Misr bosh imomi, Shayx Ahmad Toyyib hazratlari boshchiligidagi delegatsiya Samarqand shahridagi “Chokardiza” qabristonida joylashgan ulug‘ alloma Imom Moturidiy maqbarasini muftiy Usmonxon Alimov hazratlari hamrohligida ziyorat qildilar. Tashrif chog‘ida Shayx Ahmad Toyyib hazratlari ushbu olimga yuksak ehtiromini ko‘rsatib shunday dedi:
– Bizning ruhimiz Makkai Madinaga intilsa, aqlimiz Samarqandga oshiqadi. Chunki Samarqand ilm-ma’rifat markazi hisoblanadi. Men bu muborak go‘shani ziyorat qilar ekanman, imom Moturidiyga ehtirom sifatida qad rostlagan maqbara va atrofidagi obodonchilikni ko‘rib, juda xursand bo‘ldim. Kelajakda bu yurtda yotgan boshqa olimlarni ham e’zozlab, ularga alohida maqbaralar qurilishi haqidagi Samarqand viloyati hokimining so‘zlari meni juda ham quvontirdi. Olimlarga bo‘lgan bunday e’tibor – O‘zbekiston zaminiga, albatta, qut-baraka va fayz olib keladi.
Shundan so‘ng mehmonlar Imom Buxoriy majmuasi ziyoratgohiga tashrif buyurdilar. Mehmonlarga muhtaram Prezidentimiz tashabbuslari bilan Imom Buxoriy hazratlarining islom olamidagi o‘rni va nufuziga mos ravishda majmuaning yangidan barpo etilishi rejalashtirilayotgani haqida ma’lumot berildi. Shayx Ahmad Toyyib ushbu tashabbus allomaga nisbatan ko‘rsatilgan munosib va ulug‘vor qadam ekanini mamnuniyat bilan e’tirof etdi.
So‘ng martabali mehmonlar Samarqand shahrida bunyod etilgan Hadis ilmi maktabida bo‘lib, talabalarning dars mashg‘ulotlari jarayonlari bilan yaqindan tanishdilar. Shayx Ahmad Toyyib tashrifi chog‘ida ushbu ta’lim dargohida tahsil olayotgan talabalardan kelajakda buyuk olimlar va ulug‘ ulamolar yetishib chiqishiga umid bildirib, O‘zbekiston rahbari tomonidan taqdim etilgan ushbu maskan mazkur maqsadni amalga oshirish uchun juda yaxshi imkoniyat ekanini alohida qayd etdi.
O‘z navbatida, ushbu maktabda dars berayotgan misrlik malakali ustozlarga o‘zlarining bor ilm-ma’rifatlarini ushbu ta’lim dargohidagi talabalarga o‘rgatib, ulug‘ olimlarning yetishib chiqishida o‘z hissalarini qo‘shishlarini ta’kidladi.
Tashrif chog‘ida mehmonlar Hadis ilmi maktabida yaratilgan shart-sharoitlar, o‘quv xonalari, axborot resurs markazi va sport bilan shug‘ullanish uchun hozirlangan imkoniyatlar bilan yaqindan tanishdilar. Talabalar ilm olishlari, mazkur yo‘nalishda olim bo‘lib yetishishlari uchun barcha qulayliklarni hozirlab bergan Davlat Rahbarining ezgu sa’y-harakatlari, albatta, yaqin kelajakda o‘z samarasini berishiga ishonch bildirdi.
Misr bosh imomi, Shayx Ahmad Toyyib hazratlarining yurtimizga tashrif davom etadi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Fiqh ijtihod va fikrlar majmuasi bo‘lib, bu fikrlar nafsu havoga berilishdan kelib chiqmagan, balki Qur’on va Sunnatni anglashdan kelib chiqqan, Qur’on va Sunnatdan olingandir. Alloh azza va jalla bizga shu yo‘lni buyurgan. Agar Alloh fiqhga tegishli har bir masalaning hukmini bayon qilishni iroda qilganida, hozir millionlab oyatlar, millionlab hadislar turgan bo‘lardi. Lekin hammasi bo‘lib, olti mingdan sal ortiq oyat nozil bo‘lgan, muayyan adaddagi hadislar vorid bo‘lgan. Har bir masalaga oyat-hadis kelsa, shuncha oyatni, shuncha hadisni kim yod olardi? Nabiy sollallohu alayhi vasallamning o‘z zamonlarida avtomobillar haqida gapirishlarini tasavvur qiling! Unda u zotning so‘zlarini hech kim tasdiqlamagan bo‘lardi-ku!
Ijtihod qilish noto‘g‘ri desangiz, sahobalar ham ijtihod qilishgan. Keyin o‘sha o‘z ijtihodi bilan chiqargan hukmga amal qilishni odamlarga buyurishgan. Odamlar ularga taqlid qilishgan, ergashishgan. Mana shu yo‘sinda ularning yo‘llaridan yurib kelishgan.
Tahallul tarafdorlari orasida «Fiqh dinning bir qismi emas», «Mazhab egalarining aytganiga amal qilish shart emas», degan gaplar tarqalgan.
Tashaddud ahli ham mana shunga chaqiryapti. Ularning asl maqsadi fiqhiy mazhablarni yo‘q qilib, dinsizlikka yetaklash edi. Masalan, men dinni mahkam ushlasam-u, lekin na hanafiy, na shofe’iy, na molikiy va na hanbaliy mazhabini tutmasam, unda dindan nimani ushlayman? Menda fiqh degan narsa qolmaydi-ku! Fiqhni mana shu mazhablar tashkil qiladi-ku! Alloh bizga «Zikr ahlidan so‘rang» deb buyurib, ergashishimizga rozi bo‘lgan ilmlarni mujtahidlarning ijtihod va fikrlari tashkil qilmasa, nima tashkil qiladi?!
«Hanafiy mazhabiga teran nigoh» kitobidan