بسم الله الرحمن الرحيم
اَلْحَمْدُ لِلَّهِ رَبِّ الْعَالَمِيْن، وَأَفْضَلُ الصَّلاَةِ وَأَتَمُّ التَّسْلِيْمِ عَلَى سَيِّدِنَا مُحَمَّدٍ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَعَلَى آلِهِ وَصَحْبِهِ أَجْمَعِيْن، أَمَّا بَعْدُ
“TAKFIR” TUSHUNCHASI
Muhtaram jamoat! Bugungi suhbatimizni ham islom aqidasiga bevosita bog‘liq bo‘lgan mavzuga bag‘ishlaymiz. Suhbatimizda islom olamida ayanchli oqibatlarga sabab bo‘layotgan, jaholat tufayli fitnalarga zamin yaratayotgan “takfir” tushunchasini mazmun-mohiyatini sharhlab o‘tamiz. “Takfir” tushunchasi “birovni kofirga chiqarish”, “kofir deb hisoblash” ma’nolarini anglatadi. Shariatimizda musulmon kishini aniq hujjat bo‘lmasdan turib, “kofir” deb hukm qilish o‘ta xatarli bo‘lib, aslo mumkin emas! Bu haqda Alloh taolo Qur’oni karimda shunday degan:
لا تَقُولُوا لِمَنْ أَلْقَى إِلَيْكُمُ السَّلامَ لَسْتَ مُؤْمِناً
ya’ni: “Sizga salom bergan kimsaga, mo‘min emassan, demanglar”
(Niso surasi 94-oyat).
Demak, Alloh taolo bu oyati karimada shoshma-shosharlik bilan birovning mo‘min emasligi haqida hukm chiqarib, ish ko‘rishdan qaytarmoqda.
Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam “La ilaha illalloh, Muhammadur rasululloh” deb turgan shaxsni kofirga chiqarish xatarini bir qancha hadislarida bayon qilganlar. Jumladan: Rasululloh sallallohu alayhi vasallam bunday dedilar:
"ثَلاَثَةٌ مِنْ أَصْلِ الإِيمَانِ: الْكَفُّ عَمَّنْ قَالَ لاَ إِلَهَ إِلاَّ اللَّهُ وَلاَ نُكَفِّرُهُ بِذَنْبٍ وَلاَ نُخْرِجُهُ مِنَ الإِسْلاَمِ بِعَمَلٍ"
(رَواهُ الإمامُ مسلم عَنْ أَنَسِ بْنِ مَالِكٍ رضي الله عنه)
ya’ni: “Uch narsa imonning aslidandir. “La ilaha illalloh” degan kimsaga tegmaslik, uni gunohi tufayli “kofir” demaymiz, amali tufayli Islomdan chiqarmaymiz” (Imom Abu Dovud rivoyatlari).
Ushbu hadisi sharifda musulmon kishi boshqa dindoshiga nisbatan qanday munosabatda bo‘lishi borasida aniq hukm berilmoqda. Ya’ni, haqiqiy mo‘min boshqa birodarini gunohi tufayli kofirga chiqarmasligi, uni qilgan amali sababli unga “mo‘min emas” degan so‘zni aytmaslik lozimligi uqtirilmoqda.
Yana bir hadisi sharifda Rasululloh sallallohu alayhi vasallam bunday deganlar:
"وَمَنْ قَذَفَ مُؤْمِناً بِكُفْرٍ فَهُوَ كَقَتْلِهِ"
(رَواهُ الإمامُ البُخاري عن ثابتٍ بنِ الضَحَّاكِ رضي الله عنه)
ya’ni: “Kim mo‘min kishini kofirga chiqarsa, uni o‘ldirgandek (gunohkor) bo‘ladi” (Imom Buxoriy rivoyatlari).
Ushbu hadisga sharh yozgan ulamolarimiz: “Musulmonni o‘ldirgan qotil qancha gunoh olsa, musulmonni “kofir” deb hukm qilgan kimsa ham xuddi shunday gunohkor bo‘ladi”, – deganlar. Vaholanki, musulmonni o‘ldirish qanday gunoh ekanligi haqida Alloh taolo shunday degan:
وَمَنْ يَقْتُلْ مُؤْمِنًا مُتَعَمِّدًا فَجَزَاؤُهُ جَهَنَّمُ خَالِدًا فِيهَا وَغَضِبَ اللَّهُ عَلَيْهِ وَلَعَنَهُ وَأَعَدَّ لَهُ عَذَابًا عَظِيمًا
ya’ni: “Kimda-kim qasddan bir mo‘minni o‘ldirsa, uning jazosi jahannamda abadiy qolishdir. Yana unga Allohning g‘azabi va la’nati yog‘ilur va Alloh unga ulkan azobni tayyorlab qo‘ygandir (Niso surasi 93-oyat).
Kofirga chiqarishning xatari haqidagi mushhur hadisda Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam bunday deganlar:
"أَيُّمَا امْرِئٍ قَالَ لأَخِيهِ: يَا كَافِر؛ فَقَدْ بَاءَ بِهَا أَحَدُهُمَا؛ إِنْ كَانَ كَمَا قَالَ، وَإِلا رَجَعَتْ عَلَيْهِ"
رواه الإمامُ مسلم عن عبدِ اللهِ بْنِ عُمَرَ رضي الله عنه
ya’ni: “Agar kishi o‘z birodariga: “Ey kofir” desa, ikkisidan biri kofir bo‘ladi. Agar birodari haqiqatan ham kofir bo‘lsa, to‘g‘ri aytgan bo‘ladi, aks holda bu gapi kofir deguvchini o‘ziga qaytadi” (Imom Muslim rivoyatlari).
Bu ma’nodagi hadislarni yana ko‘plab keltirish mumkin. Ularning barchasida inson boshqa musulmonlarni kofirga chiqarishga shoshmasligi, ayblangan shaxs u aytganidek bo‘lmasa, o‘zi o‘sha sifatga doxil bo‘lib qolishi ta’kidlangan.
