Sayt test holatida ishlamoqda!
17 Yanvar, 2025   |   17 Rajab, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:22
Quyosh
07:46
Peshin
12:38
Asr
15:40
Shom
17:24
Xufton
18:42
Bismillah
17 Yanvar, 2025, 17 Rajab, 1446

Ulug‘ allomalarni yetishtirgan O‘zbekistonning bugungi kunda ham islom dini rivojiga qo‘shayotgan hissasi beqiyos

3.03.2020   1758   1 min.
Ulug‘ allomalarni yetishtirgan O‘zbekistonning bugungi kunda ham islom dini rivojiga qo‘shayotgan hissasi beqiyos
Samarqandda “Imom Abu Mansur Moturidiy va moturidiya ta’limoti: o‘tmish va bugun” mavzusidagi xalqaro konferensiyaning yalpi majlisi davom etmoqda. 

Majlis avvalida ishtirokchilarga O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar, xususan, diniy-ma’rifiy sohani rivojlantirish, islom dini taraqqiyotiga beqiyos hissa qo‘shgan buyuk allomalarimiz hayoti va faoliyatini o‘rganish, ular qoldirgan bebaho merosning mazmun-mohiyati, ahamiyatini targ‘ib etishga bag‘ishlangan videolavha namoyish etildi. 

Shundan keyin O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi Abdug‘afur Ahmedov, E’tiborli ulamolar kengashi bosh kotibi, professor Abdulloh Abdulg‘ani Sarxan, Musulmon donishmandlari kengashi bosh kotibi Sulton Faysal Rumaysiy, “Al-Azhar” majmuasi rahbari maslahatchisi Abdurahmon Musa, “Al-Azhar” Islom tadqiqotlari akademiyasi bosh kotibi doktor Nazir Muhammad Ayyad ma’ruzalari tinglandi. 

So‘zga chiqqanlar mazkur anjuman Alloh ulug‘lagan rajab oyida, tarixi buyuk yurtimizning betakror zamini, jahon madaniyati, xususan islom dini taraqqiyotiga ulkan hissa qo‘shgan Samarqandda o‘tayotgani o‘ziga xos ramziy ma’noga ega ekanini ta’kidladi. Moturidiylikning bashariyat sivilizatsiyasidagi o‘rni, “Al-Azhar” majmuasining islom merosi va ahli sunna e’tiqodini saqlash, tinchlik va bag‘rikenglikni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan faoliyati va sa’y-harakatlari xususidagi ma’ruzalar ishtirokchilarda katta qiziqish uyg‘otdi. 

Yangilanayotgan O‘zbekistonning zamirida islom dinining insoparvarlik g‘oyalarini ilgari surish, diniy bag‘rikenglikni mustahkamlash, turli yot oqimlarga qarshi murosasiz munosabatda bo‘lish kabi yondashuvlarga asoslangan hayotiy tamoyillari ezgulikni targ‘ib etadigan eng ilg‘or diniy va dunyoviy qarashlarga hamohang ekani e’tirof etildi. 

Jamoaviy peshin namozi va tushlikdan so‘ng konferensiya o‘z ishini sho‘ba yig‘ilishlari bilan davom ettiradi.
 

G‘.XONNAZAROV, G‘.HASANOV, A.ISROILOV (surat), O‘zA

O'zbekiston yangiliklari
Boshqa maqolalar

Hukm chiqarishda hadisning ahamiyati

16.01.2025   1855   2 min.
Hukm chiqarishda hadisning ahamiyati

Hazrat Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam Qur’oni karimning sharhlovchisi sifatida hukm chiqarish vakolatiga ega edilar. Shunga binoan hadis hukm chiqarish bo‘yicha ikki asosiy sohani qamrab oladi.
Birinchi soha: Qur’oni karimda zikr etilgan hukmlarni yoritib berish.
Ikkinchi soha: Qur’oni karimda  ko‘rsatilmagan masalalarni hukm shaklida belgilash.
Birinchi sohada hadis Qur’oni karim oyatlarini tafsir qiladi. Umumiy ma’noga ega bo‘lganini xoslashtiradi, ya’ni unga xususiy ma’no beradi, mutloq, ya’ni, qayd va shartsiz oyatlarni qaydlaydi. 
Shu o‘rinda ba’zi bir misollar keltirib o‘tamiz. Qur’oni karimda “Namoz o‘qinglar” deb amr qilingan. Lekin namozlarning soni, sifati, rak’atlarining soni Payg‘ambarimiz alayxissalom tomonidan belgilangan va amalda ko‘rsatib berilgan. Bu esa mujmal iborani izohlash misoli.
Umumiy mazmunni xos qilish uchun misol. Qur’oni karimda meros tizimi umumiy ma’noda kelgan. Ya’ni meros qoldirish va meros olish huquqi berilgan. Lekin Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam meros olish uchun din birligi, qotil bo‘lmaslik va qul bo‘lmaslikni shart qilib qo‘yib uni xoslashtirganlar. Masalan, o‘z otasini o‘ldirgan yoki nohaq yo‘l bilan uning o‘limiga sabab bo‘lgan farzand otasidan meros olish xuquqidan mahrum bo‘ladi.
Ikkinchi soha bo‘yicha hadisga tegishli masalalar. Zarurat chog‘ida Qur’oni karimda aytilmagan biron bir yangi hukmni hadis hukm qilib belgilab beradi. Bu o‘rinda ayrim hukmlar Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamdan maxfiy vahiy yoki ilhom orqali sodir bo‘lgan va ba’zilari u zotning ijtihodlari va shaxsiy fikrlaridan kelib chiqqan. Albatta, Payg‘ambarimiz alayhissalom ijtihod qilishda ham islom ruhi va falsafasini nazarda tutar edilar.
Bu o‘rinda ko‘p misollar berish mumkin. Masalan, momoga merosdan oltidan bir hissa berish, nikoh bitimining to‘g‘ri bo‘lishi uchun guvohlar shartligi, badan a’zolari xun bahosini belgilash kabi hukmlar kiradi.
Islom shariatida hadislarning o‘rni ahamiyatli ekani ko‘rinib turibdi. Hukmlar faqatgina Qur’oni karimning o‘zidan olinmaydi. Qur’oni karimda kelgan ko‘pgina hukmlar tafsilotini bilish uchun hadislar muhim ahamiyat kasb etadi. Balki shar’iy hukmlarning bir qanchasi hadislar orqali kelib chiqqan ekan.     

Oybek Hoshimov,
Hadis ilmi maktabi o‘qituvchisi.