BOQIYA ARABLAR
Boqiya arablar hozirgi kungacha qolgan arab qavmlar bo‘lib, ular ham sulola jihatidan ikki qismga bo‘linadi:
Qahtoniy arablarning asl vatanlari Arabiston yarimorolining janubidagi Yaman o‘lkasidir. Ular Saba’ ibn Yashjub ibn Ya’rub ibn Qahtondan tarqalgan va o‘ndan ortiq qabilalarga bo‘linib, ulardan ikkitasi – Himyar ibn Saba’ (himyariylar) bilan Kahlon ibn Saba’ (kahloniylar) mashhur bo‘lishgan. Shuning uchun ular “saba’iylar” ham deyiladi.
Adnoniy arablarning asl vatanlari Makkai mukarramadir. Adnon Ismoil alayhissalomning avlodlari bo‘lib, adnoniy arablar o‘z nasablari tarixini Adnongacha aniq yodda saqlaganlar. Adnon Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning yigirma birinchi bobolari hisoblanadi.
ARABLARNING ISLOMDAN OLDINGI SIYOSIY TARIXI
Avval aytib o‘tganimizdek, arablar sahro arablari va o‘troq arablardan iborat edi. Sahrolik arablarning siyosiy fikrlari o‘troq arablarning siyosiy fikrlaridan farq qilardi. Sahroliklar kichik-kichik qabila va urug‘lardan iborat bo‘lib, sahroning turli joylarida tarqoq holda yashashgan. Qabilani birlashtiradigan ularning qon birligi va qarindoshlik birligi hisoblangan. Birlik asosidagi davlatlar paydo qilish uchun qabila-qabila bo‘lib yashagan, tabiatida o‘zgalarga bo‘ysunmaslik, bir yerga jamlanmaslik, tarqoqlik bor odamlarni birlashtirish oson bo‘lmagan.
O‘TROQ ARABLARNING PODSHOHLIKLARI
O‘troq arablar asosan uch mintaqada – Yamanda, Shimolda va Hijozda istiqomat qilishgan.
YAMAN PODSHOHLIKLARI
Ma’in podshohligi (mil. avv. 1300-650 yillar)
Bu davlat kengayib, siyosiy nufuzi Hijozning shimoligacha yetib borgan. Poytaxti Sirvoh shahri bo‘lgan. Bu davr mobaynida taxminan 22-26 nafar podshohlar hukmdorlik qilgan deyiladi. Ma’in davlatining shuhrat qozonishiga ikki muhim sabab bor. Ulardan biri Saba’ malikasi Bilqic va uning Sulaymon alayhissalom bilan bo‘lib o‘tgan qissasidir. Bu qissa Naml surasida kelgan bo‘lib, u bilan yuqorida, Sulaymon alayhissalom tarixi o‘rganilgan sahifalarda tanishdik. Ikkinchi sabab esa Ma’rib shahridagi buyuk to‘g‘on bo‘lgan. Yaman davlatida suv chiqarib, yerlarni sug‘orish ishlari mazkur to‘g‘on yordamida amalga oshirilgan va shu orqali kishilarning farovon hayoti ta’minlangan.
Alloh taolo bu haqda Saba’ surasida xabar bergan:
«Batahqiq, saba’liklar uchun o‘z maskanlarida oyag belgi – o‘ng va chapdan ikki bog bor edi. «Robbingiznish rizqidan yeng va Unga shukr qiling! Naqadar go‘zal yurt va mag‘firatli Robbingiz bor», (dedik)» (15-oyat).
Yamanda yashab o‘tgan bu qavm «Saba’ xalqi», «saba’iylar» deb nomlanishgan. Ular juda ham hosildor yerga ega bo‘lishgan. O‘zlari nihoyatda taraqqiy etgan odamlar bo‘lib, to‘g‘onlar qurib, suv yigib, o‘z foydalariga ishlatish yo‘llarini yaxshi bilishgan. Ularning qoldiqlari hozirda ham bor. Oyatda mana shu qavm haqida xabar berilmoqtsa.
«Batahqiq, saba’liklar uchun o‘z maskanlarida oyat-belgi – o‘ng va chapdan ikki bog‘ bor edi».
Ya’ni saba’iylarning yurtlarida Allohning qudratiga, rizq va ne’mat beruvchi Zot ekaniga dalolat qiladigan oyat-belgi bor edi. Ya’ni
«...o‘ng va chapdan ikki bog bor edi».
Bu bog‘larda ularga yetarli ne’matlar mavjud edi. Biz ularga:
«Robbingizning rizqidan yeng va Unga shukr qiling!» (dedik)».
«O‘sha bog‘lardagi Robbingiz bergan rizqdan yeng va Robbingizga shukr qiling», dedik.
Ularga shu ish vojib edi.
«Naqadar go‘zal yurt va mag‘firatli Robbingiz bor» (dedik)».
Darhaqiqat, ularning yurti yam-yashil bog‘lari ko‘p, ko‘rgan kishining havasi keladigan darajada go‘zal bir maskan edi. Robblari esa tavba qilib, iymon keltirib, solih imallar qilgan har bir bandaga mag‘firatli Zotdir.
Saba’ podshohligi (mil. avv. 650-115 yillar)
Saba’ podshohligi Ma’in podshohligining ustiga tiklangan bo‘lib, unga Hazramavt ham qo‘shilgan. Bu davlatning poytaxti Ma’rib shahri bo‘lgan.
Himyar podshohligi (mil. avv. 115 yildan milodiy 340 yilgacha)
By davlat Saba’ podshohligining nufuzi susayganidan keyin qurilgan. Zufor shahrini o‘ziga poytaxt qilib olgan. Saba’ va Himyar davlatlari o‘zlaridan keyin bir qancha osori-atiqalarni qoldirgan bo‘lib, bu osori-atiqalar o‘z davrida ularning ulug‘vor davlat o‘laroq hukm surganidan, gullab-yashnaganidan, yuksak taraqqiyotga erishganidan darak berib turadi. Ushbu davlat o‘z davrining oxiriga kelib zaiflashdi. Bu holat esa o‘z navbatida Yamanning dastlab rumliklar, so‘ng habashlar, keyin forsliklar tomonidan mustamlakaga aylantirilishiga olib keldi.
Yamanning rumliklar tomonidan egallab olinishi
Rumliklar Yamanning janubiy qirg‘og‘idagi Adan shahriga oyoq bosishdi. Hamdon va Himyar qabilalari o‘rtasidagi nizodan foydalanib, milodiy 340 yili habashlar rumliklar yordamida Yamanni birinchi marta bosib olishdi va milodiy 378 yilgacha mamlakatni egallab turishdi. So‘ng Yaman ozodlikka erishdi.
Arim seli
Milodiy V asr o‘rtasida Qur’oni Karimda «Arim seli» deb aytilgan ulkan toshqin yuz berdi. Katta xarsangtoshlarni oqizib kelgan kuchli sel ular qurgan «Saddi Ma’rib» nomli mashhur to‘g‘onni buzib ketdi va ko‘plab aholi shimol tomonga ko‘chishga majbur bo‘ldi.
Saba’iylar Robblari aytgan amrlarni qabul etmadilar:
«Ular yuz o‘girdilar. Ustlariga «arim» selini yubordik va ikki bog‘larini achchiq mevali, yulg‘unzor va birozgina sidrli ikki «bog‘»ga aylantirdik» (Saba’ surasi, 16-oyat).
Oyatdagi «Ular yuz o‘girdilar» jumlasidan saba’iylarning Alloh taoloning amriga yurmay, U Zotning ne’matlariga shukr etmay, takabburlik qilganlari tushuniladi. Ular Allohga shukr qilishdan yuz o‘girishdi. U Zot bergan ne’matlarga noshukrlik qilishdi.
«Ustlariga «arim» selini yubordik...»
«Arim» so‘zi «katta toshlarni oqizib keladigan kuchli sel» degan ma’noni bildiradi. Bu oyatda ma’noni to‘laroq anglatish uchun bir xil ma’nodagi ikki so‘z birikma holida «Arim seli» shaklida ishlatilmokda. Bu sel ular qurgan mashhur to‘g‘onni buzib yubordi. Natijada asov oqim yo‘lida uchragan hamma narsani yuvib ketdi.
