Ta’kidlash joizki, O‘zbekiston aholisining 90 foizidan ortig‘i Islom diniga e’tiqod qiladi. Yurtimizda mo‘min-musulmonlar uchun diniy ahkomlarni ado etish uchun keng imkoniyat yaratilgan. So‘nggi yillarda ushbu sohada amalga oshirilayotgan ishlar nafaqat yurtimiz aholisi, balki butun musulmon dunyosi tomonidan e’tirof etilmoqda.
Taassufki, mo‘min-musulmonlarning haq-huquqlariga katta e’tibor berilayotgan bir davrda ularning e’tiqodlariga taalluqli masalalarda keng jamoatchilik orasida salbiy ruhdagi, keskin bahs va munozaralarga sabab bo‘ladigan fikr-mulohazalarni e’lon qilish holatlari bizni tashvishga solmoqda.
“Feysbuk” ijtimoiy tarmog‘idagi “Safar Kattaboyev” nomli profil egasi tomonidan O‘zbekistonda Qur’oni karimning ayrim oyat va suralarini taqiqlash kerakligi yuzasidan bildirgan qarashlari ommaviy muhokamaga sabab bo‘layotganidan xabaringiz bor.
Aslida, Islom dinining muqaddas manbai hisoblangan Qur’oni karimdagi oyatlar jamiyatda tinchlik va barqarorlikni asrab-avaylashga, odamlar orasida mehr-oqibatni mustahkamlashga, ilm-ma’rifat tarqatishga, ezgu va savobli ishlarga chaqiradi. Allohning kalomini anglagan kishi borki, ajdodlarimiz buyuk mutafakkir bo‘lib kamolga yetishishida Qur’oni karim asosiy manba bo‘lganiga amin bo‘ladi.
Qur’oni karim – Alloh taoloning muqaddas kitobi. Undagi sura va oyatlarni banda tomonidan ta’qiqlanishi mantiqsizlik. Qur’oni karimga nisbatan bunday fikr aytish ortida din dushmanlarining yashirin niyati bor. G‘arb davlatlaridagi shunday xatti-harakatlar oqibatida, noroziliklar kelib chiqib, talafotlar bo‘lgani barchaga ayon. Islom tarixida esa shunday ishlarning yakuni qanday ayanchli yakun topgani ko‘pchilikka ma’lum.
Qur’oni karimni ta’qiqlash da’vosini qiladiganlar tarix mobaynida ham har zamonda chiqib turgan. Bunday behuda harakat yangilik emas, vahiy zamonida ham bo‘lgan, ayni taklif vahiyni qabul qilib turgan Hazrati Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallamga ham berilgan va hamisha muvaffaqiyatsiz yakun topgan.
O‘zbekiston Respublikasining amaldagi qonun hujjatlarida millatlararo adovat uyg‘otish va fuqaroviy totuvlikni buzishda, vaziyatni beqarorlashtiruvchi ma’lumotlarni tarqatish uchun ham javobgarlik belgilanganligini sira unutmaslik kerak.
O‘z navbatida, O‘zbekiston musulmonlari idorasi tizimidagi diniy soha xodimlari tomonidan Islom dini ahkomlarini o‘z manfaati yo‘lida talqin qilayotgan, yomon niyatli kuchlarning fitnalaridan ogoh etuvchi tushuntirish ishlarini muntazam olib bormoqda.
Shu o‘rinda aytish kerakki, Qur’oni karimni Qiyomatga qadar o‘zgarishsiz saqlashni Alloh taolo o‘z zimmasiga olgan: «Albatta, bu zikrni (ya’ni Qur’onni) Biz o‘zimiz nozil qildik va uni O‘zimiz saqlaguvchimiz» (“Hijr” surasi, 9-oyat). Boshqa oyati karimada "Allohning so‘zlarini o‘zgartirish yo‘q" (Yunus, 64), deya ta’kidlangan. Demak, Alloh taoloning o‘zi Qur’oni karimni muhofaza qilar ekan, unga bandasi daxl qila olmasligini anglab yetish kerak.
Yana bir muhim jihatni yodda saqlash zarur. Biz Internet tarmoqlaridagi voqea-hodisalarga fikr-mulohaza bildirish asnosida ehtiroslarga berilmasdan, donishmandlarcha vazmin va og‘ir-bosiq bo‘lishimiz lozim. Mo‘min kishi bunday vaziyatda qalb va aql amri bilan ish tutadi. Hissiyot va fitnaga solmoqchi bo‘lganlarga imkon bermaydi. Hadisi sharifda aytilganidek “Mo‘min kishi oqil, ziyrak va hushyor bo‘ladi”.