Rasululloh sallallohu alayhi vasallamning ta’limlarini olgan sahobai kiromlar va ulardan keyingi ulamolarimiz ham musulmonni “kofir” deyishdan qattiq o‘zlarini ehtiyot qilganlar. Chunki ular bu ishda katta gunoh borligi va bu gap o‘ziga qaytib qolishidan xabardor edilar.
Islom tarixidan ma’lumki, musulmonni gunohi sababli “kofir” deyishga birinchi bo‘lib jur’at etganlar “Xavorij” firqasi bo‘ldi. Ular: “Mo‘min kishi gunoh ish qilsa, kofir bo‘ladi, islomdan chiqadi”, – dedi. Bora-bora “Xavorij”larning musulmonlarni kofirga chiqarishdan boshqa qiladigan ishi bo‘lmay qoldi. Ularning shariatga zid bu ishlari musulmonlar orasida ixtilof va ziddiyatlarni chiqarib, qirg‘inbarot urushlarga, musulmonlarning behisob qonlari to‘kilishiga olib keldi. Ulamolarimiz xavorijlarchalik islomga katta zarar yetkazgan kuch bo‘lmaganini ta’kidlaydilar.
Afsuski, hozirgi kunda ham “Xavorij” firqasining g‘oyaviy izdoshlari chiqib turibdi. Zamonamiz xavorijlari ham qadimgi maslakdoshlaridan “o‘rnak” olib, fitna-fasod qilmoqdalar. Bularning ham, o‘tmishdagi maslakdoshlari kabi, musulmonlarni ayblashdan boshqa “g‘amlari” yo‘q. Bular iloji boricha ko‘proq musulmonni gunohi sababli kofirga chiqarishni o‘zlarining bosh vazifalari deb biladilar. Ayni paytda bular ijtimoiy tarmoqlardan foydalangan holda davlat rahbarlaridan boshlab, o‘zlariga hamfikr bo‘lmagan har bir musulmonni osongina kofirga chiqaradilar. Ularning soxta fatvolariga ko‘ra, “Hozirda musulmonman deb yurganlarning uchdan ikkisi mushrik va kofir bo‘lib ketgan” (Alloh asrasin!). Bularning bu “fatvosi”ning puch ekani Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallamning yuqorida zikri kelgan hadislaridagi وَلاَ نُكَفِّرُهُ بِذَنْبٍ ya’ni: “Musulmonni gunohi tufayli kofir demaymiz” degan qoidaning o‘zi kifoya qiladi.
Mashhur sahobiy Jobir ibn Abdulloh raziyallohu anhudan bu masala borasida so‘raldi:
هَلْ كُنْتُمْ تُسَمُّوْنَ شَيْئاً مِنَ الذُّنُوبِ كُفْراً أَوْ شِركاً أَوْ نِفَاقاً؟ قَالَ: مَعَاذَ اللهُ، وَلَكِنَّا نَقُولُ: مُؤْمِنِيْنَ مُذْنِبِيْنَ
ya’ni: “Gunohlardan birortasini kufr, shirk yoki nifoq deb bilarmidinglar? U zot: “Alloh saqlasin! Biz gunoh qilgan kishini gunohkor mo‘min deb bilamiz” dedilar” (“Majma’uz zavoid va manba’ul favoid” kitobi).
Ahli sunna val jamoa e’tiqodiga ko‘ra, barcha ulamolar bir ovozdan harom ish qilgan kishi, modomiki uni halol sanamas ekan, kofirga chiqarilmaydi, balki fosiq, gunohkor bo‘ladi, deydilar. Qolaversa, mazhabboshimiz Imomi A’zam rahmatullohi alayh o‘zlarining “Fiqhul akbar” kitoblarida shunday deganlar:
وَلاَ نُكَفِّرُ مُسْلِمًا بِذَنْبٍ مِنَ الذُّنُوبِ وَاِنْ كَانَتْ كَبِيْرَةً اِذَا لَمْ يَسْتَحِلَّهَا
ya’ni: “Musulmon kishi katta gunohlardan birini qilsa ham, modomiki o‘shani halol sanamasa, kofirga chiqarmaymiz”.
Buyuk muhaddis olim Abu Ja’far Tahoviy al-Hanafiy ham o‘zining “Al-Aqida at-tahoviya” asarida shunday deganlar: “Qibla ahllarining birontasini gunohi sababli, modomiki uni halol sanamas ekan, kofirga chiqarmaymiz”.
Bu masalada Mulla Ali Qoriy rahmatullohi alayh bunday deganlar:
قَالَ عُلَمَاؤُنَا: إِذَا وُجِدَ تِسْعَةٌ وَتِسْعُونَ وَجْهًا تُشِيْرُ إِلَى تَكْفِيْرِ مُسْلِمٍ وَوَجْهٌ وَاحِدٌ إِلَى إِبْقَائِهِ عَلَى إِسْلاَمِهِ فَيَنْبَغِي لِلْمُفْتِي وَالْقَاضِي أَنْ يَعْمَلاَ بِذَلِكَ الْوَجْهِ
ya’ni: “Mashhur hanafiy ulamolardan Ibn Nujaym rahmatullohi alayh aytadilar: “Agar musulmonni kofir deyishga dalolat qiladigan to‘qson to‘qqizta dalil bo‘lsa-yu, musulmon deb bilishga dalolat qiluvchi birgina dalil bo‘lsa, muftiy va qozilar uchun o‘sha bitta dalilni olish lozim bo‘ladi” (“Sharhush-shifo” kitobi).
Ammo hozirgi kundagi adashganlar bu masalada: “Mo‘min deyish uchun to‘qson to‘qqizta dalil bo‘lsa-yu, kofir deyish uchun birgina dalil bo‘lsa, to‘qson to‘qqizini qo‘yib, o‘sha bir dalilni olish kerak”, – deyishgacha borib yetdilar. Bu esa barcha ahli sunna ulamolarimizning tutgan yo‘llariga tamomila ziddir.
O‘tgan asrimizning zabardast olimi Muhammad Said Ramazon Butiy rahmatullohi alayh bir maqolalarida quyidagilarni yozadilar: “Men sahobalarning zamonlarini o‘rgandim, ulardan birortasining gunoh qilgan kimsani kofirga chiqarganlarini ko‘rmadim. Tobeinlarning davrlarini tekshirdim, ularning ichlarida “Mo‘tazila”, “Jahmiyya”, “Xavorij” va boshqa firqalar bo‘lishiga qaramasdan, ular ham hech kimni gunohi sababli kofirga chiqarmaganlar. Endi hozirgi kundagi har bir gapida musulmonni kofirga chiqarayotgan kimsalarga nima deyish mumkin. Ular: “Biz sahoba va tobeinlarga ergashamiz”, – degan da’voni ko‘taradilaru, lekin qilayotgan ishlari aslo sahoba va tobeinlarning amallariga to‘g‘ri kelmaydi. Ular musulmonni kofirga chiqarishni xuddi bandani Allohga yaqinlashtiradigan tasbeh singari ko‘p ishlatadilar”.
(Imom-xatiblar mav’izaning mana shu o‘rnida o‘z so‘zi bilan jonli tarzda takfirning salbiy oqibatlari, uning xatari haqida gapirib beradilar...)
Hozirgi kundagi musulmonlarni kofirga chiqaruvchilarning asosiy xatolari – dinni puxta bilmaslik, oyat-hadislarni yengil-yelpi tushinish, mo‘tabar mujtahid ulamolar, mufassirlar va hadislarga sharh yozgan buyuk olimlarning so‘zlarini bilmasliklari yoki bilsalar ham, e’tiborga olmasliklaridir. Misol uchun ayrim johil toifalar
وَاشْكُرُوا لِي وَلَا تَكْفُرُونِ
ya’ni: “Menga shukr qilingiz, noshukrchilik qilmangiz!” (Baqara surasi 152-oyat) oyatidagi وَلَا تَكْفُرُونِ degan joyini “Menga kofir bo‘lmanglar” deb tafsir qilishadi. Ya’ni, gapni kofirlikka buradilar. Vaholanki, biror mufassir bu so‘zni “kufr” deb tafsir qilmagan, balki, “noshukrlik” deb tafsir qilganlar. Masalan, Imom Qurtubiy buni shunday tafsir qilgan: فَالْكُفْرُ هُنَا سَتْرُ النِّعْمَةِ ya’ni, “bu joydagi “kufr” so‘zi Alloh bergan ne’matni yashirish – noshukrlik qilishdir” deganlar.
Bu kabi misollarni Qur’oni karim va hadisi shariflardan ko‘plab keltirish mumkin. Shunday ekan, Qur’oni karimda yoki hadisi shariflarda “kufr” so‘zi yoki unga o‘zakdosh kalimalar kelganda, undan faqat kofirlik nazarda tutilgan deb tushunmasdan, balki mo‘tabar mufassir va muhaddis ulamolarimizning tafsir va sharhlariga qarab xulosa chiqarishimiz shart bo‘ladi.
Muhtaram jamoat! Tangani ikki tomoni bo‘lgani kabi, har bir musulmon qalbini shubhalardan, tilini kufriy lafzlar (kishini kofirlikka yetaklaydigan so‘zlar)dan nihoyatda ehtiyot qilishi zarur. Ulamolarimiz kufr lafzlari haqida aqida kitoblarida alohida boblar yozganlar.
Shunday ekan, musulmon kishi islom shiorlari (muqaddas tushunchalar)ni masxara qilishi va past sanashi orqali dindan chiqib qoladi. Masalan, Alloh taoloni sherigi yoki bolasi bor deyish, Alloh taologa Unga noloyiq bo‘lgan sifatlar nisbatini berish, Alloh yoki payg‘ambarlarni masxara qilish, ular buyurgan topshiriq va qaytariqlarni inkor qilish, din amallari va shiorlarini past sanash va masxaralash, Qur’oni karim, farishtalar, jannat, do‘zax, Qiyomat kuni, qayta tirilish va namoz kabi farzlarni inkor qilish, ularni mensimaslik, masxara qilish va odamlarni kuldirish uchun ular haqida latifa to‘qish kishini imoniga futur yetkazadi.
Bu haqda mashhur muhaqqiq olim Imom Ibn Hajar Asqaloniy rahmatullohi alayh “Sahih Buxoriy”ga sharh yozgan o‘zlarining “Fathul Boriy” kitoblarida bunday deganlar:
مَنْ ثَبَتَ لَهُ عَقْد الْإِسْلَام بِيَقِينٍ لَمْ يَخْرُج مِنْهُ إِلَّا بِيَقِينٍ
(الفَتْحُ البَّارِي)
ya’ni: “Kimning islomi (musulmonligi) aniq bo‘lsa, u islomdan faqat aniq kufr bilangina chiqadi” (Alloh asrasin!).
Xulosa o‘rnida shuni aytish mumkinki, musulmonni kofirga chiqarishga hech kimning haqqi yo‘q! Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam, sahobai kiromlar, tobeinlar va ularga ergashgan ulamolarimiz gunohkor musulmonlarni murtad yoki kofirga chiqarmaganlar. Shunday ekan, musulmon shaxs sunnatga hamda salafi solihlar yo‘liga ergashishini da’vo qilar ekan, ushbu qoidani mahkam tutishi lozimdir.