«...va ikki bog‘larini achchiq mevali, yulg‘unzor va birozgina sidrli ikki «bog‘»ga aylantirdik».
Saba’iylarning o‘ng va so‘l tarafidagi ikki go‘zal, turli-tuman mevalarga kon so‘lim bog‘larini bebaraka, achchiq mevali ikki boqqa aylantirdik. Unda birozgina sidr ham o‘sadi. Sidr butasimon daraxt bo‘lib, Arabistonda o‘sadi. Bir oz mevasi ham bo‘ladi. Aslida yulg‘unzor, butazor va sidrzorlar bog‘ deyilmaydi. Lekin bu yerda kinoya bilan «bog‘» deb atalmoqda. Saba’iylarning noshukrliklari sabab mevali bog‘larini sel olib ketib, kunlari butazorga qoldi. Shirin-shakar mevalar o‘rnini achchiq-taxir narsalar oldi. U yerdagi eng yaxshi narsa birozgina sidr bo‘lib qoldi.
«Ularni noshukrlik qilganlari uchun ana shunday jazoladik. Biz faqat o‘ta noshukrlargagina jazo berurmiz» (17-oyat).
«Saba’iylar ne’matlarimizga noshukr bo‘lganlari uchun Biz ularni mazkur ofat bilan «siyladik». Odatda Biz faqat o‘ta noshukrlargagina shunday jazo beramiz».
Ular go‘zal maskanda, nozu ne’mat ichida, chiroyli va serhosil bog‘larda rohat-farog‘atda hayot kechirishayotgan edi. O‘sha go‘zal hol bardavom bo‘lishi uchun Allohga shukr etishlari shart edi. Ammo ular shu ishni qilishmadi. Oqibatda go‘zal yurtlari xarob bo‘ldi. Nozu ne’matlar ketib, o‘rniga ochlik, muhtojlik keldi. Chiroyli va serhosil bog‘lar o‘rnida esa ko‘rimsiz, mevasiz butazorlar paydo bo‘ldi.
Yamanning habashlar tomonidan egallab olinishi
Himyar shahrining podshohi Zu Nuvos yahudiylikni qabul qildi va milodiy 523 yili Najron nasroniylarini yahudiylikni qabul qilish, yoki o‘lim – ikkisidan birini tanlashga buyurdi. Ular urushni afzal ko‘rishdi. Shunda Zu Nuvos chuqur xandaqlar qazitib, ularni ana shu xandaklardagi yonib turgan olovga tashlatdi.
Nasroniylarning ba’zilari Habashiston tomonga qochib ketib, u yerning nasroniy dinidagi najoshiysi – podshohidan yordam so‘rashdi. U esa nasroniylarning bosh homiysi bo‘lgan Rum podshohidan yordam so‘radi. Bunga javoban Rum podshohi kemalar va qurol-aslaha jo‘natdi. Shunday qilib milodiy 525 yili Habashiston podshohi Yamanni bo‘ysundirdi. U yerdagi askarlarga boshliq qilib Aryot degan qo‘mondonni yubordi. Milodiy 549 yili Abraha ismli odam chiqib, mazkur qo‘mondonga qarshi bosh ko‘tardi. U qo‘mondonni o‘ldirib, Yamanga hukmdor bo‘lib oldi.
Milodiy 571 yilning boshida Abraha Makkaga Ka’bani vayron qilish uchun qo‘shin tortib keldi. U yerdan chalajon holida Yamanga qaytganidan keyin o‘ldi va ikki o‘g‘li birin-ketin hukmdor bo‘ldi.
Yamanning forslar tomonidan egallab olinishi
So‘ngra Himyar podshoxdaridan birining o‘g‘li Sayf ibn Zu Yazan Fors mamlakatiga qochib borib, ulardan habashiylarni o‘z yurtidan chiqarishda yordam so‘radi. Forsliklar uning bu iltimosiga ijobiy javob berishdi. Ular Yamanga lashkar tortib kelib, milodiy 575 yilda rumliklar ustidan g‘alaba qozonishdi. So‘ng Fors podshohi Kisro Sayfga toj kiydirib, uni Yamanga podshoh qildi. Sayf o‘ldirilganidan keyin Kisro u yerga Vahriz degan odamni hokim qilib yubordi. Vahriz Forsning odami sifatida Kisroga bo‘ysungan holda Yamanga voliylik qiladigan bo‘ldi. Vahrizning vafotidan keyin uning farzandlari va nabiralari Yamanga hokimlik qilishdi.
Muhammad sollallohu alayhi vasallam payg‘ambar etib yuborilgan paytda Yamanga Vahrizning zurriyotidan bo‘lgan, forslik Bozon ibn Soson degan odam hokimlik qilar edi. Mazkur Bozon hijriy 7 (milodiy 628) yilda Islomga kirdi. Bozonning Islomga kirishi bilan forslarning Yamanga hukmronlik qilishi ham o‘z yakuniga yetdi.
ARABISTON YARIMOROLI SHIMOLIDAGI DAVLATLAR
Anbot (nabotiylar) davlati
Bu davlat miloddan 400 yilcha avval qurilgan va milodiy 106 yilda inqirozga yuz tutgan. Anbotlar sahroviy qabilalar bo‘lib, Shom o‘lkasining janubiy qismida qaror topishgan edi. Ularning davlati shimolda G‘azodan boshlab, janubda Aqabagacha cho‘zilgan edi. Batro shahri uning poytaxti bo‘lgan. Mazkur davlat shimol va janub o‘rtasidagi tijorat yo‘lining eng muhim nuqtasida joylashgan bo‘lib, kelayotgan va ketayotgan tijorat karvonlaridan mazkur davlat tomonidan boj olinar edi.
Milodiy I asrda Anbot davlati o‘z taraqqiyotining eng yuqori cho‘qqisiga chiqdi. Mazkur davlatning nufuzi Damashqqacha, janub tomondan esa Solih alayhissalomning Madoin shahrigacha yetib borgan edi. Ular bunyod etgan me’morchilik obidalarining osori-atiqalari hozirgacha saqlanib qolgan. Anbot davlatining eng mashhur podshohlari Horisa III va Uboda II bo‘lgan. Milodning 106 yili bu davlatni rumliklar bosib olib, unga hukmronlik qila boshlashgan.
Tadmur (Palmira) davlati
Bu davlat qadimdan ma’lum va mashhur hisoblanadi. Tadmur davlati milodiy II-III asrlarda o‘z ravnaqining eng yuqori cho‘qqisiga erishdi. U Fors va Rum imperiyalarining o‘rtasidagi tijorat yo‘lida, strategik muhim o‘rinda joylashgan edi. Mazkur davlat rumliklar bilan yaxshi aloqalar o‘rnatgan bo‘lib, shu sababli forslarga qarshi vayrongarchilik urushlarida rumliklar tarafida qatnashgan va forslar ustidan juda ko‘plab g‘alabalar qozongan edi. Bu voqealar ularning Uzayna degan podshohi davriga to‘g‘ri keladi. Bu podshoh Suriyaning barcha tomonlarida o‘z nufuziga ega bo‘lgan edi. U milodiy 267 yilda vafot etgach, hukmronlikni xotini Zinubiya ismli ayol oldi. Bu ayol boshchiligidagi davlat rumliklarga qarshi juda ko‘p shiddatli kurashlar olib bordi va nihoyat yengildi. Ayol boshchilik qilgan davlat vayronaga aylantirildi. Anbotlar va tadmuriylar butlarga va tabiat kuchlariga sig‘inuvchi xalqlar bo‘lgan.
Hiyra mamlakati
Bu davlat muhojir qahtoniy va adnoniy arablardan iborat bo‘lib, unga Arabiston yarimorolining shimolida, Iroqning janubida asos solingan va Forsga tobe bo‘lgan. Forsliklar ularni himoya kilishar edi. Mazkur Hiyra davlatining eng mashhur podshohlaridan biri – Amr ibn Adiy Laxmiy (mil. 268-288 yy.), ikkinchisi – Munzir ibn Moussamo (mil. 512-554 yy.), uchinchisi – Nu’mon ibn Munzir (mil. 583-605 yy.) edi. Nu’mondan keyin Fors podshohi Hiyraga Iyos ibn Qabisa Toiyni podshoh qildi va unga sherik qilib bir fors odamni ham boshqaruvga qo‘ydi.
Hijriy 12 yil (milodiy 633) yili Xolid ibn Valid boshchiligidagi musulmonlar Hiyraga kelib, u yerni fath qildilar. Hiyraliklar jizya berishga rozi bo‘lib, musulmonlar bilan sulh tuzishdi. Keyinroq mamlakat aholisi Islomga kirdi.
G‘asson mamlakati
Bu mamlakat aholisi ham hijrat qilib kelgan yamanlik arablardan iborat edi. Ular milodiy V asr o‘rtasida Ma’rib to‘g‘oni qulaganidan keyin kelib, Shom cho‘llariga joylashishdi. U yerda Rumga tobe bo‘lib yashashdi, Rumni arablarning hujumlaridan himoya qiladigan bo‘lishdi, Ularning hukmi dastlab qabilachilik asosida bo‘lgan edi. G‘assonning mashhur podshohlaridan biri Ziyod ibn Habula edi. So‘ng G‘assonga Banu Jafna qabilasi hokimlik qildi va Damashq shahrini o‘zlariga poytaxt qilib olishdi. Ularning eng mashhur podshohlaridan biri Horis ibn Jabala, yana birlari Munzir ibn Horis va Jabala ibn Ayham bo‘lgan. Jabala ibn Ayham g‘assoniylarning oxirgi podshohi bo‘ldi. Uning davrida musulmonlar Shom yurtlariga kirdilar. Aytishlaricha, Jabala avval Islomni qabul qilgan, keyin dindan chiqib murtad bo‘lgan va Umar ibn Xattob roziyallohu anhuning davrlarida Rumga qochib ketgan.
Munziriylar va g‘assoniylarning tamaddundagi ahamiyati
Ushbu ikki davlat Fors va Rum tamaddunining turli-tuman ta’sirlarining Arabiston yarimorolida ham tarqalishida juda katta rol o‘ynadi, chunki ular mazkur tamaddunning yoyilishida ko‘prik vazifasini bajarar, vositachilik qilishardi. Mazkur tamaddunlarning eng muhimlari dinlap va ommaviy ma’rifatning turlari, harbiy bilimlar va boshqa kerakli narsalar majmuasidan iborat edi.
HIJOZ
Hijoz Islom da’vatining vatanidir. Ayni shu diyorda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam tug‘ilib, voyaga yetdilar. Hijoz vahiyning vatani, nurning taralish joyidir. Hijozdan isloh sadosi, Islom da’vati otilib chiqqan. Batahqiq, Islom Hijozni arab maydonidan dunyo maydoniga olib chiqdi.
MAKKANING PAYDO BO‘LISHI.
ISMOIL ALAYHISSALOM QISSASI
Ismoil alayhissalomning qissalari, u zotning hayotlari haqida yuqoridagi sahifalarda «Ismoil alayhissalom» sarlavhasi ostida batafsil so‘z yuritganmiz. Bu yerda esa ana shu voqealarni qisqacha eslab o‘tamiz.
Ismoil alayhissalom haqlaridagi ko‘plab xabarlar otalari Ibrohim alayhissalomning xabarlari ila chambarchas bog‘liq. Ibrohim alayhissalom qarigan choqlarida ko‘rgan o‘g‘illarini onasi bilan birga o‘simliksiz cho‘lda qoldirib ketdilar. Qaytib ketayotib Ibrohim alayhissalom o‘zlarining mashhur duolarini qildilar...
«Robbimiz, haqiqatda men o‘z zurriyotimni Baytul haroming yoniga, giyohsiz vodiyga joylashtirdim. Robbimiz, namozni to‘kis ado etishlari uchun. Bas, O‘zing odamlardan ba’zilarining qalblarini ularga talpinadigan qilgin va ularni mevalardan rizqlantirgin. Shoyad, shukr qilsalar» (Ibrohim surasi, 37-oyat).
Suvlari qolmagan Hojar onamiz o‘g‘illarining chanqaganini ko‘rib, chidab turolmadilar, Safo bilan Marvaning orasida yetti marta borib-keldilar. Keyin Alloh taolo Zamzamning o‘rnidan suv chiqardi. Bir necha yil o‘tib Yamandan kelayotgan bir guruh jurhumlik yo‘lovchilar mana shu joyga o‘rnashib qolishdi.
