بسم الله الرحمن الرحيم
اَلْحَمْدُ للهِ الَّذِي قال: "وَعَاشِرُوهُنَّ بِالْمَعْرُوفِ"، وَالصَّلَاةُ وَالسَّلَامُ عَلَى مُحَمَّدٍ الَّذِي قال: "إِنَّمَا النِّسَاءُ شَقَائِقُ الرِّجَالِ"، وَعَلَى آلِهِ وَصَحْبِهِ وَمَنْ تَبِعَهُمْ بِإِحْسَانٍ إِلَى يَوْمِ الدِّيْنِ، اَمَّا بَعْدُ
JANNAT – ONALAR OYOG‘I OSTIDA
Muhtaram jamoat! Ma’lumki, muqaddas dinimiz onalarimizni e’zozlashga ularga hamisha mehribon, shirinso‘z, xokisor bo‘lishga va xizmatlarida doimo shay turishga buyurgan. Chunki, farzandini to‘qqiz oy qornida avaylab ko‘tarib yurish, homiladorlikning qiyinchiliklariga bardosh berish, tug‘ish chog‘idagi mashaqqatlar, tuqqanidan so‘ng ikki-uch yilgacha qo‘lidan qo‘ymay ardoqlab parvarishlash, bolasi uchun bir tunni bir necha bo‘lakka bo‘lib oromdan kechish, hatto ulg‘ayib, uyli-joyli bo‘lib ketganida ham mehrini, shafqatini, marhamatini ayamaslik faqat onalargagina xos buyuk fazilatdir. Alloh taolo ham Qur’oni karimni bir nechta joylarida biz bandalarni O‘zining ibodatiga amr qilib, uning izidan ota-onaga yaxshilik qilishga buyurib, xossatan onaning ba’zi bir mehnat va mashaqqatlarini ham bayon qilgan. Masalan, Qur’oni karimning Ahqof surasida Alloh taolo shunday marhamat qiladi:
وَوَصَّيْنَا الْإِنْسَانَ بِوَالِدَيْهِ إِحْسَانًا حَمَلَتْهُ أُمُّهُ كُرْهًا وَوَضَعَتْهُ كُرْهً
(سورة ﺍﻷحقاف/15آية)
ya’ni: “Biz insonni ota-onasiga yaxshilik qilishga buyurdik. Onasi uni (qornida) qiynalib ko‘tarib yurgan va uni qiynalib tuqqandir” (Ahqof surasi 15-oyat). Boshqa oyati karimada esa Alloh taolo bunday degan:
وَوَصَّيْنَا الْإِنْسَانَ بِوَالِدَيْهِ حَمَلَتْهُ أُمُّهُ وَهْنًا عَلَى وَهْنٍ
(سورة لقمان/14آية)
ya’ni: “Biz insonga ota-onasini (rozi qilishga) buyurdik. Onasi uni zaiflik ustiga zaiflik bilan (qornida) ko‘tarib yurdi” (Luqmon surasi 14-oyat).
Ushbu oyati karimalarda aynan onaning mehnatlari zikr qilinishini tafsir qilib, Imom Mutavalliy Sha’roviy rahmatullohi alayh shunday deganlar: “Aslida, bola tarbiyasida ota-onaning alohida mehnatlari bor. Lekin, Qur’onda aynan onaning mashaqqatlari zikr qilinmoqda. Sababi, bola esini tanishi bilan otaning mehnat va xizmatlarini ko‘rib ulg‘ayadi. Otaning ro‘zg‘or tebratishi, farzandga kerak bo‘lgan kiyim-kechak, oziq-ovqat va boshqa ehtiyojlar bilan ta’minlayotganini guvohi bo‘ladi. Ammo onaning eng og‘ir mashaqqatlari bo‘lmish homiladorlik qiyinchiliklari, dunyoga keltirish azoblari, go‘daklik davridagi kechalaridagi bezovtalik kabi zahmatlar farzand aqlini taniganida o‘tib ketgan bo‘ladi. Farzand bularning birortasini eslay olmaydi. Shu sababli ham oyatlarda alohida onaning mashaqqatlari eslatilmoqda”.
Shuning uchun ham Abu Hurayra raziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisi sharifda bunday deyilgan:
جَاءَ رَجُلٌ إِلَى رَسُولِ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ فَقَالَ: "يَا رَسُولُ اللهِ مَنْ أَحَقُّ النَّاسِ بِحُسْنِ صُحْبَتِي؟" قَالَ: "أُمُّكَ" قَالَ: "ثُمَّ مَنْ؟" قَالَ: "أُمُّكَ" قَالَ "ثُمَّ مَنْ؟" قَالَ: "أُمُّكَ" قَالَ ثُمَّ مَنْ؟ قَالَ: "أَبُوكَ"
(مُتَّفَقٌ عَلَيْهِ)
ya’ni: Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallamning huzuriga bir kishi kelib: “Ey, Allohning Rasuli! Odamlar ichida mening chiroyli muomalamga eng haqli kishi kim?” – deb so‘radi. “Onangiz”, – dedilar U Zot. “Keyin kim?”, – deb so‘radi. “(yana) Onangiz”, – dedilar U Zot. “Keyin kim?”, – deb so‘radi. “(uchinchi martada ham) Onangiz”, – dedilar U Zot. “Undan keyin kim”, – deb so‘radi. Shunda “Otangiz”, – deb javob berdilar (Muttafaqun alayh).
Ona zotini farzandiga o‘ta mehribonligi haqida Oisha raziyallohu anho onamizdan rivoyat qilingan hadisda shunday deyilgan:
جَاءَتْنِى مِسْكِينَةٌ تَحْمِلُ اِبْنْتَيْنِ لَهَا، فَأَطْعَمْتُهَا ثَلاَثَ تَمَرَاتٍ، فَأَعْطَتْ كُلَّ وَاحِدَةٍ مِنْهُمَا تَمْرَةً وَرَفَعَتْ إِلَى فِيهَا تَمْرةً لتَأَكُلَهَا، فَاسْتَطْعَمَتْهَا اِبْنَتَاهَا، فَشَقَّتْ التَّمْرَةَ الَّتِي كَانَتْ تُريدُ أَنْ تَأْكُلَهَا بَيْنَهُمَا، فَأَعْجَبَنِىْ شَأْنُهَا، فَذَكَرْتُ الَّذِيْ صَنَعَتْ لِرَسُولِ اللَّهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ فَقَالَ: "إنَّ اللَّهَ قَدْ أَوْجَبَ لَهَا بِهَا الْجنَّةَ، أَوْ أَعْتَقَهَا بِهَا مِنَ النَّارِ"
(رواه الإمام مسلم عَنْ عَائِشَةَ رَضِيَ اللَّهُ عَنْهَا)
ya’ni: “Huzurimga bir kambag‘al ayol ikki qizini ko‘tarib keldi. Shunda unga uchta xurmo berdim. U har bir qiziga bittadan xurmo berdi. Bir dona xurmoni o‘zi yemoqchi bo‘lib, og‘ziga ko‘targanda, qizlari uni ham berishini so‘rashdi. U o‘zi yemoqchi bo‘lgan xurmoni ikkiga bo‘lib, qizlariga berdi. Uning bu ishi meni hayron qoldirdi. Uning qilganini Rasululloh sallallohu alayhi vasallamga aytganimda, U Zot: “Bu sababli Alloh unga jannatni vojib qildi yoki uni do‘zaxdan ozod qildi”, – dedilar” (Imom Muslim rivoyatlari).
Demak, farzandlarini dunyoga keltirish, keyin boqib katta qilishda bemisl matonat va fidoiylik ko‘rsatuvchi onalarimizning hurmatlarini joyiga qo‘yib, xizmatlarini qilib, nazarlarini topib, duolarini olish farzandning eng muhim burchlaridan hisoblanadi.
Bir kuni Muoviya ibn Johima raziyallohu anhu Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallamning huzurlariga kelib, shunday dedilar:
يَا رَسُولَ اللهِ أَرَدْتُ أَنْ أَغْزُوَ، وَقَدْ جِئْتُ أَسْتَشِيْرُكَ؟ فَقَالَ:"هَلْ لَكَ أُمٌّ"؟ قَالَ: نَعَمْ، قَالَ:"فَالْزَمْهَا فَإِنَّ الْجَنَّةَ تَحْتَ رِجْلَيْهَا
(رواه الإمام النسائي والإمام الحاكم عَنْ مُعَاوِيَةَ بْنِ جَاهِمَةَ رَضِيَ اللَّهُ عَنْهُ)
ya’ni: “Ey Allohning rasuli! Men g‘azotga bormoqchi edim, maslahatingizni olish uchun keldim. Shunda Rasululloh: “Onangiz bormi?”, – dedilar. U kishi: “Ha”, –dedi. Payg‘ambarimiz: “Onangizning xizmatlarini g‘animat biling, chunki jannat uning oyog‘i ostidadir!” – dedilar (Imom Nasaiy va Imom Hokim rivoyatlari).