Muhtaram jamoat! O‘tgan juma ma’ruzalarida tahoratning farzlari bilan batafsil tanishayotgan edik. Bugun ana shu mavzuni davom ettirib, tahoratda oyoq yuvishga tegishli masalalar bilan tanishib chiqamiz.
Tahoratning to‘rtinchi farzi – oyoqlarni to‘piq bilan qo‘shib yuvishdir. Bir kishining qo‘li tirsagining yoki oyog‘i to‘pig‘ining yuqorisidan kesilgan bo‘lsa, bu a’zolarni yuvish o‘z-o‘zidan soqit bo‘ladi. Lekin tirsak va to‘piqdan ozginasi qolgan bo‘lsa, o‘sha yerni yuvish farz bo‘ladi. Oyog‘ini kesib tashlasa ham, bilmaydigan darajada oyog‘i shol bo‘lgan kishi tahoratda oyog‘ini yuvishi shart hisoblanadi.
Oyoqlari yorilgan kishi yorilgan joylariga malham surtgan bo‘lsa-yu, tahorat qilganda malham ostiga suv yetmasa, qaraladi: Agar suvning malham ostiga yetishi yorilgan joylariga zarar qilsa, tahorati joiz sanaladi. Agar zarar qilmasa, malham ostiga suv yetkizmaguncha, tahorati joiz hisoblanmaydi.
Tahoratda oyoq barmoqlarini xilol qilish – sunnati muakkada sanaladi. “Xilol qilish” deganda – oyoq barmoqlari orasidan suv tomchilab turgan qo‘l barmoqlarini o‘tkazib, barmoqlar orasiga suv yetkazish tushuniladi. Oyoqlari semiz, barmoqlarining orasiga suv yetmaydigan kishining oyoq barmoqlari orasini xilol qilishi farz bo‘ladi.
Oyoq barmoqlarini xilol qilishda – chap qo‘lining jimjiloq barmog‘i yordamida o‘ng oyog‘ining barmoqlaridan boshlab chap oyog‘ining kichik barmog‘igacha suv yetkazadi. Bunda jimjiloq barmog‘ini oyoq barmoqlarining ostidan kiritadi.
Agar barmoqlarining tirnog‘i barmoqlarning uchini to‘sadigan darajada uzun bo‘lsa, tahorat paytida tirnoqlarning ostiga suv yetkazish vojibdir (manba: “Fatavoyi hindiyya” kitobi).
Muhtaram imom-domla! Kelgusi juma ma’ruzasi “NAMOZ – MO‘MINNING MЕ’ROJI” mavzusida bo‘ladi.
- 57وَحَقٌّ وَزْنُ أَعْمَالٍ وَجَرْيٌ عَلَى مَتْنِ الصِّرَاطِ بِلاَ اهْتِبَالِ
Ma’nolar tarjimasi: Amallarni tortib o‘lchash haqdir va Sirot uzra yugurish ham (sirotdan o‘tib ketishga intilib unga chiqish oldidan) hozirlik ko‘rishsizdir.
Nazmiy bayoni:
Amallar o‘lchanar, gar aql yetmas,
Sirotda yugurishga epchillik ketmas.
Lug‘atlar izohi:
حَقٌّ – mubtadosidan oldin keltirilgan xabar.
وَزْنُ – xabaridan keyin keltirilgan mubtado. Vazn kalimasi lug‘atda “biror narsaning og‘ir yo yengilligini tortib ko‘rish” ma’nosini anglatadi.
اَعْمَالٍ – muzofun ilayh, “harakat qilishlar” ma’nosini anglatadi.
جَرْيٌ – kalimasi وَزْنُ ga atf qilingan. Lug‘atda “yugurish” ma’nosini anglatadi.
عَلَى – “isti’lo” ma’nosida kelgan jor harfi.
مَتْن – matn lug‘atda biror narsaning asosiy ko‘rinib turadigan joyiga nisbatan ishlatiladi. Bu yerda ham sirotning qadam qo‘yiladigan joyi ma’nosida ishlatilgan. Jor va majrur جَرْيٌ ga mutaalliq.
بِلاَ – jor harfi bo‘lgan بِ va nafiy harfi bo‘lgan لا dan tarkib topgan bo‘lib, “...dan boshqa”, “...siz” ma’nolarini anglatadi.
اهْتِبَالِ – bu kalimaning “qo‘lga kiritish”, “chap berish”, “g‘animat bilish” va “hozirlik ko‘rish” kabi ma’nolari bo‘lib, bu yerda “hozirlik ko‘rish” ma’nosi iroda qilingan.
Matn sharhi:
Qiyomat kunida bu dunyoda qilingan barcha yaxshiyu yomon amallar tortib o‘lchanadi. Garchi barchaning holi ma’lum bo‘lsa-da, amallarning tortib o‘lchanishini Alloh taolo iroda qilgan. So‘fi Ollohyor bobomiz aytganidek:
Bilur Tangri agarchi holimizni,
Tarozug‘a solur a’molimizni.
* * *
Qilur ogoh qulin qilmishlarig‘a
Yetushmas aql egamning ishlarig‘a.
Ya’ni Alloh taologa maxfiy biror amalimiz bo‘lmasa ham, amallarimizni o‘lchattirib, bandalarning qilmishlarini o‘zlariga bildirib qo‘yadi.
Qur’oni karimda amallarning tortib o‘lchanishi haqligi shunday bayon qilingan:
“O‘sha kuni vazn (amallarning tarozida tortilishi) haqiqatdir. Kimning mezonlari (amallari) og‘ir kelsa, aynan o‘shalar najot topuvchilardir. Kimning mezonlari (amallari) yengil kelsa, ana o‘shalar oyatlarimizga zulm (inkor) qilganlari sababli, o‘zlariga ziyon qilganlardir”[1].
O‘sha kunda ba’zi insonlar hisob-kitob qilinmasdan jannatga kiradilar. Ularning sifatlari quyidagi hadisda kelgan:
عَنْ ابْنِ عَبَّاسٍ أَنَّ رَسُولَ اللَّهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ يَدْخُلُ الْجَنَّةَ مِنْ أُمَّتِي سَبْعُونَ أَلْفًا بِغَيْرِ حِسَابٍ هُمْ الَّذِينَ لَا يَسْتَرْقُونَ وَلَا يَتَطَيَّرُونَ وَعَلَى رَبِّهِمْ يَتَوَكَّلُونَ. رَوَاهُ الْبُخَارِىُّ
Ibn Abbos roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Jannatga ummatimdan yetmish mingtasi hisobsiz kiradi. Ular: Afsun qilishni so‘ramaydiganlar, qushlardan shumlanmaydiganlar va Robbilariga tavakkul qiladiganlardir”, – dedilar”. Buxoriy rivoyat qilgan.
Ba’zilari esa birma-bir qattiq hisob-kitob qilinib, omonat qilib berilgan narsalarni nimalarga sarflaganlaridan so‘ralmagunlarigacha joylaridan qimirlay olmaydilar:
عَنْ أَبِي بَرْزَةَ الأَسْلَمِيِّ قَالَ قَالَ رَسُولُ اللَّهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ لَا تَزُولُ قَدَمَا عَبْدٍ يَوْمَ الْقِيَامَةِ حَتَّى يُسْأَلَ عَنْ عُمُرِهِ فِيمَا أَفْنَاهُ وَعَنْ عِلْمِهِ فِيمَ فَعَلَ وَعَنْ مَالِهِ مِنْ أَيْنَ اكْتَسَبَهُ وَفِيمَ أَنْفَقَهُ وَعَنْ جِسْمِهِ فِيمَ أَبْلاَهُ. رَوَاهُ التِّرْمِذِيُّ
Abu Barza Aslamiy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Qiyomat kunida bandaning qadamlari to umrini nimaga sarflaganidan, ilmi bilan nima amal qilganidan, molini qayerdan topib qayerga sarflaganidan, jismini nimaning yo‘lida horitganidan so‘ralmagunicha joyidan jilmaydi”, – dedilar”. Termiziy rivoyat qilgan.
Qattiq hisob-kitob qilingan kimsalar esa azobga uchrashlari aniq bo‘lib qoladi.
Bizlarga Abdulloh ibn Abu Mulayka gapirib berdi, u menga Qosim ibn Muhammad gapirib berdi degan, u esa menga Oisha gapirib berdi degan: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Qiyomat kunida kim hisob-kitob qilinsa, halok bo‘libdi”, – dedilar. Shunda men: “Ey Allohning Rasuli, Alloh taolo: (Ammo kimning kitobi o‘ng tarafidan berilsa. Tezda, osongina hisob qilinur), demaganmi”, – dedim. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “U narsa ko‘rsatishdir. Qiyomat kunida hisob-kitobda muhokama qilingan kimsa, albatta, azoblanmasdan qolmaydi”, – dedilar”. Buxoriy rivoyat qilgan.
Tarozida o‘lchanadigan narsalar
Tarozida o‘lchanadigan narsa amallarmi, amallar yozilgan sahifalarmi yoki ulardan boshqa biror narsa bo‘lishi to‘g‘risida turli xil qarashlar bor. Bu qarashlar haqida doktor Ahmad Faridning “Bahrur Roiq” kitobida quyidagi ma’lumotlar kelgan: “Tarozida tortib o‘lchanadigan narsalar to‘g‘risida to‘rt xil so‘z bor:
1. Bajarilgan amallar tortib o‘lchanadi; ya’ni bandalarning xatti-harakatlari mujassam qilinib taroziga qo‘yiladi. Oyati karimada qilingan yaxshi-yomon amallar zarra miqdorida bo‘lsa ham ko‘rilishi bayon qilingan:
“Bas, kimki (dunyoda) zarra miqdorida yaxshilik qilgan bo‘lsa, (qiyomat kuni) uni ko‘rar. Kimki zarra miqdorida yomonlik qilgan bo‘lsa ham, uni ko‘rar”[2].
Hadisi sharifda aytilgan kalimaning tarozida og‘ir kelishi xabar berilgan:
عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ قَاَل قَالَ رَسُولُ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ كَلِمَتَانِ خَفِيفَتانِ على اللِّسانِ، ثَقِيلَتَانِ في المِيزَانِ حَبيبَتَانِ إلى الرَّحْمَنِ سُبْحَانَ اللَّهِ وَبِحَمْدِهِ، سُبْحَانَ اللَّهِ العَظيمِ. رَوَاهُ الْبُخَارِيُّ
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rosululloh sollallohu alayhi vasallam: “Ikki kalima borki, ular tilga yengil, tarozida og‘ir, ar-Rohmanga sevimlidir, “Subhanallohi va bihamdihi, Subhanallohil aziym”, – dedilar”. Buxoriy rivoyat qilgan.
2. Amallar yozilgan sahifalar tortib o‘lchanadi; ya’ni tarozida bandalarning nomai a’mollari tortib o‘lchanadi. Bunga quyidagi hadisda ishora bor:
عَنْ عَبْدِ اللَّهِ بْنِ عَمْرِو بْنِ الْعَاصِ قَالَ رَسُولُ اللَّهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ إِنَّ اللَّهَ سَيُخَلِّصُ رَجُلاً مِنْ أُمَّتِي عَلَى رُؤُوسِ الْخَلاَئِقِ يَوْمَ الْقِيَامَةِ فَيَنْشُرُ عَلَيْهِ تِسْعَةً وَتِسْعِينَ سِجِلاًّ كُلُّ سِجِلٍّ مِثْلُ مَدِّ الْبَصَرِ ثُمَّ يَقُولُ أَتُنْكِرُ مِنْ هَذَا شَيْئًا أَظَلَمَكَ كَتَبَتِي الْحَافِظُونَ فَيَقُولُ لاَ يَا رَبِّ فَيَقُولُ أَفَلَكَ عُذْرٌ فَيَقُولُ لاَ يَا رَبِّ فَيَقُولُ بَلَى إِنَّ لَكَ عِنْدَنَا حَسَنَةً فَإِنَّهُ لاَ ظُلْمَ عَلَيْكَ الْيَوْمَ فَتَخْرُجُ بِطَاقَةٌ فِيهَا أَشْهَدُ أَنْ لاَ إِلَهَ إِلاَّ اللَّهُ وَأَشْهَدُ أَنَّ مُحَمَّدًا عَبْدُهُ وَرَسُولُهُ فَيَقُولُ احْضُرْ وَزْنَكَ فَيَقُولُ يَا رَبِّ مَا هَذِهِ الْبِطَاقَةُ مَعَ هَذِهِ السِّجِلاَّتِ فَقَالَ إِنَّكَ لاَ تُظْلَمُ قَالَ فَتُوضَعُ السِّجِلاَّتُ فِي كَفَّةٍ وَالْبِطَاقَةُ فِي كَفَّةٍ فَطَاشَتْ السِّجِلاَّتُ وَثَقُلَتْ الْبِطَاقَةُ فَلاَ يَثْقُلُ مَعَ اسْمِ اللَّهِ شَيْءٌ. رَوَاهُ التِّرْمِذِيُّ
Abdulloh ibn Amr ibn Os roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Alloh taolo ummatimdan bir kishini xaloyiqning ko‘z o‘ngida xalos qiladi. Uning zarariga guvohlik beradigan to‘qson to‘qqizta ro‘yxatni yoyib qo‘yadi. Har bir ro‘yxat ko‘z yetadigan joydek bo‘ladi. So‘ngra unga: “Bulardan birortasini inkor qilasanmi, senga mening saqlovchi yozuvchilarim zulm qilibdilarmi”, – deydi. U: “Yo‘q, ey Robbim”, – deydi. Unga: “Biror uzring bormi”, – deydi. U: “Yo‘q, ey Robbim”, – deydi. Shunda unga: “Ha, bizning huzurimizda sening bitta xayrli ishing bor, bugun senga hech qanday zulm yo‘q”, – deydi. So‘ngra bir yorliq chiqadi, unda “Guvohlik beramanki, Allohdan o‘zga iloh yo‘qdir va guvohlik beramanki, Muhammad Uning bandasi va elchisidir”, degan yozuv bo‘ladi. Unga: “O‘lchovinga kel”, – deydi. U: “Shuncha ro‘yxatlar oldida bu yorliq nima ham bo‘lardi”, – deydi. Unga: “Sen zulm qilinmaysan”, – deydi. Ro‘yxatlar bir pallaga, yorliq bir pallaga qo‘yiladi. Ro‘yxatlar yengil, yorliq og‘ir keladi. Allohning ismiga biror narsa barobar kelolmaydi”, –dedilar”. Termiziy rivoyat qilgan.
Sharh: “Tortib o‘lchanadigan narsa yoki amallar bitilgan ro‘yxatlar bo‘lib, holatlarga qarab turli xil bo‘ladi, yoki Alloh taolo qilingan ishlarni va so‘zlarni jism holiga keltiradi so‘ngra ular tortib o‘lchanadi. Toat-ibodatlar og‘ir, gunoh-ma’siyatlar yengil keladi. Toat-ibodatlarning og‘ir kelishi ularni dunyoda bajarish og‘ir bo‘lgani uchun bo‘lsa, ma’siyatlarning yengilligi ularni dunyoda bajarish kishiga yengil bo‘lgani uchundir. Shuning uchun ham: “Jannat qiyinchiliklar bilan o‘ralgan, do‘zax shahvatlar bilan o‘ralgan”, – deyilgan”[3].
3. Amallarning savobi tortib o‘lchanadi; bu haqida quyidagi hadisda ishora bor:
عَنْ زَيْدٍ أَنّهُ سَمِعَ أَبَا سَلاّمٍ يَقُولُ حَدّثَنِي أَبُو أُمَامَةَ الْبَاهِلِيّ قَالَ سَمِعْتُ رَسُولَ اللّهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ يَقُولُ اقْرَأُوا الْقُرْآنَ فَإِنّهُ يَأْتِي يَوْمَ الْقِيَامَةِ شَفِيعاً لأَصْحَابِهِ اقْرَأُوا الزّهْرَاوَيْنِ الْبَقَرَةَ وَسُورَةَ آلِ عِمْرَانَ فَإِنّهُمَا تَأْتِيَانِ يَوْمَ الْقِيَامَةِ كَأَنّهُمَا غَمَامَتَانِ أَوْ كَأَنّهُمَا غَيَايَتَانِ أَوْ كَأَنّهُمَا فِرْقَانِ مِنْ طَيْرٍ صَوَافٍّ تُحَاجّانِ عَنْ أَصْحَابِهِمَا. رَوَاهُ مُسْلِمٌ
Zayddan rivoyat qilinadi, u Abu Sallomning menga Abu Umoma Bohiliy gapirib berdi deyayotganini eshitgan. U aytganki: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning: “Qur’on o‘qinglar, chunki u qiyomat kunida o‘z sohiblariga shafoatchi bo‘lib keladi, ikki nur sochuvchini, Baqara va Oli Imron suralarni o‘qinglar, chunki bu ikkalasi qiyomat kunida go‘yo ikki bulut kabi, yoki go‘yo ikki baland soyabon kabi, yoki go‘yo saf tortgan ikki qush to‘dasi kabi keladilar. Ikkalalari o‘z sohiblarining tarafini olib tortishadilar”, –deyayotganlarini eshitdim”. Muslim rivoyat qilgan.
