Konferensiya – o‘zaro fikr almashish uchun qulay fursat
2.03.2020
2503
1 min.
Muhammad Yusuf Usmon, Malayziyadagi islom sivilizatsiyasi markazi direktori:
– Buyuk imom, Moturidiya ta’limoti asoschisi Abu Mansur Moturidiy ilmiy-ma’naviy merosiga bag‘ishlangan xalqaro konferensiyada ishtirok etish uchun O‘zbekistonga kelib, fursatdan foydalanib, Toshkent shahrining diqqatga sazovor joylarini tomosha qildik. Ochig‘i, amalga oshirilayotgan bu darajadagi keng qamrovli islohotlar, qurilish va bunyodkorlik ishlarini ko‘rib lol qoldik.
Prezident Shavkat Mirziyoyev boshchiligida barcha sohalar qatori diniy-ma’rifiy yo‘nalishda olib borilayotgan islohotlarni butun dunyo, xususan malayziyaliklar ham katta qiziqish bilan kuzatib bormoqda.
Islom olamining eng yetuk mutafakkirlari O‘zbekiston diyoridan yetishib chiqqan. Bugun yurtingizda ushbu ulug‘ zotlar ilmiy-ma’naviy merosiga hurmat yuqori darajada. Bu borada olib borilayotgan tadqiqot ishlari yaxshi yo‘lga qo‘yilgan. Keyingi uch yilda ushbu yo‘nalishdagi ilmiy tadqiqotlarni kuchaytirish maqsadida xalqaro darajadagi markazlar tashkil etilgani e’tirofga munosib.
Bugun ushbu markazlar dunyo ilm ahli bilan fikrlashmoqda, ma’lumot almashmoqda. Malayziyadagi islom sivilizatsiyasi markazi ham O‘zbekistondagi qator muassasalar bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘ygan. Jumladan, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi bilan samarali kelishuvlarga erishganmiz.
O‘tkazilayotgan mazkur konferensiyadan ham umidimiz katta. Konferensiyada islom olamining yirik tadqiqot markazlari rahbarlari, ulamolar ishtirok etishi kutilayapti.
Anjuman ilmiy hamkorlik aloqalarini yanada kengaytirish, Abu Mansur Moturidiy ta’limoti bo‘yicha islom olamida olib borilayotgan tadqiqot ishlari yuzasidan ma’lumot almashish imkoniga ega bo‘lamiz.
Konferensiya tashabbuskori bo‘lgan O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga o‘z minnatdorligimizni bildiramiz.
MА`LUMOTNI IJTIMOIY TАRMOQLАRDА ULАSHING