Shayx Abu Mansur Muhammad ibn Muhammad ibn Mahmud Moturidiy taxminan 870 yili hozirgi Samarqand viloyatining Moturid qishlog‘ida tug‘ilib, 975 yili vafot etgan. U Samarqandning Chokardiza qabristoniga dafn etilgan. Moturidiy xususiy muallimlarda, so‘ngra esa Samarqand madrasalarida tahsil ko‘rgan. Olim umr bo‘yi Samarqand madrasalarida mudarrislik qilgan. Moturidiy “Kitob – at tavhid”, “Kitob al-usul”, “Ta’vilot al Qur’on” (Qur’on tafsiri) cingari o‘nlab ilmiy-nazariy asarlar, “Nasihatnoma” asarlar muallifidir. Buyuk olimning islom ta’limoti sofligini asrashda xizmati katta. Navoiy “Nasoyim-ul-muhabbat”da Moturidiyning ruhiy-ilohiy qudrati haqida alohida hikoyat keltirgan. Uning “Nasihatnoma”si X asr Nasihatnomasining eng yaxshi namunalaridan bo‘lib, kitobxonni ilm o‘rganishga, kasb egallashga, yaxshi xulq egasi, insonparvar, shirinsuxan, saxovatpesha bo‘lishga undaydi.
Quyida ushbu asardan tarjimani e’tiboringizga havola etamiz.
BIRINCHI BOB
- Xudoga takya qilmoq kerak. Nimani xohlasang U beradi.
- Uni asra, U ham seni asraydi.
- U berganni hech kim tortib ololmaydi.
- Unga kim itoat etsa, hamma unga farmonbardor bo‘ladi.
- Kimdakim Undan qo‘rqsa, boshqalar sendan qo‘rqishadi.
- Tavhidni umring sarmoyasi deb bil.
- Dunyoparast bo‘lma, Xudoning dushmanini sevgan bo‘lasan.
- Chin e’tiqod bezavol ganjdir.
- Martabani sabrdan izla.
- Qurolingni ilmdan yasa.
- Saxovatpesha bo‘l.
- Faqirlikni faxr bil.
- Oxirat yo‘l ozuqasini taqvodon ko‘zla.
- Oxirat yo‘lini taqvodan qur.
- Ibodatdan shodlik ista.
- Rostgo‘ylikda kamol izla.
- O‘limni aslo unutma.
- Shodlikni ibodatdan ko‘zla.
- Haq hukmiga rozi bo‘l.
- Farishtalar, Rasuli akram va Alloh kitobini hurmat qil.
- Haq so‘zini imon bil.
- Yaxshilar bilan do‘stlash.
- O‘zingdan qochib Haqqa yetgin.
- Halolni-halol, haromni-harom bilishga o‘rgan.
- Dushmanga ozor berma, ammo qo‘lingdan kelsa mahv et.
- Xorlik istasang xiyonatchi bo‘l.
- Be’manilardan hazar qil.
- Nodonni tirik sanama.
- Sabrli bo‘l, murodingga yetasan.
- Har bir ishda hamkor izla.
- O‘zlikni anglashni buyuk xislat bil.
- Donishingni xor qilma.
- Kam gapir, oz yeginu kam uxla.
- Xilofkorlikdan qoch, Allohdan noumid bo‘lma.
IKKINCHI BOB
- Taqvoni qo‘rqmas askar bil.
- Dono ko‘ringan nodondan hazar qil.
- Ilmda hammadan kamtar bo‘l.
- O‘rgan va o‘zgalarga o‘rgatgin.
- Eshitmagan narsang haqida gapirma.
- Birovga haddan tashqari tanbeh ham berma, behudaga maqtama ham.
- Qulog‘ing bilan eshitganingni mahkam tut.
- Rost gapiru o‘zgalarning aybini kovlama.
- So‘ramasalar javob berma, aytmagan joyga borma.
- Xarid qilinmaydigan narsani sotma.
- Olinmaydigan narsani sotma.
- Kaltak yemayin desang, begunohga qo‘l ko‘tarma.
- Yaxshilikni jondan izla.
- O‘zgalar qalbini ovlamoqchi bo‘lsang, yaxshilik qilishga odatlan.
- Baloni takobirlik natijasi bil.
- Qalbingni hasad o‘ti bilan kuydirma.
- Balodan ibrat ol.
- Hamisha sir asrovchi bo‘l.
- Jafopesha bo‘lma.
- Me’yori bilan yegin, nizomi bilan gapirgin.
- Xushxulq va beozor bo‘l.
- Tavfiqni Xudoning fazilati bil.
- Kishilarga qattiq gapiruvchi bo‘lma.
- Boylikni iqbol bil, uni xarj etmaslikni esa badbaxtlik bil.
UCHINCHI BOB
- Har kimning nonini yeya berma, ammo hammaga non yedir.
- Molu davlat orqasidan yuguruvchi bo‘lma.
- Haq xikmatini ilmingdan afzal bil.
- Ilmingni ehtiyot qil.
- Alloh hikmatini o‘z bilimingdan yuksak bil.
- O‘zingni ta’rif etishdan saqlan.
- Hamisha Alloh shukronasida bo‘l.
- Jonni omonat bil.
- Allohni hamisha berguvchi, deb bil.
- Umringni inoyat bil.
- Tadbirni taqdir bilan bog‘la.
- Sog‘likni g‘animat bil.
- Oxiri ziyon keltiradigan foydaning atrofida o‘ralashma.
- Ajalni hech qachon faromush qilma.
- Ilm o‘rganishdan aslo tinchima.
- Kalondahanlik qilma.
- Nasiyani mol deb bilma.
- Martabayu izzatni ilmdan izla.
- Shahvat asiri bo‘lma.
- Afv etmoqni hech kimdan darig‘ tutma.
- Rost yo‘lda yengiltaklik qilma.
- Sulhning iloji bo‘lmasa, jang¬dan qochma.
- Dushmanni haqir bilma.
- Do‘sting ming bo‘lsa ham kam.
- Har qanday dushmandan ehtiyot bo‘l.
- Sendan qo‘rqqandan sen ham qo‘rq.
- Dushmaningning dushmani bilan do‘st tutin.
- Do‘stlaringning do‘stlari orasida bo‘l.
- Do‘stingning dushmanidan g‘ofil bo‘lma.
- Rahmsizga shafqat qilma.
- Nokasdan qarz olma.
- Ajdodlaring qadrini e’zozla.
- Johil zohidga inonma.
- Omonatga xiyonat qilguvchi bo‘lma.
- Sinamagan odam bilan safarga chiqma.
- Hirsu xusumatni najosat bil.
- O‘z misqolingni o‘zgalar botmonidan afzal bil.
- Odamlarning oldida nima desang, orqasidan ham o‘shani gapir.
- Birovning moliga muhtoj ekansan, bilgilki, uning qulisan.
TO‘RTINCHI BOB
- Behudalikni ofatlarning boshi bil.
- Birovning minnatini ko‘taru, minnat qilguvchi bo‘lma.
- Tilingni hamisha dashnomdan tiygil.
- Hojat chiqarishni buyuk ish deb bil.
- Yaxshilik qilganingni aytib yurguvchi bo‘lma.
- Yomonlikni ofatlarning boshi, deb bil.
- Yomonlarga yordamlashma.
- Do‘stlaringni yomonlaguvchi bo‘lma.
- Yomonlarni o‘zingga yo‘latma.
- Dushmaning bilan inoqlashgan do‘stdan qo‘rq.
- O‘zgalar g‘amidan xursand bo‘lma.
- Senga ishi tushgan odamni ranjitma.
- Tuhmat bor joydan qoch.
- Ota xatosi uchun tanbeh berma.
- Sultonga gustohlik qilma.
- Darvesh qardoshingni shod tut.
- G‘amgusor bo‘ladigangagina dardingni ayt.
- Sharobu taomni kam ye, ko‘pini o‘zgaga ber—esin.
- Xalq bilan shunday yashaki, ular hamisha sen bilan bo‘lishsin.
- Shuhratmandlikda o‘zingdan ketma.
- Birovlarning g‘amidan shodlanuvchi bo‘lma.
(davomi bor....)
O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi
Qur’onshunoslik yo‘nalishi
1-bosqich magistranti
Tojiddinov Abdusamad Abdulbosit o‘g‘li