Urgut tumani bosh imom-xatibi
Shodi domla HAQBЕRDIYEV bilan suhbat
– Assalomu alaykum, domla. Suhbatimizni inson hayotidagi muhim sana va hodisalarning nishonlanishi haqidagi savoldan boshlasak. Masalan, hozir chaqaloqni tug‘uruqxonadan uyga olib kelish ham katta marosimga aylanib boryapti. Hatto bolaning maktabga chiqishini karnay-surnay, qimmat mashina ishtirokida o‘tkazish holatiga guvoh bo‘ldik. Bularga dinimiz nima deydi?
– Rahmatli shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf “Ijtimoiy odoblar” kitobida bunday yozadi: «Ulamolarimiz marosimlar haqida kelgan shar’iy qoidalarni batafsil o‘rganib va tahlil qilib bo‘lganlaridan keyin, qaysi marosimlar shariatda borligini belgilab berishgan. Masalan, “Al-insof” kitobida “Odamlarni chorlab, marosim qilib beriladigan taomlar o‘ntadir”, deyilgan…” So‘ng kerakli sharhlar berilgan: “valiyma” – kelin tushirish (nikoh to‘yi), “aziyra” – xatna marosimi, “xursa” – bola tug‘ilishi ila o‘tkaziladigan marosim, “vakiyra” – yangi uy-bino munosabati ila, “naqiyya” – birovning g‘oyib bo‘lganidan keyin safardan qaytib kelishi, “aqiyqa” – bola yetti kunlik bo‘lganda, “vaziyma” – motam munosabati bilan, “ma’daba” – oddiy, alohida sababsiz ziyofat, “hizoq” – Qur’onni yodlab bo‘lish munosabati bilan, “tuhfa” – biror kishi sharafiga qilinadigan marosim, shuningdek, balo-ofatdan qutulgani shukronasiga ehson qilish, katta muvaffaqiyatga va yutuqqa erishgani shukronasiga uyushtiriladigan marosimlar haqida ma’lumotlar keltirilgan».
Shu kitobda bulardan faqat “valiyma” – nikoh to‘yidan boshqa barchasi mustahabdir, istagan qiladi, istamagan yo‘q, deb ta’kidlangan. Kitobda mazkur marosimlarni amalga oshirishda nimalarga rioya qilish kerakligi haqida ham aniq ko‘rsatmalar berilgan. Shuni e’tiborda tutish lozimki, “Islomda yor-birodarlarni bir dasturxon ustiga jamlash mustahab amallardan. Unda yaxshilik va baraka bordir…” “Shu bilan birga, marosimlarda shariat ko‘rsatgan chegaradan chiqishning zarari bor” (o‘sha kitob, 107-bet).
Siz aytayotgan holatlar esa yumshoq qilib aytganda – isrof. Musulmon kishi hayotdagi har bir xatti-harakatida, har qanday vaziyatda Alloh taoloning rizoligini o‘ylab ish tutishi zarur.
– Ko‘p yillardan buyon imomlik vazifasida ishlab kelmoqdasiz. Xalq orasida tarqalgan ba’zi xurofotlar, bid’at marosimlarga hanuz guvoh bo‘lyapmiz. Tajribangizdan kelib chiqib ayting-chi, bunday ishlar avvallari ko‘pmidi yo keyingi paytlarda urchidimi?
– Odamlar orasida hanuz saqlanib kelayotgan illatlarning barchasi ilmsizlikdan. Ayniqsa, xotin-qizlar orasida bunday marosimlar oz emas. Yashash sharoitlarimiz tobora yaxshilangani sari ortiqcha orzu-havaslarga berilish ham, afsuski, kuchayib ketmoqda. Alhamdulillah, keyingi yillarda diniy idoramiz mas’ul xodimlari, imom-xatiblar harakatlari bilan to‘y-ma’raka va boshqa marosimlardagi noloyiq holatlarga barham berilmoqda. .
– Haj ziyoratidan kelgan hojini dabdabali kutib olish, poyiga kiyim, gilam yoki shunga o‘xshash narsa yozib, ustiga chiqib bering, deyish urf bo‘lgan. Shuningdek, hojilar orasida “hoji oshi”, “hoji gapi” kabi yig‘inlar ommalashgan. Bular haj ibodatini bajarib kelgan kishini noqulay ahvolga solib qo‘ymaydimi?
Hojilarimiz imkon boricha bunday holatlardan o‘zlarini saqlashlari, boshqalar shunga intilganda, “Yo‘q, ma’zur tutinglar, Alloh nasib etib, poklanib kelgan bo‘lsam, endi meni nomashru’ ishlarga chorlamang”, deb bunday amallardan saqlanishi lozim.
Hojilarni safarga kuzatishdan avval haj komissiyasi tomonidan yig‘ilish o‘tkazilib, kelganlaridan keyingi dabdabali holatlarga yo‘l qo‘ymaslik kerakligi tushuntiriladi. Targ‘ibotlarni yanada davom ettirsak, jamiyatimizdagi bu kamchiliklar barham topib, barcha ishlarimiz o‘z iziga tushib ketadi, inshoalloh.
– So‘nggi paytda ahli sunna val jamoaning aqida va mazhab imomlari yo‘lini xatoga chiqaradiganlar ham tez-tez uchrab turibdi. Buning sababi nimada?
– Xalqimizdagi: “Ko‘r tutganini qo‘ymaydi, kar – eshitganini”, degan iboraning hayotimizda ko‘p uchrashiga misollardan biri bu. Donolarimizda shunday hikmat bor: “Biliming osmonga yetgan bo‘lsa ham, boshqalar ilmiga quloq sol har dam!” Es-hushi joyida bo‘lgan, o‘z holati va darajasiga ko‘ra ozmi-ko‘pmi tegishli bilimlari bor odam aslo bunday nojo‘ya qiliqlarga yo‘l qo‘ymaydi! Aqida va mazhab imomlarimiz yo‘llarini xato deydiganlar Islom dini mohiyatini to‘g‘ri o‘rganmagan, qolaversa, kimlarningdir buzuq niyatlarini amalga oshirishda yordam qilayotgan kimsalardir.
– Hozir ijtimoiy tarmoqlar orqali asossiz gaplar tarqatish, ilm ahliga malomat toshlarini otish holatlari kuzatilyapti. Islom dinida ilm ahliga nisbatan qanday munosabatda bo‘lish talab etiladi?
– Internet inson imkoniyatlarini nihoyatda oshirib yubordi. Ilm olishni istovchilar uchun uning juda oson va qulay sharoitlari bor. Xohlagan savolga javobni internet orqali osongina topish mumkin. Ammo, afsuski, u javoblarning hammasi to‘g‘riligiga kafolat yo‘q. Shu bois internetdan foydalanishda aqllilik, hushyorlik juda zarur. Bergan savolingga javob kimdan kelyapti, qanday manbaga asoslangan – bularni e’tiborga olish nihoyatda zarur. Boshqalar bilan o‘zaro aloqaga kirishishu fikr almashishda ham aqlli bo‘ling, buzuq niyatli kimsalarning aldoviga uchib qolmang, deb doimo ta’kidlab turishga to‘g‘ri kelmoqda.
Mo‘min kishi olim, qori va boshqa ilm ahllariga nisbatan chiroyli odob saqlashi lozim. Chunki bu Qur’onga, hadisga – ilmga hurmat bo‘ladi. Hadisi sharifda aytilganidek, ilmli kishilar bu dunyoda izzat-hurmatli, oxiratda, inshoalloh, sharafli bo‘ladilar.
– Dinimizni o‘rganishni istagan ba’zi yoshlarimiz o‘zlari bilmagan holda ayrim “rahnamo”larga ergashib ketganlari bor gap. Bunday adashishlarning oldini olish uchun tajribali, oqsoqol imom sifatida qanday tavsiyalar berasiz?
– Islom dini xalqimizning qoniga singib ketgan. Binobarin, yoshlarimiz namozga yoki Qur’on o‘qish, dinimiz asoslarini o‘rganishga rag‘bat qilishlari tabiiy hol. Shunday niyatda bo‘lgan yoshlar uchun maslahatimiz shuki, buning uchun ular O‘zbekiston musulmonlari idorasi tizimidagi masjidlarning joylardagi imom-xatiblariga yoki O‘zbekiston musulmonlari idorasining rasmiy saytlariga murojaat qilishlari lozim. Shundagina ular barcha masalalarda to‘g‘ri, ishonchli javoblarga ega bo‘lishadi. .
Abdulatif ABDULLAYEV suhbatlashdi
“Hidoyat” jurnalining 2020 yil, 2-sonidan
Doktor Muhammad Rotib Nobulsiy aytadilar: “Damashqlik ustozim 97 yoshda bo‘lsalarda, tetik, hatto tishlari ham soppa-sog‘, ko‘zlari ravshan edi. Qiziqib buning sababini so‘raganimizda: “Yoshligimizda a’zolarimizni gunohlardan asragandik, qariganimizda Alloh taolo ularning xizmatidan bizni mahrum etmadi”, deb javob berdilar”.
Alloma Tabariy rahimahulloh 70 yoshida ham kemadan quruqlikka sakrab tushardilar. Yoshlar taajjublanib: “Buncha kuch-quvvat qayerdan?” deb so‘rashganda, u zot: “Biz a’zolarimzni yoshligimizda gunohlardan saqlagan edik, qariganimizda esa Alloh taolo ularni biz uchun saqlab qoldi”, dedilar.
Tobe’in Hasan Basriy rahmatullohi alayh yoshlari 90 dan oshgan bo‘lsada dalada ishlardilar. Buni ko‘rgan odamlar: “Yoshligingni qanday saqlab qolding?” deb so‘rashdi. Hasan Basriy rahimahulloh: “Men yoshligimni saqlab qoldim, Alloh esa keksaligimni saqlab qoldi”, dedilar.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Ko‘zning zinosi – (nomahramga) qarashdir”, deganlar. Boshqa bir rivoyatda “Ko‘z ham zino qiladi. Ko‘zning zinosi (nomahramga) qarashdir”, deyilgan (Imom Buxoriy rivoyati).
Davron NURMUHAMMAD