Sayt test holatida ishlamoqda!
20 Iyun, 2025   |   24 Zulhijja, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:04
Quyosh
04:50
Peshin
12:30
Asr
17:40
Shom
20:03
Xufton
21:41
Bismillah
20 Iyun, 2025, 24 Zulhijja, 1446

Navoiyni yod etib

11.02.2020   2166   2 min.
Navoiyni yod etib

Ajdodlar ruhiga hurmat xalqimizning eng oliy fazilatlaridan biridir. Xotira shunday ruhiy-ma’naviy, insonning insonligini anglatuvchi, uni o‘tmish va kelajak bilan bog‘lab turuvchi buyuk qadriyat, ilohiy qudratdir.

Joriy yilning 10 fevral kuni Hadis ilmi maktabida ulug‘ mutafakkir, so‘z mulkining sultoni Nizomiddin Mir Alisher Navoiy tavalludining 579 yilligi munosabati bilan “Navoiyni yod etib” mavzusida ma’naviy-ma’rifiy tadbir o‘tkazildi.

Mazkur tadbir ikki qismda tashkil etildi. Dastlab Maktab majlislar zalida o‘qituvchi va talablar uchun “Navoiy ijodini anglash” mavzusida ilmiy-ma’rifiy davra suhbati tashkil etildi. Ilmiy majlisga Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazidan direktor Bosh maslahatchisi, falsafa fanlari doktori, professor B.To‘rayev, Diniy-ma’rifiy tadbirlar bo‘limi boshlig‘i filalogiya fanlar nomzodi, dots.nt O.Rustamov, Samarqand davlat universiteti 2 kurs magistranti A.Sobirov ishtirok etdi.

Tadbir avvalida maktab rektori O.Yusupov so‘zga chiqib, respublikamizda Navoiy hazratlarining ijodini o‘rganish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ilmiy tadqiqotlar va amaliy ishlar, mutafakkir zotning tavalludiga bag‘ishlab o‘tkazilayotgan ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar haqida ma’lumot berdi.

Shundan so‘ng professor B.To‘rayev Alisher Navoiyning “Munojaat” asarining yozilish tarixi va asarda keltirilgan nazmiy baytlarning mazmun-mohiyati haqida, dots.nt O.Rustamov Alisher Navoiy qurdirgan ma’rifiy-madaniy inshoatlar, islom ma’rifatini anglashda Xoja Ahror Vali bilan muloqotlari to‘g‘risida so‘z yuritdi.

Albatta, Navoiyxonlik kechalarini g‘azal va baytlarsiz tasavvur qilib bo‘lmaydi. Ushbu tadbirda tashrif buyurgan magistrant A.Sobirov Navoiy asarlardan g‘azallar o‘qib, ularni sharhlash asnosida baytlarda ilgari surilgan ilohiy ishq mavzusida ilmiy ma’ruza qildi.

Ilmiy-ma’rifiy davra suhbatidan so‘ng Maktab oshxonasida Alisher Navoiyni xotirlab Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimlari hamda maktab o‘qituvchi va talablar uchun ehson dasturxoni tashkil etildi. Tadbir yakunida xatmi Qur’on qilinib, diyorimizda o‘tgan barcha allomalar, xususan, mutafakkir bobomiz Alisher Navoiy hazratlariga baxshida qilindi.

 

 

J.Akramov

Hadis ilmi maktabi

O‘quv-uslubiy bo‘lim boshlig‘i

O'zbekiston yangiliklari
Boshqa maqolalar

Allohga to‘rt yil duo qildim

16.06.2025   5145   5 min.
Allohga to‘rt yil duo qildim

Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.

Agar madrasaviy naql mutavotir bo‘ladigan bo‘lsa, unda nima uchun hanafiylarning mutavotirida molikiylarning mutavotiriga teskari keladigan joylar bor?

Darhaqiqat, hanafiy mazhabi Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan mutavotir darajada yetib kelgan bo‘lsa, molikiy mazhabi ham Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan mutavotir darajada yetib kelgan bo‘lsa, nima uchun bu mutavotirlar o‘zaro bir xil emas?

Imom Hafs rohimahullohning qiroati bilan imom Sho‘baning qiroati mutavotir emasmi? Yetti qiroat mutavotir emasmi? Lekin ular boshqa-boshqa-ku?!

Demak, «mutavotir bo‘ldi» degani bir xil bo‘ldi degani emas ekan. Shuningdek, Buxoriyda kelgan ba’zi sahih hadislar ham aynan o‘sha Buxoriyda kelgan boshqa bir hadisga teskari kelishi mumkin. Biz esa bu kitobdagi barcha hadislarning sahih ekaniga ishonganmiz.

Shuningdek, Buxoriy va Muslimda ham bir-biriga teskari hadislar bor. Unisi ham Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan sahih bo‘lib yetib kelgan, bunisi ham. Demak, sahih va mutavotir bo‘lish – naqlda bir xil bo‘lish degani emas ekan, chunki Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan sodir bo‘lgan hodisalar turlicha bo‘lgan.