Ibrohim alayhissalom har zamonda kelib, oilalaridan xabar olib turdilar. Ismoil ham o‘sib-ulg‘ayib bordi.
Ibrohim alayhissalom ko‘rgan tushlariga binoan o‘g‘illarini qurbonlik qilish uchun uringanlarida, Ismoil alayhissalom yuksak odob bilan bu ishga bosh egdilar. Alloh taolo u kishining o‘rinlariga jannatdan bir qo‘chqorni ato etdi.
Ismoil alayhissalom Baytullohni bino qilishda otalariga yelkama-yelka turib yordam berdilar.
Alloh taolo Maryam surasida aytadi:
«...va Kitobda Ismoilni esla. U va’dasiga sodiq edi hamda rasul va nabiy bo‘lgan edi» (54-oyat).
«Ey Muhammad, ilohiy kitob – Qur’onda Ismoilning qissasini esla». Ismoil, hech shubhasiz, va’dasiga sodiq zot edilar. Sodiqlik har bir payg‘ambarga xos sifatdir. Ammo Ismoil alayhissalom boshqa payg‘ambarlardan o‘zlarining va’daga sadoqatlari bilan ajralib turganlar.
«...hamda rasul va nabiy bo‘lgan edi».
U zotning rasul va nabiy ekanlariga shak-shubha yo‘q. Demak, Ismoil alayhissalom xaloyiqni hidoyat yo‘liga chaqirganlar.
«U ahlini namozga va zakotga buyurar edi va Robbi huzurida rozi bo‘lingan edi» (55-oyat).
Ma’lum bo‘ladiki, Ismoil alayhissalomning shariatlarida ham namoz va zakot ibodatlari bo‘lgan. Bo‘lganda ham, alohida zikrga sazovor, yuksak maqomli ibodatlardan edi.
«...va Robbi huzurida rozi bo‘lingan edi».
Ya’ni «Robbining roziligiga sazovor bo‘lgan edi».
Alloh taolo Baqara surasida quyidagilarni aytadi:
«Hamda Ibrohim va Ismoilga: «Baytimni tavof qiluvchilar, muqim turuvchilar, ruku’ va sajda qiluvchilar uchun poklanglar», deb amr etdik» (125-oyat).
Ya’ni «Baytullohni atrofdan kelib tavof qiluvchilar, muqim turuvchilar, ruku’ va sajda qiluvchilar uchun poklab qo‘yishni buyurgan edik. Bu ham Ibrohim alayhissalom bilan bir qatorda Ismoil alayhissalomning maqomlari ulug‘ ekaniga dalolatdir.
Shuningdek, Anbiyo surasida:
«...va Ismoil, Idris va Zulkiflni (esla). Ularning har biri sabr qiluvchilardandir. Ularni O‘z rahmatimizga kiritdik. Ular solihlardandir», deydi (85-86-oyatlar).
Yuqorida keltirilgan oyati karimalarda Ismoil alayhissalomning bir necha sifatlari zikr qilinmoqda:
Alloh taolo Sod surasida quyidagilarni keltiradi:
«Ismoil, Al-Yasa’ va Zulkiflni ham esla. Barchalari axyorlardandir» (48-oyat).
Ismoil alayhissalom o‘zlari yashab o‘tgan joylardagi arablarga payg‘ambarlik qildilar.
U zot alayhissalom o‘n ikki o‘g‘il va bir qiz farzand ko‘rganlar. O‘g‘illarining har biri arab qabilalariga ota bo‘lganlari, Muhammad sollallohu alayhi vasallamning nasablari ham Ismoil alayhissalomga tutashishi haqida yuqorida so‘z yuritildi.
Ismoil alayhissalomdan so‘ng Makkani katta o‘g‘illaridan Nobit va Qaydorlar boshqarishdi. So‘ng Makka hukmdorligi ularning bobolari, ya’ni Ismoil alayhissalomning qaynotalari Muzoz ibn Amr Jurhumiy qo‘liga o‘tdi va shu tariqa Makka boshqaruvi jurhumliklar qo‘lida qolib ketdi. So‘ng bu qabila mazkur muqaddas shaharda fisqu fasod ishlar qildi. Milodiy II asr o‘rtalarida Makkai mukarramada yamanlik qabilalardan biri – Xuzo’a qabilasi hukmdorlik qildi. Ismoil alayhissalomning avlodlari esa betaraf bo‘lib turishdi. Ismoil alayhissalom davrlari taxminan miloddan avvalgi XX asrlarga to‘g‘ri keladi. Demak, jurhumiylar Makkada yigirma bir asr yashab, yigirma asrga yaqin vaqt mobaynida u yerga egalik qilib kelishgan.
Bir rivoyatga ko‘ra, mazkur Xuzo’a qabilasining uch yuz yillik hukmronligi davrida Makkai mukarramaga butlarga ibodat qilishdek shirk amali kirib keldi. Butlarni Shomdan Makkaga Xuzo’a qabilasining rahbari Amr ibn Luay olib kelgan bo‘lib, ularga ibodat qilgan, Makka ahli ham bu ishda unga ergasha boshlagan.
Vaqt o‘tishi bilan Ismoil alayhissalomning avlodlari ko‘payib bordi. Ularning ichida Kinona qabilasi mashhur bo‘ldi. Quraysh qabilasi o‘sha Kinonaning bir shoxobchasi hisoblanadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning beshinchi bobolari Qusay ibn Kilob milodiy 440 yili Xuzo’a qabilasini Makkadan quvib chiqardi va shaharga o‘zi rahbarlik qila boshladi. Shundan so‘ng Makkai mukarramada rahbarlik qilish Quraysh qabilasiga o‘tdi. Qusaydan keyin Makkada uning to‘ng‘ich o‘g‘li Abduddor hokim bo‘ldi. Undan keyin lavozimlarni uning va ukasi Abdumanofning o‘g‘illari o‘zaro taqsimlab olishdi. Taqsimotga ko‘ra, siqoya (hojilarni suv bilan ta’minlash), rifoda (muhtoj hojilarni taom bilan ta’minlash) va qiyoda (karvonlarning xavfsizligini ta’minlash) lavozimlari Abdumanof farzandlariga berildi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning uchinchi bobolari Hoshim ibn Abdumanof vafotiga qadar siqoya, rifoda mansablarining egasi bo‘lib turdi. Hoshimdan keyin ukasi Muttalib ibn Abdumanof, undan keyin Hoshimning o‘g‘li Abdulmuttalib, undan keyin Abdulmuttalibning bolalari bu sharafli xizmatlarga mas’ul bo‘lishdi. Islom kelgan paytda bu vazifalar Abbos ibn Abdulmuttalibda edi.
Abraha Yamandan kelib Makkaga hujum qilganida, Alloh taolo uning hujumini qaytardi. Bu hodisa milodiy 571 yilning boshida yuz berib, «Fil yili» nomi bilan mashhur bo‘ldi. Bu voqeadan salkam ikki oy o‘tib, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam dunyoga keldilar.
KЕYINGI MAVZULAR:
Fil yili. Ka’bani buzishga urinish;
Fitrat zamoni – ikki payg‘ambar oralig‘idagi davr;
Ubuvvat va risolatning ma’nosi;
Payg‘ambarlikni Alloh beradi;
Nabiy va rasullarga iymon;
Payg‘ambarlar bashardir;
Payg‘ambarlar ma’sumdir;
Payg‘ambar omonatdordir;
Mazkur masala yuzasidan ma’ruza qilgan Senatning sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasi raisi Abdulhakim Eshmurodov mamlakatimiz hayotining barcha jabhalarida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilib, jamiyatni yangilash yo‘lida tub o‘zgarishlar ro‘y berayotganini ta’kidladi. Mazkur ezgu amallar diniy va milliy qadriyatlarimizni yanada yuksaltirish borasida ham muhim o‘rin tutmoqda.
Tarixiy obidalar, muborak qadamjolar va ziyoratgohlarning obodonlashtirilgani, masjid va madrasalar faoliyatining yo‘lga quyilgani, o‘zbek xalqi hamda O‘zbekistonda yashovchi turli millat vakillarining milliy va diniy marosimlari, shuningdek, an’anaviy bayramlarining o‘tkazilayotgani buning yaqqol dalilidir.
