frontend\widgets\header\Header: Attempt to read property "fajr" on null

Xudkushlik – asr vabosi

18.02.2020   8109   8 min.
Xudkushlik – asr vabosi

Alloh taolo odam bolasini borliqdagi hamma narsadan aziz-u mukarram qilib yaratgan. Qur’oni Karimda “Batahqiq biz bani Odamni aziz-u mukarram qilib qo‘ydik”[1] − deyiladi. Alloh taolo borliqdagi turli tuman mavjudodlarning yaratguvchisi, ularni bir-biridan afzal qilib qo‘ygan zotdir va u odam bolasini borliqdagi hamma narsadan azizu mukarram qilib yaratib qo‘ydi.

Odam bolasining mukarramligi borasida so‘z ketganda ulamolar inson tanasi va tabiatidagi turli darajadagi mukarramlik sifatlarini sanab beradilar. Avvalo odamning shakli - suvrati, barcha a’zolarni tuzilishi azizu mukarramlikdan dalolat berib turadi. Haqiqatan ham inson zotining tanasi boshqa mavjudotlarning tanasida farqli ravishda mukammal va nozik tuzilgan. Uning tashqi ko‘rinishi ham boshqa maxluqotlarning suratida ko‘rkamroq va chiroyliroq hisoblanadi. Buni inson tana a’zolarining biror hayvon tana a’zolari bilan qiyosab ko‘rilishi ham tasdiqlaydi.

Shuningdek, Alloh taolo odam bolasini o‘zi yaratib mukarram qildi va  O‘z ruhidan jon puflab ulug‘ladi. Bunday sharafga hech bir maxluqot muyassar bo‘lgan emas. Shu boisdan inson mukarramdir. Bas shunday ekan hech bir inson o‘z nafsiga zulm qilishga va ozor yetkazishlikka haqqi yo‘q.

Inson mukarramligining yana bir ko‘rinishi uning aqli va ma’rifat hosil qilish imkoniyatlarining mavjudligidir. Alloh taolo insonga o‘zini tanishi, ma’rifatulloh hosil qilishi uchun unga ilm-ma’rifat, idrok va hissiyotni ato qildi. Ulamolar inson mukarramlini tavsiflaganlarida ayna mana shu sifatida alohida urg‘u berib o‘tadilar. Toki bu dunyoda hayot bor ekan, turfa xil odamlar va ularning ongu tafakkuridagi o‘zaro tafovut va ziddiyatlar saqlanib qolaveradi. Aynan ana shunday turli dunyoqarashlar, bir-birini inkor etadigan oqim va yo‘nalishlar mavjudligini tabiiy bir hol deb qabul qilishni hayot voqeligining o‘zi talab etadi.

Shubha yo‘qki, bugungi kunda na millat, na chegara va na din tanlamaydigan terrorizm sayyoramizning har qanday davlati siyosiy hayotidagi eng katta muammoga aylandi. Zo‘ravonlik, boshqalar ustidan hukmronlik qilish istagi insonning tabiatida mavjud bo‘lib, shayton vasvasasi, havoi nafs istagi oqibatida ijtimoiy taraqqiyotning barcha davrlarida o‘zining vayronkorlik kayfiyatini namoyon qilib keldi. Uning ko‘plab ko‘rinishlaridan biri, bugunning global muammolaridan biriga aylangan, asr vabosi bo‘lgan  xudkushlikdir.

Bugungi kunda insoniyat aynan ushbu hodisadan tasavvur qilib bo‘lmas darajada aziyat chekmoqda, millionlab begunoh insonlar halok bo‘lmoqda. Eng achinarlisi va dunyo hamjamiyatini tashvishga solayotganini din niqobi ostida o‘z manfaatlari uchun kurashayotganlar chetda turib, boshqalarni o‘tga solayapti. 

Islom insonlarni bir-biriga zarar yetkazishlikdan va o‘zini ham qiyinchilikka solishlikdan qaytaradi. Ammo ming afsuslar bo‘lsinki insoniyat “shahidlik” deya atalmish buyuk maqomni o‘zlariga “ qalqon” qilib minglab insonlarga va o‘zlariga zulm qilayotgan shahslarning ayanchli ishlariga guvoh bo‘lmoqda. Ularni o‘zlariga yoki mashinalariga portlovchi moddani bog‘lab olib xalq ichiga kirib o‘zini portlatib begunoh insonlarning umriga zomin bo‘layotganliklari va mana shu qilgan amalim meni shahid bo‘lishimga sabab bo‘ladi deya xom hayol qilayotganliklari juda ham achinarlidir. Bu o‘y harakatlar ostida sayoz ilm, jaholat va singdirilgan yot, vayronkor g‘oyalar yotadi. Ular bu harakatlari bilan o‘zlarining ham  qadrli jonlariga qasd qilmoqdalar.

Qur’oni Karimda o‘z joniga qasd qilishi eng katta gunohlardan ekani ta’kidlangan: “O‘zlaringizni-o‘zlaringiz o‘ldirmangiz albatta Alloh sizlarga rahm shavqatlidir”[2]. Va yana “O‘z qo‘llaringiz bilan o‘zlaringizni halokatga tashlamangiz! (Barcha ishlarni) chiroyli qilingiz. Albatta, Alloh chiroyli (ish) qiluvchilarni yaxshi ko‘radi”[3]. O‘zini-o‘zi o‘ldirish Islomda qattiq qoralanadi. Bu ish mo‘min-musulmon odamga mutlaqo to‘g‘ri kelmaydigan ish bo‘lib, o‘z joniga qasd qilish Alloh taoloning qazoi qadariga norozi bo‘lish, U bergan hayot ne’matiga nonko‘rlik qilish osiylik va irodasizlikdir. O‘zi o‘zi o‘ldirish musulmonlarga hos bo‘lmagan qo‘rqoqlik va nomardlikdir.

Abu Hurayra r.a. rivoyat qilgan hadisi sharifda esa o‘zini o‘ldirgan kishining jazosi yanada ravshanroq yoritilgan: “Kim o‘zini bir temir parchasi bilan o‘ldirsa, qiyomat kunida jahannam o‘tida temirlar parchasi qo‘lida, abadiy ravishda u bilan o‘zini o‘ldirib azoblanib yotadi. Kim zahar ichib o‘zini o‘ldirsa, doimiy ravishda zaharlanib jahannam o‘tida azoblanadi. Kim o‘zini tog‘dan tashlab yuborsa, doimiy ravishda jahannam o‘tida o‘zini tashlab o‘ldirib azoblanadi.”

Imom Buxoriy rivoyat qilgan hadisda shunday deyiladi: Alloh taolo hadisi qudisiyda marhamat qilurki, “Bandam o‘zini o‘zi o‘ldirib men unga bergan umrimga shukr qilmay, shoshildi. Shuning uchun unga jannatni abadiy xarom qildim”.

Demak o‘zini o‘zi o‘ldirgan odam do‘zahga tushishda shubha yo‘q. Yuqoridagilardan ko‘rinib turibdiki, islomda insonning o‘z joniga qasd qilishi gunohi kabiralar (eng og‘ir gunohlar)dan sanalib. Bunday kishi shahid emas. Balki do‘zaxiy bo‘lishi qayta-qayta ta’kidlangan.

 Ibni Sirin (r.a.)aytadilar: “O‘zini halokatga tashlash Alloh taoloni rahmatidan umidsizlik belgisidir”. Imom Nasafiy aytadilar “Ba’zi johillar kabi odam o‘zini o‘zi o‘ldirmasligi kerak”.

Nabiy sallollohu alayhi vasallam o‘zini o‘zi o‘ldirgan odamga janoza namozi o‘qimaganliklari bu odamning qilgan noma’qulchiligi uchun munosib jazodir. Oxiratda esa alohida jazo bo‘ladi. O‘z joniga qasd qilgan inson Alloh taolo rahmatidan uzoq bo‘lib, oxiratda hadislarda keltirilganidek, abadiy azob uqubatda bo‘lish bilan birga har bir musulmonning gunohlarini kafforat bo‘lishiga sabab bo‘ladigan janoza namozidan ham mahrum qilinar ekan.

Jahonda keyingi paytda sodir bo‘layotgan fojiali voqealardan biri terrorchilik xatti-harakatlaridir. So‘nggi paytlarda ommaviy axborot vositalarida islom va iymondan mutlaqo bexabar kimsalarning nodonlarcha va xato bayonotlari paydo bo‘lib qoldi. Ularning ta’kidlashicha, tinchliksevar Islom dini o‘zlarini o‘limga mahkum etayotgan terrorchilarning xatti-harakatlarini oqlar emish. Vaholanki, o‘z joniga qasd qilish, boshqa odamlarni o‘ldirish kabi Islomga butunlay zid narsadir. Alloh taolo suiqasdni ochiq-oydin man’ etgan: “O‘z-o‘zingizni o‘ldirmangiz!”[4]. Qanday sabab bilan bo‘lmasin, kishining o‘zini o‘zi o‘ldirishi Islom tomonidan ta’qiqlangan.

O‘z joniga qasd qilish, jumladan suiqasdchi-terrorchilarning minglab begunoh odamlarning hayotiga zomin bo‘lishi Islomning ma’naviy-axloqiy asoslariga tamoman qarama-qarshidir. Shuning uchun Allohga ishonganini va Qur’on amrlariga bo‘ysunganini tasdiqlaydigan har bir kishi ana shunday ishlarni qilmaydi. Bu vahshiylik faqat aql-idrok va vijdonidan mahrum bo‘lgan, iymonning haqiqiy mazmunini anglashda qattiq adashayotgan, Qur’onning ilohiy da’vatini bilmaydigan, ongi o‘zgalar tomonidan nafrat va alamzadalik orqali boshqariladigan, xudosiz mafkura va keng miqyosdagi tashviqot ta’siriga tushib qolgan kimsalarninggina qo‘lidan keladi.

Hayot atalmish aziz ne’mat inson uchun berilgan eng qadrli omonatdir. Shuningdek, u Alloh taolo tomonidan bizlarga topshirilgan imkoniyat va mas’uliyat hamdir. Har inson bu ne’matni asrab avaylashi, unga hiyonat qilmasligi kerak, aks holda eng og‘ir jinoyatga qo‘l urgan bo‘lib, o‘z zimmasiga katta gunoh orttirgan bo‘ladi.

 

Xadichai Kubro o‘rta maxsus

islom ta’lim muassasi    

o‘qituvchisi Joziba Jamol qizi

 

[1] Qur’oni karim. Isro –70- oyat.

[2] Qur’oni  karim. Niso surasi, 29-oyat.

[3] Qur’oni karim. Baqara surasi, 195-oyat.

[4] Qur’oni karim.  Niso surasi, 29-oyat

Boshqa maqolalar

MUQADDAS QADRIYAT VA UNI NIQOB QILGAN MANFUR SIYOSAT: SHAHIDLIK MASALASINING BUGUNGI KUNDAGI TALQINI

04.09.2026   80529   8 min.
MUQADDAS QADRIYAT VA UNI NIQOB QILGAN MANFUR SIYOSAT: SHAHIDLIK MASALASINING BUGUNGI KUNDAGI TALQINI

“Shahid” so‘zi “hozir”, “guvoh”, “o‘z bilganlari haqida xabar beruvchi” ma’nolarini ifodalaydi. Shuningdek, “Shahid” Alloh taoloning ismlaridan biri bo‘lib, “guvohligi ishonchli, har doim hozir bo‘luvchi Zot” degan ma’nolarni anglatadi.

“Shahid” so‘zi umumiy tarzda Allohning yo‘lida halok bo‘lgan shaxsga nisbatan ishlatiladi.

Shahidlik – Allohning roziligi yo‘lida jonini fido qilgan, iymon-e’tiqodi va nomusini saqlash yo‘lida zolim dushman qo‘lida qatl qilingan kishilarga Alloh tomonidan beriladigan darajadir. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning hadislarida vabodan, ichki kasalliklardan, fojiali falokatdan vafot etganlarni ham shahidlik darajasini topishi xabar berilgan.

Islom dinida shahidlarning martabasi va ularning maqomi alohida qadrlanadi. Biroq ayrim kimsalar shahidlikni urush-janjallar maydonida o‘lgan odam bilan chegaralab qo‘yib, xato tasavvurga ega bo‘lib yurishadi. Zotan, jangu jadalda o‘lish shahidlikka shart qilingan emas!

Ba’zilar esa o‘z-o‘zini o‘ldirib, portlatib yuborishni ham shahidlik deb odamlarni aldaydilar. O‘z-o‘zini o‘ldirish shahidlik emas. Aslida, bu ikki holatsiz ham inson shahidlik martabasiga ega bo‘lishi mumkin. Zero, Habibimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamdan kelgan hadisi sharifda quyidagilarni ko‘rishimiz mumkin.

Sahl ibn Hunayf roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Kim Allohdan sidqidildan shahidlikni so‘rasa, garchi ko‘rpasida o‘lsa ham, Alloh uni shahidlar martabasiga yetkazadi”, dedilar (Imom Muslim, Imom Abu Dovud, Imom Termiziy rivoyati).

Imom Termiziy keltirgan rivoyatda: “Kim Allohdan Uning yo‘lida sodiqlik ila, chin qalbdan qatl bo‘lishni so‘rasa, Alloh unga shahidning ajrini beradi”, deyilgan.

