Sayt test holatida ishlamoqda!
19 Yanvar, 2025   |   19 Rajab, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:22
Quyosh
07:45
Peshin
12:39
Asr
15:42
Shom
17:26
Xufton
18:44
Bismillah
19 Yanvar, 2025, 19 Rajab, 1446

“Al-Azhar” majmuasi rahbari Imom Buxoriy majmuasini ziyorat qildi

3.03.2020   2061   1 min.
“Al-Azhar” majmuasi rahbari Imom Buxoriy majmuasini ziyorat qildi

Samarqandda o‘tkazilayotgan “Imom Abu Mansur Moturidiy va moturidiya ta’limoti: o‘tmish va bugun” mavzusidagi xalqaro konferensiyada ishtirok etish uchun tashrif buyurgan “Al-Azhar” majmuasi rahbari, Misr Bosh imomi Shayx Ahmad Tayyib O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov hamrohligida Imom Buxoriy majmuasini ziyorat qildi. 

Qur’on tilovat qilindi.

 
photo5400175631414701418.jpg

Misr Bosh imomiga mazkur majmua tarixi, ayni paytda bu yerda amalga oshirilishi rejalashtirilgan rekonstruksiya ishlari haqida ma’lumot berildi.

Shundan so‘ng yuqori martabali mehmon davlatimiz rahbari tashabbusi bilan tashkil etilgan Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi va Hadis ilmi maktabi faoliyati bilan tanishdi. Xalqaro markaz muzeyi va bu yerda saqlanayotgan nodir asarlarni hayrat bilan kuzatdi.
 
photo5400175631414701412.jpg

Muassasalar ilmiy xodim va tinglovchilari bilan suhbat chog‘ida Shayx Ahmad Tayyib ularni Imom Buxoriy, Imom Moturidiy, Imom Termiziydek ulug‘ ajdodlarga munosib olim bo‘lib yetishishga da’vat etdi. Buning uchun yaratilgan sharoit va imkoniyatlarga yuksak baho berdi. 

“Al-Azhar” majmuasi rahbari xalqaro markaz va hadis ilmi maktabi faxriy mehmonlar kitobiga dil so‘zlarini yozib qoldirdi.
 
photo5400175631414701411.jpg
 

 

138
G‘.HASANOV, A.ISROILOV (surat), O‘zA
O'zbekiston yangiliklari
Boshqa maqolalar

Shaytonni kim vasvasa qildi?

16.01.2025   5565   3 min.
Shaytonni kim vasvasa qildi?

Biror marta o‘zingizga shu savolni berib ko‘rganmisiz?

Iblis Odamga sajda qilishdan bosh tortganida hali shayton yo‘q ediku, unga kim vasvasa qildi?
Bu barchamiz uchun juda jiddiy va o‘ta muhim savoldir...
Shayton Allohga osiy bo‘lganida, uning shaytoni kim edi?
Ushbu satrlarni o‘qing — bizning haqiqiy shaytonimiz kim ekanligini bilasiz!

"Nafs" so‘zi nihoyatda muhim ma’noni anglatadi va u Qur’oni karimda juda ko‘p oyatlarda zikr qilingan.
Alloh taolo "Qof" surasida bunday deydi:
"Biz insonni yaratdik va uning nafsi nimani vasvasa qilayotganini ham bilamiz. Biz unga yo‘g‘on tomiridan ham yaqinroqmiz" (Qof, 16).
Biz Allohga imon keltirganmiz, Uni zikr qilamiz, masjidda namoz o‘qiymiz, Qur’on o‘qiymiz, sadaqa qilamiz va hokazo...
Shunga qaramay, gunohlardan holi bo‘la olmaymiz. Nega?

Sababi shundaki, biz haqiqiy dushmanni qo‘yib, zaif va ojiz dushmanga qarshi boramiz. Alloh taolo bunday deydi:
"Darhaqiqat, shaytonning makri zaifdir" (Niso, 76).
Haqiqiy dushman bu — nafsdir. Ha, nafs insonning ichidagi soatli mina, yashirin xavfdir.

Alloh taolo "Isro" surasida bunday deydi:
"Kitobingni o‘qib chiq. Bugun nafsing senga hisobchi bo‘lishi yetarlidir" (Isro, 14).

Yana Alloh taolo "G‘ofir" surasida bunday deydi:
"Bugun har bir nafs qilgan amallariga yarasha mukofotlanadi. Zulm qilinmaydi" (G‘ofir, 17).

"Muddassir" surasida:
"Har bir nafs qilgan ishining garovidir" (Muddassir, 38).

"Noziat" surasida:
"Kim Robbining martabasidan qo‘rqib, nafsini havoyi istaklardan tiysa..." (Noziat, 40).

"Takvir" surasida:
"Har bir nafs qilgan amallarini bilib olar" (Takvir, 14).

Ko‘rib turganingizdek, bu oyatlarda asosan "nafs" haqida so‘z ketmoqda. Shunday ekan, nafs nima o‘zi?

Olimlar bunday deydi: ilgari Allohdan boshqa iloh sifatida sig‘inilgan butlar — Lot, Uzzo, Manot, Suvo’, Vadd, Yag‘us, Ya’uq va Nasr — barchasi yo‘q qilindi. Ammo bir soxta iloh borki, uni odamlar hanuz ham Allohdan o‘zgacha sevib, unga bo‘ysunadi. Bu iloh — nafs havosidir. Alloh taolo aytadi: "O‘z nafsini iloh qilib olgan kimsani ko‘rmadingizmi?" (Josiya, 23).

Nafs havosi insonni o‘z qo‘liga olsa, u na biror qonunga bo‘ysunadi, na bir diniy ta’limotga. Shundan uni o‘zi istagan narsasiini qilib yurganini ko‘rasiz.

Imom Busiriy o‘z qasidasida bunday deydi:
"Nafs va shaytonga qarshi chiq va u ikkisiga itoat qilma".

Qobil Hobilni o‘ldirgani haqida hikoya qilar ekan, Alloh taolo aytadi:
"Uning nafsi uni o‘z akasi Hobilni o‘ldirishga undadi..." (Moida, 30).

Biror odam gunohga qo‘l ursa va keyin afsuslanib tavba qilsa, undan:
— Nima seni bu gunohga boshladi? deb so‘rasangiz, u: "Nafsimning gapiga kirdim", deb aytadi.

Xulosa shuki, nafsimiz bizning eng katta dushmanimiz va biz uni doimo ta’qib qilishimiz lozimdir.

Homidjon domla ISHMATBЕKOV