BISMILLAHIR ROHMANIR ROHIYM
Kuch va Qudrat egasi bo‘lgan Alloh taologa hamdu-sanolar hamda olamlarga rahmat o‘laroq yuborilgan, to‘g‘ri so‘z va ishonchli bo‘lgan Payg‘ambarimiz Muhammad mustafo sollallohu alayhi vasallamga, u zotning ahli oilasi, sahobalari va tobi’inlariga ko‘plab solatu salomlarimiz bo‘lsin.
Bugungi kunda o‘zining musulmonligini da’vo qilib, biroq dinini asl mohiyati ilm-ma’rifat ekanligini bilmay, o‘rganmay, dushmanning hiylalariyu nayranglariga ishonib, hatto bilmaganligi va anglamaganligi tufayli ularga bu ishlarda yordamchi bo‘lib yurgan kishilarning soni ko‘payib bormoqda.
Eng yomoni ana shu dinining asl mohiyati ilm-ma’rifat ekanligini bilmagan, o‘rganmagan kishilar umrining aksarini keraksiz, foydasiz ishlar, ko‘proq INTЕRNЕTdagi fitnalar, buzg‘unchiliklar, tuhmatlar, g‘iybatu bo‘htonlar va shularga o‘xshash qabohatlarni o‘qish hamda tomosha qilish bilan insonga beriladigan bebaho va qaytarilmas bo‘lgan VAQT ne’matini samarasiz o‘tkazishlaridir.
Buning oqibatida muqaddas dinimizda qoralangan, u sababli ko‘plab to’atu ibodatlar, yaxshiligu oliyliklar o‘z vaqtidan qolib ketishiga yoki tark qilinishiga sabab bo‘ladigan, uning zarari hamda oqibatlari nafaqat bu qabih sifat egasiga, balki o‘zgalarga ham yuqadigan, doimo o‘rganilishi va o‘rgatilishi shart hamda insoniyatga ko‘rinmas, tuganmas dushman bo‘lgan dangasalik, erinchoqlik va ishyoqmaslik sifatiga ega bo‘lganlarning soni ko‘payib bormoqda. Buning zarari nafaqat musulmonlarga, balki butun insoniyatga bo‘lishi barchamizga aniq va ravshandir.
Ana shu ma’noda yana bir karra dinimizda bu kasallikning zararlari, oqibatlari va unga qarshi turishda hamda sizu biz bu kasallik bilan kasallanib qolmasligimiz uchun dinimiz ko‘rsatmalarini o‘rganishimiz va eslashimiz lozim deb bildim va unga umumiy qilib, “KO‘RINMAS DUSHMAN” deya nom berdim. Bundan buyon ushbu mavzuda davomli shaklda maqolalarimizni berib boramiz.
Bu boradagi barcha izlanishlarimizni hamda o‘rganayotgan ilmimizni manfa’atli va unga amal qilishimizni Alloh taoloning o‘zi oson qilsin.
“Shayx Zayniddin” jome masjidi imom-xatibi,
TII o‘qituvchisi Abdurahmanov Yahyo Ubaydulloh o‘g‘li
Mustaqilligimizning 35 yillik ayyomi hamda yangi o‘quv yili munosabati bilan O‘zbekiston musulmonlari idorasi Masjidlar bilan ishlash bo‘limi tomonidan yurtimiz bo‘ylab keng ko‘lamli xayriya tadbirlari o‘tkazildi.
Mazkur xayrli tashabbus asosida Respublikamizda faoliyat yuritayotgan 2 161 ta masjid xodimlari ishtirokida 11 144 nafar kam ta’minlangan, ijtimoiy himoyaga muhtoj hamda boquvchisini yo‘qotgan oilalar farzandlariga maktab formalari va o‘quv qurollari beg‘araz hadya qilindi.
Ushbu aksiya doirasida ajratilgan ko‘makning umumiy miqdori 4 milliard 929 million 995 ming so‘mni tashkil etdi.
Tadbirdan ko‘zlangan asosiy maqsad – yosh avlodning sifatli ta’lim olishiga ko‘maklashish, ularni yangi o‘quv yiliga munosib tayyorlash hamda qalblarida bayram quvonchi ulashishdir.
Istiqlol bayrami arafasida amalga oshirilayotgan bunday xayriya tadbirlari yurtimizda inson qadri, bolalar manfaatlari va ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarni qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratilayotganining amaliy namunasi, deyish mumkin.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati