Sayt test holatida ishlamoqda!
27 Dekabr, 2024   |   26 Jumadul soni, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:22
Quyosh
07:48
Peshin
12:29
Asr
15:20
Shom
17:04
Xufton
18:24
Bismillah
27 Dekabr, 2024, 26 Jumadul soni, 1446

Sabr evaziga topilgan jannat

12.02.2020   2692   6 min.
Sabr evaziga topilgan jannat

Alloh taolo borliqni yaratgan Zotdir, O‘zi yaratgan narsalarning gultoji qilib insonni yaratdi. Butun bashariyatni behisob ne’matlari bilan siyladi. Ammo ana shular ichida bebaholari sihat-salomatlik va xotirjamlikdir. Ko‘pincha sog‘likni yo‘qotib, bemor bo‘lganimizda taqdirimizdan nolib «Qaysi gunohim uchun bu dardga chalindim», deb noshukrlik ham qilamiz. 

Nabiy sollallohu alayhi vasallam marhamat qilib: «Alloh kimga yaxshilikni iroda qilsa, uni sinovga uchratur», dedilar.  Ana shunday ko‘proq uchraydigan sinovlardan biri bu – bemorlik. Odatda sog‘ligi, halovatini yo‘qotgan bemor sog‘lom odamga nisbatan ko‘proq Allohni yodga oladi va gunohlariga pushaymon bo‘ladi. Bu bilan bandaga tavba va istig‘for eshiklarini ochilib, Allohning marhamatiga noil bo‘ladi.

Inson ikki dunyodagi o‘z baxti va saodatiga erishish yo‘lini, barcha haqiqatlarni va ikki dunyo ilmini bekamu ko‘st biladigan Alloh taolodan astoydil so‘rashi kerak. Demak, bemorlikka mubtalo bo‘lgan musulmon inson o‘ziga oriz bo‘lgan xastalikni Alloh taolo tomonidan o‘ziga nisbatan bo‘layotgan sinov deb bilmog‘i  va sabr qilib,  Alloh taoloning O‘zidan shifo so‘rashi kerak. Mo‘min-musulmon odam o‘ziga bemorlik yetganda sabrsizlik qilish o‘rniga, sabr qilib, xastalikni Alloh taolo tomonidan o‘ziga beriladigan yaxshilikdan oldingi sinov deb bilmog‘i lozim. Agar o‘sha sinovdan yaxshi o‘tsa, unga yaxshilik ato qilinadi.

Ato roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Ibn Abbos menga: «Senga jannat ahlidan bo‘lgan bir ayolni ko‘rsataymi?» dedi. «Ha», dedim. «Manavi qora xotin». Oddiy, bir qora tanli,  ismlari Su’ayra al-Asadiya bo‘lib, jussali sahobiya ayollardan edi.

U Nabiy sollallohu alayhi vasallamni izlab, masjidga keldi. Dardini aytib, shifo tilashlarini so‘ramoqchi bo‘lgan ekan. Rasululloh «Marhamat, gapir, qulog‘im senda», degan ma’nodagi qarash bilan kutib oldilar. U xotin bundan jasoratlanib, maqsadini bemalol ayta olishiga qanoat hosil qilib:

— Ey Allohning payg‘ambari, men tutqanoq kasaliga yo‘liqqanman. Iltimos, bu kasallikni aritishini so‘rab Allohga duo qilsangiz. Kelishdan maqsadim shu edi, — dedi. Tutqanoq bo‘lganda ham eng shiddatlisidan edi. Xastalik kelganda, dumalab qolganda badanlarining ma’lum qismlari ochilib ham ketardi. Aftidan ayolni asosan tashvishga solgan narsa ham  shu edi. Biroq Hazrati Payg‘ambarimizning javoblari uni katta imtihon ostonasiga olib kelib qo‘ydi:

— Istasang, sabr qil, buning evaziga senga jannat beriladi. Istasang, senga ofiyat berilishi uchun Allohga duo qilaman. Ya’ni, «Istasang, dunyo rohatini, istasang, oxirat huzurini tanla», deganlari edi bu. Bir onda dunyo hayoti ko‘z o‘ngida gavdalandi. Bu muhokama juda qisqa vaqtda kechdi. Qarorini shaxsan o‘zi, azmu iroda to‘la bir ovoz ila berdi:

— Sabr qilaman!..

Qisqagina bu javobdan Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning yuzlarida nur jilvalandi va shu’lalar paydo bo‘ldi, mamnuniyat izlari ko‘rindi. Bu javob mustahkam bir iymonga, sof bir tushuncha va niyatga dalolat qilardi. Dunyoning foniyligiga haqiqatan ishongan, oxiratni boqiy deb bilgan bir insongina shunday javob qila olardi.

