Islom hamkorlik tashkiloti (IHT) tarkibidagi muassasalardan biri – Ta’lim, fan va madaniyat masalalari bo‘yicha Xalqaro islom tashkiloti (ISESCO) 2020 yilda O‘zbekistonning ko‘hna va boqiy shahri – Buxoroi sharifni Islom madaniyatining poytaxti deb e’lon qildi.
Kurrai zaminda shaharlar juda ko‘p. Ularning hammasi ham o‘z xalqi uchun aziz va mo‘tabar. Ammo yer yuzida sharif shaharlar sanoqli. Ana shunday shariflik maqomiga ega bo‘lgan, “Ilm maskani”, “Zebu ziynat shahri”, “Faxrli shahar”, “Ochiq shahar”, degan ma’noni anglatuvchi – Buxoroi sharif yakkayu yagonadir.
Arxeologik ma’lumotlarga ko‘ra, Buxoroga miloddan avvalgi 1-ming yillik o‘rtalarida asos solingan. Uning nomi ilk o‘rta asr Xitoy manbalarida An, Ansi, Ango, Buxo, Buku, Buxe, Buxaer, Buxuaer, Buxala, Buxuala, Fuxo, Puxuala va boshqa nomlar bilan atalgan. Bu atamalardan avvalgi uchtasi Buxoroning xitoycha nomlari bo‘lib, qolgani “Buxoro” so‘zining xitoy tilidagi talaffuzidir. O‘rta asr arab manbalarida esa Buxoro Numijkat, Navmichkat, Bumichkat (Yangi qo‘rg‘on), Al-Madina as-sufriyya (Mis shahar), Madinat at-tujjor (Savdogarlar shahri), Foxira (Faxrli shahar) kabi nomlar bilan tilga olingan.
“Buxoro” atamasi sanskritcha “vixora” so‘zining turkmo‘g‘ulcha shakli – “buxor” (“ibodatxona”) dan kelib chiqqan deb taxmin qilingan. Keyingi tadqiqotlarda bu atama so‘g‘diycha “bug‘” yoki “bag” hamda “oro” (“jamol”) so‘zlaridan iborat degan fikr ilgari surilmoqda.
Sayohatchilar kundaliklarida Buxoro – “Sharq Venetsiyasi”, “Rimning tengdoshi”, buxoroliklar esa “O‘rta Osiyoning parijliklari” kabi nomlar bilan ataladi.
XI asr butun O‘rta Osiyo shaharlari jug‘rofiyasi va tarixini tadqiq etgan Yoqut Hamaviy “Muj’am al buldon” asarida “Movarounnahrning ko‘rki to‘rt tomonda joylashgan shahardir. Birinchisi, ilmu fazl manbai bo‘lgan Buxoro. Uning tuprog‘i Rum va Chin mamlakatlariga faxrdir”, deb yozadi. XIII asr tarixchisi Ibn Muhammad Juvayniy “Tarixi jahon kushoy” kitobida Buxoroning fazilati haqida bunday deydi: “Buxoro mashriq shaharlaridan biri bo‘lib, “Qubbatul Islomdir”. U tomonda, ya’ni Movarounnahrda Madinat ul-islom (Madina) o‘rnida bo‘lib, fuqarosi faqihlar va olimlar nuri bilan bezalgan. Buxoro qadimdan har yerda har qanday din olimlari, ahllari to‘planadigan joy bo‘lib qolgan”.
Buxoro musulmon sharqi fan, ma’rifat va ilohiyotning rivojlanishiga ham ulkan hissa qo‘shib, mumtoz o‘rta asrlar musulmon olamida IX asrda “Qubbat ul-islom” (“Islom dinining gumbazi”) va XIII asrda “Buxoroi sharif” (“Sharofatli shahar”) nomlari bilan shuhrat topgan.
Qariyb o‘ttiz asrlik tarixga ega Buxoro bugun ham dunyo xalqlari tomonidan izzat-ikrom, hurmat va ehtirom ila tilga olinadi. Sharq gavhari, jahon mo‘jizasi, nurli shahar, Markaziy Osiyo durdonasi, Osiyo javohiri nomlari bilan yanada shuhrat topib, boy o‘tmishi va shonli kelajagi boqiy yashab, tillarda doston bo‘lmoqda.
Shavkat BOBOJONOV
O‘zR FA Tarix instituti tayanch doktoranti
“Islom nuri” gazetasining 2020 yil 1-sonidan
O‘zbekiston musulmonlari idorasining Qashqadaryo viloyati vakilligida shahar va tumanlar bosh imom-xatiblari ishtirokida yig‘ilish o‘tkazildi.
Tadbirni viloyat bosh imom-xatibi Rahmatillo domla Usmonov kirish so‘zi bilan ochib, yig‘ilganlarni yaqinlashib kelayotgan Mustaqilligimizning 35 yillik bayrami bilan samimiy muborakbod etdi. Uchrashuvda davlatimiz Rahbarining tegishli Farmoni bilan bir guruh diniy soha xodimlari «Imom Buxoriy» ordeni bilan taqdirlangani yurtimizda ma’naviy-ma’rifiy sohaga ko‘rsatilayotgan yuksak e’tibor va tarixiy voqea ekani alohida e’tirof etildi.
Yig‘ilishda «Yagona Vatan, yagona xalq bo‘lib, yangi hayot va kelajak yaratamiz!» ezgu shiori ostida vohada amalga oshirilayotgan xayrli ishlar, yoshlarni Vatanga sadoqat va milliy-diniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash borasidagi faoliyat sarhisob qilindi.
Shuningdek, tadbir davomida imom-xatiblarga quyidagi ustuvor vazifalar yuklatildi:
Ehtiyojmand, boquvchisini yo‘qotgan va yakka-yolg‘iz keksalar holidan muntazam xabar olish;
Oilalar totuvligini mustahkamlash va mahallalarda ijtimoiy-ma’naviy muhit barqarorligini ta’minlash;
Masjidlar, qadamjolar va qabristonlarni obodonlashtirish hamda tozalik tadbirlarida faollik ko‘rsatish.
Yig‘ilish yakunida diniy soha xodimlarining kelgusi faoliyatiga muvaffaqiyatlar tilandi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Qashqadaryo viloyati vakilligi
Matbuot xizmati