Avvalo “mazhab” so‘ziga ta’rif bersak maqsadga muvofiq bo‘ladi. “Mazhab” so‘zi arabcha so‘z bo‘lib, “yo‘l”, “yo‘nalish” ma’nolarini bildiradi.
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam hayotlik paytlarida shariatga bog‘liq barcha masalalarning yechimini U Zot alayhissalomning o‘zlari ko‘rsatar edilar. Sahobai kiromlar esa, U Zot alayhissalomdan sodir bo‘lgan har bir gap va ishlarni katta e’tibor bilan qabul qilib, o‘z hayotlariga tadbiq qilardilar.
Asta-sekin musulmonlarning safi kengayib, islom dini boshqa o‘lkalarga hatto arab bo‘lmagan diyorlarga ham yetib bordi. Natijada, shariat hukmlarini yaxshi o‘rgangan insonlarni ko‘magiga ehtiyoj sezildi. Bunga misol qilib, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam Muoz ibn Jabal roziyallohu anhuni Yamanliklarga islom dini ahkomlarini o‘rgatish uchun yuborganliklarini keltirish mumkin.
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning vafotlaridan keyin shariatga bog‘liq barcha masalalar sahobalardan so‘raldi. Yosh sahobalar o‘zlaridan kattalardan, yangi musulmonlar avval musulmon bo‘lgan sahobalardan o‘zlari tushunmagan turli masalalar yechimini so‘rardilar.
Imom ibn Ahmad ash-Sha’roniy o‘zlarining “Al-Miyzan ash-sha’roniya” asarlarida mazhablar haqida quyidagi fikrlarni zikr qilgan. “Aslida sahoba va tobeinlar davrida mazhablarning soni o‘n sakkizta bo‘lgan. Ularning barchasi o‘z vaqtida amalda bo‘lgan. Lekin vaqt o‘tishi bilan ular orasida to‘rt yirik: hanafiy, molikiy, shofe’iy va hanbaliy mazhablari ajralib chiqdi. Mazkur to‘rt mazhabning saqlanib qolishining asosiy omili bu mazhablarning ta’limotlari boshqa mazhablardan kuchliroq bo‘lgani uchun emas, balki to‘rt mazhab boshqa o‘n to‘rt mazhab ta’limotini ham qamrab olganidir”.
Demak, ko‘plab mazhablar orasidan faqat to‘rttasining saqlanib qolgani asrlar davomida insonlarni turli ziddiyatlar va ixtiloflardan himoya etishda asos bo‘lgan.
Afsuslar bo‘lsinki, mana shunday butun ummat e’tirof qilib turgan mazhabdan ba’zi yurtdoshlarimiz yuz o‘girib, o‘zlaricha bir nechta hadisni ma’nosini bilib olib: “Men o‘zim Qur’on va hadisdan hukm olaman, men mazhabga ergashmayman, men hadisga amal qilaman”, - deb katta da’vo va xato qilmoqdalar. Bilmaydilarki, hadis ilmining sultonlari bo‘lgan va minglab hadislarni o‘rganib, ularni jamlab, hadis kitoblarini yozgan buyuk muhaddislar ham mazhabda yurganlar. Xatolarining asosiy sababi – ular mazhab o‘zi nima, mazhab asoschilari qanaqa martabadagi zotlar ekanini bilmasliklaridir.
Alloma Abdulhay Laknaviy hazratlari o‘zlarining “Majmuatul fatovo” kitoblarida Shox Valiyyulloh Dehlaviyning quyidagi so‘zlarini keltirganlar: “Hindiston va Movarounnahr yurtlarida shofe’iylarning ham, hanbaliylarning ham, molikiylarning ham mazhabi tarqalmagan, boshqa mazhab kitoblari ham yetib kelmagan. Shuning uchun ushbu diyorlarda yashovchi ijtihod darajasiga yetmagan kimsalarga Abu Hanifa mazhabiga ergashish vojib bo‘ladi. Makkai-Mukarrama va Madinai-Munavvarada yashovchi kimsalarga unday emas. Chunki u yerda barcha mazhablarni topish imkoniyati bor”.
Xulosa qiladigan bo‘lsak, bizning diyorimizda faqatgina Abu Hanifa rohmatullohi alayhning mazhabiga amal qilish lozim ekani ma’lum bo‘lmoqda. Allohga hamdlar bo‘lsinki, bir necha asrlardan beri ota-bobolarimiz mazkur mazhabga og‘ishmay-toyilmay amal qilib kelmoqdalar.
Hoshimjon ERGASHЕV,
Buvayda tumani ”Poshshopirim” masjidi imom-xatibi
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
"Alloh sizdan yengillatmoqni iroda qiladir. Va inson zaif yaratilgandir".
Insonni Alloh taoloning O‘zi yaratgan. U Zot O‘z bandasining xususiyatlarini yaxshi biladi. Shuning uchun ham insonga faqat Alloh taoloning ko‘rsatmalarigina to‘g‘ri kelishi mumkin. Ushbu oyatda Alloh taolo insonning zaif holda yaratilganini ta’kidlamoqda. Yaratuvchining O‘zi «zaif yaratilgan», deb turganidan keyin, shu zaif insonga yo‘l ko‘rsatishda U Zot og‘irlikni xohlarmidi? Yo‘q, U Zot yengillikni xohlaydi.
Islom shariati, umuman, yengillik ustiga bino qilingandir. Bu haqda ko‘plab oyat va hadislar bor. Hammasi o‘z o‘rnida bayon qilinadi. «Niso» surasining boshidan muolaja qilib kelinayotgan masalalar, xususan, erkak va ayol, oila, nikoh masalasiga kelsak, ushbu oyatda bu masalalarda ham Alloh O‘z bandalariga yengillikni istashi ta’kidlanmoqda. Zohiriy qaralganda, diniy ko‘rsatmalarni bajarish qiyin, shahvatga ergashganlarning yo‘llarida yurish osonga o‘xshaydi. Islomda hamma narsa man qilingan-u, faqat birgina yo‘lga ruxsat berilganga o‘xshaydi. «Nomahramga qarama», «U bilan yolg‘iz qolma», «Uylanmoqchi bo‘lsang, oldin ahlining roziligini ol», «Mahr ber», «Guvoh keltir» va hokazo. Hammasi qaydlash va qiyinchilikdan iborat bo‘lib tuyuladi. Shahvatga ergashganlar esa «Yoshligingda o‘ynab qol, gunoh nima qiladi», deyishadi. Bu esa sodda va oson ko‘rinadi. Haqiqatda esa unday emas. Natijaga qaraganimizda bu narsa yaqqol ko‘zga tashlanadi. Dunyo tarixini kuzatadigan bo‘lsak, oila masalasiga yengil qaragan, jinsiy shahvatga berilgan xalqlar, davlatlar va madaniyatlar inqirozga uchragan. Qadimiy buyuk imperiyalarning sharmandalarcha qulashining asosiy omillaridan biri ham shu bo‘lgan.
Bizning asrimizga kelib, G‘arbda, o‘zlarining ta’biri bilan aytganda, jinsiy inqilob bo‘ldi. Jins borasida olimlar yetishib chiqdilar. Ular «Jinsiy hurriyat bo‘lmaguncha, inson to‘liq hur bo‘la olmaydi. Agar jinsiy mayllar jilovlansa, insonda ruhiy tugun paydo bo‘lib, unda qo‘rqoqlik va boshqa salbiy sifatlar kelib chiqishiga sabab bo‘ladi», kabi g‘oyalarni tarqatishdi. Oqibatda jinsiy inqilob avjiga chiqdi.
Natijasini – har xil balo-ofatlar buhronini hozir o‘zlari ko‘rib-tatib turishibdi. Axloqiy buzuqlik, oilaning va jamiyatning parchalanishi, hayotga qiziqishning yo‘qolishidan tashqari, son-sanog‘iga yetib bo‘lmaydigan muammolar paydo bo‘ldi. Jinsiy inqilob oqibatida taraqqiy etgan g‘arb davlatlarining tub aholisi dahshatli sur’atda kamayib bormoqda. Ko‘z ko‘rib, quloq eshitmagan tanosil kasalliklari kelib chiqdi, har yili son-sanoqsiz odamlar shu kasalliklardan o‘lmoqda. Nasl buzilib, odamlari zaifhol va kasalmand bo‘lib bormoqda. Turli aqliy va ruhiy kasalliklar urchidi. Oxiri kelib, kasalliklarga qarshi insondagi tabiiy monelikning yo‘qolishi (OITS) kasalligi paydo bo‘ldi. Bu kasallik haqli ravishda, XX asr vabosi deb nomlandi. Uning davosi yo‘q. Bu dardga chalinishning sababi zinodir. U bilan kasallangan odam tez muddatda o‘ladi. Hamma dahshatda. Bu dardga chalinmaslikning yo‘llari axtarilmoqda, bu yo‘lda behisob mablag‘lar sarflanmoqda, mazkur vaboga chalinmaslikning turli choralari taklif etilmoqda. Qonunlar chiqarilmoqda, idoralar ochilmoqda.
Lekin shahvatga ergashganlari sababli ular eng oson, eng ishonchli bitta yo‘l – Allohning yo‘liga qaytishni xayollariga ham keltirishmayapti. Aqalli ushbu dardning bevosita sababchisi bo‘lmish zinoni man etuvchi qonun chiqarishni hech kim o‘ylab ham ko‘rmayapti. Chunki shahvatga ergashganlar shahvatga qarshi chiqa olmaydilar. Ularning o‘zlari shahvatga banda bo‘lganlari uchun unga ergashganlar. O‘zlarini zohiriy yengil ko‘ringan ishga urib, endi og‘irlikdan boshlari chiqmay yuribdi. Zohiriy og‘ir ko‘ringan bo‘lsa ham, Alloh ko‘rsatgan yo‘lga yurgan bandalar boshida mazkur og‘irlik va mashaqqatlarning birortasi ham yo‘q. Ular mutlaq yengillikda, farovon turmush kechirmoqdalar.
"Tafsiri Hilol" kitobidan