Joriy yil 19-20 fevral kunlari Davlatimiz rahbari Turkiya Prezidenti taklifiga binoan ushbu mamlakatda bo‘ldi. Tashrif doirasida Yurtboshimiz Anqara shahrida Turkiya Respublikasi Prezidenti devoni Xalq kutubxonasining tantanali ochilish marosimida ishtirok etdi.
Nufuzli tadbirda mamlakatimizdagi islohotlar haqida nutq so‘zlab jumladan diniy-ma’rifiy sohada olib borilayotgan islohotlar haqida bunday dedilar: “Aziz qardoshlar! Biz ilm-ma’rifatni keng ma’noda tushunamiz. Shu sababli yurtimizda dunyoviy ta’lim dargohlari bilan birga diniy maktab va madrasalar, ilmiy-ma’rifiy markazlar tashkil etilmoqda. Xususan, Toshkent shahrida ko‘p asrlik ma’rifat xazinasini o‘zida mujassam etadigan, fundamental tadqiqotlar olib boriladigan Islom sivilizatsiyasi markazini bunyod etmoqdamiz.
Samarqandda Imom Buxoriy, Surxondaryoda Imom Termiziy nomlaridagi xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari faoliyat ko‘rsatmoqda. Ularda boshqa fanlar qatori hadis, kalom, aqida, tasavvuf, fiqh ilmlari chuqur o‘rganilmoqda.
Buxorodagi Mir Arab oliy madrasasi, Toshkent Islom ma’hadi, O‘zbekiston xalqaro Islom akademiyasi singari oliy o‘quv yurtlarida yetuk malakali mutaxassislar tayyorlanmoqda.
Bu yil hadis ilmining sultoni Imom Buxoriy, aqida ilmida maktab yaratgan allomalar – Abu Mansur Moturidiy va Abu Muin Nasafiyga bag‘ishlangan xalqaro ilmiy konferensiyalar o‘tkazish niyatidamiz. Shuningdek, ulug‘ alloma – nasli-nasabi turkiyalik bo‘lgan Abduxoliq G‘ijduvoniy hazratlarining, Bahouddin Naqshband bobomizning tavallud ayyomlarini, Mir Arab madrasasining 500 yilligini ham yuqori saviyada o‘tkazishni niyat qilganmiz.
2020 yil Buxoro shahri – “Islom madaniyati poytaxti”, Xiva shahri – “Turkiy dunyo madaniyati poytaxti”, deb e’lon qilindi. Shu munosabat bilan joriy yil davomida mamlakatimizda bir qator xalqaro anjumanlar tashkil etiladi. Turkiyalik muhtaram olimu ulamolarimiz ushbu madaniy-ma’rifiy tadbirlarning aziz mehmonlari bo‘ladilar, deb ishonaman”.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati
Shu yil 8 may kuni Buxoro shahridagi Mir Arab oliy madrasasida vakillik tasarrufidagi masjid imom-xatiblari o‘rtasida “Moturidiy ta’limoti bilimdoni” nomli intellektual bellashuv bo‘lib o‘tdi.
Tadbirni O‘zbekiston musulmonlari idorasining Buxoro viloyatidagi vakili, Mir Arab oliy madrasasi rektori Jobir domla Elov kirish so‘zi bilan ochib, bellashuvning ma’naviy, ilmiy va tarbiyaviy ahamiyati haqida so‘z yuritdi. Viloyat bosh imom-xatibining o‘rinbosari Otabek domla Avezovga esa tanlov tartib-qoidalarini tushuntirdi.
Bellashuv quyidagi to‘rt shart asosida o‘tkazildi:
1. Taqdimot sharti
2. Moturidiy ta’limoti bo‘yicha savol-javob;
3. Diniy-ma’rifiy sohadagi davlat siyosatiga oid savol-javob;
Tanlov ishtirokchilari moturidiylik ta’limotining asosiy qoidalari, aqidaviy yechimlari va mantiqiy-ilmiy asoslari yuzasidan o‘z bilimlarini namoyon etdi.
Bellashuv yakunlariga ko‘ra quyidagi jamoalar g‘olib deb topildi:
• 1-o‘rin: Moturidiy me’rosxo‘rlari;
• 2-o‘rin: E’tiqod durdonalari;
• 3-o‘rin: Aqida imomlari.
Mazkur tanlov Imom Abu Mansur Moturidiyning ilmiy merosini chuqur o‘rganish, uni keng targ‘ib qilish va bu orqali sof e’tiqod, ilm va ma’rifat asoslarini jamiyatda mustahkamlash maqsadida tashkil etildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati