Ma’lumki, “Hilol nashr” nashriyot-matbaasi tomonidan Qur’ondan keyingi eng ishonchli manbaa deya e’tirof etilgan, ulug‘ bobomiz, vatandoshimiz Imom Buxoriy rahimahullohning “Sahihul Buxoriy” asarini “Oltin silsila” to‘plami sifatida 8 jildda nashr etilgan edi.
7 mart kuni nashriyot-matbaasining ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida “Sahihul Buxoriy” asaridan keyingi o‘rinda turuvchi Imom Muslim rahimahullohning “Sahihi Muslim” asarining nishona soni tez kunda nashr etilishi e’lon qilindi.
Alloh taolo nasib etsa, tez kunlarda xalqimiz “Sihohi sitta” (“Oltita ishonchli hadislar to‘plami”)ning ikkinchi o‘rinda turuvchi asari bo‘lmish “Sahihi Muslim” hadislar kitobini o‘qish baxtiga muyassar bo‘ladilar.
“Oltin silsila” to‘plami tarkibiga kiruvchi “Sahihi Muslim asarining tarjimasi, tahriri, izohlari, maslahatlari va nashrida ishtirok etayotgan barcha azizlarimizdan Alloh rozi bo‘lsin va ajrlarini ko‘paytirib bersin!
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Joriy yilning 2 iyun kuni ijtimoiy-ma’naviy muhitni yanada sog‘lomlashtirish, otinoyilar faoliyatini takomillashtirish maqsadida Namangan viloyatining shahar va tumanlarida faoliyat yuritayotgan bosh otinoyilar va targ‘ibot guruhi a’zolari ishtirokida o‘quv-seminar bo‘lib o‘tdi.
Seminarda Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi o‘rinbosari Matluba Qahharova, Xotin-qizlar masalalari bo‘yicha bo‘lim boshlig‘i Iroda Ahmedova, O‘zbekiston musulmonlar idorasi Xotin-qizlar masalalari bo‘yicha bo‘lim boshlig‘i Dilfuza Egamova ishtirok etishdi.
Yig‘ilishda “Fuqarolarning vijdon erkinligini ta’minlash va diniy sohadagi davlat siyosati konsepsiyasi”ning mazmun-mohiyati, bu borada amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar haqida so‘z yuritildi. Shuningdek, “Vijdon erkinligi huquqi kafolatlarini yanada mustahkamlash hamda diniy-ma’rifiy sohadagi islohotlarni yangi bosqichga olib chiqish to‘grisida”gi farmon mazmun-mohiyati tushuntirildi.
Otinoyilar faoliyati bo‘yicha yangi ishlab chiqilgan qo‘llanma o‘qib eshittirilib, har bir bandiga izoh berib o‘tildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati