Sayt test holatida ishlamoqda!
16 Yanvar, 2025   |   16 Rajab, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:23
Quyosh
07:46
Peshin
12:38
Asr
15:39
Shom
17:23
Xufton
18:41
Bismillah
16 Yanvar, 2025, 16 Rajab, 1446

“Al-Azhar” majmuasi rahbari Imom Buxoriy majmuasini ziyorat qildi

3.03.2020   1962   1 min.
“Al-Azhar” majmuasi rahbari Imom Buxoriy majmuasini ziyorat qildi

Samarqandda o‘tkazilayotgan “Imom Abu Mansur Moturidiy va moturidiya ta’limoti: o‘tmish va bugun” mavzusidagi xalqaro konferensiyada ishtirok etish uchun tashrif buyurgan “Al-Azhar” majmuasi rahbari, Misr Bosh imomi Shayx Ahmad Tayyib O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov hamrohligida Imom Buxoriy majmuasini ziyorat qildi. 

Qur’on tilovat qilindi.

 
photo5400175631414701418.jpg

Misr Bosh imomiga mazkur majmua tarixi, ayni paytda bu yerda amalga oshirilishi rejalashtirilgan rekonstruksiya ishlari haqida ma’lumot berildi.

Shundan so‘ng yuqori martabali mehmon davlatimiz rahbari tashabbusi bilan tashkil etilgan Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi va Hadis ilmi maktabi faoliyati bilan tanishdi. Xalqaro markaz muzeyi va bu yerda saqlanayotgan nodir asarlarni hayrat bilan kuzatdi.
 
photo5400175631414701412.jpg

Muassasalar ilmiy xodim va tinglovchilari bilan suhbat chog‘ida Shayx Ahmad Tayyib ularni Imom Buxoriy, Imom Moturidiy, Imom Termiziydek ulug‘ ajdodlarga munosib olim bo‘lib yetishishga da’vat etdi. Buning uchun yaratilgan sharoit va imkoniyatlarga yuksak baho berdi. 

“Al-Azhar” majmuasi rahbari xalqaro markaz va hadis ilmi maktabi faxriy mehmonlar kitobiga dil so‘zlarini yozib qoldirdi.
 
photo5400175631414701411.jpg
 

 

138
G‘.HASANOV, A.ISROILOV (surat), O‘zA
O'zbekiston yangiliklari
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Sen namoz o‘qiganing yo‘q!

16.01.2025   538   8 min.
Sen namoz o‘qiganing yo‘q!

Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.

«Arkon» ko‘plik siyg‘asidagi so‘z bo‘lib, uning birligi rukndir. «Rukn» lug‘atda burchak ma’nosini anglatadi. Xuddi burchak uydagi asosiy narsalardan bo‘lganidek, rukn ham namozdagi asosiy narsadir. Ruknlarsiz namoz bo‘lmaydi. Ruknlar namozning avvalidan oxirigacha ado etilishi shart, ularni qasddan yoki unutib yoxud bilmasdan qoldirib bo‘lmaydi.

Hanafiy mazhabida rukn lafzi o‘rniga farz va vojib lafzlari ishlatiladi. Quyidagi hadisi shariflarda namozning farz va vojib amallari haqida so‘z boradi.

عَنْ عُمَرَ رَضِي اللهُ عَنْهُ ، عَنِ النَّبِيِّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: إِنَّمَا الْأَعْمَالُ بِالنِّيَّاتِ، وَإِنَّمَا لِكُلِّ امْرِئٍ مَا نَوَى. رَوَاهُ الْخَمْسَةُ إِلَّا أَبَا دَاوُدَ.

«Nabiy sollallohu alayhi vasallam Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

«Albatta, amallar niyatlarga bog‘liqdir. Albatta, har bir kishiga niyatiga yarasha bo‘ladi», dedilar».

Beshovlaridan faqat Abu Dovud rivoyat qilmagan.

Sharh: Bu hadis va uning to‘liq sharhi «Niyat» kitobida o‘tgan. Hadisi sharifning bir qismini bu yerda keltirishdan murod, namozda niyat farz ekanligini bildirishdir. Namoz o‘quvchi niyat qilishi farz, aksincha, namozi namoz bo‘lmaydi. Agar niyatini tiliga olib aytsa, yana ham yaxshi.

عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ رَضِي اللهُ عَنْهُ أَنَّ النَّبِيَّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ دَخَلَ الْمَسْجِدَ فَدَخَلَ رَجُلٌ فَصَلَّى ثُمَّ جَاءَ فَسَلَّمَ عَلَى النَّبِيِّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ فَرَدَّ النَّبِيُّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ عَلَيْهِ السَّلَامَ، فَقَالَ: ارْجِعْ فَصَلِّ فَإِنَّكَ لَمْ تُصَلِّ، فَصَلَّى ثُمَّ جَاءَ فَسَلَّمَ عَلَى النَّبِيِّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ ، فَقَالَ: ارْجِعْ فَصَلِّ فَإِنَّكَ لَمْ تُصَلِّ ثَلَاثًا، فَقَالَ: وَالَّذِي بَعَثَكَ بِالْحَقِّ مَا أُحْسِنُ غَيْرَهُ فَعَلِّمْنِي، فَقَالَ: إِذَا قُمْتَ إِلَى الصَّلَاةِ فَكَبِّرْ، ثُمَّ اقْرَأْ مَا تَيَسَّرَ مَعَكَ مِنَ الْقُرْآنِ، ثُمَّ ارْكَعْ حَتَّى تَطْمَئِنَّ رَاكِعًا، ثُمَّ ارْفَعْ حَتَّى تَعْتَدِلَ قَائِمًا، ثُمَّ اسْجُدْ حَتَّى تَطْمَئِنَّ سَاجِدًا، ثُمَّ ارْفَعْ حَتَّى تَطْمَئِنَّ جَالِسًا، ثُمَّ اسْجُدْ حَتَّى تَطْمَئِنَّ سَاجِدًا، ثُمَّ افْعَلْ ذَلِكَ فِي صَلَاتِكَ كُلِّهَا. رَوَاهُ الْخَمْسَةُ. وَزَادَ أَبُو دَاوُدَ: فَإِذَا فَعَلْتَ هَذَا فَقَدْ تَمَّتْ صَلَاتُكَ، وَمَا انْتَقَصْتَ مِنْ هَذَا شَيْئًا فَإِنَّمَا انْتَقَصْتَهُ مِنْ صَلَاتِكَ.

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

«Nabiy sollallohu alayhi vasallam masjidga kirdilar. Bir odam ham masjidga kirdi va namoz o‘qidi. So‘ngra kelib, Nabiy sollallohu alayhi vasallamga salom berdi. Bas, Nabiy sollallohu alayhi vasallam uning salomiga javob berdilar va:

«Qayt, borib namoz o‘qi. Sen namoz o‘qiganing yo‘q», dedilar. U borib, namoz o‘qidi. So‘ngra kelib, Nabiy sollallohu alayhi vasallamga salom berdi. Bas, u zot:

«Qayt, borib, namoz o‘qi. Sen namoz o‘qiganing yo‘q», dedilar. Uch marta shunday bo‘ldi. Bas, shunda haligi odam:

«Sizni haq ila yuborgan Zot ila qasamki, bundan yaxshi o‘qiy olmayman, menga o‘rgating», dedi.

U zot sollallohu alayhi vasallam: «Qachon namozga tursang, takbir ayt. So‘ngra o‘zingga muyassar bo‘lganicha Qur’ondan qiroat qil, so‘ngra ruku’ qil va ruku’da tin ol, so‘ngra g‘oz turib, tiklan. So‘ngra sajda qil va sajdada tin ol. Keyin (boshingni) ko‘tar va o‘tirib tin ol. So‘ngra sajda qil va sajdada tin ol. Keyin namozingning hammasida shunday qil», dedilar».

Beshovlari rivoyat qilganlar.

Abu Dovud:

«Bas, qachon shuni qilsang, namozing to‘liq bo‘ladi. Bundan biror narsani kam qilsang, namozingdan kam qilgan bo‘lasan», degan ziyodani keltirgan.

Sharh: Ushbu hadisi sharif muhaddis va faqih ulamolar orasida «namozini yomon o‘qigan odamning hadisi» nomi bilan mashhur bo‘lgan. U namozning sifati haqidagi o‘ta muhim hukmlarni o‘z ichiga olgan buyuk hadisdir.

Unda «masjidga kirib kelib, namoz o‘qidi» de­yilgan kishining ismi Xolid ibn Rofe’ bo‘lib, Nasaiy qilgan rivoyatga ko‘ra, u ikki rak’at namoz o‘qigan.

Ushbu hadisdan olinadigan foydalar:

1. Masjidga kirgan odam avvalo namoz o‘qishi kerakligi.

2. Boshliq o‘ziga tobelar qilayotgan ish shariatga mosmi-yo‘qmi, qarab turishi lozimligi va xato bo‘lsa, tuzatib qo‘yishi.

3. Namoz o‘qib bo‘lgach, masjiddagilarga salom berish.

4. Salomni eshitgan kishi darhol alik olishi. Salomga alik olishning vojibligi shu hadisdan olingan.

Nabiy sollallohu alayhi vasallam avval salomga alik olib, so‘ng xatoni to‘g‘rilashga kirishganlar.

5. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning: «Qayt, borib, namoz o‘qi. Sen namoz o‘qiganing yo‘q» deganlarini ulamolar ikki xil ta’vil qilganlar.

Ba’zilari «Uning namozi butunlay namoz bo‘lmagan», desalar, boshqalari «Uning namozi komil namoz bo‘lmagan, chunki hadisning oxirida «Bundan biror narsani kam qilsang, namozingdan kam qilgan bo‘lasan», demoqdalar», deyishadi.

6. Bir narsani yaxshi bilmagan odam e’tirof qilib, bilgan odamdan o‘rgatib qo‘yishini so‘rashi kerakligi.

7. Bilgan odam esa avval bilmagan odamning ishi xato ekanligini muloyimlik bilan tushuntirib qo‘yishi lozimligi.

8. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning: «Qachon namozga tursang, takbir ayt» deganlari namozga kirish takbir bilan bo‘lishini va takbir farz ekanligini bildiradi.

9. «So‘ngra o‘zingga muyassar bo‘lganicha Qur’ondan qiroat qil» deganlaridan namozda qiroat farz ekanligi va u muyassar bo‘linganicha o‘qilishi kelib chiqadi.

Hanafiy ulamolar shuni dalil qilib, «Namozda Fotiha surasini o‘qish farz emas, balki muyassar bo‘lganicha oyatlar o‘qish farzdir», deydilar.

10. «Tin ol» deyilganidan ruku’ va sajdada xotirjam bo‘lgudek holat vojibligi kelib chiqadi.

Buning eng kam miqdori Hanafiy mazhabida ruku’da «Subhana robbiyal azim»ni, sajdada «Subhana robbiyal a’la»ni shoshmay, uch martadan aytish bilan belgilanadi.

Ko‘pchiligimiz bu narsaga uncha e’tibor bermaymiz. Hadisdagi namozni kamchilik bilan o‘qigan odamga o‘xshab ruku’ va sajdani nomiga, tez-tez qilamiz. Aslida esa ruku’da ham, sajdada ham tasbehlarni o‘n bir martadan aytish kerak.

11. Shuningdek, ruku’dan ham g‘oz turib, qomatni rostmana to‘g‘rilash lozim. Ba’zilarga o‘xshab, boshni ko‘tarib, ko‘krakni bir oz to‘g‘rilab, sajdaga ketaverish kerak emas.

12. Birinchi sajdadan boshni ko‘targanda rostmana, xotirjam bo‘lib o‘tirish lozimligi.

13. «Keyin namozingning hammasida shunday qil» deganlaridan har bir rak’at namozda yuqorida zikr qilingan narsalar takrorlanishi lozimligi bilinadi.

14. Namozning arkonlaridan birortasini buzgan odam uni qayta o‘qishi vojibligi.

15. Olim odam bilmaganlarga shariat amallarini sabr bilan o‘rgatishi zarurligi.

«Hadis va hayot» kitobining 4-juzi asosida tayyorlandi

Maqolalar