Ma’lumki, “Hilol nashr” nashriyot-matbaasi tomonidan Qur’ondan keyingi eng ishonchli manbaa deya e’tirof etilgan, ulug‘ bobomiz, vatandoshimiz Imom Buxoriy rahimahullohning “Sahihul Buxoriy” asarini “Oltin silsila” to‘plami sifatida 8 jildda nashr etilgan edi.
7 mart kuni nashriyot-matbaasining ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida “Sahihul Buxoriy” asaridan keyingi o‘rinda turuvchi Imom Muslim rahimahullohning “Sahihi Muslim” asarining nishona soni tez kunda nashr etilishi e’lon qilindi.
Alloh taolo nasib etsa, tez kunlarda xalqimiz “Sihohi sitta” (“Oltita ishonchli hadislar to‘plami”)ning ikkinchi o‘rinda turuvchi asari bo‘lmish “Sahihi Muslim” hadislar kitobini o‘qish baxtiga muyassar bo‘ladilar.
“Oltin silsila” to‘plami tarkibiga kiruvchi “Sahihi Muslim asarining tarjimasi, tahriri, izohlari, maslahatlari va nashrida ishtirok etayotgan barcha azizlarimizdan Alloh rozi bo‘lsin va ajrlarini ko‘paytirib bersin!
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
#xabar #haj2025
Shu yil 12 iyun kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari va Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi Sodiqjon Toshboyev boshchiliklaridagi hojilarimizning dastlabki guruhlari eson-omon ona diyorimizga yetib keldilar.
Nurli yuzi, quvnoq ko‘zida Vatan sog‘inchi namoyon bo‘lgan hojilar jamoasini taniqli ulamolar, imom-domlalar, mutasaddilar va OAV vakillari Toshkent xalqaro aeroportida ehtirom ila kutib olishdi.
Hojilarimiz muborak zaminda Haq taoloning farzi – Haj amalini chiroyli ado etib, sog‘u salomat o‘z yurtiga yetib kelganlari va yaqinlari diydoriga yetishganlari uchun shukronalar aytish barobarida el-yurt haqqiga xayrli duolar qilishdi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati