Alloh taolo borliqni yaratgan Zotdir, O‘zi yaratgan narsalarning gultoji qilib insonni yaratdi. Butun bashariyatni behisob ne’matlari bilan siyladi. Ammo ana shular ichida bebaholari sihat-salomatlik va xotirjamlikdir. Ko‘pincha sog‘likni yo‘qotib, bemor bo‘lganimizda taqdirimizdan nolib «Qaysi gunohim uchun bu dardga chalindim», deb noshukrlik ham qilamiz.
Nabiy sollallohu alayhi vasallam marhamat qilib: «Alloh kimga yaxshilikni iroda qilsa, uni sinovga uchratur», dedilar. Ana shunday ko‘proq uchraydigan sinovlardan biri bu – bemorlik. Odatda sog‘ligi, halovatini yo‘qotgan bemor sog‘lom odamga nisbatan ko‘proq Allohni yodga oladi va gunohlariga pushaymon bo‘ladi. Bu bilan bandaga tavba va istig‘for eshiklarini ochilib, Allohning marhamatiga noil bo‘ladi.
Inson ikki dunyodagi o‘z baxti va saodatiga erishish yo‘lini, barcha haqiqatlarni va ikki dunyo ilmini bekamu ko‘st biladigan Alloh taolodan astoydil so‘rashi kerak. Demak, bemorlikka mubtalo bo‘lgan musulmon inson o‘ziga oriz bo‘lgan xastalikni Alloh taolo tomonidan o‘ziga nisbatan bo‘layotgan sinov deb bilmog‘i va sabr qilib, Alloh taoloning O‘zidan shifo so‘rashi kerak. Mo‘min-musulmon odam o‘ziga bemorlik yetganda sabrsizlik qilish o‘rniga, sabr qilib, xastalikni Alloh taolo tomonidan o‘ziga beriladigan yaxshilikdan oldingi sinov deb bilmog‘i lozim. Agar o‘sha sinovdan yaxshi o‘tsa, unga yaxshilik ato qilinadi.
Ato roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Ibn Abbos menga: «Senga jannat ahlidan bo‘lgan bir ayolni ko‘rsataymi?» dedi. «Ha», dedim. «Manavi qora xotin». Oddiy, bir qora tanli, ismlari Su’ayra al-Asadiya bo‘lib, jussali sahobiya ayollardan edi.
U Nabiy sollallohu alayhi vasallamni izlab, masjidga keldi. Dardini aytib, shifo tilashlarini so‘ramoqchi bo‘lgan ekan. Rasululloh «Marhamat, gapir, qulog‘im senda», degan ma’nodagi qarash bilan kutib oldilar. U xotin bundan jasoratlanib, maqsadini bemalol ayta olishiga qanoat hosil qilib:
— Ey Allohning payg‘ambari, men tutqanoq kasaliga yo‘liqqanman. Iltimos, bu kasallikni aritishini so‘rab Allohga duo qilsangiz. Kelishdan maqsadim shu edi, — dedi. Tutqanoq bo‘lganda ham eng shiddatlisidan edi. Xastalik kelganda, dumalab qolganda badanlarining ma’lum qismlari ochilib ham ketardi. Aftidan ayolni asosan tashvishga solgan narsa ham shu edi. Biroq Hazrati Payg‘ambarimizning javoblari uni katta imtihon ostonasiga olib kelib qo‘ydi:
— Istasang, sabr qil, buning evaziga senga jannat beriladi. Istasang, senga ofiyat berilishi uchun Allohga duo qilaman. Ya’ni, «Istasang, dunyo rohatini, istasang, oxirat huzurini tanla», deganlari edi bu. Bir onda dunyo hayoti ko‘z o‘ngida gavdalandi. Bu muhokama juda qisqa vaqtda kechdi. Qarorini shaxsan o‘zi, azmu iroda to‘la bir ovoz ila berdi:
— Sabr qilaman!..
Qisqagina bu javobdan Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning yuzlarida nur jilvalandi va shu’lalar paydo bo‘ldi, mamnuniyat izlari ko‘rindi. Bu javob mustahkam bir iymonga, sof bir tushuncha va niyatga dalolat qilardi. Dunyoning foniyligiga haqiqatan ishongan, oxiratni boqiy deb bilgan bir insongina shunday javob qila olardi.
Ayol yana bir muddat turdida, so‘ng boshqa bir narsa iltimos qildi:
— Yo Nabiyalloh, tutqanoq tutgan paytida badanim ochilib qoladi, shundan uyalaman. Duo qiling, badanim ochilib qolmasin, — dedi. Payg‘ambar alayhissalom qo‘l ochib, duo qildilar. Masala o‘sha yerdayoq hal bo‘ldi. Ayolning tutqanog‘i tutganda badani ochilmaydigan bo‘ldi. O‘zi esa dardga sabr qilgani uchun jannatga kirish va’dasini oldi. Bu va’da haq va’dadir. Payg‘ambarimizning bu niyozlari rad etilmasligi aniq edi. Ayol kelgan tarafiga qaytib ketar ekan, jannati ayol ekaniga ishongan bir zot orqasidan havas bilan qarab qoldi...
U ko‘zdan g‘oyib bo‘lgach, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam sheriklariga bunday izoh berdilar:
— Mo‘minga kelgan har musibat tufayli Alloh taolo uning yaxshiligini orttiradi. Yoki yomonliklaridan birini o‘chiradi. Garchi bu musibat oyog‘iga tosh botishi yo tikan kirishi bo‘lsa ham.
Alloh taolo mo‘minlarni shu dunyoda turli sinovlar bilan imtihon qilib, kimnidir tanasiga dard beradi. Kimdir farzandidan ayrilib musibatga yo‘liqsa, yana kimdir moliyaviy yo‘qotishga uchrashi mumkin. Bularning hammasi o‘sha bandalarning gunohlarini o‘chiruvchi kafforat bo‘ladi. Hayoti poyoniga yetib Allohning xuzuriga borganda esa, dunyoda tortgan musibatlari evaziga Alloh uni ulug‘ ajrlar bilan mukofotlaydi.
E’tibor bering, ushbu sahobiya ayol bir umr kasalikka, dardga sabr qilib yashashlik evaziga jannatga kirish va’dasini oldi. Hozirgi kunimizda ozgina bemorlik yoki vaqtinchalik berilgan dardga sabr qilmay, nolib shikoyat ham qilamiz. Yana bir e’tiborli tomoni dard sababli yiqilganda badanini ochilib qolishidan hayo qilgan ayol. Bugungi kunimizga juda ham ibrat bo‘ladigan xayot namunasi. Bejirim, yarashiqli bichimlar o‘rniga na milliy madaniyatimiz va na qadriyatlarimizga mos keladigan bachkana, hatto kulguli shakldagi kiyim-kechaklar paydo bo‘layaptiki, ko‘rib ensangiz qotadi. Yoshlarimizning moda ketidan ko‘r-ko‘rona quvishlari va yangi chiqqan tor, ochiq, kalta liboslarni moda deya e’tirof etishlari va bu turdagi kiyimlar albatta kiyilishi kerak deb fikrlashlari ayni xaqiqat. Barcha sohalarda ikki dunyo baxtu saodatiga erishish uchun shariat ahkomlariga amal qilish talab etilganidek, kiyinish borasida ham har xil g‘oyalar, madaniyatlar yoki ko‘r-ko‘rona taqlidlardan voz kechib, Alloh taoloning shariatiga itoat etish, bizlarning ulkan yutug‘imizdir.
Rahmatillo MADAMINOV,
Qo‘shtepa tumani “Eshonguzar” masjidi imom-noibi
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Assalomu alaykum va rahmatullohi va barakatuhu
Bugun sizlarga 6 yoshli bir qizaloq haqida so‘zlab beraman. Qizaloqning ismi Tessi bo‘lib, u kambag‘al oilada yashardi. Uylarining birinchi qavatida dorixona joylashgan edi.
Qizaloq kunlarning birida ota-onasiga bildirmasdan shu dorixonaga bordi. Dorixonachi uzoq yil ko‘rishmagan chikagolik bir do‘sti bilan suhbat qurardi. Ular dorixonaga kirgan qizaloqni payqamay, gaplashishda davom etardilar. Oxiri Tessi stolni taqillatib, qo‘lidagi bir dollarni sotuvchining oldiga qo‘ydi-da: “Iltimos menga mo‘jiza berib yuboring” dedi.
Sotuvchi hayron bo‘lib: “Senga nima kerak qizaloq?” dedi.
Qizaloq: “Mana bir dollar, menga mo‘jiza kerak” dedi.
“Biz mo‘jiza sotmaymiz” dedi sotuvchi.
Qizaloq bu gapni eshitishi bilan yig‘lab yubordi. “Iltimos qilaman, menda yana 11 sent ham bor, menga mo‘jiza topib bering”.
Sotuvchi: “Menda sen izlayotgan narsa yo‘q. Kechirasiz, lekin men senga yordam berolmayman”, dedi.
Dorixonachining oldida turgan do‘sti tiz cho‘kib, qizaloqdan so‘radi: “Siz qanday mo‘jiza sotib olmoqchisiz?”.
“Ukam, ukam.... kasal. U yuqori qavatdagi uyimizda ahvoli og‘ir holatda yotibdi. Hozirgina shifoxonadan keldi. Lekin miyasidagi shishni davolab bo‘lmayapti. U o‘lib qoladi, ukam yashashi uchun menga mo‘jiza kerak” dedi jajji qizaloq ko‘zlari yoshga to‘lib.
Ha, qizcha mo‘jizani sotib olsa bo‘ladigan narsa deb o‘ylardi. Chunki u shifokorning ukasi og‘ir kasal ekani, buning uchun katta mablag‘ kerakligi haqida aytgan so‘zlarini eshitgandi. Shifokorning bu so‘zlaridan keyin Tessi ko‘zlari yoshga to‘lgan otasining umidsizlik bilan aytgan ushbu so‘zlarini ham eshitgandi: “Endi...endi o‘g‘limizni faqat mo‘jiza qutqara oladi”.
Shuning uchun qizaloqqa mo‘jiza juda zarur edi.
“Sizda necha pul bor?” deb so‘radi haligi chikagolik odam.
“Bir dollarim va yana o‘n bir sentim bor”, dedi Tessi.
“Qanday ham yaxshi, mening mo‘jizam uchun aynan shuncha kerak bo‘ladi” deb jilmaydi va jajji mushtiga pullarini qisib olgan qizchaning qo‘lidagi pulni olib, “Qani menga uyingni ko‘rsat-chi, ukangni ko‘rmoqchiman” dedi.
Ma’lum bo‘lishicha, bu odam taniqli neyroxirurg shifokor Karlton Armstrong ekan. U dunyodagi eng yaxshi neyroxirurglardan biri edi.
Shifokor qizaloq bilan birga uyga bordi va Tessining ukasini ko‘rib: “Men sizning farzandingizni mutlaqo bepulga davolayman”, dedi. Tessining oilasi bundan nihoyatda xursand bo‘lishdi. Mo‘jiza sodir bo‘layotganiga ishonishmasdi.
Shifokor Armstrong jarrohlik amaliyotini muvaffaqiyatli amalga oshirdi va uning bu amaliyotda qo‘llagan uslubi butun dunyo tibbiyot maktablarida o‘rgatiladigan bo‘ldi.
Tez orada Tessining ukasi butunlay sog‘lom holda uyga qaytdi. “Sizning o‘z oyoqlaringiz bilan uyimizga kelib qolishingiz bu – haqiqiy mo‘jiza. Pulimiz ham yo‘q edi. Nahotki, bepulga shunday murakkab amaliyotni qilib bergan bo‘lsangiz”, dedi qizaloqning otasi. Bu gaplarni qizaloq Tessi eshitib qolib, yugurib keldi: “Yo‘q, kechirib qo‘yasiz hech bepul emas. Men bu mo‘jiza uchun 1 dollar va 11 sent to‘laganman”, dedi. Qizaloqning ota-onasi hayratlanib: “Yo‘g‘e, bu sening ishingmi?” deyishdi. Shifokor: “Ha, hammasiga shu jajji qizaloq sababchi”, dedi.
Ushbu hikoyadan o‘zimizga qanday foydalarni olishimiz mumkin:
Avvalo, yosh bolalarning beg‘uborligi, sof tabiat ekani. Bir narsaga shak-shubhasiz ishonishlari.
Ikkinchidan, Alloh taoloning rahmati kengligi.
Uchinchidan, agar bir narsaga chin qalbdan ishonsak va unga erishish uchun astoydil harakat qilsak, albatta mo‘jiza bizdan uzoq emasligiga guvoh bo‘lamiz.
Qissada guvohi bo‘lganingizdek, qizaloqning qat’iy ishonchi sababli Alloh taolo shifokorni yubordi. Natijada, qizaloqning ukasi tuzalib ketdi, mo‘jiza sodir bo‘ldi. Buning uchun bor yo‘g‘i 1 dollaru 11 sent sarflandi.
Davron NURMUHAMMAD