Joriy yilning 11 fevral kuni Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita tomonidan Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi anjumanlar zalida “Umra safarini tashkil etish va o‘tkazish” masalalari bo‘yicha OAV vakillari va jurnalistlar uchun matbuot anjumani tashkil etildi.
Matbuot anjumanida Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, O‘zbekiston musulmonlari idorasi, “Uzbekistan airways” rahbariyati va mutasaddi xodimlari hamda jurnalist va OAV vakillari ishtirok etdilar.
Tadbirda mutasaddilar tomonidan Umra safarini tashkil etish va o‘tkazish, so‘nggi yillarda muhtaram Prezidentimiz tashabbuslari bilan ziyoratchilarimiz uchun yanada qulay shart-sharoitlar yaratilayotgani va bu jarayon yildan-yilga yaxshilanib borilayotgani haqida batafsil ma’lumot berildi.
Shuningdek, anjumanda Din ishlari bo‘yicha qo‘mita va O‘zbekiston musulmonlari idorasi tomonidan amalga oshirilgan chora-tadbirlar natijasida respublikamiz hududlarida umra navbatlarining sezilarli darajada kamayishiga erishilgani, hozirgi kunda aksariyat viloyatlarda, jumladan, Buxoro, Samarqand, Qashqadaryo, Sirdaryo, Xorazm, Jizzax, Navoiy va Qoraqalpog‘iston Respublikasida joriy navbatlar tugatilgani aytib o‘tildi.
Tadbir davomida fuqarolarimizning umra safariga borish istaklarini to‘laqonli ta’minlash hamda joriy navbatni tezroq tugatish maqsadida qisqa fursat ichida Toshkent-Madina-Toshkent yo‘nalishida qo‘shimcha 3-reysni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha amaliy sa’y-harakatlar olib borilayotgani alohida ta’kidlandi.
Matbuot anjumanida 2020 yil 1 fevral kunidan e’tiboran, birinchi reys Toshkent-Jidda, ikkinchi reys esa Toshkent-Madina yo‘nalishida amalga oshirilayotgani, 3-reys yo‘lga qo‘yilsa, Toshkent-Jidda yo‘nalishida 1 ta, Toshkent-Madina yo‘nalishida 2 ta reys amalga oshirilishi ma’lum qilindi.
Shuningdek, tadbirda 2019 yilning 14 noyabr kunidan e’tiboran har kuni bittadan aviareys yo‘lga qo‘yilgan bo‘lsa, 10 dekabr kunidan e’tiboran kunlik aviareyslar soni
2 taga yetgani, hozirga qadar jami 38 mingga yaqin fuqaro Umra ziyoratini ado etib qaytgani aytildi.
O‘z navbatida, bularning barchasi – muhtaram Prezidentimizning xalqni rozi qilish kerak degan ezgu tashabbuslari asosida amalga oshirilayotgani, yurtdoshlarimizning Umra amallari xavfsiz, ishonchli va eng muhimi ibodatlari mukammal bo‘lishi uchun ularga bo‘lgan yuksak e’tiborning oliy namunasi ekani qayd etildi.
Matbuot anjumanida mutasaddilar jurnalistlarni qiziqtirgan savollarga, shuningdek, veb-sayt tahririyatlari, fuqarolarimiz tomonidan Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, O‘zbekiston musulmonlari idorasi hamda O‘zbekiston havo yo‘llariga mazkur mavzuga oid yozma ravishda kelib tushgan murojaat va savollarga atroflicha javob berdilar.
Din ishlari bo‘yicha qo‘mita
Matbuot xizmati
أُولَٰئِكَ الَّذِينَ هَدَى اللَّهُ فَبِهُدَاهُمُ اقْتَدِهْ
"Ana o‘shalar Alloh hidoyat qilgan zotlardir. Bas, ularning hidoyatiga ergash" (An’om surasi, 90-oyat).
Allohim! Sen buyurganingdek namozni ado qilolmayapman.
Dovudning ro‘zasidek ro‘za tutolmayapman.
Xasta bo‘lsam, Ayyubdek sabr-toqat qilolmayapman.
Yunus nahang ichra tasbeh aytgani kabi senga tasbeh aytolmayapman.
Yahyo kabi dinimda sobit turolmayapman.
Yusuf o‘z nomusini saqlagani kabi men ko‘zimni saqlay olmayapman.
"Boraveringlar, sizlar ozodsizlar" degan so‘zga ham loyiq emasman.
Ammo... ammo men ham ular kabi Seni yaxshi ko‘raman, yo Allohim!
Sharqoviy. "Qurondan maktublar".