Termiziy rahmatullohi alayh: “Sohiblarining tarafini olib tortishadilar”, degani qiroatlarining savoblari keltiriladi ma’nosini anglatadi,” – degan.
4. Amal qiluvchining o‘zi tortib o‘lchanadi. Quyidagi hadisda bunga dalil bor:
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Qiyomat kunida katta semiz kishi keladi, Alloh taoloning huzurida pashshaning qanotichalik ham vazni bo‘lmaydi, dedilar-da, (Bas, Biz Qiyomat kunida ular uchun hech qanday vaznni qoim qilmasmiz!)[4] oyatini o‘qinglar”, deb qo‘shib qo‘ydilar”. Buxoriy rivoyat qilgan.
Mazkur dalillar umumlashtirilsa, ularning bir-birlariga zid emasligi, amal qiluvchi ham, uning amali ham va amallari yozilgan sahifalar ham barchasi tortib o‘lchanishi kelib chiqadi”[5].
So‘fi Ollohyor bobomiz qiyomat tarozusi haqida qanday e’tiqod qilishni osongina tushuntirib qo‘ygan:
Tarozu boriga iqrorimiz bor,
Nechuk erkaniga ne korimiz bor.
* * *
Ilohi, qil og‘ir mezonimizni,
Salomat tut bizning iymonimizni.
Ya’ni tarozining qanday ekanini bilishga urinib o‘zimizni qiynamaymiz, balki uning haqligiga iymon keltirib, “ey Robbimiz, amallarimizni tarozida og‘ir qilgin”, – deya duo qilib boramiz.
O‘shiy rahmatullohi alayh so‘zlarining davomida tarozidan so‘ng barcha xaloyiqning sirot ko‘prigiga yuzlanishlariga ishora qilgan. Sirot do‘zax ustiga qurilgan uzun ko‘prik bo‘lib, undan o‘ta olgan insonlar jannatga erishadilar. Ammo Sirotdan yugurib o‘tib ketish barchaga ham nasib etmaydi. Hamma o‘zining qilgan amaliga yarasha kimdir tez, kimdir sekin, kimdir sudralib zo‘rg‘a o‘tib olsa, kimdir uning tagidagi do‘zaxga qulab tushadi. Abu Hurayra va Abu Rib’iy roziyallohu anhumolardan rivoyat qilingan hadisda sirotdan o‘tish holatlari tasvirlangan:
عَن أَبِي هُرَيْرَةَ وَأَبُو رِبْعِيٍّ عَن حُذَيْفَةَ قَالاَ قَالَ رَسُولُ اللَّهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ يَجْمَعُ اللَّهُ تَبَارَكَ وَتَعَالَى النَّاسَ فَيَقُومُ الْمُؤْمِنُونَ حَتَّى تُزْلَفَ لَهُمْ الْجَنَّةُ فَيَأْتُونَ آدَمَ فَيَقُولُونَ يَا أَبَانَا اسْتَفْتِحْ لَنَا الْجَنَّةَ فَيَقُولُ وَهَلْ أَخْرَجَكُمْ مِنْ الْجَنَّةِ إِلَّا خَطِيئَةُ أَبِيكُمْ آدَمَ لَسْتُ بِصَاحِبِ ذَلِكَ اذْهَبُوا إِلَى ابْنِي إِبْرَاهِيمَ خَلِيلِ اللَّهِ قَالَ فَيَقُولُ إِبْرَاهِيمُ لَسْتُ بِصَاحِبِ ذَلِكَ إِنَّمَا كُنْتُ خَلِيلًا مِنْ وَرَاءَ وَرَاءَ اعْمِدُوا إِلَى مُوسَى صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ الَّذِي كَلَّمَهُ اللَّهُ تَكْلِيمًا فَيَأْتُونَ مُوسَى صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ فَيَقُولُ لَسْتُ بِصَاحِبِ ذَلِكَ اذْهَبُوا إِلَى عِيسَى كَلِمَةِ اللَّهِ وَرُوحِهِ فَيَقُولُ عِيسَى صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ لَسْتُ بِصَاحِبِ ذَلِكَ فَيَأْتُونَ مُحَمَّدًا صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ فَيَقُومُ فَيُؤْذَنُ لَهُ وَتُرْسَلُ الْأَمَانَةُ وَالرَّحِمُ فَتَقُومَانِ جَنَبَتَيْ الصِّرَاطِ يَمِينًا وَشِمَالاً فَيَمُرُّ أَوَّلُكُمْ كَالْبَرْقِ قَالَ قُلْتُ بِأَبِي أَنْتَ وَأُمِّي أَيُّ شَيْءٍ كَمَرِّ الْبَرْقِ قَالَ أَلَمْ تَرَوْا إِلَى الْبَرْقِ كَيْفَ يَمُرُّ وَيَرْجِعُ فِي طَرْفَةِ عَيْنٍ ثُمَّ كَمَرِّ الرِّيحِ ثُمَّ كَمَرِّ الطَّيْرِ وَشَدِّ الرِّجَالِ تَجْرِي بِهِمْ أَعْمَالُهُمْ وَنَبِيُّكُمْ قَائِمٌ عَلَى الصِّرَاطِ يَقُولُ رَبِّ سَلِّمْ سَلِّمْ حَتَّى تَعْجِزَ أَعْمَالُ الْعِبَادِ حَتَّى يَجِيءَ الرَّجُلُ فَلاَ يَسْتَطِيعُ السَّيْرَ إِلاَّ زَحْفًا قَالَ وَفِي حَافَتَيْ الصِّرَاطِ كَلاَلِيبُ مُعَلَّقَةٌ مَأْمُورَةٌ بِأَخْذِ مَنْ أُمِرَتْ بِهِ فَمَخْدُوشٌ نَاجٍ وَمَكْدُوسٌ فِي النَّارِ وَالَّذِي نَفْسُ أَبِي هُرَيْرَةَ بِيَدِهِ إِنَّ قَعْرَ جَهَنَّمَ لَسَبْعُونَ خَرِيفًا. رَوَاهُ مُسْلِمٌ
Abu Hurayra va Abu Rib’iy roziyallohu anhular Huzayfa roziyallohu anhudan rivoyat qilib aytadilar: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Alloh tabaroka va taolo insonlarni jamlaydi, mo‘minlar jannatga yaqin joyda turadilar. Ular Odam alayhissalomning yonlariga kelishadi va: “Ey otamiz, bizlarga jannatni ochishni so‘rab bering”, – deyishadi. U: “Sizlarni jannatdan otangiz Odamning xatosi chiqarmadimi, men bunga ega emasman, sizlar o‘g‘lim Ibrohim Xalilullohning yoniga boringlar”, – deydi. U zot dedilar: “Ibrohim men bunga ega emasman, bunday yuksak darajadagi xalil bo‘lmaganman. – Sizlar Alloh taoloning O‘zi unga mutlaq gapirgan Muso sollallohu alayhi vasallamga boringlar, – deydi. Ular Muso sollallohu alayhi vasallamning yoniga keladilar. U: “Men bunga ega emasman, Allohning kalimasi va ruhi Isoga boringlar”, – deydi. Iso: “Men bunga ega emasman”, – deydi. Bas ular Muhammad sollallohu alayhi vasallamga keladilar. U zot turadilar va u zotga izn beriladi. Omonat va qarindoshlik o‘z holiga qo‘yiladi, ular sirotning o‘ng va chap tomonlariga turib oladilar. Sizlarning avvalgilaringiz chaqmoq kabi o‘tadilar. Men: “Ota-onam sizga fido bo‘lsin, qaysi narsa chaqmoq kabi o‘tadi”, – dedim. U zot: “Chaqmoqning ko‘z yumib ochguncha qanday o‘tib qaytishini ko‘rmaganmisan, so‘ngra shamolning o‘tishi kabi, so‘ngra qushning o‘tishi kabi va amallari yugurtirayotgan kishilarning sudralishi kabi o‘tadilar. Payg‘ambarlaringiz sirot ustida: “Robbim, qutqargin, qutqargin”, – deb turadi. Hatto bandalarning amallari (ularni harakatlantirib olib o‘tishdan) ojiz qoladi, hatto yurishga quvvati yetmaydigan, faqat sudralib harakatlanadigan kishi keladi”. Yana dedilar: “Sirotning ikki chetida buyurilgan kimsani tutishga tayin qilinib osib qo‘yilgan changaklar bo‘ladi. Bas tirnalganlar (ya’ni tirnalib bo‘lsa-da o‘tib ketgan) najot topuvchidirlar, to‘planib qolganlar do‘zaxdadirlar”. Abu Hurayraning joni Uning qo‘lida bo‘lgan zotga qasamki, albatta, jahannamning qa’ri yetmish kuzdir (yetmish yillik masofadir)”, – dedi”. Muslim rivoyat qilgan.
Ko‘plab nusxalarda ushbu o‘rinda shafoat haqidagi bayt takror keltirilgan. “Bad’ul amoliy” matni Humaydiy ismli mudarris tomonidan tatar tiliga tarjima qilinib, 1908 yilda “Amoliy tarjimasi” nomi bilan Qozon shahrida chop etilgan. O‘sha nusxada shafoat to‘g‘risidagi ushbu bayt faqat bir joyda kelgan bo‘lib, takrorning o‘rniga quyidagi boshqa bir bayt keltirilgan:
وَلَا عَرَضٌ وَلَا ذُو صُورَةٍ مَا تَعَالَى اللهُ عَمَّا فِى الْخِيَالِ
U araz[6] ham, suvratda ham emas, biror xayoliy,
Alloh gumoniy xayollardan buyuk va oliy[7].
Ushbu baytning ma’nosi yuqorida keltirilgan So‘fi Ollohyor bobomizning so‘zlari bilan deyarli bir xil, ya’ni:
Ko‘ngilda kechsa ko‘zga tushsa har shay,
Erur andin munazzah Xoliqi Hay.
Shuningdek, mazkur bayt Alisher Navoiy bobomizning mashhur “Sirojul-muslimin” (Musulmonlarning chirog‘i) asaridagi baytga ham ma’nodoshdir:
Ne javhar, ne arazdur, ne makonda,
Ne voqe’dur jihatda, ne zamonda.
“U (ya’ni Alloh taolo) javhar ham, araz ham emas. U makonda ham, jihatda ham, biror zamonda ham emas”[8].
Keyingi mavzu:
Duolarning ta’sirlari bayoni
[1] A’rof surasi, 8, 9-oyatlar.
[2] Zalzala surasi, 7, 8-oyatlar.
[3] Muhammad ibn Abdurrahmon Muborakfuriy. Tuhfatul Ahvaziy. “Maktabatush shomila”. – B. 380.
[4] Kahf surasi, 105-oyat.
[5] Doktor Ahmad Farid. Bahrur-Roiq. – Iskandariya: “Dorul Majd”, 2009. – B. 278.
[6] Mustaqil mavjud bo‘lib turmaydigan, balki jism va uning bo‘laklari orqali borliqdan joy olib turadigan ranglar, hattu-harakatlar, ta’mlar va hidlar kabi narsalar – araz deyiladi. Qarang: Sa’duddin Taftazoniy. Sharhu aqoid. – Misr: “Maktabatul Azhariy”, 2000. – B. 37.
[7] Humaydiy. Amoliy tarjimasi. – Qozon: “Karimiya matbaasi”, 1908. – 4.
[8] Alisher Navoiy. “Navoiydin chu topqaylar navoye”. – Toshkent: “Hilol-nashr”, 2014. –B. 136.