Har “bahorda“ shu bo‘lar takror
Erkak va ayol, yigit va qiz o‘rtasidagi munosabatlar yaqin-yaqingacha o‘ta nozik masala sanalib kelgan. Unashtirilgan yigit-qizlar to to‘y o‘tmaguncha quda tomon vakillaridan o‘zlarini olib qochishi, momolarimiz hurmat yuzasidan o‘z tan-mahramlarini bosh farzand ismi bilan chaqirishi, bobolarimiz nomahramlar oldida hatto ayolining ismini tilga olmagani ham ana shunday go‘zal qadriyatlar sirasiga kirgan. Yetti-yot begonalar oldida quchoqlashib, muhabbat izhor qilish, to‘ylarda hammaning oldida g‘arbona raqs tushish, “love story”larini ko‘z-ko‘z etishlar haqida-ku gap ham bo‘lishi mumkin emasdi.
Albatta, G‘arbning ham o‘ziga xos betakror madaniyati, san’ati, falsafasi bor va ularga hurmat bilan yondashishga haqlimiz. Shu bilan birga, G‘arbning har qanday taomilini ko‘r-ko‘rona qabul qilish, ularni amalda qo‘llash o‘z milliy mentalitetimizga ochiq-oshkor hurmatsizlik namoyishi ekanini ham tushunamiz. Biroq, afsuski, aholi, ayniqsa, yoshlarimiz hali-hamon g‘arb “an’analari”ga ko‘r-ko‘rona ergashayotgani har birimizni tashvishga soladi.
14 fevral qanday kun?
Ana shunday illatlardan biri bu shubhasiz 14 fevralning “Avliyo Valentin kuni” yoki oddiygina aytsak “Sevishganlar kuni” sifatida nishonlanishidir. To‘g‘ri, bugun dunyoning ko‘pgina mamlakatlarida bu kun rasman bo‘lmasa-da, yoshlar tomonidan ommaviy tarzda bayram qilinadi. Bunday “tantana” yurtimizga ham kecha yoki bugun kirib kelgani yo‘q. Bir paytlar turli radio va telekanallarimiz, ko‘ngilochar nashrlar sahifalarida bu kun munosabati bilan turli jo‘shqin tabriklaru, “sevgi hikoyalari”, dil izhorining antiqa ko‘rinishlari targ‘ibiga zo‘r berilgani ham sir emas.
Muayyan chora-tadbirlar tufayli bunday “kampaniya”ning “shovqini” bosilgandek. Ammo, yoshlarimiz bu kunni butunlay “unutib” yuborgani yo‘q. Ayni shu “ayyom” arafasida bozor va rastalar, do‘konlarida “Sevishganlar kuni” timsollarini aks ettiruvchi turli hadyalar, otkritkalar, o‘yinchoqlar savdosi avj oladi. Gul sotuvchilarining “ketmoni uchadi”. Kafe va restoranlar “ishq ahli”ning tashrifidan “obod” bo‘ladi. Hatto unashtirilgan bo‘lg‘usi “kelin-kuyov”larning aynan shu kuni uchrashishlari, bir-biriga sovg‘a jo‘natishlari odatiy tus olgan.
Ayrim “uchar” tadbirkor shoumenlar “Sevishganlar kuni”ga bag‘ishlangan bayram dasturlarini “Zahiriddin Muhammad Boburning tavalludi” bilan niqoblashga ham urinishadi. Tabiiyki, bunday “kechalar”da Bobur Mirzoning nomi nari borsa bir-ikki marta tilga olinadi, xolos. San’atimiz “yulduzlari” esa, azaliy mavzudagi qo‘shiqlari bilan juft-juft bo‘lib tashrif buyurgan tadbir mehmonlarini xushnud etishadi. Bu nima? Buyuk sarkarda va shoir bobomiz ruhini tahqirlash emasmi? Savol tug‘iladi: nega o‘sha “fidoyi”lar 9 fevral – Hazrat Navoiyning yoki 9 aprel – Sohibqiron Amir Temurning tavalludiga bag‘ishlangan ma’rifiy tadbirlar o‘tkazishmaydi? Javobi o‘zingizga ma’lum.
O‘ylab ko‘raylik: muhabbat atalmish pokiza, ilohiy tuyg‘uning allaqanday soxta bayramlaru bachkana “urf-odatlar”, yaltiroq suvenirlar bilan o‘lchanishi uning qadr-qimmatini tushirib yubormayaptimi? Bugun “sevishganlar kuni”da andishayu or-nomusni unutib, bir-biriga bo‘lgan otashin “sevgisi”ni olamga yoyishga urinayotgan oshiq-ma’shuqlar bir necha oy, hafta va hatto sanoqli kunlardan so‘ng bir-biridan bezib, boshqa “ermak” izlashga tushishi ham bor gap-ku?
Avliyo Valentinning “karomati”
Keling, bu haqdagi mulohazalarni davom ettirishdan avval yoshlarimizning “taqvimi”dan o‘rin olgan ushbu “bayram”ning tarixiga bir ko‘z tashlasak. Xo‘sh, “Avliyo Valentin” deganlari kim o‘zi? “Ul zoti sharif” nima “karomat ko‘rsatganlar?”
