Islom ummatining yetmish uch firqaga bo‘linishi va “Savodul a’zam”dan ajralmaslik lozimligi
Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga ummatlarining yetmish uch firqaga bo‘linib ketishlari bildirilgan. U zot alayhissalom bu haqida shunday xabar berganlar:
عَنْ أَبِى هُرَيْرَةَ أَنَّ رَسُولَ اللَّهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ تَفَرَّقَتِ الْيَهُودُ عَلَى إِحْدَى وَسَبْعِينَ أَوِ اثْنَتَيْنِ وَسَبْعِينَ فِرْقَةً وَالنَّصَارَى مِثْلَ ذَلِكَ وَتَفْتَرِقُ أُمَّتِى عَلَى ثَلاَثٍ وَسَبْعِينَ فِرْقَةً. رَوَاهُ التِّرْمِذِيُّ
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Yahudiylar yetmish bir firqaga yoki yetmish ikki firqaga bo‘linib ketganlar. Nasroniylar ham o‘shancha (firqaga bo‘linib ketishgan). Mening ummatim yetmish uch firqaga bo‘linadi”, – dedilar”. Imom Termiziy[1] rivoyat qilgan.
Boshqa bir hadisda esa ular haqida shunday deyilgan:
إِنَّ بَنِى إِسْرَائِيلَ تَفَرَّقَتْ عَلَى ثِنْتَيْنِ وَسَبْعِينَ مِلَّةً وَتَفْتَرِقُ أُمَّتِى عَلَى ثَلاَثٍ وَسَبْعِينَ مِلَّةً كُلُّهُمْ فِى النَّارِ إِلاَّ مِلَّةً وَاحِدَةً قَالُوا وَمَنْ هِىَ يَا رَسُولَ اللَّهِ قَالَ مَا أَنَا عَلَيْهِ وَأَصْحَابِى. رَوَاهُ التِّرْمِذِيُّ
“Albatta Bani Isroil yetmish ikki millatga bo‘linib ketganlar. Ummatim yetmish uch millatga bo‘linadi, faqat bitta millatdan boshqa barchasi do‘zaxda bo‘ladi”, – dedilar. Shunda (sahobalar): Ey Allohning Rasuli, ular kim? – deyishdi. U zot: “Mening va sahobalarimning yo‘lida bo‘lganlardir”, – dedilar”. Imom Termiziy rivoyat qilgan.
Ushbu hadisi sharifda faqat bitta millat to‘g‘ri yo‘ldan og‘ishmasdan najot topishlari xabari berilgan. Bu millatning qanday sifatda bo‘lishi haqida boshqa bir hadisda shunday deyilgan:
عَنْ أَنَسِ بْنِ مَالِكٍ سَمِعْتُ رَسُولَ اللهِ صَلَّى الله عَليْهِ وسَلَّمَ يَقُولُ إِنَّ أُمَّتِي لاَ تَجْتَمِعُ عَلَى ضَلاَلَةٍ فَإِذَا رَأَيْتُمُ اخْتِلاَفًا فَعَلَيْكُمْ بِالسَّوَادِ الأَعْظَمِ. رَوَاهُ ابْنُ مَاجَةَ
Anas ibn Molikdan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning: “Ummatim aslo zalolat ustida jamlanmaydi. Shuning uchun qachon ixtilof ko‘rsalaring “savodul a’zam” bilan birga bo‘linglar”, – deyayotganlarini eshitdim”. Ibn Moja[2] rivoyat qilgan.
“Savodul a’zam” kalimasi “ulkan jamoat” ma’nosiga to‘g‘ri keladi.
Ulamolar ushbu hadisda xabar berilgan “savodul a’zam”ni Ahli sunna val-jamoadir, – deganlar.
Demak, mazkur hadisi shariflarga ko‘ra Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning ummatlari ham ko‘plab firqalarga bo‘linib ketadilar. Ammo ularning ichidan faqat bittasi u zotning va sahobalarining hamda ularga ergashganlarning yo‘llarini mahkam ushlagan bo‘ladilar. Bu zotlar ummatning “savodul a’zam”i bo‘lishadi. “Savodul a’zam”dan ajralmaslik Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning barcha ummatlariga qarata aytgan buyruqlari hisoblanadi. Imom Moturidiy rohmatullohi alayhning shogirdlaridan biri Abul Qosim Hakim Samarqandiy “Savodul a’zam” asarida hadisi sharifda xabar berilgan najot topuvchilarning oltmish ikkita xislatini bayon qilgan. Ularning ayrimlari quyidagilardir:
– Musulmonlar jamoasiga qarshi chiqmaslik;
– Qibla ahli bo‘lgan kimsani madomiki halol sanab qilmagan bo‘lsa biror gunoh tufayli kofirga chiqarmaslik;
– Qadarning yaxshisi ham yomoni ham Allohdan deb bilish;
– Nohaq ravishda birorta musulmonga qarshi qurol ko‘tarmaslik;
– Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning shafoatlarini haq deb bilish;
– Valiylarning karomatlarini inkor etilmaydigan haq deb bilish;
– Gunohkor mo‘minlarga gunohlari miqdoricha do‘zax azobi bo‘lishini haq deb bilish;
– Alloh taoloni makon, zamon, kelish va ketish (kabi sifatlar)dan xoli deb bilish.
Abul Qosim Hakim Samarqandiy rahmatullohi alayh ushbu asarida mazkur xislatlarni moturidiya mazhabiga ko‘ra bayon qilgan.
Ba’zi ulamolar hadisi sharifda xabar berilgan yetmish ikki firqaning asli yettita firqaga taqaladi, deganlar va ularni nomma-nom keltirganlar:
Ushbu hisobga ko‘ra, mazkur firqalarning umumiy adadi yetmish ikkita bo‘ladi va bu qarashni aytgan ulamolarning nazdida bulardan keyin chiqadigan firqalar ham aslida ushbu firqalardan biriga mansub bo‘ladi.
Shu o‘rinda aqidaviy masalalardagi ixtiloflarning hammasida ham hukm sobit bo‘lmasligini bilib qo‘yish lozim. E’tiqodiy masalalar ikki qismga: “asl” (asosiy e’tiqod) va “far’” (asosiy e’tiqoddan kelib chiqqan e’tiqod)ga bo‘linadi.
“Asl” (asosiy e’tiqod) masalalarning o‘zi ham yana ikkiga bo‘linadi: “Usulud-din” (dinning asoslari) va “Usulu ahli sunna val-jamoa” (Ahli sunna val jamoaning asoslari).
“Usulud-din” (dinning asoslari) deganda Alloh taoloning borligi, Uning birligi, olamni Alloh taolo yo‘qdan bor qilgani kabi masalalar tushuniladi. Dinning asosi bo‘lgan bunday masalalarga qarshi chiqish bilittifoq kufr hisoblanadi.
“Usulu Ahli sunna val-jamoa” (Ahli sunna val jamoaning asoslari) deganda sahobalarni faqat yaxshilik bilan yodga olish, gunohi kabira tufayli mo‘min kishining dindan chiqmasligi, qabr azobi va ne’matining haqligi, jannatda Alloh taoloni ko‘rish aniqligi kabi masalalar tushuniladi. Ahli sunna val-jamoa ittifoq qilgan bunday masalalarga qarshi chiqish oqibati o‘ta xatarli bo‘lsa-da, bularga qarshi chiqqan kishi kufrga nisbat berilmaydi. Balki adashgan, fosiq va bid’atchi nisbati beriladi. Chunki bunday kimsa dinning asosiga emas, Ahli sunna val-jamoaning asosiga qarshi chiqqan bo‘ladi.
Aqidadagi far’iy (asosdan ajralib chiqqan) masalalar deganda yuqorida aytib o‘tilgan ikki qismga ham kirmaydigan juz’iy masalalar masalan, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Me’rojda o‘z ko‘zlari bilan Alloh taoloni ko‘rganmilar yo ko‘rmaganmilar kabi masalalar tushuniladi. Moturidiya va ash’ariya mazhablari orasidagi farqli qarashlar ham xuddi shu qismga kiradi.
Aqidadagi far’iy masalalarda qarama-qarshi e’tiqodda bo‘lish tufayli adashuvchi yo bid’atchi kabi biror hukm sobit bo‘lmaydi.
AQOID MASALALARI:
a) Usulid-din (qarshi chiqqan dindan chiqib ketadi);
b) Usulu ahli sunna val jamoa (qarshi chiqqan ahli sunnadan chiqib ketadi).
Demak, aqoid masalalarida nihoyatda haddan oshib ketgan rofiziy kabi ayrim firqalardan tashqari aksariyat firqalar dinning asosiga emas, balki, Ahli sunna val-jamoaning asosiga qarshi chiqqanlar.