Demak, onaning roziligi va uning xizmati Payg‘ambar alayhissalom bilan g‘azotda qatnashishdan ham yuqori martabada turar ekan.
Ibni Hajar Asqaloniy rahmatullohi alayh o‘zlarining “Al-isoba” nomli kitoblarida shunday deganlar: “Onalarni hurmat va ehtirom qilish, ularga g‘amxo‘r va mehribon bo‘lish, ularni oldilaridagi farzandlik burchini ado qilish biz ummatlarga Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallamdan merosdir. Ma’lumki, Rasululloh go‘daklik paytlarida onalari olamdan o‘tganlar, biroq U Zotni emizgan Halima onamiz Payg‘ambarimizni huzurlariga kelganlarida o‘rnilaridan turib, kiyib turgan muborak ridolarini Halima onamizga to‘shab, ustiga o‘tqizar edilar.
Mehribon onalarimizga qancha xizmat qilsak ham ularni haqlarini ado qila olmaymiz. Bu haqda quyidagi rivoyat keltirilgan:
أَنَّ رَجُلًا كَانَ بِالطَّوَافِ حَامِلًا أُمَّهُ يَطُوفُ بِهَا فَسَأَلَ النَّبِيَّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ هَلْ أَدَّيْتُ حَقَّهَا؟
قَالَ: "لَا وَلَا بِزَفْرَةٍ وَاحِدَةٍ!"
(رواه الإمام البزار)
ya’ni: Bir kishi onasini yelkasida ko‘tarib Baytullohni tavof qildirar edi. Tavofni tugatgach: “Onamning mendagi haqqini ado etdimmi?” deb so‘radi. Shunda Rasululloh sallallohu alayhi vasallam: “Yo‘q, syen to‘lg‘oq azobidagi bir marta oh urishining haqqini ham ado etolmading” – dedilar (Imom Bazzor rivoyatlari).
Onaga yaxshilik qilish, kishining tavbasi qabul bo‘lishiga ham sabab bo‘ladi. Bu haqda bunday hadisi sharif keltirilgan:
عَنِ ابْنِ عُمَرَ، أَنَّ رَجُلاً أَتَى النَّبِيَّ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ فَقَالَ: يَا رَسُولَ اللهِ، إِنِّي أَصَبْتُ ذَنْبًا عَظِيمًا فَهَلْ لِي تَوْبَةٌ؟ قَالَ: هَلْ لَكَ مِنْ أُمٍّ؟ قَالَ: لاَ، قَالَ: هَلْ لَكَ مِنْ خَالَةٍ؟ قَالَ: نَعَمْ، قَالَ: "فَبِرَّهَا
(رواه الإمام الترمذي)
ya’ni: Bir kishi qayg‘uga botib, Rasululloh sallallohu alayhi vasallam huzurlariga bordi va: “Ey Rasululloh! Men katta gunoh qilib qo‘ydim, mening tavbam qabul bo‘larmikin?” – dedi. Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam: “Onangiz bormi?” – dedilar. U “Yo‘q”, – dedi. Rasululloh: “Xolangiz bormi?” –deb so‘radilar. “Ha” – deb javob berdi. Rasululloh: “Unday bo‘lsa, xolangizga yaxshilik qiling”, – deb marhamat qildilar (Imom Termiziy rivoyatlari).
Onaga xizmat qilish duo ijobat bo‘lishiga sababdir. Bu haqda Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam shunday marhamat qilganlar:
إِنَّ خَيْرَ التَّابِعِيْنَ رَجُلٌ يُقَالُ لَهُ: أُوَيْسْ، وَلَهُ وَالِدَةٌ، وَكَانَ بِهِ بَيَاضٌ، فَمُرُوهُ فَلْيَسْتَغْفِرْ لَكُمْ
(رواه الإِمَامُ مسلم عن عمر بن الخطاب رضي الله عنه)
ya’ni: “Albatta, tobe’inlardan eng yaxshisi Uvays bo‘lib, uning bir onasi bor. Uvaysni (qo‘lida tangachalik) oqligi bo‘lib, (u doimo onasining xizmatidadir) (Sizlardan kim unga yo‘liqsa), u zotdan iltimos qilinglar, sizlarning haqqingizga istig‘for aytsin (duo qilsin)!” (Imom Muslim rivoyatlari).
Shuni ham unutmasligimiz kerakki, ota-onalar keksayib, nochor qolishganda ularning yemoq-ichmoqlari, kiyim-kechaklari va turar joy kabi moddiy ta’minotlari farzandlarning zimmasiga farz bo‘ladi. Buni har bir farzand doimo yodda saqlashi kerak.
Kim ota-onasi bo‘la turib, jannatni qo‘ldan chiqarsa, uning holiga voy bo‘ladi. Payg‘ambarimiz alayhissalom bu haqda shunday deganlar:
"رَغِمَ أَنْفُ رَغِمَ أَنْفُ رَغِمَ أَنْفُ رَجُلٍ أَدْرَكَ وَالِدَيْهِ أَحَدَهُمَا أَوْ كِلَيْهِمَا عِنْدَهُ الْكِبَرُ لَمْ يُدْخِلْهُ الْجَنَّةَ"
(رَوَاهُ الإِمَامُ مُسْلِمٌ عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ رضي الله عنه)
ya’ni: “Ota-onasining har ikkisi yoki birortasi uning huzurida qarilikka yetsayu, (ularning xizmatlarini qilib, roziliklarini olib) jannatga kira olmagan kishi xor bo‘lsin, xor bo‘lsin, xor bo‘lsin!” (Imom Muslim rivoyatlari).
Afsuski, hozirgi kunda ba’zi farzandlar ota-onalarining qadriga yetmasdan, ularni qariyalar uyiga olib borib qo‘ymoqdalar. Bu bizni dinimizga, urf-odatlarimizga mutlaqo ziddir.
Shunday ekan, Alloh taolo barchamizga ota-onalarimizning xizmatlarini qilish, duolarini olish va ular sababli ikki dunyo saodatiga musharraf bo‘lish baxtini nasib aylasin!
Hurmatli azizlar! Urfimizda hurmatli va qadri baland narsalarga “ona” so‘zini qo‘shib aytish joriy bo‘lgan. Masalan, “Ona vatan”, “Ona tili”, “Ona tuproq”, “Ona yurt” kabilarni bunga misol qilib keltirish mumkin. Mana shundan ham onaning naqadar ulug‘ zot ekanligi ma’lum bo‘ladi. Shuningdek, Yurtimizda ham ayollarni e’zozlash maqsadida ko‘plab ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, ko‘p bolali ayollarni ijtimoiy himoya qilinishi, har yili 8-martni xalqaro xotin qizlar kuni sifatida dam olish kuni deb, e’lon qilingani va hukumatimiz tomonidan o‘tkazilayotgan qator tadbirlarning barchasida ayollarimizga alohida imtiyozlar berilayotgani ularga bo‘lgan yuksak ehtiromning bir namunasidir.
Hurmatli azizlar! Ma’ruzamizning fiqhiy masalalar qismida g‘uslga bog‘liq ba’zi hukmlar haqida suhbatlashamiz. “G‘usl” arabcha so‘z bo‘lib, “yuvmoq” ma’nosini anglatadi. Alloh taolo “Moida” surasining 6-oyatida shunday marxamat qiladi:
وَإِنْ كُنْتُمْ جُنُبًا فَاطَّهَّرُوا
(سورة المائدة / 6آية)
ya’ni: “Agar junub bo‘lsangiz, obdon poklaningiz (cho‘milingiz)!”
Quyidagi hollarda g‘usl qilish vojib bo‘ladi: 1) Er-xotinlik aloqasidan keyin. 2) Ehtilomdan keyin; 3) Ayollarda hayz yoki nifos qonining to‘xtaganidan keyin.
G‘uslda uchta farz bor: 1) Og‘iz yuvish. 2) Burun chayish. 3) Badanning hamma joyiga suv yetkazish.
G‘usl qilmoqchi bo‘lgan odam, quyidagi tartibga amal qilishi sunnat: avvalo qo‘lini yuvadi, keyin avrati va badanidagi najosatlarni ketkizadi, mukammal tahorat qiladi, so‘ngra badanining hamma joyiga uch marta suv yetkazib yuvadi, oyog‘i ostida suv to‘planadigan bo‘lsa, suvdan chiqib, oyog‘ini yuvadi (“Hidoya”, “Al-Ixtiyor”). G‘uslda niyat qilish sunnat hisoblanadi.
Hurmatli jamoat! Ma’lumki, kuni kecha 3-5 mart kunlari Samarqand shahrida “Imom Abu Mansur Moturidiy va moturidiya ta’limoti: o‘tmish va bugun” mavzusida xalqaro konferensiya o‘tkazildi. Biz e’tiboringizni qaratmoqchi bo‘lgan nuqta shuki, konferensiyada Moturidiya ta’limoti "o‘tmish va bugun" mavzusi tanlangan. Xo‘sh, o‘tmish bilan bugunni bog‘laydigan narsa nima, ular o‘rtasidagi o‘xshashlik qanday namoyon bo‘ladi?! Islom tarixidan ma’lumki, 3-4 hijriy asrlardan turli e’tiqodiy toifalar rivojlanib, musulmon ummatini tafriqaga sola boshladi. “Sen kofir”, “sen munofiq” kabi da’volar ko‘paygandan ko‘paydi. Shu davrda Imom Moturidiy va Imom Ash’ariy chiqib Ahli sunna val jamoa e’tiqodini bayon qilib, xalqqa tushuntirdilar, kerakli o‘rinlarda raddiyalar berdilar, adashganlarni to‘g‘ri yo‘lga qaytardilar. Ularning islom ummatiga qilgan eng katta xizmati, islom ummatini yana qaytadan jamlash, ahli sunna val jamoa e’tiqodi atrofida birlashtirish bo‘ldi. Bugungi kunimizda ham o‘tmishdagi kabi islom ummatida bo‘linish, firqalanish o‘zgani kufr va nifoqda ayblash borgan sari ko‘payib bormoqda. O‘tmishda ulug‘ bobolarimiz qilgani kabi har birimiz ummatni birlashtirish, ittifoq qilish harakatida bo‘laylik. Buning uchun Imom Moturidiy va Imom Ash’ariy tutgan yo‘lga birlashib, bir-birimizga bag‘rikenglik qilib, "La ilaha illalloh, Muhammadur rasululloh", degan kishilarni tek qo‘yaylik, ularni kufr, nifoq va shirk bilan ayblamaylik. Alloh taolo barchamizga bu yo‘lda tavfiq bersin.
Azizlar! Xabaringiz bor ayni kunlarda dunyoning ba’zi davlatlarida koronavirus infeksiyasi tarqalmoqda. Garchi, Yurtimizda bu kasallik kuzatilmagan bo‘lsa-da Sog‘liqni Saqlash Vazirligi tomonidan bu kasallikdan saqlanish uchun quyidagilarga amal qilish tavsiya qilingan:
Alloh taolo barcha mo‘min-musulmonlarni, jumladan yurtimiz aholisini turli balo-ofatlardan, kasalliklardan O‘z panohida asrasin!
Mo‘tabar onaxonlarimizni qadrlariga yetish, vafot etganlarining ruhlarini shod etishni barchamizga nasib aylasin! Omin!
Muhtaram imom-domla! Kelgusi juma ma’ruzasi “NIKOH – MUQADDAS RISHTA” mavzusida bo‘ladi.
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
عَنْ عَبْدِ اللهِ بْنِ مُغَفَّلٍ قَالَ: قَالَ رَسُولُ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ: «نَفَقَةُ الرَّجُلِ عَلَى عِيَالِهِ صَدَقَةٌ».
Abdulloh ibn Mug‘affaldan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Kishining ahli ayoliga qilgan nafaqasi sadaqadir», dedilar.
Sharh: Darhaqiqat, ahli ayolga nafaqa qilish sadaqadir. Chunki bunda kishi vojib ibodatni ado etadi. Zotan, shariat hukmi bo‘yicha ahli ayolning nafaqasi vojibdir. Bu Alloh taoloning amridir. Shariatda ko‘rsatilgan amalni Allohning amrini bajarish niyati bilan qilish Alloh taoloning yo‘lida qilingan ish bo‘ladi. Shuning uchun o‘z ahli ayolimga bersam, sadaqaning savobidan mahrum bo‘laman, degan tushuncha noto‘g‘ridir. Aksincha, yaxshi niyat bilan, shariatning buyrug‘ini, Alloh taoloning hukmini ado etyapman, ahli ayolimning nafaqasi menga vojibdir, shuni haloldan ado etaman, deb harakat qilgan kishi ahlining nafaqasi tufayli ulug‘ ajrlarga erishadi.
عَنِ الْحَسَنِ يَرْفَعُ الْحَدِيثَ قَالَ: «إِذَا أَنْفَقَ الرَّجُلُ عَلَى أَهْلِهِ مِنْ غَيْرِ إِسْرَافٍ وَلَا إِقْتَارٍ كَانَتْ نَفَقَتُهُ بِمَنْزِلَةِ النَّفَقَةِ فِي سَبِيلِ اللهِ».
Hasandan rivoyat qilinadi: «Kishi ahli ayoliga isrof ham qilmay, juda siqib ham qo‘ymay nafaqa qilsa, Allohning yo‘lidagi nafaqa o‘rnida bo‘ladi».
Sharh: Ahli ayolga, ya’ni qaramog‘idagilarga qilingan nafaqada isrof qilish ham, xasislik qilish ham durust emas. Balki o‘rtacha, bir me’yorda nafaqa qilib borish Allohning yo‘lidagi nafaqa bo‘ladi.
Ahli ayolning nafaqasida isrofga yo‘l qo‘yish barcha holatlardagi isrof kabi noshar’iy ish hisoblanadi. Shu bilan birga, bu ish ahli ayolning haddidan oshishiga, odobsizliklarga qo‘l urishiga sabab bo‘lib qolishi ham mumkin.
Ahli ayolning nafaqasini siqib qo‘yish baxillikning yorqin namunasidir. Bu nafaqadagi kishilarning haqqini poymol qilishdir.
Barcha ish va holatlardagi kabi, bu ishda ham o‘rtacha bo‘lish ma’qul. Zotan, dinimiz vasatiylik – o‘rtacha yo‘l tutish dinidir.
Alloh taolo Furqon surasida aytadi: «Infoq qilganlarida isrof ham, xasislik ham qilmaslar, bu ikkisi o‘rtasida mo‘tadil bo‘lurlar» (67-oyat).
Arab tilida «infoq» – «nafaqa» iboralari mol-pul sarflash ma’nosini anglatadi. Bizda «birovga sadaqa qilish», «ehson qilish» ma’nosida ishlatish odat tusiga kirib qolganligi oyatni noto‘g‘ri tushunishga, xayr-ehson, sadaqa qilganda mo‘tadil bo‘lishi kerag-u, boshqa vaqtlarda nima qilsa, o‘zi biladi, degan xayolga olib kelmasligi lozim.
Musulmon kishi mol-pul sarflashda doimo mo‘tadil bo‘lishi kerak. Mol-dunyoni hech qachon isrof ham qilmasligi va haddan tashqari xasis bo‘lib, zarur joyga va kerakli miqdorda sarflashdan bosh tortmasligi ham kerak.
Islomda shaxsiy mulkchilikka keng yo‘l ochib qo‘yilgan. Shu bilan birga, kishilarga shaxsiy mulklarini havoyi nafslariga binoan tasarruf qilishlariga ham yo‘l qo‘yilmaydi. Avvalo, bu mulkni gunoh ishlarga, harom-harishga ishlatish man qilingan.
Shuningdek, mol-mulkni behuda sarflashga «isrof» degan nomni berib, musulmonlar isrofdan qaytarilgan. Mol-mulkini behuda, noo‘rin sarflaydigan odam «safiyh» – esi past deyiladi. Kim safiyh bo‘lsa, mahkamaning hukmi ila uning mol-mulki muzlatib qo‘yiladi. Kerak bo‘lganida, ma’lum miqdori beriladi, qolgani saqlab turiladi.
Shu bilan birga, o‘ta xasis odamga qarshi chora ham ko‘riladi. Bola-chaqasidan, nafaqasidagilardan qisib, ularga haqlari darajasida sarf qilmasa, mahkama ularning haqlarini olib beradi.
Isrofgarchilik va xasislikni tanqid etib, qoralovchi ko‘plab hadislar kelgan.
عَنْ أَبِي الْمُخَارِقِ قَالَ: خَرَجَ النَّبِيُّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ فِي غَزَوةِ تَبُوكَ فَطَلَعَتْ نَاقَتُهُ، فَقَامَ عَلَيْهَا سَرِيعًا، فَمَرَّ بِهِ رَجُلٌ، فَقَالَ لَهُ بَعْضُ أَصْحَابِهِ: مَا رَأَيْنَا كَالْيَوْمِ رَجُلًا أَجْلَدَ وَلَا أَقْوَى لَوْ كَانَ فِي سَبِيلِ اللهِ. فَقَالَ النَّبِيُّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ: «إِنْ كَانَ يَسْعَى عَلَى صِبْيَةٍ صِغَارٍ فَهُوَ فِي سَبِيلِ اللهِ، وَإِنْ كَانَ يَسْعَى عَلَى وَالِدَيْهِ فَهُوَ فِي سَبِيلِ اللهِ، وَإِنْ كَانَ يَسْعَى عَلَى نَفْسِهِ لِيُغْنِيَهَا فَهُوَ فِي سَبِيلِ اللهِ، وَإِنْ كَانَ يَسْعَى رِيَاءً وَسُمْعَةً فَهُوَ لِلشَّيْطَانِ».
Abul Muxoriqdan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam Tabuk g‘azotiga chiqdilar. Tuyalari kelib qoldi. Unga tezda mindilar. Shunda oldilaridan bir kishi o‘tib qoldi. Hamma o‘sha kishiga qaradi. Shunda sahobalardan biri u zotga: «Bugungiga o‘xshash baquvvat, chapdast odamni hech ko‘rmagan edik. Qani endi u Allohning yo‘lida bo‘lsa», dedi.
Shunda Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Agar u o‘zining kichik bolalari uchun urinayotgan bo‘lsa, Allohning yo‘lidadir. Agar u ota-onasiga yaxshilik qilish uchun urinayotgan bo‘lsa, Allohning yo‘lidadir. Agar u o‘zining behojatligi uchun urinayotgan bo‘lsa, Allohning yo‘lidadir. Agar riyo va xo‘jako‘rsin uchun urinayotgan bo‘lsa, shaytonning yo‘lidadir», dedilar».
Sharh: Demak, mo‘min-musulmonlar riyokorlikdan, xo‘jako‘rsinchilikdan, falonchi gapiradi, pistonchi kuladi, falonchini qoyil qilib qo‘yay, kabi bandaning rioyasini qilishdan mutlaqo uzoq bo‘lishlari, hazir bo‘lishlari kerak. Balki har bir ishni sof niyat bilan, shariatda ko‘rsatilganidek, Alloh taolodan savob umidida ado etish lozim ekan. Shunda ham hojati ravo bo‘ladi, ham murod-maqsadiga yetib, boshqalarni xursand qiladi, eng muhimi, Allohning yo‘lida amal qilgan inson darajasiga ko‘tariladi.
Ushbu hadisi sharifdan olinadigan foydalar:
1. O‘zining kichik bolalari uchun urinayotgan odam Allohning yo‘lida urinayotgan shaxs ekani.
2. Ota-onasiga yaxshilik qilish uchun urinayotgan odam Allohning yo‘lida urinayotgan shaxs ekani.
3. O‘zining behojatligi uchun urinayotgan odam Allohning yo‘lida urinayotgan shaxs ekani.
4. Riyo va xo‘jako‘rsin uchun urinayotgan odam shaytonning yo‘lida urinayotgan shaxs ekani.
قَالَ شُعْبَةُ: فَقُلْتُ لِعَدِيٍّ: عَنِ النَّبِيِّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ؟ فَقَالَ: عَنِ النَّبِيِّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: «إِذَا أَنْفَقَ الرَّجُلُ عَلَى أَهْلِهِ نَفَقَةً يَحْتَسِبُهَا كَانَتْ لَهُ صَدَقَةً».
Shu’badan rivoyat qilinadi:
«Adiyga: «Nabiy sollallohu alayhi vasallamdanmi?» dedim.
«Ha, Nabiy sollallohu alayhi vasallamdan. U zot: «Qachon kishi ahliga savob umidida nafaqa qilgan bo‘lsa, uning uchun sadaqadir», dedilar», dedi».
Sharh: Ahliga, qaramog‘idagilarga savob umidida, bu Allohning hukmi, shariatning buyrug‘i, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning ko‘rsatmalari, bu menga vojib, degan niyatda va albatta, halol-pok yo‘l bilan topilgan moldan qilingan nafaqa sadaqa o‘rniga o‘tib, ulkan ajr-savoblarga sabab bo‘lishi shubhasiz haqiqatdir.
«Yaxshilik va silai rahm» kitobi 1-juz