Ma’lumotlarga ko‘ra, miloddan avvalgi uchinchi asrda Qadimgi Rimda yosh bolalar o‘limi juda ko‘payib ketadi. Tug‘ilish darajasi keskin pasayadi. Bu esa hukumatni tashvishga soladi. Eramizdan avvalgi 276 yilda bir kohin tug‘ilish darajasini oshirish uchun o‘ziga xos usulni tavsiya qiladi. Ya’ni erkaklar qadimgi Rim ma’budlariga qurbonlik qilingan jonivorlarning terisidan qamchi yasab qip-yalang‘och holda shaharga ko‘chalari bo‘ylab yuguradilar va duch kelgan ayollarni “ilohiy qamchi” bilan savalaydilar. Bu odat har yilgi an’ana tusini oladi. Keyinchalik erkaklar va ayollar alohida “saylgoh”ga chiqib, yalang‘och holatda o‘yin-kulgi qilishga, ommaviy fahsh bilan namoyishkorona shug‘ullanishga o‘tadilar. Hatto Yevropaga xristianlik kirib kelganidan keyin ham bu “bayram” davom etaveradi.
Boshqa bir rivoyatga ko‘ra, Qadimgi Rim hukmdori Klavdiy jang paytida o‘z askarlariga uylanishni man qiladi. Imperatorning harbiy shifokori va ruhoniysi, shahvatparastligi bilan nom qozongan Valentin esa yashirin tarzda askarlarni ayollar bilan ta’minlay boshlaydi. Buni payqab qolgan Klavdiy Valentinni zindonga tashlaydi. Valentin hatto zindonda ham buzuqlik, fahsh, maishat uchun sharoit topa oladi. Imperator uni o‘limga hukm etadi. Ruhoniy o‘limi oldidan o‘z jazmaniga maktub yo‘llaydi... Oradan asrlar o‘tib, na nasroniylik, na boshqa rasmiy dinga aloqasi bo‘lmagan bir kimsaning nomi afsonalarga yo‘g‘rilib, “Avliyo Valentin” nomini oladi. Shu tariqa u qatl etilgan 14 fevral kuni “sevishganlarning bir-biriga maxsus otkritkalar – “valentinkalar” yo‘llash udum bo‘lib qolganmish.
Har qanday vaziyatda ham ushbu kunning tarixi fahsh, buzuqlik va itoatsizlikka borib taqaladi. Shu bois, “Avliyo Valentin kuni”ni nishonlashga xristian ruhoniylari ham qarshi chiqishadi. Va o‘z-o‘zidan ma’lumki, ezgulik, poklik va bag‘rikenglik dini bo‘lgan Islom ham fahsh, buzuqlik tantanasi keskin qoralaydi.
“Gar vasl muabbad o‘lsa ne bok?”
Dasturxon ustida chiroyli ko‘katlar bilan bezatilgan taom aslida harom qotgan jonzot go‘shtidan tayyorlanganini bilgan xo‘randaning ishtahasi bo‘g‘iladi. “Avliyo Valentin kuni”, “Sevishganlar kuni” singari jarangdor nomlar bilan ataladigan, yoshlarni o‘ziga ohanrabodek tortadigan bu “bayram” ham aslida milliy qadriyatlarimizga, muqaddas dinimizga mutlaqo yot illat ekanini, uni “nishonlash” ham tarbiyasizlik, ham shakkoklik ekanini anglagandan keyin-chi? Nahotki, bizning yoshlarimiz allaqanday butparast sharmandalarning yoki shilqim qo‘shmachining “ruhini shod” etish uchun mana shunday tomoshalarga bosh qo‘shishsa?
Yana moziyga qaytaylik. Pok muhabbat, ilohiy ishq Sharqda ham qadrlangan, tarannum etilgan. Haqiqiy oshiqlar va ma’shuqalar haqida qissalar, dostonlar to‘qilgan. Tohir va Zuhra, Farhod va Shirin, Vomiq va Uzro, Gul va Navro‘z...
Buyuk bobokalonimiz Alisher Navoiyning o‘lmas asarlarida ham, ishq-muhabbat ta’rifida go‘zal baytlarni uchratamiz. Ul zot qalamiga mansub “Layli va Majnun” dostonidagi bir lavhani eslang: Ikki sevishgan qalb egasi taqdir taqozosi bilan yarim tunda, sahroda uchrashadilar. Shirin diydor onlarida ularga hatto tabiat ham xalal berishni istamasdi. Ammo, ana shunday damlarda ham ikki yosh biror nojo‘ya ishga qo‘l urishmaydi, odob, ibo-hayo va andishani unutishmaydi. Chunki ularning pokiza sevgisiga hali ota-ona rizolik bermagan, ularning munosabatlari nikoh rishtasi ila ila bog‘lanmagan edi.
Hazrat Navoiy ularning visol damlarini ta’riflay turib:
Har ishki o‘tub haloklikdin,
Ayru emas erdi poklikdin,
Ishq ahli bu nav’ bo‘lsalar pok,
Gar vas muabbad o‘lsa ne bok?– deya xulosa qiladilar.
Ya’ni ularning munosabatlari poklikdan ayro emasdi. Agar sevishganlar ham ular singari pokiza bo‘lishsa, ularning visoli ham abadiydir.
Ha, ajdodlarimiz ishq-muhabbat bobida ham o‘rnak ko‘rsatib ketishgan. Shunday ekan, yoshlarimiz ham ma’jusiylarning allaqaysi qo‘shmachi “avliyosi”dan emas, milliy adabiyotimizning gultoji sanalgan o‘lmas asarlardan ibrat olishsa nur ustiga nur bo‘lardi.