O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 12 fevral kuni mahalla tizimini takomillashtirish, mahallalarda tinchlik-osoyishtalikni mustahkamlash, jinoyatchilikning oldini olish masalalari bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.
Mahalla tizimi jamiyatimizning eng muhim va tayanch bo‘g‘ini hisoblanadi. Oxirgi uch yilda uni rivojlantirish borasida qator amaliy ishlar amalga oshirildi.
Xususan, mahalla institutiga oid 38 ta qonun va me’yoriy hujjatlar qabul qilindi, 50 dan ortig‘i takomillashtirildi. Jamiyat hayotida jonbozlik ko‘rsatgan soha xodimlari davlat mukofotlari bilan taqdirlandi. Fuqarolar yig‘inlari raislari va mas’ul kotiblarining oylik ish haqi o‘tgan yilning o‘zida 1,5 barobarga oshirildi.
So‘nggi uch yilda 624 ta mahalla idorasi yangidan qurildi, 2 ming 265 tasi rekonstruksiya qilindi va ta’mirlandi. 102 ta tuman va shahar markazida “Mahalla markazi” majmualari barpo etildi. Har bir fuqarolar yig‘inida “Keksalar maslahati” guruhlari, 4 mingdan ziyod mahalla binolarida kutubxonalar tashkil qilindi.
Mahalla faollarining mas’ul tashkilotlar va profilaktika inspektorlari bilan hamkorligida oxirgi uch yilda 87 mingga yaqin kam ta’minlangan oila ehtiyojmandlik darajasidan chiqarildi.
Prezidentimiz mahalla tizimidan xalq ham, davlat ham to‘la rozi emasligini, bu sohada kamchilik va dolzarb masalalar ko‘pligini ta’kidladi.
Xususan, mahallalarda 18 mingdan ortiq xodim faoliyat ko‘rsatib kelayotgan bo‘lsa-da, ularning ishi samarali tashkil etilmagan. Oilalarda ijtimoiy-ma’naviy muhitga salbiy ta’sir ko‘rsatuvchi holatlarning oldini olish bo‘yicha tizim yo‘lga qo‘yilmagan. Oqibatda ayrim mahallalarda notinch oilalar, huquqbuzarliklar ko‘paygan. Shuningdek, xotin-qizlar va voyaga yetmaganlar orasida o‘z joniga suiqasd qilish holatlari uchrayotgani juda achinarli.
Yig‘ilishda oilaviy ajrimlar, yoshlar salomatligi, erta tug‘ruqlar, ma’naviy-axloqiy tarbiya bilan bog‘liq muammolar ko‘rsatib o‘tildi.
– “Oila – muqaddas” degan azaliy va ezgu g‘oya qadrsizlanib, ming yillik milliy qadriyatlarimiz zavol topar ekan, bu kabi og‘riqli holatlarni kamaytirib bo‘lmaydi. Buning uchun mahalla katta ijtimoiy kuch sifatida maydonga chiqishi kerak. Chunki faollar, ko‘pni ko‘rgan oqsoqollar, tajribali nuroniylarimiz, agar istasa, jamoatchilik bilan birgalikda har qanday muammoni hal qilishga, xato qilgan yoshlarni to‘g‘ri yo‘lga solishga qodir, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Yig‘ilishda mahallalarning o‘zida ham qator muammolar borligi qayd etilib, ularni qo‘llab-quvvatlash, mahalla idoralarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash masalalariga ham e’tibor qaratildi.
Masalan, bugungi kunda 1 ming 234 ta fuqarolar yig‘ini turli tashkilotlar yoki tadbirkorlarga tegishli binolarda joylashgan. Yana mingdan ziyodi ijtimoiy muassasalarda, 78 tasi qo‘shni mahalla yig‘inlari binolarida faoliyat ko‘rsatmoqda, 48 ta mahalla binosi avariya holatida. Mahalla binolari uchun kommunal to‘lovlarni to‘lash bo‘yicha maqbul va yagona tartib ishlab chiqilmagan.
Mahalla tizimida kadrlar qo‘nimsizligi odatiy holga aylangan. Mahalla xodimlarini ularga bog‘liq bo‘lmagan ishlar, yig‘ilish va boshqa tadbirlarga jalb qilish taqiqlangan bo‘lsa-da, bu borada sezilarli o‘zgarish bo‘lmayapti.
Mahalla fuqarolar yig‘inlari zimmasiga 200 dan ortiq vazifa yuklangan. Lekin bor-yo‘g‘i 2 ta shtat birligi bilan shuncha vazifani bajarish mumkinmi, deb o‘ylab ko‘rilmagan. Hech bir hokim yoki kengash mahallalar faoliyatining samaradorligini oshirish masalasini muhokama qilmagan.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Oliy Majlisga yaqinda yo‘llagan Murojaatnomasida mahalla tizimini o‘zgartirish, “Obod va xavfsiz mahalla” tamoyilini joriy etish zarurligi to‘g‘risida fikr bildirgan edi.
Videoselektor yig‘ilishida ana shu tamoyilni amalga oshirish, mahalla tizimini isloh etish masalalari atroflicha muhokama qilindi.
Davlatimiz rahbari mahallalarda to‘planib qolgan muammo va kamchiliklarga samarali yechim topish, tinchlik-osoyishtalikni asrab-avaylash yo‘lida barcha sa’y-harakatlarni birlashtirish shartligini ta’kidladi. Ushbu ulkan sohaga mas’ul alohida davlat idorasi – Mahalla va oila masalalari vazirligini tashkil etish taklifi bildirildi.
Qayd etilganidek, yangi vazirlik mahalladan tortib respublika darajasigacha 40 mingdan ortiq xodimni birlashtiradi va ularning “bir yoqadan bosh chiqarib”, yagona maqsad yo‘lida faoliyat ko‘rsatishlarini ta’minlaydi. Bir so‘z bilan aytganda, joylarda muammolarni hal qilishning yaxlit va ta’sirchan vertikal tizimi yaratiladi.
Vazirning birinchi o‘rinbosari oila, xotin-qizlar va ijtimoiy-ma’naviy masalalarga mas’ul etib belgilanadi. Vazirning yana bir o‘rinbosari keksalarni ijtimoiy rag‘batlantirish, yoshlarda vatanparvarlikni mustahkamlash masalalari bilan shug‘ullanadi. Oilaviy tadbirkorlik va kichik biznesni rivojlantirish, tomorqa va obodonlashtirish, ekologiya, bandlikka ko‘maklashish masalalariga mas’ul o‘rinbosar lavozimi joriy etiladi.
Vazir – “Mahalla” jamg‘armasiga, vazirning birinchi o‘rinbosari – “Xotin-qizlarni va oilani qo‘llab-quvvatlash” jamoat fondiga, Keksalar va faxriylar bo‘yicha o‘rinbosar “Nuroniy” jamg‘armasiga raislikni ham bajaradi.
Vazirlikning hududiy boshqarma va bo‘limlari boshliqlari hokim o‘rinbosari hisoblanadi. Huquqbuzarliklar profilaktikasi boshqarmasi boshlig‘i hududlardagi ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘ining o‘rinbosari darajasiga ko‘tariladi. Mahalla va oila masalalari vazirligi Ichki ishlar vazirligi bilan uzviy hamkorlikda ishlaydi.
Yangi tuzilmada xotin-qizlar bilan ishlashga ustuvor ahamiyat qaratiladi. Shu vaqtga qadar xotin-qizlar qo‘mitalarida, mahallalarda mehnat qilib kelgan ayollar tuzilmada faoliyatini davom ettiradi, ularning mavqei, moddiy shart-sharoitlari va ish haqi ham sezilarli oshiriladi.
Mahalla raisining vakolat muddati uch yildan besh yilga o‘zgartiriladi. Uning uch nafar o‘rinbosari lavozimi joriy etiladi. Profilaktika inspektori endilikda mahalla raisining huquq-tartibot masalalari bo‘yicha o‘rinbosari bo‘lib ishlaydi. U ham 5 yil muddatga tayinlanadi.
Mahallalardagi turli yo‘nalishlar bo‘yicha tashkil etilgan, biroq kutilgan samarani bermay kelayotgan 12 ta jamoatchilik komissiya va tuzilmalari ham optimallashtiriladi.
Yig‘ilishda mahalla institutining iqtisodiy-moliyaviy asoslarini kuchaytirish masalalari ham ko‘rib chiqildi.
Joriy yil 1 martdan mahalla raisi va uning o‘rinbosarlari oylik ish haqi o‘rtacha 1,35 baravarga oshirilishi begilandi.
Mahalla xodimlari hamda profilaktika inspektorlari faoliyatini baholashning yagona mezoni ishlab chiqiladi va samaradorlik reytingi joriy qilinadi. Barchaga o‘rnak bo‘ladigan mahallalar aniqlanib, munosib rag‘batlantirib boriladi.
“Har bir oila tadbirkor”, “Yoshlar – kelajagimiz”, “Hunarmandchilik” dasturlari doirasida mahallalarga tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanish uchun arzon kredit mablag‘lari ajratiladi. Bu mablag‘lar hisobiga sartaroshxona, novvoyxona, shuningdek, hunarmandchilik, tikuv, qandolatchilik sexlari, otalar choyxonasi, guzar maskanlari tashkil etiladi.
Moliya vazirligiga mahallalarni qo‘llab-quvvatlashning iqtisodiy-moliyaviy asoslarini puxta ishlab chiqish vazifasi qo‘yildi. Mutasaddi vazirlik va idoralarga mahallalarning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, ular faoliyatiga zamonaviy axborot va raqamli texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha topshiriqlar berildi.
Mahalla fuqarolar yig‘inlari endilikda “Obod va xavfsiz mahalla” tamoyilini amaliyotga joriy etish, ijtimoiy-ma’naviy muhit barqarorligi va osoyishtalikni ta’minlash, aholini tadbirkorlikka keng jalb qilish, tomorqalardan unumli foydalanish, yer uchastkalarini noqonuniy egallashning oldini olish, hududni obodonlashtirish kabi masalalar bilan shug‘ullanishi ta’kidlandi.
Fuqarolar yig‘inlarining faoliyatiga xos bo‘lmagan 50 dan ortiq vazifa bekor qilinishi, profilaktika inspektorlariga yuklatilgan ortiqcha topshiriqlar ham keskin qisqartirilishi belgilandi. Mahalla raisiga qo‘shimcha huquqlar berilib, maqomi va obro‘si kuchaytirilishi qayd etildi.
Mutasaddilarga “Obod va xavfsiz mahalla” tamoyiliga asoslangan yangi tizimni joriy etish, mahallaga va qadriyatlarimizga hurmat tuyg‘usini shakllantiradigan sahna asarlari va badiiy filmlar yaratish yuzasidan ko‘rsatmalar berildi.
Mahallalarda huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish bo‘yicha ta’sirchan tizimni shakllantirish maqsadida profilaktika inspektori ko‘rib chiqadigan ma’muriy huquqbuzarliklar sonini oshirish zarurligi ta’kidlandi.
Ichki ishlar vazirligiga profilaktika inspektorlariga yaratilgan sharoitlarni o‘rganib, tayanch punktlarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash vazifasi qo‘yildi. Shu bilan birga, profilaktika inspektorlari faoliyatini tanqidiy ko‘rib chiqib, bu vazifaga munosib xodimlarni qo‘yish bo‘yicha topshiriq berildi.
Davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida fuqarolar yig‘inlari komplekslarini qurish, bo‘sh turgan binolarga mahalla idoralarini joylashtirish masalalariga ham to‘xtalib o‘tildi.
Mahallalarda ahillik va o‘zaro mehr-oqibat muhitini mustahkamlash, yosh avlodda vatanparvarlik, mehnatsevarlik tuyg‘ularini kuchaytirishda keksalar tajribasidan foydalanish muhimligi ta’kidlandi.
Mahalla va oila masalalari bo‘yicha olib borilayotgan tadqiqotlar ko‘lamini kengaytirish hamda amaliyotga joriy etish maqsadida “Oila” va “Mahalla ziyosi” markazlari negizida “Mahalla va oila” ilmiy-tadqiqot institutini tashkil etish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.
Davlatimiz rahbari mahallalar milliy mentalitetimiz ko‘zgusi ekanini, jamiyat hayotida katta o‘rin tutishini ta’kidlar ekan, Navro‘z bayramiga hamohang tarzda 22 mart sanasini “Mahalla tizimi xodimlari kuni” deb e’lon qilishni taklif etdi.
Videoselektor yig‘ilishida muhokama qilingan masalalar yuzasidan mutasaddilar axborot berdi, nuroniylar va faollar fikr bildirdi.
Manba: https://president.uz
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
U Hijru Ismoil deb ham nomlanadi. U yarim doira shaklidagi ochiq binodir. Xatim deb nomlanishiga sabab, u Ka’badan sindirib olingandir. Quraysh Ka’ba binosini yangilaganda o‘sha yerni qoldirgan. Ismoil hijri deyilishiga sabab, Ibrohim alayhissalom Ka’baning yoniga arok daraxtidan Ismoil hamda onalariga kapa qurib berganlar. Demak, hijr Ka’baning qismidan bo‘lmagan. Lekin Quraysh Ka’badan qoldirib, Hijrga kiritgan joyi shak-shubhasiz Ka’badir. Hajmi olti gazu bir qarich, ya’ni uch metrdir.
Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi:
«Men Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan xatim haqida so‘rab: «U Ka’badanmi?» desam, u zot: «Ha», dedilar. Men: «Unda nima uchun Ka’baga qo‘shib yuborishmagan?» desam, u zot: «Qavmingning, ya’ni Qurayshning mablag‘i yetmay qolgan...» dedilar (Imom Buxoriy rivoyati).
Boshqa bir rivoyatda keltirilishicha, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Ey Oisha, agar qavming johiliyatdan endi qutulganini hisobga olmaganimda, Ka’bani buzishga buyurib, uning chiqib ketgan joyini kirgizib, yerga yopishtirib, ikki eshik, ya’ni sharq va g‘arb tomondan eshik ochib, Ibrohim alayhissalom bunyod etgan poydevorga yetkazar edim», dedilar.
Ibn Zubayrni Ka’bani buzishga undagan narsa mana shu edi. Yazid: «Ibn Zubayr buzib, qayta qurayotganlarida guvoh bo‘ldim. Hijrni Ka’baga kiritdilar. Ibrohim alayhissalom qurgan poydevordagi toshlarni ko‘rdim. U xuddi tuyaning o‘rkachiga o‘xshar edi», deganlarida, Jarir: «Uning o‘rni qayerda edi?» dedilar. U kishi: «Hozir senga ko‘rsataman», dedilar. Jarir u kishi bilan Hijrga kirdilar. Yazid o‘sha makonga ishora qilib: «Mana bu yerda», dedilar. Jarir: «Hijrni taxminiy o‘lchab ko‘rsam, 6 gaz yoki shunga yaqin edi», dedilar.
Bu narsa Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning so‘zlarida ham ochiq-oydin kelgan. Imom Muslimning rivoyatlarida esa: «Hijrdan olti gaz qo‘shdim», deb aytilgan.
Bu rivoyatlardan bilinadiki, Hijr Ka’baning bir qismidir. U Ka’ba atrofidagi taxminan 3 metrlar chamasi joydir. Boshqa yer esa Ka’badan emas. Shunga binoan hijrning orqa tomonidan tavof qilish durustdir. Kim Ka’ba ichida namoz o‘qishga imkon topa olmasa, Ka’baning chamasi 3 metr yonidagi xatim qismida o‘qisa, go‘yoki Ka’ba ichida namoz o‘qigandek bo‘ladi.
Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi:
«Men Ka’ba ichiga kirib namoz o‘qishni yaxshi ko‘rar edim. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam qo‘limdan ushlab, hijrga kirgizdilar, «Ka’baga kirishni xohlasang, mana shu yerda ham o‘qiyvergin. Chunki u Ka’badan bir bo‘lakdir», dedilar».
Boshqa rivoyatda Oisha roziyallohu anho: «Hijrdami, Ka’badami namozni qaysi birida o‘qishga ahamiyat bermayman», deganlar.
Salaflardan qilingan rivoyatda: «Xatimda, mezob ostida duolar mustajobdir», deyilgan.
Shayboniy: «Sa’id ibn Jubayrning Ka’bani hijrda kuchib turganlarini ko‘rdim», dedilar.
Zolim Hajjoj ibn Yusuf xalifa Abdulmalik ibn Marvonga maktub yozib, unda Ibn Zubayr Ka’bani o‘zgartirib, uning o‘rni bo‘lmagan joylarni qo‘shib, boshqa eshik ochganini aytgan va endi Ka’bani qaytadan bino qilishini so‘ragan edi. Hajjoj Ka’bani o‘zi aytganidek o‘zgartirib bo‘lganidan keyin Abdulmalik bildiki, Ibn Zubayr Ka’ba qurilishini Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam aytganlaridek amalga oshirgan edilar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Ey Oisha, agar qavming johiliyat zamonidan endigina qutulganini hisobga olmaganimda, Ka’bani buzib, chiqib ketgan joylarini qo‘shib olgan bo‘lar edim...» deganlar.
Xalifa Abdumalik Hajjojga ruxsat bergani uchun pushaymon chekib: «Agar Hajjoj buzishidan oldin ushbu hadisni eshitganimda, Ibn Zubayr qurganlarini qoldirar edim», degan Muslim rivoyati.
Rivoyat qilinishicha, ba’zi abbosiy xalifalar Imom Molik ibn Anasdan Ka’bani buzib, hadisda zikr qilinganidek, Ibn Zubayr qurganlari kabi yana qayta qurish uchun fatvo so‘rashganida, Imom Molik roziyallohu anhu: «Ey mo‘minlar amiri, o‘tinib so‘rayman, Baytullohni podshohlarga o‘yinchoq qilib qo‘ymang, xohlagan kishi uni buzib o‘ynayvermasin. Shu holat bo‘laversa, odamlar qalbida Ka’baning haybati ketib qoladi», dedilar. Imom Molikning ushbu gaplaridan keyin Ka’ba mana shu holatda qoldi.
Xatim devorining balandligi 1 metr 32 sm. Devorning eni 1 metr 55 sm.
Ikki kirish orasidagi masofa 8 metr 77 sm. Ka’ba devoridan Xatim devorigacha 8 metr 46 sm.
Ka’badan Xatimgacha mavjud bo‘lak 3 metr.
Multazam tomondagi ochiqlik o‘lchami 2 metr 29 sm.
Muqobil ochiqlikdagi o‘lcham 2 metr 23 sm. Tashqaridan devor aylanasining uzunligi 21 metr 57 sm.
"Makka, Ka’ba, Zamzam tarixi, haj va umra manosiklari" kitobidan