Mashhur aqidaviy firqalar
Yuqorida bayon qilingan firqalarning eng mashhurlari va aqida kitoblarida ular bilan Ahli sunna val jamoa o‘rtasidagi bahslarga kengroq o‘rin ajratilgani asosan quyidagi firqalardir:
Xavorij firqasi
Xavorij firqasi “Tahkim”[3] voqeasidan keyin paydo bo‘lgan. Bu firqa turli guruhlarga bo‘linib ketgan bo‘lib, ulardan hozirda “Iboziya” firqasigina saqlanib qolgan. Bu firqa vakillari Mag‘ribda va Arabiston yarim orolining janubiy-sharqida uchraydi. Bu toifa mo‘taziliy firqasining ko‘pgina dasturlarini o‘zlashtirib olganlar. Jumladan, yaxshi va yomon narsalar aql bilan bilinadi, deb hisoblaydilar. Alloh taolo haqidagi “mutashobih” (bir-biriga zid ikki xil ma’no ehtimoli bor) xabarlarni ta’vil qilishga (aql yetadigan ma’noga o‘tkazishga) urinadilar, oxiratda Alloh taoloni ko‘rishni inkor qiladilar. Shu bilan birga, osiylar do‘zaxda abadiy qoladilar, degan qarashlari ham saqlanib qolgan. Iboziylar mazkur qarashlarida mo‘taziliylar bilan bir xil ekanini inkor qilmaydilar, balki mo‘taziliylar bu qarashlarni bizdan olishgan, deb da’vo qiladilar.
Xavorijlarda takfir tushunchasi va ularga
ulamolarning raddiyalari
Takfir so‘zi “birovni kufrga kiritish”, “Islomdan ajratish” ma’nolarini anglatadi. Xavorij firqasi o‘zlariga qarshi bo‘lganlarni kofirga chiqarib ularning qonlarini to‘kishni halol sanaganlar. O‘zlariga qarshi chiquvchilarning diyorlarini “Dorul harb” (musulmon bo‘lmagan diyor) deb nomlaganlar. Ular Ali roziyallohu anhuning “tahkim” ni qabul qilishini kufr deb hisoblaganlar. Ya’ni Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning tarbiyalarini olib ulg‘aygan, tirikligidayoq jannat bashorati berilgan “Asharai mubashshara” (Jannatiy ekani aytilgan o‘n kishi)dan biri bo‘lgan zotni kofirga chiqarishgan.
Har bir davrda ham Ahli sunna val-jamoa ulamolari “jaholatga qarshi ma’rifat” bilan kurashga alohida e’tibor qaratganlar. Adashgan firqalarning xatolarini tushuntirib, ularni to‘g‘ri yo‘lga solishga, musulmonlarning birdamligi-yu tinch-totuvligini asrash yo‘lida jonbozlik ko‘rsatib kelganlar.
Ali roziyallohu anhu o‘zlariga nisbatan bunday hukm chiqargan shovvozlarning g‘aroyib da’volariga javob berish va ularga to‘g‘ri yo‘lni ko‘rsatish uchun Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhuni elchi qilib yuborgan. Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhu va xavorij yetakchilari o‘rtasida quyidagi bas'h-munozara bo‘lib o‘tgan:
Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhu: Uni (ya’ni mo‘minlar amiri Ali roziyallohu anhuni) nimada ayblaysizlar?
Xavorijlar: “Uch narsada”.
Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhu: “Qanday narsalar?”
Xavorijlar: 1. Allohning amri bo‘lgan narsada kishilarni hakam qildi. Vaholanki, Alloh taolo: ﴿ إِنِ ٱلۡحُكۡمُ إِلَّا لِلَّهِ ﴾”Hukm faqat Alloh ixtiyorida-dir”[4], degan;
Abdulloh ibn Abbos rozyallohu anhu: “Agar sizlarga Allohning kitobidan va Rasulining sunnatidan so‘zlaringiz xato ekaniga dalolat qiladigan dalil keltirsam qaytasizlarmi?”.
Xavorijlar: “Nega qaytmas ekanmiz?”.
Abdulloh ibn Abbos rozyallohu anhu: “Allohning amrida kishilarning hukm qilishiga keladigan bo‘lsak, Alloh taoloning O‘zi kitobida shunday degan:
﴿يَٰٓأَيُّهَا ٱلَّذِينَ ءَامَنُواْ لَا تَقۡتُلُواْ ٱلصَّيۡدَ وَأَنتُمۡ حُرُمٞۚ وَمَن قَتَلَهُۥ مِنكُم مُّتَعَمِّدٗا فَجَزَآءٞ مِّثۡلُ مَا قَتَلَ مِنَ ٱلنَّعَمِ يَحۡكُمُ بِهِۦ ذَوَا عَدۡلٖ مِّنكُمۡ ﴾
“Ey iymon keltirganlar! Ehromda bo‘la turib, ovni o‘ldirmangiz! Sizlardan kimki uni qasddan o‘ldirsa, (jazosi) xuddi (xonaki) hayvon o‘ldirish bilan barobar jazodir: u (ham bo‘lsa) Ka’baga (yurib) bora oladigan qurbonlik bo‘lib, unga o‘zlaringizdan ikki adolatli kishi hakamlik qilur”[5].
Boshqa bir oyatda er-xotin haqida:
﴿وَإِنۡ خِفۡتُمۡ شِقَاقَ بَيۡنِهِمَا فَٱبۡعَثُواْ حَكَمٗا مِّنۡ أَهۡلِهِۦ وَحَكَمٗا مِّنۡ أَهۡلِهَآ إِن يُرِيدَآ إِصۡلَٰحٗا يُوَفِّقِ ٱللَّهُ بَيۡنَهُمَآۗ ﴾
“Agar ular (er-xotin)ning oralari buzilib ketishidan qo‘rqsangiz, er oilasidan bir hakam, xotin oilasidan bir hakam yuboringiz. Agar (er-xotin) islohni xohlasalar, Alloh o‘rtalarini muvofiqlashtirgay”[6], degan. Demak, Alloh taolo hakamlikni kishilarga topshirgan. Sizlardan Alloh haqqi bilan so‘rayman aytinglar-chi, musulmonlarning qoni va oralaridagi isloh to‘g‘risida kishilarning hakam bo‘lishlari afzalmi yoki narxi to‘rt dirham bo‘lgan quyon to‘g‘risida va xotin bilan yashash to‘g‘risida hakam bo‘lishlari afzalmi?”.
Xavorijlar: “Yo‘q, albatta bu afzal”.
Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhu: “Sizlarni bu fikrdan qaytardimmi?”.
Xavorijlar: “Ha, albatta”.
Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhu: “Sizlarning urishdi-yu, tahqirlamadi ham, o‘lja ham olmadi, degan so‘zlaringizga keladigan bo‘lsak, onalaringiz Oishani tahqirlamoqchi edilaringizmi? Agar onamiz emas, desalaringiz kofir bo‘lasizlar (agar onamiz desangiz qilayotgan iddaoingizni o‘zingiz inkor qilgan bo‘lasiz). Sizlar ikkita zalolat orasida taraddudlanib qolgansizlar. Endi sizlarni bu fikrdan qaytardimmi?”.
Xavorijlar: “Ha, albatta”.
Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhu: “Barcha mo‘minlarning amiri bo‘lishidan o‘zini ozod qildi, degan so‘zlaringizga keladigan bo‘lsak, sizlar rozi bo‘ladigan bir narsani aytaman. Allohning Payg‘ambari sollallohu alayhi vasallam Hudaybiya kunida Suhayl ibn Amr bilan sulh tuzganda: ey Ali, bu Allohning elchisi Muhammad sulh tuzgan narsalar, deb yoz, degandilar. Shunda Suhayl ibn Amr: seni Allohning elchisi deb bilmaymiz. Agar Allohning elchisi deb bilganimizda sen bilan urushmas edik, dedi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: Ey, Allohim, sening elching ekanimni O‘zing bilasan, dedilarda: Ey Ali (yozganingni) o‘chirib: “Bu Muhammad ibn Abdulloh hamda Suhayl ibn Amr sulh tuzgan narsalar” deb yozgin, – dedilar...”.
Ushbu javobdan so‘ng ikki mingdan ziyod kishilar xavorijlikdan qaytgan edilar.
Hozirgi kunimizda ham zamonamizning yuzdan ortiq eng mo‘tabar ulamolari “zamonaviy xavorijlar”ga xuddi shu uslubda “ochiq xat” bilan murojaat qildilar. Koshki edi bular ham bor haqiqatni anglab yetib, to‘g‘ri yo‘lga qaytsalar...
Ustoz Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rahmatullohi alayh “Ochiq xat” asarlarida musulmonlar orasidagi noxushliklarning bosh sabablari va ularni bartaraf qilish chora tadbirlari haqida batafsil bayon qilgan.