Niyatni xolis qilib, jamiyatdan ajralmagan holda, ota-onasi bag‘rida, oilasi davrasida, do‘stu yorlari bilan birgalikda, vataniga xizmat qilib yurib ham shahidlik martabasiga ega bo‘lib, obro‘-e’tibor va yorug‘ yuz bilan dunyodan o‘tayotgan tabarruk shahid zotlar juda ko‘p. Shulardan o‘rnak olishimiz lozim bo‘ladi.

Shahidlik haqida bir qancha shar’iy hukmlar, fatvolar, bayonotlar mavjud.

Avvalo, shuni bilish lozimki, shahidlar ikki xil bo‘ladi:

1. “Shahidi a’lo” – “oliy darajadagi shahid”. Vatan uchun bo‘lgan jangu jadalda, dushmanlar bilan bo‘lgan urushda, Allohning kalimasini oliy qilish uchun bo‘layotgan jihodda o‘lganlar. Shuningdek, o‘z yurtida, o‘z oilasida tinchlik-osoyishtalikda hayot kechirayotganida birov zulm qilib yoki oilasini himoya qilish natijasida qasddan tig‘li asbob (pichoq, bolta, o‘q) bilan o‘ldirib ketsa, u “shahidi a’lo” – “oliy darajadagi shahid” bo‘ladi.

2. “Shahidi hukmiy” – “shahid bo‘lgan deb hukm qilingan”. Jangu jadalda tig‘li asbob (pichoq, bolta, o‘q) bilan yaralanib, urush maydonidan chiqarilgandan keyin o‘lganlar. Bu holatda kasalxonaga olib borilsa, dori-darmon yoki taom yeb-ichsa, namoz vaqti bo‘lganini bilsa, vasiyat qilsa, ana undan keyin vafot qilsa, “shahidi hukmiy” bo‘ladi.

Shuningdek, o‘z yurtida, o‘z oilasida tinchlik-osoyishtalikda hayot kechirayotganida birov tomonidan zulm qilib, qasddan tosh va tayoq (tig‘siz narsalar) kabilar bilan qatl etilganlar yoki bo‘g‘ib o‘ldirib ketilganlar ham “shahidi hukmiy” hisoblanadi.

Taniqli hanafiy olimi Ibn Obidin rahimahulloh “Raddul muhtor”da keltirishicha, gunoh sababli o‘lgan kimsa shahid, deb hukm qilinmaydi. Gunoh oqibatida vafot qilgan odam shahid hisoblanmaydi.

Masalan, nohaq odam o‘ldirayotib, uni ham o‘ldirishsa, u shahid bo‘lmaydi. Begunoh odamlarni o‘ldirib yurgan kimsa jangda o‘ldirilsa, u shahid hisoblanmaydi. Bu xuddi o‘g‘rilik qilayotib, yiqilib o‘lgan kimsaga o‘xshaydi. Aroq ichaverib-ichaverib, aroqqa yorilib o‘lsa, u ham shahid bo‘lmaydi. Birov zino sababli homilador bo‘lib, bola tug‘ayotib o‘lsa, shahid bo‘ldi, deb hukm qilinmaydi. Bu Imom Ramliy rahimahullohning ham qarashidir (Ibn Obidin. “Raddul muhtor”).

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam marhamat qilganlaridek quyidagi kishilar shahidlik maqomiga ega bo‘ladilar. Ammo bular ichida o‘zini o‘zi portlatgan, o‘zgani o‘ldirganlar yo‘q.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: “Vaboga yo‘liqib o‘lish, suvga cho‘kib o‘lish, qorin og‘rig‘i bilan o‘lish, olovga kuyib o‘lish, ayollar nifos paytida, ya’ni bola tug‘ayotganida o‘lishi ummatimning shahidligidir!” (Imom Suyutiy “Jome’ as-sag‘ir”).

Yoki beshta shahidlikni Rasululloh sollallohu alayhi vasallam quyidagicha sanaganlar: “Alloh yo‘lida yurganida o‘ldirilgan kimsa shahiddir, qorin og‘rig‘i bilan o‘lgan kimsa shahiddir, o‘latga yo‘liqib o‘lgan shahiddir, suvga g‘arq bo‘lib o‘lgan shahiddir, ayollar tug‘ayotganida o‘lsa shahiddir” (Imom Tabaroniy rivoyati).

Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam shahidlikning yetti turini ham sanaganlar. Ular orasida ham o‘zini o‘zi o‘ldirish yo‘q, musulmonlarni o‘ldirish ham yo‘q: “Shahidlik Alloh yo‘lida yurganda o‘ldirilishdan tashqari yettitadir. O‘latga yo‘liqib o‘lgan shahiddir; qorin og‘rig‘i bilan o‘lgan kishi shahiddir; g‘arq bo‘lib o‘lgan kishi shahiddir; vayronagarlikda qolib ketgan (masalan, zilzilada) kishi shahiddir; zotiljam kasalidan o‘lgan kishi shahiddir; olovda kuyib o‘lgan kishi shahiddir; tug‘ayotib o‘lgan ayol shahiddir” (Imom Nasoiy, Imom Tabaroniy rivoyati).

Xullas, “Durrul muxtor” va “Raddul muhtor” asarlarida quyidagilarni shahidlar qatorida bo‘lishi sanab o‘tilgan:

⏺ Zotiljam kasaliga yo‘liqib vafot etganlar.

⏺ Ilm talabida yurganda o‘lganlar.

⏺ Dushman bilan kurashib o‘lganlar.

⏺ G‘arq bo‘lganlar.

⏺ Olovda kuyib, tasodifan o‘t ichida qolib o‘lganlar (o‘zini yoqqanlar emas).

⏺ Musofirchilikda qiynalib o‘lganlar.

⏺ Devor ostida, zilzilada qolganlar.

⏺ Qorin og‘riq bilan o‘lganlar.

⏺ Bola tug‘ib, nifos qoni ko‘rayotgan ayollar.

⏺ Juma kechasi vafot topganlar.

⏺ Sil kasalidan o‘lganlar.

⏺ Qattiq isitma ta’sirida vafot topganlar.

⏺ Oilasi, mol-dunyosi va qonini himoya qilayotib o‘lganlar.

⏺ Gunoh bo‘lmagan kuchli ishq-muhabbat oqibatida o‘lganlar.

⏺ Yirtqich va vahshiy hayvon yorgani va shoxlagani oqibatida o‘lganlar.

⏺ Podshohning zulmiga uchrab, nohaq qamalgani sababli qamoqda o‘lganlar.

⏺ Zolimlar urib-urib o‘ldirib qo‘yganlar.

⏺ Chayon yoki ilon chaqib o‘lganlar.

⏺ Xolis muazzinlik qilib vafot topganlar.

⏺ To‘g‘riso‘z va halol savdogar bo‘lib vafot topganlar.

⏺ Oilasini ta’minlash maqsadida halol kasb-kor qilib yurganida vafot topganlar.

⏺ Qayt qilish kasaliga mubtalo bo‘lib, kuchli qayt qilaverish oqibatida qiynalib vafot topganlar.

⏺ Eriga rashk qilaverib, bu rashkiga sabr qilib vafot topgan ayollar.

⏺ Har kuni: “Allohumma, barik liy fil-mavti va fiyma ba’d al-mavti!” (“Allohim, menga o‘lganimda ham, o‘lgandan keyin ham baraka ber!”) deb 25 marta aytib yurganlar.

⏺ Har kuni “zuho” – choshgoh namozini o‘qishni odat qilganlar.

⏺ Ramazonda to‘liq va har oy 3 kun ro‘za tutishni odat qilganlar.

⏺ Uyda ham, safrada ham, har kuni vitr namozini kanda qilmaganlar.

⏺ Fisqu-fasod ko‘paygan zamonlarda sunnatlarni mahkam tutganlar.

⏺ Kasal va bemor bo‘lganida 40 marta “Laa ilaha illa anta! Subhanaka, inniy kuntu minaz-zolimiyn” (“Sendan o‘zga iloh yo‘q! Sen juda ham poksan! Men esa o‘zimga zulm qiluvchilardanman!”) deyishni odat qilganlar.

⏺ Vabo, o‘lat kabi kasalliklardan o‘lganlar.

Demak, musulmon banda Alloh taoloning rahmatidan noumid bo‘lishi kerak emas. Inson o‘z uyida, o‘z to‘shagida jon bersa ham, shahidlik maqomiga muyassar bo‘laveradi. Allohning marhamati keng, bandasiga shahidlik maqomini berib ham oxiratdagi martabasini yuksak qilaveradi. Yuqorida ta’kidlanganidek, inson nohaq odam o‘ldirish bilan yoki o‘z-o‘zini qurbon qilish bilan shahid bo‘la olmaydi.

O‘tkirbek Sobirov
O‘zbekiston musulmonlari idorasi mas’ul xodimi
Toshkent islom instituti o‘qituvchisi

“Botil da’volarga asosli raddiyalar” kitobi asosida tayyorlandi.