Ba’zilar mutavotirni ma’lum bir ko‘rinishda naql qilishgan, ba’zilar esa mutavotirni yoki mustafizni boshqa bir joyda boshqa bir ko‘rinishda naql qilishgan. Bularning barchasi kitoblarda bor. Bizning mavzuimizdagi nozik nuqta mutavotir bo‘lish emas, balki naql bo‘lishi sobitroq va ko‘p takrorlanganligidir. Bunga «mutavotir» deb nom berish esa majoziy ma’nodadir.

To‘g‘ri, ba’zi dalillar mutavotir bo‘lishi mumkin. Lekin asosiysi – naql qilish sobit ekanida eng yuqori darajasiga chiqqan bo‘lishi kerak. Shuningdek, ular keltirgan naql bilan biz keltirgan naql xilma-xil bo‘lishining zarari yo‘q, chunki hanafiylar Ko‘fada istiqomat qilgan Abdulloh ibn Mas’ud, Aliy ibn Abu Tolib va boshqa sahobalar roziyallohu anhumdan naql qilishgan bo‘lsa, molikiylar Oisha, Ibn Umar va Zayd ibn Sobit roziyallohu anhumdan naql qilishgan. Molikiylarning mazhabi Zayd ibn Sobitga, hanafiylarning mazhabi esa Abdulloh ibn Mas’udga borib taqaladi.

Ushbu mavzuga yakun yasash bilan birgalikda, ko‘p xavotirga o‘rin qolmasligi uchun quyidagilarni ham aytib o‘tsak:

Fiqhiy masalalarga nisbatan hadislarning soni juda ham ozdir. Avvalgi ma’lumotlarimizda hukmlar kelgan hadislarning soni uch ming, ikki ming, besh yuz yoki yetti yuz atrofida ekanini aytib o‘tgan edik. Bu juda ham kam son.

Shuningdek, oyatlarning ham soni chegaralangan. Ammo masalalar esa millionlab topiladi. Shuningdek, hadislar ham bor, marhamat, ko‘rishimiz mumkin. Oldingi va keyingi ulamolarimiz hukmiy hadislar haqida qanchalab kitoblar yozishgan. Ular o‘z kitoblarida «Mana bu hukmiy oyat, bu esa hukmiy hadis», deb zikr qilishgan. Ammo bu o‘rinda bahs hukmiy oyatlar yoki hukmiy hadislarda emas! Siz kutubxonadan bir necha dinorga hukmiy hadislar yozilgan kitob sotib olishingiz mumkin. Qur’oni Karim esa hamma joyda bor. Xo‘sh, shu ikkalasi bilan imom mujtahid bo‘lib qoladimi?

Bahsimiz bu nuqtada ham emas! Bahs ushbu masalalarni qanday qilib chiqarib olish, hukmlarni jamlash va ularni qanday tushunishdadir. Bu yerda hadis yetib kelish-kelmasligi masalasining ahamiyati qolmaydi! Axir oradan 1400 yil o‘tib, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan bizga sunnat yetib keldi-ku!

Mujtahid imomlar bilan Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning o‘rtalarida esa bir necha yillar, ya’ni  70-80-90 yillar o‘tgan, xolos! Ularning butun turmush tarzi Islomdan iborat edi, ular oila qurishda, o‘zaro munosabatlarda, boshqaruvda va barcha holatlarda Islom bilan hamohang edilar. Qanday qilib ularga hadis yetib bormagan bo‘lishi mumkin? Qanday qilib biz hayotimizning turli jabhalarida Islomdan uzoq bo‘la turib, «Bizga hadis yetib kelgan», deymiz? Shuning uchun «Hadis yetib kelgan-kelmagan», deb bahs qilishning hech bir qiymati yo‘q! Qur’on va Sunnat bor. Endi bu o‘rindagi bahsimiz ulardan qanday hukm chiqaramiz, qanday ijtihod qilamiz, ularni qanday tushunamiz va ulardan qoidalarni qanday chiqaramiz, degan ma’noda bo‘lishi kerak.

Yahyo ibn Qatton rohimahulloh: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan yetib kelgan sahih hadislarni ko‘rsatishini so‘rab, Alloh taologa to‘rt yil duo qildim», deganlar.

Biz o‘rganayotgan mavzu faqat hadis rivoyat qilish emas, balki imom Shofe’iyning muhaddislar yo‘lidan yurib, mazhab tuza olishidir. Muhaddislardan oldingilar esa hadislarni ham rivoyat qilishar, bir-biridan farqli fatvolar ham berishar edi. Gap ushbu hadislarga tayanish uchun qanday qilib mazhab va qoidalarni chiqarishdadir. Albatta, ushbu mavzu bizdan katta e’tibor talab qiladigan muhim mavzulardandir.

«Hanafiy mazhabiga teran nigoh» kitobidan