So‘zimiz yakunida O‘zbekiston musulmonlari idorasi yurtimiz mo‘min-musulmonlarini Islom dinining mo‘tabar manbalari va qadriyatlariga taalluqli mavzularda salbiy bahs-munozaralar keltirib chiqaradigan fikrlarni tarqatishdan saqlanishga, bu kabi turli fitna va tushunmovchiliklarga sabab bo‘ladigan holatlarga aralashmaslikka chaqiradi. Zero, bu kabi holatlar yuzasidan tegishli tashkilotlar qonunchiligimizda belgilangan talablar asosida chora ko‘rishga vakolatlidir.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Savol: Mahallamizdagi qabristonda mevali daraxtlar bor. Ularning mevalari pishgan paytda, ko‘pchilik qatori biz ham kirib yeb turamiz. Ba’zilar bu ish joiz emas deb qolishdi. Shunga dinimizda nima deyilgan?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Bu haqida Burhoniddin ibn Moza rohimahulloh shunday zikr qilganlar: "Qabristondagi daraxtlarning hukmi ikkiga bo‘linadi:
1. Ular yer qabristonga aylantirilishidan oldin ekilgan bo‘lishi mumkin;
2. Ular yer qabristonga aylantirilganidan keyin ekilgan bo‘lishi mumkin. Agar daraxtlar yer qabriston qilinishidan oldin ekilgan bo‘lsa, ekkan odamning mulki bo‘ladi. Shuning uchun, daraxtlarning egasi tirik bo‘lsa, uning roziligi bilan yoki undan sotib olib, keyin iste’mol qilish joiz bo‘ladi. Agar daraxtlarning egasi ulardan odamlar yeyishlarini muboh qilgan (ruxsat bergan) bo‘lsa, u holda so‘ramasdan yeyish ham joiz bo‘ladi. Ammo egasining niyati ma’lum bo‘lmasa yoki egasi vafot etgan bo‘lsa va nima maqsadda ekkani noma’lum bo‘lsa, u holda ulardan yeyish joiz bo‘lmaydi. Agar daraxtlar yer qabristonga aylantirilganidan keyin ekilgan bo‘lsa, ushbu holatda ham, ular egasining mulki hisoblanadi.
Shunga ko‘ra, bunda ham egasining niyatiga bog‘liq bo‘ladi. Agar egasi ma’lum bo‘lmasa yoki uning niyati ma’lum bo‘lmasa, u holda ular qabristonning mulki bo‘lgani uchun, ularni sotib, pulini qabristonning ehtiyojlari va ta’miri uchun ishlatiladi” (“Muhiyt”).
Demak, qabristondagi mevalarni yeyish yoki boshqa ekinlarni olish, ularni ekkan egasining niyatiga bog‘liq bo‘lar ekan. Agar boshqalar yeyishlari yoki foydalanishlari uchun ekkan bo‘lsa, ulardan yeyish joiz bo‘ladi. Ammo o‘zi uchun ekkan bo‘lsa, yoki niyati ma’lum bo‘lmasa, yoki kim ekkani ma’lum bo‘lmasa, u holda ularni pulga sotib olib yeyish yoki foydalanish joiz bo‘ladi xolos.
Shu o‘rinda shuni ham ta’kidlash joizki, ba’zilar qabristondagi mevali daraxtlarning tomiri mayyitning qoni va najosatidan ozuqa olgani uchun, ularni yeyish makruh degan da’volarni qilishadi. Bunga javoban ulamolar ushbu da’vo o‘rinsiz hisoblanadi. Chunki daraxtlarning ildizlari garchi najosatdan ozuqa olsa ham, istihola (bir narsani butunlay boshqa narsaga aylanishi) yo‘li bilan boshqa moddaga aylanadi va ularning mevalarini yeyish hech bir makruhliksiz joiz va halol bo‘ladi deganlar ("Ahkomul-janoiz"). Ammo shunday bo‘lsada, qabristonlarga mevali daraxtlarni ekmaslik tavsiya qilinadi. Zero, ularning tomirlari qabrlarni o‘pirilishiga olib kelishi mumkin. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.