Sayt test holatida ishlamoqda!
22 Iyul, 2025   |   27 Muharram, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:31
Quyosh
05:09
Peshin
12:35
Asr
17:37
Shom
19:54
Xufton
21:24
Bismillah
22 Iyul, 2025, 27 Muharram, 1447

Illatlarning ildizi ilmsizlikda

28.02.2020   2508   6 min.
Illatlarning ildizi ilmsizlikda

Urgut tumani bosh imom-xatibi

Shodi domla HAQBЕRDIYEV bilan suhbat

– Assalomu alaykum, dom­la. Suhba­timizni inson hayo­tidagi muhim sana va hodi­salarning nishonlanishi ha­­qidagi savoldan boshlasak. Ma­­salan, hozir chaqaloqni tug‘u­ruq­xonadan uyga olib ke­lish ham katta marosimga ay­lanib boryapti. Hatto bo­laning maktabga chiqishini karnay-surnay, qimmat mashina ishtirokida o‘tkazish holatiga guvoh bo‘ldik. Bularga dinimiz nima deydi?

– Rahmatli shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf “Ijtimoiy odoblar” kitobida bunday yozadi: «Ulamolarimiz marosimlar haqida kelgan shar’iy qoidalarni batafsil o‘rganib va tahlil qilib bo‘l­ganlaridan ke­yin, qaysi marosimlar shariatda borligini belgilab berishgan. Masalan, “Al-insof” kitobida “Odamlarni chorlab, marosim qilib beriladigan taomlar o‘ntadir”, deyilgan…” So‘ng kerakli sharhlar berilgan: “valiyma” – kelin tushirish (nikoh to‘yi), “aziyra” – xatna marosimi, “xursa” – bola tug‘ilishi ila o‘tkaziladigan marosim, “va­kiyra” – yangi uy-bino munosabati ila, “na­qiyya” – birovning g‘oyib bo‘lganidan keyin safardan qaytib kelishi, “aqiyqa” – bola yetti kunlik bo‘lganda, “vaziyma” – motam munosabati bilan, “ma’daba” – oddiy, alohida sababsiz ziyofat, “hizoq” – Qur’onni yodlab bo‘lish munosabati bilan, “tuhfa” – biror kishi sharafiga qilinadigan marosim, shuningdek, balo-ofatdan qutulgani shukronasiga ehson qilish, katta muvaffaqiyatga va yutuqqa erishgani shukronasiga uyushtiriladigan marosimlar haqida ma’lumotlar keltirilgan».

Shu kitobda bulardan fa­qat “valiyma” – nikoh to‘yidan boshqa barchasi mustahabdir, istagan qiladi, istamagan yo‘q, deb ta’kidlangan. Kitobda mazkur marosimlarni amalga oshirishda nimalarga rioya qilish kerakligi haqida ham aniq ko‘rsatmalar berilgan. Shuni e’tiborda tutish lozimki, “Islomda yor-birodarlarni bir dasturxon ustiga jamlash mustahab amallardan. Unda yaxshilik va baraka bordir…” “Shu bilan birga, marosimlarda shariat ko‘rsatgan chegaradan chiqishning zarari bor” (o‘sha kitob, 107-bet).

Siz aytayotgan holatlar esa yumshoq qilib aytganda – isrof. Musulmon kishi hayotdagi har bir xatti-harakatida, har qanday vaziyatda Alloh taoloning rizoligini o‘ylab ish tutishi zarur.

– Ko‘p yillardan buyon imomlik vazifa­sida ishlab kelmoqdasiz. Xalq orasida tarqalgan ba’zi xurofotlar, bid’at marosim­larga hanuz guvoh bo‘lyapmiz. Tajri­bangizdan kelib chiqib ayting­-chi, bunday ishlar avvallari ko‘pmidi yo keyingi paytlarda urchidimi?

– Odamlar orasida hanuz saqlanib kelayotgan illatlarning barchasi ilmsizlikdan. Ayniqsa, xotin-qizlar orasida bunday marosimlar oz emas. Yashash sharoitlarimiz tobora yaxshilangani sari ortiqcha orzu-havaslarga berilish ham, afsuski, kuchayib ketmoqda. Alhamdulillah, keyingi yillarda diniy idoramiz mas’ul xodimlari, imom-xatiblar harakatlari bilan to‘y-ma’raka va boshqa marosimlardagi noloyiq holatlarga barham be­rilmoqda. .

