kmaslik, balki sabrli bo‘lish

Mabodo inson o‘zida istimalash, bosh og‘rishi, ko‘ngil aynishi va hokazo holatlarni sezsa, darhol mutaxassis-shifokorga murojaat qilishi, tezda davolanish choralarini ko‘rishi, bezovtalikdan saqlanishi kerak.

Bandaga keladigan kasallik Alloh taoloning taqdiri bilan bo‘ladi. O‘sha kasallikdan tuzalish ham Alloh taoloning taqdiri bilan amalga oshadi. Kasallikka chalingan odam besabrlik qilmasligi, turli aqidaga zid gaplarni va ishlarni qilmasligi, shifoni ham haloldan izlashi shartdir.

Jobir roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

«Nabiy sollallohu alayhi vasallam Ummu Soibning huzuriga kirdilar va:

«Ey Ummu Soib, senga nima bo‘ldi, qaltirayapsan?» dedilar.

«Isitma! Alloh uni barakasiz qilsin!» dedi u.

«Isitmani so‘kma. U odam bolasining xatolarini xuddi bosqon temirning zangini ketkazgandek ketkazur», dedilar u zot».

Muslim rivoyat qilgan.

Demak, musulmon kishi gunohlarning ketishiga sabab bo‘ladigan isitmani so‘kmasligi, balki tuzalishni sabr bilan olib borishi kerak ekan.

Shifoni haloldan izlash lozim

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam harom bilan davolanishdan qaytarganlar.

Abu Dardo roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

«Nabiy sollallohu alayhi vasallam:

«Albatta, Alloh dardni va davoni tushirgan. Va har bir dardga davo qilib qo‘ygan. Bas, davolaninglar. Faqat harom ila davolanmanglar», dedilar».

Abu Dovud rivoyat qilgan.

Demak, tuzalish uchun ham shariatda ruxsat berilgan tarzda tibbiy choralarni ko‘rish kerak. Turli tumorlar osib olish, bo‘ri, ayiq kabi hayvonlarning tish-tirnoqlarini o‘zi bilan olib yurish, folbin, kohinlarga borish kishining iymoniga, aqidasiga futur yetkazadigan ishlardandir. Chunki bunday ishlarni qilgan odam Alloh taoloni qo‘yib, boshqadan shifo tilagan bo‘ladi.

Vahima, mish-mish tarqatmaslik

Bugun kimga quloq tutsangiz, “Bizda ham tarqalgan emish. Unday emish, bunday emish” degan mish-mishlar, vahimali gaplar yuribdi. Musulmon odam mish-mishlardan uzoq yuradi. Shu bilan birga inson o‘zini-o‘zi tushkunlikka tushirish o‘rniga salomatlik choralarini izlashi va shu haqida bosh qotirishi kerak. Quruq va vahimali gaplardan foyda yo‘q. Qolaversa, bu kabi gaplar bilan boshqalarni qo‘rqitish halol bo‘lmaydi. Chunki, musulmon inson taqdirga iymon keltirgan. Barcha narsa Alloh taoloning izni bilan amalga oshishini bilgani uchun xotirjamlikni qo‘ldan bermaydi. Alloh taologa duo qilib, barcha sabablarni ishga solib, choralarni ko‘rib, Alloh taoloning O‘ziga tavakkul qilish, O‘zidan omonlik, salomatlik, shifo so‘rash kerak.

Sunnatga amal qilish ikki dunyoda saodatga erishish omilidir!

Alloh taolo barchamizni pok va salomat qilib, O‘zining hidoyatidan ayirmasin va xotimamizni chiroyli qilsin!

 

Nozimjon Hoshimjon tayyorladi

 

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Umar uning foydasiga hukm chiqardi

23.12.2024   1343   2 min.
Umar uning foydasiga hukm chiqardi

Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.

Imom Molik Sa’id ibn Musayyibdan rivoyat qiladi:

«Bir musulmon va bir yahudiy xusumatlashib, Umar roziyallohu anhuning huzuriga kelishdi. Yahudiy haq bo‘lib chiqdi. Umar uning foydasiga hukm chiqardi. Shunda yahudiy unga:

«Allohga qasamki, haq ila hukm chiqarding», dedi.

«Sen qayerdan bilding?» dedi Umar, uni darra ila urib.

«Biz Tavrotda: «Qaysi qozi haq ila hukm chiqarsa, albatta, o‘ng tomonida bitta, chap tomonida bitta farishta uni quvvatlab turadi. Modomiki, u haqda ekan, ishini to‘g‘rilab ham turadilar. Qachon haqni tark qilsa, ular ham uni tark qilib, ko‘tariladilar», deyilganligini topamiz», dedi».

Umar ibn Xattob roziyallohu anhuning ilohiy adolat ummonidan suv ichgan adolatlarini ko‘rgandan keyin, undan bahramand bo‘lgandan keyin yahudiy ham erib ketib, musulmonlar xalifasini alqashga o‘tgan. U yahudiylarning boshqalardan berkitib yuradigan kitoblari, ya’ni Tavrotdagi haqiqatni Umar ibn Xattob roziyallohu anhuning hukmida ko‘rganligini e’tirof etgan.

Ha, hazrati Umar roziyallohu anhuning Islom jamiyati rahbari sifatida olib borgan ishlariga butun dunyo qoyil qolgan va haligacha qoyil qolib kelmoqda.

Umar ibn Xattob roziyallohu anhu bunga o‘xshash adolatli ishlarni tashviqot uchun qilmas edilar. Balki buni vazifa, Alloh taolo oldidagi burch, deb his etganlaridan qilar edilar. Kim bo‘lishidan qat’i nazar, har bir odam u kishi uchun Alloh taolo nozil qilgan shariat hukmi oldida barobar edi. Musulmonmi, zimmiymi yoki bosh­qami, hazrati Umar uchun baribir edi. Haq kim tarafda bo‘lsa, hukm o‘shaning foydasiga chiqarilar edi.

«Hadis va hayot» kitobining 23-juzidan olindi

Maqolalar