Samarqand viloyat vakilligida imom Moturidiy hayoti va ilmiy merosiga bag‘ishlangan targ‘ibot tadbiri bo‘lib o‘tdi. Ushbu tadbir joriy yil 3-5 mart kunlari Samarqandda Imom Abu Mansur Moturidiy tavalludining 1150 yilligi munosabati bilan “Imom Abu Mansur Moturidiy va moturidiya ta’limoti: o‘tmish va bugun” mavzusida xalqaro anjumanga tayyorgarlik doirasida o‘tkazildi.
Ma’rifiy uchrashuvda Samarqand viloyat hokimining o‘rinbosari D.Mamadqulov, Samarqand viloyat bosh imom-xatibi Z.Eshonqulov, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy tadqiqot markazi rahbari Sh.Ziyodov, ilmiy xodimlari, imom-xatiblar ishtirok etdi. Unda so‘zga chiqqanlar Imom Moturidiy hayoti va ilmiy merosi, u kishining islom olamida tutgan o‘rni, alloma merosini o‘rganish va tadqiq etish bo‘yicha qilinayotgan ishlar to‘g‘risida ma’lumotlar berdi.
Tadbir doirasida Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi 2019 yilda Misr Arab respublikasidan olib kelgan buyuk alloma qalamiga mansub qator asarlar, shuningdek, Turkiyaning Marmara universiteti Ilohiyot fakultetidan 18 jildik “Ta’vilotul Qur’on” asarining turk tilidagi tarjimasi, Markaz tomonidan “Jaholatga qarshi-ma’rifat” rukni ostida nashr etilgan “Samarqandlik allomalar”, “Alouddin al-Usmandiy as-Samarqandiy”, “Ibrohim Saffor Buxoriy”, “Imom Buxoriy majmuasi kitob-albomi”, “Imom Buxoriy – muhaddislar sultoni” kitoblari taqdimoti ham o‘tkazildi. Ushbu kitoblardan Samarqand viloyat vakilligi va masjidlar kutubxonalari fondiga sovg‘a qilindi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati
#Imom_Moturidiy
يقول أبو المعين النسفي : "والشيخ الإمام أبو منصور الماتريدى رحمه الله كان من أشد الناس اتباعًا لأبي حنيفة فى الأصول والفروع جميعا"
Abul Mo‘iyn Nasafiy rahimahulloh aytadilar: "Usulda ham, furu’da ham, Imom Abu Hanifa yo‘lini tutgan odamlarning eng mahkami Imom Abu Mansur Moturidiy rahimahullohdir".
"At-Tamhid li-qavoidit-tavhid" kitobi (23-bet)
Manba: @AhliSunnaValJamoaUz