Ayol yana bir muddat turdida, so‘ng boshqa bir narsa iltimos qildi:

— Yo Nabiyalloh, tutqanoq tutgan paytida badanim ochilib qoladi, shundan uyalaman. Duo qiling, badanim ochilib qolmasin, — dedi. Payg‘ambar alayhissalom qo‘l ochib, duo qildilar. Masala o‘sha yerdayoq hal bo‘ldi. Ayolning tutqanog‘i tutganda badani ochilmaydigan bo‘ldi. O‘zi esa dardga sabr qilgani uchun jannatga kirish va’dasini oldi. Bu va’da haq va’dadir. Payg‘ambarimizning bu niyozlari  rad etilmasligi aniq edi. Ayol kelgan tarafiga qaytib ketar ekan, jannati ayol ekaniga ishongan bir zot orqasidan havas bilan qarab qoldi...

U ko‘zdan g‘oyib bo‘lgach, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam sheriklariga bunday izoh berdilar:

— Mo‘minga kelgan har musibat tufayli Alloh taolo uning yaxshiligini orttiradi. Yoki yomonliklaridan birini o‘chiradi. Garchi bu musibat oyog‘iga tosh botishi yo tikan kirishi bo‘lsa ham.

Alloh taolo mo‘minlarni shu dunyoda turli sinovlar bilan imtihon qilib, kimnidir tanasiga dard beradi. Kimdir farzandidan ayrilib musibatga yo‘liqsa, yana kimdir moliyaviy yo‘qotishga uchrashi mumkin. Bularning hammasi o‘sha bandalarning gunohlarini o‘chiruvchi kafforat bo‘ladi. Hayoti poyoniga yetib Allohning xuzuriga borganda esa, dunyoda tortgan musibatlari evaziga Alloh uni   ulug‘ ajrlar bilan mukofotlaydi.

E’tibor bering, ushbu sahobiya ayol bir umr kasalikka, dardga sabr qilib yashashlik evaziga jannatga kirish va’dasini oldi. Hozirgi kunimizda ozgina bemorlik yoki vaqtinchalik berilgan dardga sabr qilmay, nolib shikoyat ham qilamiz. Yana bir e’tiborli tomoni dard sababli yiqilganda badanini ochilib qolishidan hayo qilgan ayol. Bugungi kunimizga juda ham ibrat bo‘ladigan xayot namunasi. Bejirim, yarashiqli bichimlar o‘rniga na milliy madaniyatimiz va na qadriyatlarimizga mos keladigan bachkana, hatto kulguli shakldagi kiyim-kechaklar paydo bo‘layaptiki, ko‘rib ensangiz qotadi. Yoshlarimizning moda ketidan ko‘r-ko‘rona quvishlari va yangi chiqqan tor, ochiq, kalta liboslarni moda deya e’tirof etishlari va bu turdagi kiyimlar albatta kiyilishi kerak deb fikrlashlari ayni xaqiqat. Barcha sohalarda ikki dunyo baxtu saodatiga erishish uchun shariat ahkomlariga amal qilish talab etilganidek, kiyinish borasida ham har xil g‘oyalar, madaniyatlar yoki ko‘r-ko‘rona taqlidlardan voz kechib, Alloh taoloning shariatiga itoat etish, bizlarning ulkan yutug‘imizdir.

 

Rahmatillo MADAMINOV,
Qo‘shtepa tumani “Eshonguzar” masjidi imom-noibi

Maqolalar
Boshqa maqolalar

Alloh naqadar buyuk Zot!

25.12.2024   9358   1 min.
Alloh naqadar buyuk Zot!

Ikkita bir-biriga o‘xshash oyat, lekin Alloh taolo ularni ikki xil xulosa bilan yakunlagan:

وَإِن تَعُدُّوا نِعْمَتَ اللَّهِ لَا تُحْصُوهَا  إِنَّ الْإِنسَانَ لَظَلُومٌ كَفَّارٌ (34)


"Va agar Allohning ne’matlarini sanashga urinsangiz, ularni sanab tugata olmaysiz. Albatta, inson zulmkor va noshukrdir" (Ibrohim surasi, 34-oyat).

 وَإِن تَعُدُّوا نِعْمَةَ اللَّهِ لَا تُحْصُوهَا  إِنَّ اللَّهَ لَغَفُورٌ رَّحِيمٌ (18)


"Va agar Allohning ne’matlarini sanashga urinsangiz, ularni sanab tugata olmaysiz. Albatta, Alloh mag‘firatli va marhamatlidir" (Nahl surasi, 18-oyat).

Birinchi oyatda: Insonning Allohga munosabati bilan tugatilgan!
Ikkinchi oyatda: Allohning bandaga munosabati bilan tugatilgan!

Alloh taolo naqadar buyuk Zot! Inson esa naqadar ojiz va nodon mavjudot.

Homidjon domla ISHMATBЕKOV