E’tiborlisi, keyingi yillarda O‘zbekiston fuqarolari uchun Haj kvotasi 3 barobarga oshirilib, Umra ziyoratiga kvotalar to‘liq bekor qilindi. Ulug‘ ajdodlarimizning diniy-ma’rifiy salohiyatini dunyoga tanitish maqsadida O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi, O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy, Imom Moturidiy, Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari tashkil etilib, o‘z faoliyatlarini ko‘rsata boshladi.
Qonun va konsepsiya bilan fuqarolarning vijdon erkinligi huquqini ta’minlash va O‘zbekiston Respublikasi dunyoviy davlat ekaniga oid konstitutsiyaviy qoidalarni ro‘yobga chiqarish hamda diniy sohadagi davlat siyosatining maqsadi, vazifalari, prinsiplari, ustuvor yo‘nalishlari va ularni amalga oshirish mexanizmlari belgilanmoqda.
Ushbu hujjat bilan belgilanayotgan asosiy vazifalarning bajarilishi ustidan samarali parlament nazoratini amalga oshirish maqsadida parlament komissiyasi tashkil etilishi nazarda tutilmoqda.
Senator Komila Karomovaning fikricha, yurtimiz aholisi ko‘p millatli va ko‘p konfessiyali hisoblanadi. Ya’ni, 16 ta konfessiya mavjud bo‘lib, 130 dan ortiq millat va elatlar ahil va tinch-totuv yashamoqda. Shundan kelib chiqib aytishimiz mumkinki, yurtimizda umumjamiyat manfaatlarini ro‘yobga chiqarish, umummilliy va umuminsoniy qadriyatlarni belgilab olish, ijtimoiy adolat asosida totuvlikda yashash uchun barqaror muhitni ta’minlash zarur. Konsepsiyada aynan ushbu mexanizmlar belgilab berilmoqda. Konsepsiyaning yana bir muhim tomoni – unda soxta diniy e’tiqodlar ta’siri ostida taqiqlangan tashkilotlar tarkibiga adashib kirib qolgan shaxslarni ijtimoiylashtirishga ham e’tibor qaratilgan. Ushbu norma insonparvarlikning eng oliy namunasi hisoblanadi.
Fuqarolarning shaxsiy diniy qarashlari asosida ma’lum bir dinning boshqalariga nisbatan ustunligini targ‘ib qilish, diniy qoidalarni qonunchilik talablaridan yuqori qo‘yishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Shu bois, Konsepsiyada diniy sohadagi davlat siyosatining maqsadi fuqarolarning vijdon erkinligiga bo‘lgan huquqlarini amalga oshirish uchun teng shart-sharoitlar yaratish, turli dinlarga mansub diniy tashkilotlar o‘rtasida o‘zaro murosa va hurmat o‘rnatilishiga ko‘maklashish, konfessiyalararo totuvlikni mustahkamlash, jamiyatda diniy bag‘rikenglikni va dunyoviylikni ta’minlashdan iborat ekani belgilanmoqda.
Konsepsiyaning dolzarbligi shundaki, mazkur hujjat fuqarolarning vijdon erkinligi huquqini ta’minlashning huquqiy asoslarini yanada mustahkamlash, diniy sohadagi davlat siyosatining maqsadi, vazifalari, prinsiplarini hamda ustuvor yo‘nalishlarini aniq belgilashga, bu esa, jamiyatda bu sohada vujudga kelishi mumkin bo‘lgan muammolarni o‘z vaqtida bartaraf etishga, dinlararo va millatlararo nizolar kelib chiqishining oldini olishga xizmat qiladi.
Majlisda konsepsiyaning qabul qilinishi diniy bag‘rikenglik va konfessiyalararo totuvlikni ta’minlashga asoslangan munosabatlar modelini rivojlantirishning tashkiliy-huquqiy asoslari takomillashishiga, jamiyatda totuvlik, ijtimoiy hamjihatlik va birdamlik muhiti mustahkamlanishiga xizmat qilishi qayd etildi. Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.
Norgul Abduraimova,
Nosir Haydarov (surat), O‘zA