Shia firqasi
“Shia” so‘zi “tarafkash” ma’nosini anglatadi. Shialar dastlab Usmon roziyallohu anhuning xalifaliklari so‘ngida yuzaga kelgan firqa hisoblanadi. Shialarning o‘zlari ham juda ko‘plab firqalarga bo‘linib ketgan bo‘lib, hozirgi kunda ularning uchta eng katta asosiy firqasi bor:
– Shariat jaholat bilan kirlanib, zalolat bilan aralashib ketgan, uni yuvib tozalash faqat falsafa bilan bo‘ladi;
– Aql to‘g‘ri topishi ham, xato qilishi ham mumkin. Shuning uchun din ishida unga suyanib bo‘lmaydi. Aqlning yolg‘iz o‘zi Alloh taoloni tanishga ojizlik qilgani uchun bu ishda boshqa bir masdarga suyanish lozim bo‘ladi. U masdar ma’sum muallim, ya’ni ismoiliy imomdir. Alloh taoloni tanishga, din hukmlarini anglashga yolg‘iz yo‘l mana shudir;
– Alloh taoloni bor ham demaymiz, yo‘q ham demaymiz, olim ham demaymiz, johil ham demaymiz, qodir ham demaymiz ojiz ham demaymiz... Chunki Alloh taoloning sifatlari haqiqiy isbot qilinsa, U zot bilan boshqa mavjudotlar orasida sheriklik taqozo qilinib qoladi.
– Ilm. Ya’ni imom ilmli bo‘lishi shart. Bundan tashqari shijoat, iffat, to‘g‘riso‘zlik va saxiylik singari o‘z asrining eng afzali bo‘lishi uchun lozim bo‘lgan sifatlar bo‘lishi shart. Agar o‘z asrida undan afzal kishi bo‘ladigan bo‘lsa, imomlik to‘g‘ri bo‘lmaydi. Har bir asrda faqat bitta imom bo‘ladi. Mazkur sifatlar ichida eng muhimi ilm sifati hisoblanadi. Chunki imom ilmni Nabiy sollallohu alayhi vasallamdan, yo o‘zidan oldingi imomdan qabul qilib olgan yoki unga ilhom qilingan bo‘ladi. Uning ilmi boshqalardek ta’lim olish bilan hosil bo‘lmaydi.
– Ismat. Ya’ni imom Nabiy sollallohu alayhi vasallam singari barcha zohiriy va botiniy yomon ishlarni qasddan qilishdan ham, bilmasdan qilishdan ham ma’sum bo‘lishi kerak. Bu ma’sumlik uning go‘dakligidan to vafot etguncha bo‘lishi lozim. Chunki imom shariatni va uning hukmlarini anglash yo‘lini saqlovchi shaxsdir. Agar unda xato kamchiliklar bo‘lishi joiz bo‘lsa, uning xatosi tufayli butun ummat zalolatga ketib qoladi.
– Karomatlari zohir bo‘lishi kerak. Ya’ni bu imomning haqiqiy imom ekaniga dalolat qiladigan karomatlari bo‘lishi kerak. Chunki ba’zi vaqtlarda xaloyiq faqat o‘sha karomatlari orqaligina uning imomligini qabul qilishlari mumkin. Ana o‘shanda odamlar uning Alloh tomonidan tayinlangan imom ekanini anglaydilar.
Isnoashariya firqasi e’tiqod qiladigan imomlar:
Isnoashariya firqasi vakillari ushbu o‘n ikkinchi imom Muhammad Mahdiy ibn Hasan Askariyni bir kuni qaytib keladi, deb e’tiqod qiladilar.
– O‘zidan afzal kishi bo‘la turib, afzal bo‘lmagan kishi ham imom bo‘lishi joiz;
– Sahobalar ataylab xilof ishni qilmaganlar. Chunki Nabiy sollallohu alayhi vasallam imomlikka Ali roziyallohu anhuning sifatini aytib ishora qilganlar, shaxsini aytmaganlar;
– Imom – Ali va Fotima roziyallohu anhumolarga mansub zohid, shijoatli, o‘ziga ergashishga chaqiruvchi, amru ma’ruf qilib, nahiy munkar qiluvchi bo‘lishi kerak;
– Agar zarurat bo‘lsa bir-biridan uzoq ikki o‘lkada ikki imom bo‘lishi joizdir. Imom ma’sum bo‘lishi shart emas.
Adl va tavhid masalalarida mo‘tazila firqasining qarashlarini o‘zlashtirganlar.
Mo‘tazila firqasi
Mo‘tazila firqasi tobeinlar davrida paydo bo‘lgan va o‘zlarnining aqidaviy qarashlarini ishlab chiqqan firqa hisoblanadi. Bu firqaning asoschilari Vosil ibn Ato va Amr ibn Ubayd ismli shaxslar bo‘lgan. Aqidaviy qarashlarini ishlab chiqishda aqlga suyanganlar. Ko‘proq yunon falsafasidan ta’sirlanganlar. Mo‘tazila firqasi Ismoiliya firqasi singari haddan oshib ketmagan. Imomlik masalasida Ahli sunna val-jamoaga xilof qilmagan. Mo‘taziliylarning beshta asosiy qoidalari bo‘lgan:
Mo‘tazila firqasining boshqa firqalardan ajralib turadigan jihati shuki bu firqa shia yo xavorijlarga o‘xshagan siyosiy firqa bo‘lmagan.
Hashviya firqasi
Hashviya firqasini muayyan bir firqa deyish ham qiyin. Chunki ular shar’iy dalillarni yaxshi tushunmaydigan turli guruhlar bo‘lishgan. Hashviya firqasi Qur’on va sunnatda kelgan zohiri Alloh taoloning maxluqotlarga o‘xshash ekaniga dalolat qiladigan dalillarni aynan o‘shanday deb e’tiqod qilishga urinadigan firqa bo‘lgan. Bu firqa turli xato qarashlari tufayli “hashviya” deb nomlanib qolgan. Aslidaحَشْوٌ kalimasi “bir narsaning ichiga tiqilgan narsa” ma’nosini anglatadi. Ushbu firqaning bunday nomlanishi haqida uch xil qarash bor:
KЕYINGI MAVZULAR:
Zohiriya mazhabi;
Ahli sunna val-jamoaning ikki aqidaviy maqsadi;
Imom Ash’ariy va ash’ariya mazhabi;
Imom Moturidiy va moturudiya mazhabi;
Imom Moturidiyning ustozlari;
Imom Moturidiyning shogirdlari;
Imom Moturidiyning asarlari;
Maqolalar;
Raddiyalar;
Alloh taologo iymon keltirish asoslari;
Imom Moturidiyning unvonlari;
Moturidiya mazhabining rivojlanishi;
Moturidiya mazhabining mashhur ulamolari;
Abul Muin Nasafiy;
Abulyusr Pazdaviy;
Abu Hafs Najmiddin Umar Nasafiy;
Nuriddin Sobuniy Buxoriy;
Kamol ibn Humom;
Mulla Ali Qori;
[1] Muhammad ibn Iso ibn Savra ibn Muso Bug‘iy Termiziy hijriy 209 yilda Termiz shahrida tug‘ilgan. Imom Termiziy Imom Buxoriyning shogirdlaridan bo‘lgan. Ilm talabida Xuroson, Tobariston, Bag‘dod, Basra va Hijoz kabi diyorlarni kezib chiqqan. Umrining oxirida ko‘zlari ojiz bo‘lib qolgan. Imom Termiziyning yodlash quvvatlari nihoyatda kuchli bo‘lganidan, hifzda bu zot zarbulmasal qilingan. Imom Termiziyning eng mashhur kitobi “Sunani Termiziy”dir. Bundan tashqari “Shamoilu Nabaviya”, “Tarix” va “Ilal” kabi ko‘plab kitoblari bo‘lgan. Imom Termiziy hijriy 279 yilda 70 yoshida Termizda vafot etgan.
[2] Muhammad ibn Yazid Rob’iy Qazviniy hijriy 209 yilda hozirgi Eron hududiga kiruvchi Qazvin nomli joyda tug‘ilgan. Imom Ibn Moja ilm talabida Basra, Bag‘dod, Shom, Misr va Hijoz kabi diyorlarni kezib chiqqan. Imom Ibn Mojaning eng mashhur kitobi “Sunani Ibn Moja”dir. Bundan tashqari “Tafsirul Qur’on” va “Tarixu Qazvin” kabi ko‘plab kitoblari bo‘lgan. Imom Ibn Moja hijriy 273 yilda 64 yoshida Qazvinda vafot etgan.
[3] Ali roziyallohu anhu va Muoviya roziyallohu anhular o‘rtasidagi bitim ahdi.
[4] Yusuf surasi, 40-oyat.
[5] Moida surasi, 95-oyat.
[6] Niso surasi, 35-oyat.
Payg‘ambarlik faqat kitob tushishi bilan emas, balki Alloh taolo tanlab olgan bandalariga vahiy nozil qilishi bilan amalga oshishi yetti qat’iy dalil orqali isbotlab berildi. Shuningdek, payg‘ambarlarga keladigan vahiy ikki tur – tilovat qilinadigan (matluv) va tilovat qilinmaydigan (g‘ayri matluv) bo‘lishi ham ko‘rsatib o‘tildi.
Endi esa Qur’oni karimning bir qator oyatlarini keltiramiz. Ular o‘z matni, mazmuni yo boshqa dalil ko‘magi bilan shuni ko‘rsatadiki, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam tomonidan shariat o‘laroq bayon etilgan, ammo Qur’onda bo‘lmagan hukmlar ham vahiydir. Bu oyatlar vahiyning bir turi – tilovat qilinmaydigani (ilohiy kitobga kirmagani) ham borligiga dalolat bo‘ladi.
Bunday oyatlar juda ko‘p bo‘lib, barchasini birdaniga jamlashga hojat yo‘q. Zero, bir oyatning o‘ziyoq haqiqatni anglash uchun kifoya qiladi. Shunday bo‘lsa-da, muqaddas Kitobimizning uslubiga ergashgan holda, sunnatning vahiy ekanini qat’iy isbotlovchi oyatlardan ko‘proq keltirish lozim topildi. Chunki bu masalaning g‘oyatda muhimligi bois shu ma’nodagi so‘zlar Qur’oni karimda turli uslublar bilan qayta-qayta ta’kidlagan. Mus'hafi sharifni sharhlashda, islom ahkomlarini bayon qilishda ham bu masala eng muhim poydevor hisoblanadi.
1. Alloh taolo bunday marhamat qiladi: «Botayotgan yulduz bilan qasamki, birodaringiz (Muhammad alayhissalom) adashgani ham yo‘q, yo‘ldan ozgani ham yo‘q. Va u (sizlarga keltirayotgan Qur’onni) o‘z havoyi xohishi bilan so‘zlamas. U (Qur’on) faqat (Alloh tomonidan) vahiy (nozil) qilinayotgan bir vahiydir. Unga (bu vahiyni) kuchga to‘lgan bir zot (ya’ni, Jabroil alayhissalom) ta’lim bermishdir» [Najm surasi, 1–5-oyatlar].
Alloh taolo tong otayotganda botadigan yulduzlar bilan qasam ichib, Payg‘ambarning haq yo‘lda ekanini, adashmagani va yo‘ldan ozmaganini ma’lum qildi. Bu yerda «adashgan» – haq va aniq yo‘lni bilmay, ilmsizlik bilan qorong‘ulikda qadam bosgan johil. «Yo‘ldan ozgan» esa haqni bila turib, qasddan va ongli ravishda undan yuz o‘girib, boshqa yo‘lga ketgan kimsadir.
Bu oyat Alloh taoloning O‘z qasami bilan mustahkamlangan buyuk guvohligi bo‘lib, bunday shahodat Rasulining barcha holat va ishlarda to‘g‘ri yo‘lda ekanini tasdiqlaydi. Shuningdek, keltirgan barcha narsalari – Kitob bo‘lsin yo hadis – to‘g‘ri va haq ekaniga dalil bo‘ladi.
So‘ng Alloh taolo bu haqiqatni yanada mustahkamlab, «U o‘z havoyi xohishi bilan so‘zlamas» deyapti. Keyin «U (Qur’on) faqat (Alloh tomonidan) vahiy (nozil) qilinayotgan bir vahiydir» deb, ta’kidni eng oliy cho‘qqiga chiqaryapti. Oyatdagi cheklov (hasr) uslubi vahiydan tashqari har qanday ehtimolni rad etadi. Ya’ni, u zot alayhissalomning gaplari faqat va faqat nozil qilinayotgan vahiydir. Bu Payg‘ambar alayhissalomning har bir so‘zi Qodir Parvardigordan kelgan vahiy ekaniga eng oliy tasdiqdir. Bu esa, «o‘z havoyi xohishi bilan so‘zlamas» degan gap shunchaki majoz emas, balki aynan haqiqat ekanini ko‘rsatadi.
Bu ibora umumiy ma’no tashiydi, ya’ni u zotning og‘izlaridan chiqqan barcha so‘zlarni o‘z ichiga oladi. Zero, arab tili qoidalariga ko‘ra, inkor gap tarkibidagi fe’l inkor qilingan nakra (noma’lumlik) so‘z hukmida bo‘lib, umumiy ma’noni anglatadi. Demak, u zotning shariat va dinni yetkazish bilan bog‘liq har bir gapi shu umumiy ma’noga kiradi. Buni faqat Qur’onga xoslab qo‘yish uchun hech qanday dalil yo‘q. Shunday ekan, oyatning ma’nosi: «U zot aytgan har bir gap – Kitob bo‘lsin yo hadis – faqatgina nozil qilinayotgan vahiydir», deganidir.
Bu oyatning umumiy ma’noga ega ekani va nafaqat Qur’onni, balki hadisni ham o‘z ichiga olishini Abdulloh ibn Amr ibn Os roziyallohu anhudan rivoyat qilingan ushbu hadis qo‘llab-quvvatlaydi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan eshitgan har bir narsani yodlab qolish niyatida yozib borar edim. Qurayshliklar meni bundan qaytarib: «Rasulullohdan eshitgan hamma narsangni yozyapsanmi? Axir, Rasululloh ham oddiy inson bo‘lsalar, ba’zan g‘azab ustida ham gapiradilar-ku!» dedi. Shundan keyin yozishdan to‘xtadim va buni Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga aytdim. U zot barmoqlari bilan og‘izlariga ishora qilib: «Yozaver, jonim qo‘lida bo‘lgan Zotga qasamki, bu yerdan faqat haqiqat chiqadi», deb buyurdilar» [Abu Dovud va Dorimiy rivoyat qilgan].
Ulamolarning fikriga ko‘ra, bevosita vahiy kelmagan paytlarda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning o‘z ijtihodlari bilan hukm chiqarishlari joiz bo‘lgan. Bu holat yuqoridagi «u (sizlarga keltirayotgan Qur’onni) o‘z havoyi xohishi bilan so‘zlamas. U (Qur’on) faqat (Alloh tomonidan) vahiy (nozil) qilinayotgan bir vahiydir» degan umumiy qoidaga zid kelmaydi. Chunki Alloh taolo o‘sha vaziyatlarda u zotga ijtihod qilishga izn bergan. Bu ruxsatning o‘zi ham Alloh taoloning O‘z Payg‘ambariga vahiysidir. Demak, Nabiy sollallohu alayhi vasallam o‘z ijtihodlarida ham baribir Allohning vahiysiga ergashgan bo‘ladilar. Bunga Alloh taoloning Rasululloh sollallohu alayhi vasallam tili bilan aytgan ushbu so‘zlari dalildir: «Men faqat o‘zimga vahiy qilingan narsalargagina ergashurman» [An’om surasi, 50-oyat].
Shunday ekan, u zotning ijtihodlari va o‘sha ijtihod tayanadigan asoslarning barchasi vahiydir, aslo havoyi xohish emas. Zero, bu ruxsat go‘yo Alloh taoloning O‘z Payg‘ambariga «Biror hukmni to‘g‘ri deb bilsangiz, u Mening hukmimdir», ya’ni «Qalbingizga solingan har bir narsa Mening irodamdir» deganidek gap. Shuning uchun ham bu haqiqiy vahiy hisoblanadi va yuqoridagi umumiy qoidaga to‘liq muvofiq bo‘ladi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning ijtihodlarida xato bo‘lishi ehtimoli bor, deb hisoblaydigan ulamolar mazhabiga ko‘ra esa, Nabiy sollallohu alayhi vasallam biror ijtihodda yanglishgan bo‘lsalar, Alloh taolo uni o‘sha holatda qoldirmagan, balki vahiy yo‘llaridan biri bilan darhol haqiqatni bayon qilib bergan. Demak, Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam din sifatida mustahkamlanib, qaror topgan hukmlarda qanday havoyi xohish bilan gapirmaganlari singari hali yakuniy to‘xtamga kelinmagan va ijtihod qilgan masalalarida ham aslo nafslariga tayanib so‘z yuritmaganlar. Balki u zotning aytganlari bevosita vahiy kelmaganda ijtihod qilishga berilgan ilohiy ruxsatga – ya’ni, baribir vahiyga asoslangan bo‘lgan.
Xulosa qilib aytganda, Alloh taoloning O‘z Rasuliga ijtihod qilishga ruxsat berishi go‘yo unga: «Biror hukmni to‘g‘ri deb bilsanging va Men uni shundayligicha qoldirsam, demak, u Mening hukmimdir», deb aytishi kabidir.
2. Qur’oni karimning qator oyatlarida «hikmat» so‘zi «Kitob» so‘zi bilan ketma-ket kelgan. Ularning bir qismida ikki kalima ham Alloh taolo tomonidan o‘rgatilgani bayon qilingan bo‘lsa, boshqa qismida ikkisining ham Haq taolo tomonidan nozil qilingani ochiq-oydin aytilgan.
Alloh subhonahu va taolo bunday marhamat qiladi: «Ey Rabbimiz! Ularga (kelajak ummatlarga) o‘zlaridan (chiqqan), ularga oyatlaringni tilovat qilib beradigan, Kitob va hikmat (Qur’on va hadis)ni o‘rgatadigan va ularni (kufr va gunohlardan) poklaydigan bir payg‘ambar yuborgin! Albatta, Sen Aziz (qudratli) va Hakim (hikmat sohibi)dirsan » [Baqara surasi, 129-oyat].
Yana Alloh taolo bunday deydi: «Shuningdek, sizlarga o‘zingizdan bo‘lmish bir payg‘ambar yubordikki, u sizlarga oyatlarimizni o‘qib beradi, sizlarni (shirk va gunohlardan) poklaydi, sizlarga Kitob (Qur’on) va hikmatdan (Hadisdan) ta’lim beradi va bilmaganlaringizni bildiradi » [Baqara surasi, 151-oyat].
Haq taolo aytadi: «Albatta, Alloh mo‘minlarga o‘zlaridan bo‘lgan (ya’ni, odam jinsidan bo‘lgan), ularga Allohning oyatlarini tilovat qilib beradigan, (gunohlaridan) poklaydigan hamda ularga Kitob va hikmatni o‘rgatadigan payg‘ambarni yuborish bilan yashilik qildi. Holbuki, ular ilgari ochiq xato-zalolatda edilar» [Oli Imron surasi, 164-oyat].
Alloh taolo bunday marhamat qiladi: «U (Alloh) omiylarga (ya’ni, ahli kitob bo‘lmagan ilmsiz kishilarga) o‘zlaridan bo‘lgan, ularga (Qur’on) oyatlarini tilovat qiladigan, ularni (shirk va jaholatdan) poklaydigan hamda ularga Kitob – Qur’on va hikmat – hadisni o‘rgatadigan bir payg‘ambarni (ya’ni, Muhammad alayhissalotu vassalomni) yuborgan Zotdir. Shak-shubhasiz, ular (payg‘ambar kelishidan avval) ilgari ochiq zalolatda edilar» [Jum’a surasi, 2-oyat].
E’tibor bering, ushbu oyatlarda Nabiy sollallohu alayhi vasallamning mo‘minlarga Kitob va hikmatni o‘rgatishlari Allohning oyatlarini tilovat qilib berishlariga bog‘lab keltirilmoqda. Ya’ni, Kitob va hikmatni o‘rgatish oyatlarni tilovat qilishdan butunlay boshqa narsadir. Buni ilohiy bayondagi so‘zlarning turlicha kelgani ham ko‘rsatib turibdi. Zero, Alloh taolo dastlabki harakatni «tilovat» deb, keyingisini esa «o‘rgatish» deb atayapti. Ta’lim berish esa shunchaki tilovat qilishdan farq qiladi. Qolaversa, arab tili qoidalariga ko‘ra, so‘zlarni bir-biriga bog‘lab so‘zlash (atf) ular o‘rtasida ma’no jihatidan farq borligini bildiradi. Ayniqsa, keyingi uch oyatda Kitob va hikmat ta’limi bilan tilovat «ularni poklaydigan» mazmunidagi jumla bilan ajratilgani bu ikki tushuncha bir-birini shunchaki sharhlab keluvchi sinonimlar emasligini yana bir bor qat’iy tasdiqlaydi.
Oyatlarni tilovat qilishning ma’nosi hammaga tushunarli. Kitobni o‘rgatish esa Qur’ondagi umumiy va muxtasar hukmlarni bayon qilib berish demakdir. Bunga Alloh taoloning ushbu so‘zlari dalil bo‘ladi: «Sizga esa odamlarga nozil qilingan (ma’lumotlar)ni bayon (tafsir) qilib berishingiz uchun va tafakkur qilsinlar, deb bu zikrni (Qur’onni) nozil qildik» [Nahl surasi, 44-oyat] Alloh taolo O‘z Rasuli Muhammad sollallohu alayhi vasallamga Qur’onni sharhlash, undagi qisqa hukmlarni batafsil tushuntirish va mavhum joylariga oydinlik kiritish vazifasini yuklagan. Bu ulug‘ vazifa esa faqatgina hikmatni o‘rgatish orqali amalga oshadi. Hikmat esa – Alloh taolo u zotga vahiy qilgan sunnatdir.
Bu tahlil “hikmat” so‘zi Kitobga bog‘lanib kelgan boshqa oyatlarda ham Qur’ondan farqli o‘laroq alohida bir asos – Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning sunnatlari ekaniga yorqin dalildir.
Qur’onda “hikmat” deb atalgan ushbu sharafli nabaviy sunnat Alloh taolo tomonidan nozil qilingan vahiy ekanini ochiq-oydin ko‘rsatuvchi oyatlar ham bor. Jumladan, Alloh subhonahu va taolo bunday amr etadi: «Allohning sizlarga bergan ne’matini va sizlarga nasihat sifatida nozil qilgan Kitob va hikmatni (hadislarni) yodingizda tutingiz!» [Baqara surasi, 231-oyat].
Yana bunday marhamat qiladi: «Alloh sizga Kitob va hikmatni nozil qildi va bilmagan narsalaringizni bildirdi. Allohning sizga fazlu marhamati ulug‘ bo‘ldi» [Niso surasi, 113-oyat].
Ushbu oyatlardagi «Kitob va hikmat» degan ilohiy so‘zlar hikmat xuddi Qur’oni karim kabi Alloh taolo tomonidan nozil qilinganini ochiq ko‘rsatadi. Chunki u “Kitob” so‘zi bilan yonma-yon va unga bog‘lanib kelmoqda.
Shunday qilib, dastlabki misollardagi oyatlar orqali hikmatning Kitobdan boshqa narsa ekani isbotlandi. Keyingi misollar bilan bu hikmat ham xuddi Kitob kabi Allohdan nozil bo‘lgan ilohiy vahiy ekani o‘z tasdig‘ini topdi. Ana shu vahiy nabaviy sunnatdir, vallohu a’lam.
Imom Shofeiy rahmatullohi alayh Kitob bilan hikmat o‘rtasidagi bu farqni qat’iy ta’kidlab, mazkur oyatlar sharhida bunday degan: «Alloh Kitobni zikr qildi – u Qur’ondir. Shuningdek, hikmatni zikr qildi. Men Qur’on ilmini yaxshi biladigan, o‘zim rozi bo‘lgan olimlardan eshitdimki, ular: «Hikmat Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sunnatlaridir», dedi. Bu gap ayni haqiqatdir».
Imom Shofe’iy ma’qullagan va Qur’on olimlaridan naql qilgan bu qarash barcha salaf solihlar va yetuk mufassirlarning yakdil ittifoqidir.
Ibn Kasir o‘z tafsirida bunday yozadi: Hikmat – sunnat deganidir. Buni Hasan Basriy, Qatoda, Muqotil ibn Hayyon, Abu Molik va boshqalar aytgan. Shuningdek, u «dindagi chuqur tushuncha» deb talqin qilingan. Bu ikki fikr o‘rtasida qarama-qarshilik yo‘q, biri ikkinchisining mazmuniga uyg‘undir».
Bu o‘rinda bir muhim jihatga e’tibor qaratish lozimki, bu oyatlardagi “hikmat” so‘zini «sunnat» deb tafsir qilgan olimlar, tilshunoslik jihatidan hikmat va sunnat so‘zlari mutlaq ma’nodosh (sinonim) demoqchi emas. Chunki lug‘at darsliklarida, jumladan, Xalil ibn Ahmad Farafidiyning «Kitobul ayn» asarida keltirilishicha, «hikmat» so‘zi tilda “ilm” va “adolat” ma’nolarini anglatadi. Mufassirlar oyatning kelish o‘rni va matn siyoqini hisobga olib, uni ilm va adolatning eng oliy darajada namoyon bo‘lishi, ya’ni hadis deb izohlagan. Zero, Alloh taolo hikmatni ham nozil qilingan narsalar qatoriga qo‘yishi va uni Kitob bilan birga qayd etishi uning aynan hadis ekaniga yaqqol dalildir. Chunki Alloh taolo tomonidan Kitobdan tashqari nozil qilingan yagona manba – bu hadisdir.
3-4-5. Alloh taolo bunday marhamat qiladi: «Sizlarga ro‘za kechasida xotinlaringiz bilan qovushish halol qilindi. Ular sizlar uchun libos, sizlar ular uchun libosdirsiz. Sizlarning o‘zingizga xiyonat qilayotganingizni Alloh bildi va tavbangizni qabul qilib, sizlarni afv etdi. Endi ular bilan (ro‘za kechalarida bemalol) qovushib, sizlar uchun Alloh yozgan (taqdir etgan) narsani (farzandni) umid etaveringiz. Shuningdek, tonggacha, ya’ni oq ipning qora ipdan (tongning tundan) ajraladigan vaqtigacha yeb-ichaveringiz. So‘ng ro‘zani kechgacha (quyosh botguncha) mukammal tutingiz! Masjidlarda e’tikofda bo‘lgan paytlaringizda (kechalari ham) ular (xotinlar) bilan qo‘shilmangiz! Bular (aytilgan hukmlar) Allohning chegaralaridir. Bas, ularga yaqinlashmangiz! Odamlar (man etilgan ishlardan) saqlanishlari uchun Alloh o‘z oyatlarini mana shunday aniq bayon qiladi» [Baqara surasi, 187-oyat].
Ushbu ulug‘ oyatning avvalida ro‘za kechalarida ayol bilan qovushish halol qilingani ta’kidlanmoqda. Biror narsa halol qilindimi, demak, undan oldin harom bo‘lgan. Shuningdek, oyatning davomidagi «Sizlarning o‘zingizga xiyonat qilayotganingizni Alloh bildi va tavbangizni qabul qilib, sizlarni afv etdi. Endi ular bilan (ro‘za kechalarida bemalol) qovushib, sizlar uchun Alloh yozgan (taqdir etgan) narsani (farzandni) umid etaveringiz» degan so‘zlar ham qovushishga izn berilishidan oldin bu amal taqiqlangan bo‘lganini bildiradi. Vaholanki, bu taqiq haqida Qur’onda biror og‘iz so‘z yo‘q. Demak, o‘sha dastlabki taqiq Alloh taoloning tilovat qilinmaydigan vahiysi bo‘lmish nabaviy sunnat bilan sobit bo‘lgan.
Imom Buxoriy Abu Is'hoqdan, u Baro roziyallohu anhudan rivoyat qiladi: «Ramazon ro‘zasi nozil bo‘lgan ilk davrlarda musulmonlar Ramazon oyi bo‘yi (kechasi ham) ayollariga yaqinlik qilmasdi. Biroq ba’zilar o‘zini tiya olmay, nafsiga xiyonat qilib qo‘ydi. Shunda Alloh taolo «Sizlarning o‘zingizga xiyonat qilayotganingizni Alloh bildi va tavbangizni qabul qilib, sizlarni afv etdi. Endi ular bilan qovushib, sizlar uchun Alloh yozgan narsani umid etaveringiz» degan oyatni nozil qildi».
Oyatdagi «tonggacha, ya’ni oq ipning qora ipdan ajraladigan vaqtigacha yeb-ichaveringiz» degan ko‘rsatma Alloh taolo tomonidan musulmonlarga berilgan yengillik bo‘lib, islomning ilk davridagi hukmni bekor qildi. Ilk davrdagi tartib esa, yuqoridagi holatdek, nabaviy sunnat orqali ma’lum edi. U paytlarda ro‘zador iftor qilgach, faqat xufton namozigacha yoki undan oldin uxlab qolguniga qadar yeb-ichishi mumkin edi. Uxlab qolsa yoki xufton namozini o‘qib qo‘ysa, keyingi kunning oqshomigacha yeb-icha olmasdi. Bu musulmonlarga juda katta mashaqqat tug‘dirgandi. Shunda Alloh taolo tong otguncha yeb-ichishga izn berdi. Ana o‘sha eski qiyin hukm ham Qur’onda mutlaqo zikr qilinmagan, balki faqat hadis bilan sobit bo‘lgandi.
«So‘ng ro‘zani kechgacha mukammal tutingiz!» degan amr visol ro‘zasini, ya’ni og‘iz ochmasdan bir necha kunni bir-biriga ulab ro‘za tutishni taqiqlaydi. Sahih hadislarda musulmonlar visol ro‘zasidan qaytarilgan, faqat Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallamning o‘zlarigagina xos ravishda joiz qilingan edi.
Imom Ahmad Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qiladi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Visol ro‘zasi tutmang», dedilar. Sahobalar: «Ey Allohning Rasuli, o‘zingiz visol ro‘zasi tutasiz-ku?» deyishdi. U zot: «Men sizlardek emasman. Men tunayotganimda Rabbim meni taomlantiradi va suv beradi», deb javob berdilar.
Visol ro‘zasi tutish u zotning o‘zlarigagina tegishli xususiyatlardan edi. Sahih hadisda aytilganidek, u zotga bu ishda alohida quvvat va ko‘mak berilardi.
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallamga visol ro‘zasining joiz bo‘lishi alohida bir shariat hukmi bo‘lib, u ham Qur’onda zikr qilinmagan, balki tilovat qilinmaydigan vahiy orqali qaror topgan. Buni u zotning o‘zlari vahiydan tashqari ish qilmaganlari haqidagi mana bu oyatlar tasdiqlaydi: «Men faqat o‘zimga vahiy qilingan oyatlargagina ergashurman», shuningdek, «Ayting: «Men uchun uni o‘z tomonimdan o‘zgartirish durust emasdir» [Yunus surasi, 15-oyat] hamda «Agar (Payg‘ambar) Bizning nomimizdan (Biz aytmagan) ayrim so‘zlarni to‘qib aytganida, albatta, Biz uning o‘ng qo‘lidan ushlagan, so‘ngra albatta uning shohtomirini uzib tashlagan bo‘lur edik» [Haqqo surasi, 44–46-oyatlar].
Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning visol ro‘zasi tutishlari vahiydan tashqari va unga tayanmagan holda bo‘lganida edi, u zot Allohning «So‘ng ro‘zani kechgacha mukammal tutingiz!» degan amrini o‘zgartirgan va Uning nomidan shariat joriy qilgan bo‘lib qolardilar, bu esa umuman mantiqqa ziddir.
Xullas, Baqara surasining 187-oyati nabaviy sunnatning Alloh taolo tomonidan yuborilgan ilohiy vahiy ekaniga bir yo‘la uch kuchli dalilni o‘z ichiga olgan.
6. Alloh taolo bunday marhamat qiladi: «Payg‘ambar juftlaridan biriga (ya’ni, Hafsaga) bir so‘zni pinhona aytganini eslang! Endi qachonki (Hafsa) u (sir) haqida (Oishaga) xabar bergach va Alloh (Jabroil farishta vositasida Payg‘ambar alayhissalomni Hafsaning qilmishidan) voqif qilgach, u (Hafsaga o‘zi voqif bo‘lgan narsaning) ba’zisini bildirdi va ba’zisidan yuz o‘girdi (bildirmadi). Bas, qachonki (Payg‘ambar alayhissalom Hafsaga o‘zi voqif bo‘lgan narsaning ba’zisi haqida) xabar bergach, u: «Sizga bu xabarni kim berdi?», degan edi, «Menga Bilguvchi va Xabardor Zot xabar berdi», dedi» [Tahrim surasi, 3-oyat].
«Alloh (Jabroil farishta vositasida Payg‘ambarni Hafsaning qilmishidan) voqif qilgach» so‘zlari shuni ko‘rsatadiki, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ayollaridan biriga yashirincha aytgan va hech kimga aytmaslikni buyurgan sirning ochilib qolganini Alloh taolo Payg‘ambariga bildirgan. Lekin Qur’on orqali amalga oshmagan. Chunki Qur’ondagi mazkur oyat o‘sha voqea sodir bo‘lib o‘tganidan keyin, o‘tgan zamon fe’li shaklida u haqda shunchaki xabar beryapti, xolos. Demak, bu bildirish va ogohlantirish, shubhasiz, tilovat qilinmaydigan vahiy orqali sodir bo‘lgan. Binobarin, ushbu oyat Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga Qur’ondan tashqari ham vahiy nozil bo‘lganiga yorqin dalildir. Ana shunday vahiy u zotning sunnatlari bo‘ladi. Zero, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sunnatlari vahiydan boshqa narsaga tayanishi sira ham mumkin emas. Bunga Alloh taoloning u zot tili bilan aytgan ushbu so‘zi dalildir: «Men faqat Parvardigorimdan kelgan vahiygagana ergashurman». Dalillarning bu jamlanmasidan ravshan bo‘ladiki, Sunnat – Alloh taolo tomonidan yuborilgan ilohiy vahiydir.
7. Alloh subhonahu va taolo marhamat qiladi: «Otalaringiz uylangan xotinlarni nikohingizga olmang! Magar ilgari o‘tgan bo‘lsa, (uylangan bo‘lsangiz, Alloh afv etar). Albatta, bu xunuk va jirkanch bo‘lgan yomon qiliqdir. Sizlar uchun onalaringiz, qizlaringiz, opa-singillaringiz, ammalaringiz, xolalaringiz, aka-ukalaringizning qizlari, opa-singillaringizning qizlari, emizgan onalaringiz, emishgan opa-singillaringiz, qaynonalaringiz, jinsiy aloqada bo‘lgan xotinlaringizning tarbiyangizda bo‘lgan qizlari(ga uylanish harom qilindi) – agar xotinlaringiz bilan jinsiy aloqada bo‘lmagan bo‘lsangiz (ularni taloq qilgandan keyin avvalgi erlaridan tug‘ilgan qizlariga uylansangiz), sizlar uchun gunoh yo‘qdir. Yana o‘z pushti kamaringizdan bo‘lgan o‘g‘illaringizning xotinlariga (uylanishingiz) va opa-singilni jamlashlaringiz (ya’ni, birini taloq qilmay turib boshqasiga uylanishingiz harom qilindi). Magar ilgari o‘tgan bo‘lsa (Alloh afv etar). Albatta, Alloh mag‘firatli va mehribon bo‘lgan Zotdir. Yana erlik ayollar (ham harom qilindi). Magar (urush-janglarda) ega bo‘lgan cho‘rilaringiz haloldir. (Bu hukmlarni) Alloh zimmangizga farz qilib qo‘ydi. Mana shulardan boshqa ayollarga zino qiluvchi bo‘lmagan holingizda mollaringizni mahr qilib berish bilan uylanishga harakat qilish sizlar uchun halol qilindi. Ular bilan nikoh orqali yaqinlik qilishingiz bilan belgilangan mahrlarini beringiz! Mahr belgilanganidan keyin o‘zlaringiz kelishib olishingizda (ya’ni, ular o‘z ixtiyori bilan haqqi-mahridan kechib yuborishida) sizlar uchun gunoh yo‘qdir. Albatta, Alloh bilim va hikmat egasi bo‘lgan Zotdir» [Niso surasi, 22–24-oyatlar].
Ushbu oyatlarda erkak kishi uchun uylanish harom bo‘lgan ayollar bayon qilingan. Vaholanki, johiliyat davrida ularning ba’zilari, masalan, otaning xotiniga uylanish va ikki opani-singilni barobar nikohga olish kabilar mumkin edi. Shuning uchun ham Alloh taolo bu ikki holat zikrida «Magar ilgari o‘tgan bo‘lsa» deb marhamat qildi va islom shariati bilan bularning barchasini qat’iy harom qildi.
Oxirida «Mana shulardan boshqa ayollarga zino qiluvchi bo‘lmagan holingizda mollaringizni mahr qilib berish bilan uylanishga harakat qilish sizlar uchun halol qilindi», ya’ni yuqorida sanalganlardan tashqari boshqa har qanday ayolga uylanish sizlar uchun joizdir, deyildi.
Biroq Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan mutavotir (shubhasiz) yo‘llar bilan rivoyat qilingan va butun ummat ulamolari bir ovozdan ijmo qilgan haqiqat shuki, ushbu oyatlarda sanalmagan bo‘lsa-da, nikohi harom bo‘lgan boshqa toifa ayollar ham bor. Masalan, bir ayolni o‘z ammasi bilan yoki bir ayolni o‘z xolasi bilan bir vaqtda nikohga olish taqiqlangan. Boshqacha aytganda, nasab-qarindoshlik jihatidan bir-biriga yaqin bo‘lgan ikki ayolning birini erkak deb farz qilinganda, u ikkinchisiga uylanishi harom bo‘ladigan darajada yaqin bo‘lsa, u holda bu ikki ayolni bir nikohda jamlash mutlaq harom hisoblanadi.
Xo‘sh, ushbu taqiq mana shu oyatlarda yoki Qur’oni karimning boshqa biror joyida bormi?! Yo‘q, faqat nabaviy sunnatda bor. Sunnat esa, boya ta’kidlanganidek, Allohning vahiysidir. Qolaversa, bu hukmlar Alloh taoloning: «Payg‘ambar o‘zi sizlarga ato etgan narsani olinglar, u zot sizlarni qaytargan narsadan qaytinglar» [Hashr surasi, 7-oyat] degan amri doirasiga ham to‘liq kiradi.
8. Haq taolo bunday amr qiladi: "(Ey Muhammad! Qur’onni) tezroq (yodlab) olish uchun tilingizni u bilan qimirlatmay-pichirlamay qo‘ya qoling. Zero, uni (sizning dilingizda) jamlash ham, (tilingizda) qiroat qildirish ham Bizning zimmamizdadir. Bas, qachon Biz (Jabroil tilidan) uni o‘qisak, siz ham ergashing! So‘ngra uni (Qur’onni) bayon qilib berish ham albatta Bizning zimmamizdadir» [Qiyomat surasi, 16–19-oyatlar].
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam Jabroil alayhissalom vahiy olib kelgan paytda, Qur’on oyatlaridan biror narsa unutilib yoki tushib qolmasin degan xavotirda, u zot bilan barobar tillarini qimirlatib, oyatlarni tezda qaytarishga harakat qilar edilar. Shunda Alloh taolo ushbu oyatlar orqali u zotga Jabroil Qur’on keltirganda shoshmasdan, diqqat bilan tinglashni va tillarini qimirlatmaslikni buyurdi. Buning evaziga Alloh taolo Qur’onni u zotning qalblariga muhrlab qo‘yishni, uni Jabroil o‘qiganidek mukammal ado etishini oson qilib berishni hamda undagi muxtasar (qisqa) hukmlarni batafsil sharhlab, uning ma’nolarini u zotning o‘zlariga yoki u zotning tillari orqali butun insoniyatga oydinlashtirib, bayon qilib berishni O‘z zimmasiga oldi.
Imom Buxoriy Ibn Abbos roziyallohu anhumodan rivoyat qiladi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam vahiy tushayotgan paytda juda katta mashaqqat va qiyinchilik sezar, (oyatlarni yodlab qolish uchun) tez-tez ikki lablarini qimirlatar edilar. Shunda Alloh taolo: «(Ey Muhammad! Qur’onni) tezroq (yodlab) olish uchun tilingizni u bilan qimirlatmay-pichirlamay qo‘ya qoling. Zero, uni (sizning dilingizda) jamlash ham, (tilingizda) qiroat qildirish ham Bizning zimmamizdadir. Bas, qachon Biz (Jabroil tilidan) uni o‘qisak, siz ham ergashing!» – ya’ni, uni jim turib, diqqat bilan tinglang, – «So‘ngra uni (Qur’onni) bayon qilib berish ham albatta Bizning zimmamizdadir» degan oyatlarni nozil qildi. Shundan keyin Jabroil alayhissalom qaytib ketgach, u zot vahiy qilingan oyatlarni xuddi Jabroil o‘qib bergandek o‘qir edilar».
Ibn Kasir o‘z tafsirida yozadi: «Sha’biy, Hasan Basriy, Qatoda, Mujohid, Zahhok va boshqa mufassirlar: «Ushbu oyatlar aynan mana shu voqea sababli nozil bo‘lgan», deb aytgan».
«So‘ngra uni bayon qilib berish ham albatta Bizning zimmamizdadir» so‘zlari Qur’on nozil bo‘lganidan keyin uni tushuntirib, sharhlashni Alloh taolo O‘z zimmasiga olganiga kafolatdir. Bu bayon yo bevosita Muhammad sollallohu alayhi vasallamga bildirilgan yoki u zotga qilingan ilohiy vahiy orqali u zotning tillari bilan insoniyatga yetkazilgan. Shuni unutmaslik kerakki, bayon (sharh so‘zlari) mubayyandan (sharhlanayotgan narsadan) mutlaqo farq qiladi. Demak, bu o‘rindagi bayon Qur’onning o‘zidan boshqa narsadir. Alloh taolo «Bizning zimmamizdadir» deb, bu bayonning ham O‘z huzuridan bo‘lishini ta’kidladi va «So‘ngra» bog‘lovchisini qo‘llash orqali bu sharh Qur’on nozil bo‘lganidan keyin amalga oshishini bildirdi. Shunday ekan, Alloh taolo zimmasiga olgan ushbu bayon Qur’ondan tashqari alohida bir manba – U Zot Muhammad sollallohu alayhi vasallamga tilovat qilinmaydigan vahiy o‘laroq yuborgan Sunnat ekanidan boshqa ehtimol qolmaydi. Bu esa Alloh taoloning mana so‘zlariga qo‘shimcha dalildir: «Sizga esa odamlarga nozil qilgan narsalarni (ya’ni, shariat ahkomlarini) bayon qilib berishingiz uchun va shoyad tafakkur qilsalar, deb bu eslatmani – Qur’onni nozil qildik» [Nahl surasi, 44-oyat].
9. Alloh taolo bunday buyuradi: «Ey mo‘minlar, juma kunidagi namozga chorlansa (ya’ni, azon aytilsa), darhol Allohning zikriga boringlar va oldi-sotdini tark qilinglar! Agar biladigan bo‘lsangiz, mana shu (ya’ni, Allohning zikriga – juma namozini o‘qishga shoshilish) o‘zlaringiz uchun yaxshiroqdir. Endi qachon namoz ado qilingach, Yerga tarqalib, Allohning fazlu marhamatidan (rizqu ro‘z) istayveringiz. Allohni ko‘p zikr qilingizki, shoyad najot topursizlar. (Ey Muhammad!) Ular biron tijoratni yoki o‘yin-kulgini ko‘rib qolsalar, o‘shanga qarab sochilib-tarqalib keturlar va sizni (minbarda) tik turgan holingizda tark qilurlar. Ayting: «Alloh huzuridagi narsa (imon va yaxshi amallar uchun beriladigan ajr-mukofot) o‘yin-kulgidan ham, tijoratdan ham yaxshiroqdir! Alloh rizq berguvchilarning yaxshirog‘idir!» [Jum’a surasi, 9–11-oyatlar].
Alloh taolo mo‘minlarga juma namoziga azon aytilganda, savdo-sotiqni bas qilib, namozga shoshilishni buyuryapti. Shundan kelib chiqib, barcha ulamolar imomning qarshisida aytiladigan ikkinchi azondan keyin savdo qilish mumkin emasligiga ijmo qilgan. Shuningdek, namoz tugagach, tarqalib, Allohning fazlu karamidan rizq izlashga ruxsat berildi hamda bu jarayonda ham Parvardigorning zikridan g‘ofil bo‘lmaslik, najotga erishish uchun Uni ko‘p eslash amr etildi.
So‘ngra Alloh taolo sahobalarga ushbu oyat nozil bo‘lishidan oldin sodir bo‘lgan bir voqea sababli gina qildi. O‘shanda juma kuni azon aytilganda, namozga shoshilish haqidagi ushbu buyruq hali nozil bo‘lmagan edi va ular juma xutbasi paytida kelgan karvon tufayli tijorat ortidan ketib, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni minbarda tik turgan hollarida yolg‘iz qoldirgandi. Zero, u paytlarda juma namozi xutbadan oldin o‘qilar edi. Keyinchalik bu hukm o‘zgartirilib (nasx qilinib), xutba namozdan oldinga surilgan.
Jobir ibn Abdulloh roziyallohu anhumo aytadi: «Bir safar Rasululloh sollallohu alayhi vasallam juma xutbasini o‘qiyotganlarida, Madinaga tijorat karvoni kelib qoldi. Odamlar chiqib ketdi va u zot bilan bor-yo‘g‘i o‘n ikki kishi qoldi. Shunda Alloh taolo «(Ey Muhammad!) Ular biron tijoratni yoki o‘yin-kulgini ko‘rib qolsalar, o‘shanga qarab sochilib-tarqalib keturlar va sizni (minbarda) tik turgan holingizda tark qilurlar» degan oyatni nozil qildi» [Imom Buxoriy rivoyati].
Demak, oyatdagi «ular biron tijoratni yoki o‘yin-kulgini ko‘rib qolsalar, o‘shanga qarab sochilib-tarqalib keturlar» degan jumla mazkur uch oyat nozil bo‘lishidan oldin, juma namozidan keyingi xutba paytida sahobalar tomonidan sodir bo‘lgan voqeaning xabaridir. Bundan shunday xulosa chiqadiki, juma namozi «juma kunidagi namozga chorlansa, darhol Allohning zikriga boringlar va oldi-sotdini tark qilinglar!» deb boshlanuvchi ushbu oyatlar nozil bo‘lishidan oldin ham shariatda bo‘lgan va unga amal qilingan. Vaholanki, Qur’oni karimda bu oyatdan oldin juma namozining farz qilinganini ko‘rsatuvchi boshqa biror oyat mavjud emas. Shunday ekan, juma namozining ibodat o‘laroq joriy qilinishi faqatgina Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning sunnatlari bilan sobit bo‘lgan.
10. Alloh taolo bunday marhamat qiladi: «Sizga esa odamlarga nozil qilgan narsalarni (ya’ni, shariat ahkomlarini) bayon qilib berishingiz uchun va shoyad tafakkur qilsalar, deb bu eslatmani – Qur’onni nozil qildik» [Nahl surasi, 44-oyat].
Alloh taolo O‘z Rasuliga Qur’ondagi umumiy va muxtasar hukmlarni batafsil tushuntirish vakolatini topshiryapti. Ana shu ilohiy vakolatga tayanib, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam Qur’onda umumiy tarzda kelgan barcha ahkomlarni batafsil bayon qilib berganlar. Bu hukmlar ibodat, muomala, nikoh-oila munosabatlari, jinoyatlar, shuningdek, oilaviy, ijtimoiy va xalqaro aloqalarni qamrab olgan.
Masalan, namozni oladigan bo‘lsak, uning vaqtlarini aniq belgilagan, rakatlar sonini, o‘qilish tartibini, shart bo‘lgan amallar va buzadigan narsalarni ajratib bergan, muqimlik, safar va xavf namozlari o‘rtasidagi farqlarni ko‘rsatgan kim edi? Yoki zakotga e’tibor bering, zakot berilishi farz bo‘lgan barcha mol-mulklarning miqdorini, undan qancha ajratilishini kim belgilab bergan? Tuyaning nisobi beshtadan boshlanishi va undan bitta qo‘y berilishi, qoramolniki o‘ttiztadan boshlanib, undan bir yashar buzoq berilishi, qo‘y-echkiniki qirqtadan boshlanib, bitta qo‘y ajratilishi, kumush borasida har ikki yuz dirhamdan chorak ushr (ikki yarim foiz), oltin bo‘yicha esa har yigirma misqoldan yarim misqol berilishi kabi qoidalarni kim joriy qilgan?
Shuningdek, haj ibodatini biz biladigan bugungi mukammal shaklga kim keltirgan? Hajning ruknlari nimalardan iborat, uni nimalar buzadi, Arafotda turish qachon boshlanib, qachon tugaydi, qaysi holatda qurbonlik vojib bo‘ladi va hajning uch turi (ifrod, qiron, tamattu’) qanday bajariladi – bularni kim tizimlashtirib bergan?
Bunday savollarni ro‘za ibodatiga hamda savdo, havola, ijara, sheriklik, kafillik kabi barcha kundalik muomalalarga ham xuddi shunday tatbiq qilish mumkin.
Xo‘sh, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bularning barchasini o‘z-o‘zlaridan, Allohning vahiysisiz aytdilarmi yo vahiy bilanmi?!
Kimda-kim «bu hukmlarni o‘zlaridan chiqarganlar» deb hisoblasa, u holda Alloh taoloning «Ayting: «Men faqat Rabbimdan vahiy qilinayotgan narsagagina ergashaman» degan amriga hamda u zot haqidagi «Men faqat o‘zimga vahiy qilinayotgan narsagagina ergashaman», «U o‘z havoyi xohishi bilan so‘zlamas. U faqat (Alloh tomonidan Payg‘ambarga) nozil qilinayotgan bir vahiydir» degan qat’iy so‘zlariga qarshi chiqqan bo‘ladi. Qolaversa, bunday qarash «Sizga esa odamlarga nozil qilgan narsalarni (ya’ni, shariat ahkomlarini) bayon qilib berishingiz uchun» degan oyat bilan birga kelgan «So‘ngra uni – Qur’onni bayon qilib berish ham albatta Bizning zimmamizdadir» degan ilohiy va’daga hamda «Agar (Payg‘ambar) Bizning nomimizdan (Biz aytmagan) ayrim so‘zlarni to‘qib olganida, albatta, Biz uning o‘ng qo‘lidan ushlagan, so‘ngra albatta uning shohtomirini uzib tashlagan bo‘lur edik» degan qat’iy ogohlantirishga mutlaqo zid keladi.
Shunday ekan, bu borada yagona to‘g‘ri haqiqat qoladi – ushbu batafsil bayon va sharhlarning barchasi faqat va faqat Alloh taolo tomonidan yuborilgan ilohiy vahiy orqali amalga oshirilgandir.
11. Payg‘ambarlarning ko‘pligi va Alloh taolo nozil qilgan kitoblarning ozligi – Alloh taolo o‘zi payg‘ambarligi va elchiligiga tanlab olgan zotlarga tilovat qilinmaydigan vahiy ham tushirganiga qat’iy dalildir.
Shunday qilib, Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning sunnatlari Alloh taolodan vahiy ekani qur’oniy dalillar bilan o‘z isbotini topdi.
Keyingi maqolalarda Rasuli akram sollallohu alayhi vasallamning sunnatlari ergashish vojib bo‘lgan hujjat ekanini bayon etishga azmu qaror qildik, inshoalloh.
Nurmuhammad MATKARIMOV,
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Hadis ilmi maktabi o‘qituvchi,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy tadqiqot
markazi ilmiy xodimi
Mazkur maqolaga Din ishlari bo‘yicha qo‘mita 2026 yil 28 iyulda 02/336-sonli xulosa berilgan.