– Haj ziyorati­dan kelgan hojini dabdabali kutib olish, poyiga kiyim, gilam yoki shunga o‘xshash narsa yozib, ustiga chiqib bering, deyish urf bo‘lgan. Shuningdek, hojilar orasida “hoji oshi”, “hoji gapi” kabi yig‘inlar ommalashgan. Bular haj ibodatini bajarib kelgan kishini noqulay ahvolga solib qo‘ymaydimi?

Hojilarimiz imkon boricha bunday ho­latlardan o‘zlarini saqlashlari, boshqalar shunga intilganda, “Yo‘q, ma’zur tutinglar, Alloh nasib etib, poklanib kelgan bo‘lsam, endi meni nomashru’ ishlarga chorlamang”, deb bunday amallardan saqlanishi lozim.

Hojilarni safarga kuzatishdan avval haj komissiyasi tomonidan yig‘ilish o‘tka­zilib, kelganlaridan keyingi dabdabali holatlarga yo‘l qo‘ymaslik kerakligi tushuntiriladi. Targ‘ibotlarni yanada davom ettirsak, jamiyatimizdagi bu kamchiliklar barham topib, barcha ishlarimiz o‘z iziga tushib ketadi, inshoalloh.

– So‘nggi paytda ahli sunna val jamoa­ning aqida va maz­hab imomlari yo‘lini xatoga chi­qaradiganlar ham tez-tez uchrab turibdi. Buning sababi nimada?

– Xalqimizdagi: “Ko‘r tutga­nini qo‘y­maydi, kar – eshitga­ni­­ni”, degan iboraning hayo­ti­­miz­da ko‘p uchrashiga misol­­­lar­dan biri bu. Donola­ri­mizda shunday hikmat bor: “Biliming osmonga yetgan bo‘lsa ham, boshqalar ilmiga quloq sol har dam!” Es-hushi joyida bo‘lgan, o‘z hola­ti va darajasiga ko‘ra ozmi-ko‘p­mi tegishli bilimlari bor odam aslo bunday nojo‘ya qiliqlarga yo‘l qo‘ymaydi! Aqida va mazhab imomlarimiz yo‘llarini xato deydiganlar Islom dini mohiyatini to‘g‘ri o‘rganmagan, qolaversa, kimlarningdir buzuq niyatlarini amalga oshirishda yordam qilayotgan kimsalardir.

– Hozir ijtimoiy tar­moqlar or­qali asossiz gaplar tarqatish, ilm ahliga malomat toshlarini otish holatlari kuzatilyapti. Islom dinida ilm ahliga nisbatan qanday munosabatda bo‘lish talab etiladi?

– Internet inson imkoniyatlarini nihoyatda oshirib yubordi. Ilm olishni istovchilar uchun uning juda oson va qulay sharoitlari bor. Xohlagan savolga javobni internet orqali osongina topish mumkin. Ammo, afsuski, u javoblarning hammasi to‘g‘riligiga kafolat yo‘q. Shu bois internetdan foydalanishda aqllilik, hushyorlik juda zarur. Bergan savolingga javob kimdan kelyapti, qanday manbaga asoslangan – bularni e’tiborga olish nihoyatda zarur. Boshqalar bilan o‘zaro aloqaga kirishishu fikr almashishda ham aqlli bo‘ling, buzuq niyatli kimsalarning aldoviga uchib qolmang, deb doimo ta’kidlab turishga to‘g‘ri kelmoqda.

Mo‘min kishi olim, qori va boshqa ilm ahllariga nisbatan chiroyli odob saqlashi lozim. Chunki bu Qur’onga, hadisga – ilmga hurmat bo‘ladi. Hadisi sharifda aytilganidek, ilmli kishilar bu dunyoda izzat-hurmatli, oxiratda, inshoalloh, sharafli bo‘ladilar.

– Dinimizni o‘rganishni ­istagan ba’zi yoshlarimiz o‘zla­ri bilmagan holda ayrim “rah­namo”larga ergashib ketganlari bor gap. Bunday adashishlarning oldini olish uchun tajribali, oqsoqol imom sifatida qanday tavsiyalar be­rasiz?

– Islom dini xalqimizning qoniga singib ketgan. Binoba­rin, yoshlarimiz namozga yoki Qur’on o‘qish, dinimiz asosla­rini o‘rganishga rag‘bat qilishlari tabiiy hol. Shunday niyat­da bo‘lgan yoshlar uchun mas­lahatimiz shuki, buning uchun ular O‘zbekiston musulmonlari idorasi tizimidagi masjidlarning joylardagi imom-xatiblariga yoki O‘zbekiston musulmonlari idorasining rasmiy saytlariga murojaat qilishlari lozim. Shundagina ular barcha masalalarda to‘g‘ri, ishonchli javoblarga ega bo‘­lishadi. .

Abdulatif ABDULLAYEV suhbatlashdi

“Hidoyat” jurnalining 2020 yil, 2-sonidan

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Fursat g‘animatdir

22.07.2025   1091   2 min.
Fursat g‘animatdir

Inson hayotida eng qimmatbaho ne’matlardan biri vaqtdir. U nihoyatda tez o‘tadi, biror narsaga bog‘lab, to‘xtatib, ortga qaytarib bo‘lmaydi. Har lahza inson umridan bir bo‘lakdir. Shuning uchun vaqtni samarali o‘tkazish, uni qadrlash har bir aqlli inson uchun juda muhim.


Har insonga bir umr berilgan. U yillar, oylar, kunlar, daqiqalar bilan hisoblanadi. Bir soat bekorga ketsa, umrimizdan bir qism bekor ketgan bo‘ladi. Ko‘pincha biz "ertaga qilib qo‘yaman", "keyinroq boshlayman" deya o‘zimizni aldab qo‘yamiz. Aniq reja asosida hayot kechirish, har bir kunni maqsadli va mazmunli o‘tkazish vaqtdan unumli foydalanishning asosiy yo‘lidir. Ilm o‘rganish, mehnat qilish, sog‘liqqa e’tibor qaratish, oila va yaqinlarga vaqt ajratish — bularning bari vaqtning to‘g‘ri taqsim qilinishi bilan bo‘ladi.


Tan olish kerak, zamonaviy texnologiyalar, ijtimoiy tarmoqlar va axborot oqimi vaqtimizni o‘g‘irlab, bizni chalg‘itmoqda. Lekin ayb o‘zimizda. Ba’zan keraksiz narsalarga soatlab vaqt sarflaymiz, keyin esa "vaqtim yetmadi" deb shikoyat qilamiz. Shuning uchun ham hayotda "nimalar muhim, nimalar esa vaqt sarflashga arzimaydi" degan savolga aniq javob topib olish lozim. Vaqtga e’tiborli inson – mas’uliyatli insondir. U har bir vazifani o‘z vaqtida bajaradi, orzulari sari qat’iyat bilan intiladi va hayotini nazorat qila oladi.


Islom dinida ham vaqtga alohida ahamiyat berilgan. Qur’oni karimdagi Asr surasida Alloh taolo asr (vaqt)ga qasam bilan insonning zararda ekani ta’kidlagan. Bu esa vaqtning beqiyos ekanini yana bir bor yodga soladi. Faqat iymon keltirgan va yaxshi amallar qilgan, bir-birlariga Haq (yo‘li)ni tavsiya etgan va bir-birlariga (mana shu Haq yo‘lida) sabr-toqat qilishni tavsiya etgan zotlargina najot topishi aytilib, ulgurib qolishga da’vat etilgan. Demakki, vaqtni to‘g‘ri sarflay olgan insongina yutuqqa erishadi. Hayotimizdagi har bir daqiqa – bebaho xazina. Undan oqilona foydalanib qolish kerak, azizlar.

Abdulvohid ISAQOV,

Namangan shahridagi

“Miryoqubboy Mirhakimboy”

jome masjidi imom xatibi

Maqolalar