Shu yil 6 sentyabr' chorshanba kuni O'zbekiston musulmonlari idorasi raisi o'rinbosari Jaloliddin domla Hamroqulov fuqarolarni qabul qilib, ularni o'ylantirayotgan masalalar, murojaat va takliflarini tingladi.
Mazkur qabul jarayonida bildirilgan shar'iy masalalar, masjidlar holati, imomlar faoliyati, ta'lim muassasalarida o'qish, oilaviy munosabatlar, moddiy yordam va sohani rivojlantirishga oid murojaatlar eshitildi.
Jumladan, masjid qurilishiga yordam ko'rsatish va bemor kishining davolanishi uchun moddiy yordam ajratish, Ko'zi ojizlar jamiyatining Chilonzor filialiga oziq-ovqat mahsulotlari xayriya qilish, madrasa talabasining o'qishini ko'chirish bo'yicha masalalar atroflicha o'rganilib, mas'ullarga qisqa muddatlarda hal etish yuzasidan topshiriq berildi.
Qabul davomida Andijon, Samarqand, Qashqadaryo, Surxondaryo, Buxoro, Toshkent, Namangan viloyatlari va Toshkent shahridan kelgan har bir fuqaroning muammo va takliflari eshitilib, ularning echimi bo'yicha amaliy choralar ko'rildi.
Ana shunday qabul jarayonlari O'zbekiston musulmonlari idorasining hududlardagi vakilliklari va barcha jome masjidlarda haftaning har chorshanba kuni imom-domlalar tomonidan ham amalga oshirilmoqda.
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday dedilar: «(Umrida) aslo yaxshilik qilmagan bir kishi o‘z ahliga: «O‘lsam, (jasadimni) kuydirib, yarmini quruqlikka, yarmini dengizga sochib yuboringlar. Allohga qasamki, agar Alloh meni topib olsa, hech kimga bermagan azobi bilan azoblaydi», dedi.
O‘sha odam o‘lgach, buyurganidek qilishdi. Alloh quruqlikka buyurdi, u (kulning) o‘zidagi qismini to‘pladi, so‘ng dengizga buyurdi, u ham uning o‘zidagi qismini to‘pladi. Keyin U Zot: «Nega bunday qilding?» dedi. U: «Sendan qo‘rqqanimdan, yo Robbim! Axir O‘zing bilguvchisan!» dedi. Shunda Alloh uni mag‘firat qildi» (Imom Muslim rivoyati).