So‘ngi vaqtlarda ijtimoiy tarmoq sahifalarida dinga oid mavzularda turli chiqishlar ko‘payib bormoqda.
Avvalo diniy ta’limot o‘ta nozik va hassos bo‘lgani tufayli muayyan din nomidan va uning mohiyati haqida faqatgina mutaxassislar munosabat bildirishlari maqsadga muvofiq, deb hisoblaymiz.
Shuni qayd etish lozimki, O‘zbekiston fuqarosi (u kim bo‘lishidan qat’iy nazar) Konstitutsiya va qonunlarga rioya etishi, boshqa kishilarning huquqlari, erkinliklari, sha’ni va qadr-qimmatini hurmat qilishga majburdir.
Yurtimiz hududida diniy manbalar, qadriyatlar, muqaddas tuyg‘ular hurmat qilinishi shart. Ularga nisbatan haqoratli so‘z ishlatish, yomon munosabatda bo‘lishga hech kimning haqqi yo‘q.
Ta’kidlash joizki, O‘zbekiston aholisining 90 foizidan ortig‘i Islom diniga e’tiqod qiladi. Yurtimizda mo‘min-musulmonlar uchun diniy ahkomlarni ado etish uchun keng imkoniyat yaratilgan. So‘ngi yillarda ushbu sohada amalga oshirilayotgan ishlar nafaqat yurtimiz aholisi, balki butun musulmon dunyosi tomonidan e’tirof etilmoqda.
Taassufki, mo‘min-musulmonlarning haq-huquqlariga katta e’tibor berilayotgan bir davrda ularning e’tiqodlariga taalluqli masalalarda keng jamoatchilik orasida salbiy ruhdagi, keskin bahs va munozaralarga sabab bo‘ladigan fikr-mulohazalarning ifoda etilishi tashvishlanarli hol.
“Feysbuk” ijtimoiy tarmog‘idagi “Safar Kattaboyev” nomli profil egasi tomonidan O‘zbekistonda Qur’oni karimning ayrim oyat va suralarni taqiqlash kerakligi yuzasidan bildirgan qarashlari ommaviy muhokamaga sabab bo‘lmoqda.
Qur’oni karim – Alloh taoloning muqaddas kitobi. Undagi sura va oyatlarni insonlar tomonidan ta’qiqlashga urinish, Qur’oni karimga nisbatan bunday fikr aytish mantiqsizlik. Jamiyat mavjud ustuvor g‘oyaga qarshi fikrlar tashlash oqibatida, noroziliklar kelib chiqishi, ixtiloflar yuzaga kelishi mumkinligi voqe’likda ma’lumdir. Tarixda esa shunday ishlarning yakuni qanday ayanchli yakun topgani ko‘pchilikka ma’lum.
Bugungi O‘zbekiston butun dunyoga o‘zining haqli ravishda bebaho tarixi va madaniyatini taqdim etar ekan, albatta islom ta’limotiga o‘zining beqiyos hissasini qo‘shgan alloma ajdodlari va ularning asarlari bilan faxrlanadi. Dunyoni o‘ziga jalb etayotgan islom me’morchiligi va san’ati bilan ziyorat turizmini kuchaytirmoqda. So‘ngi yillarda aynan islom dini bilan bog‘liq bo‘lgan diniy-ma’rifiy muassasalar – Islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy va Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari, Abul Mu’in Nasafiy ilmiy markazi, Xalqaro islom akademiyasi tashkil etilgani xalqimiz va xalqaro hamjamiyat tomonidan e’tirof etilmoqda. Bularning barchasi xalqimiz tarixini to‘g‘ri anglatish va e’tiqodini to‘g‘ri shakllantirishga qaratilgan.
Yana bir muhim jihatni yodda saqlash zarur. Internet tarmoqlaridagi voqea-hodisalarga fikr-mulohaza bildirish asnosida ehtiroslarga berilmasdan, donishmandlarcha vazmin va og‘ir-bosiq bo‘lish lozim. Sof e’tiqodli, keng dunyoqarashli kishi bunday vaziyatda qalb va aql amri bilan ish tutadi. Hissiyot va fitnaga solmoqchi bo‘lganlarga imkon berish aqldan emas. Shu o‘rinda, muqaddas Qur’oni karimni o‘zgarishsiz saqlanishi haqidagi Hijr surasidagi: «Albatta, bu zikrni (ya’ni Qur’onni) Biz o‘zimiz nozil qildik va uni O‘zimiz saqlaguvchimiz» oyatini eslagan holda, hadisi sharifda aytilganidek “Mo‘min kishi oqil, farosatli, ziyrak va hushyor bo‘ladi”.
So‘zimiz yakunida “Safar Kattaboyev” nomli profil egasi va Internet foydalanuvchilarini Islom dinining mo‘tabar manbalari va qadriyatlariga taalluqli mavzularda salbiy bahs-munozaralar keltirib chiqaradigan fikrlarni tarqatishdan saqlanishga qat’iy chaqiramiz.
Zero, O‘zbekiston Respublikasining “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida”gi qonunida fuqarolarning diniy e’tiqodi bilan bog‘liq his-tuyg‘ularini haqoratlash, diniy qadriyatlarni oyoq osti qilish, amaldagi qonun hujjatlarida millatlararo adovat uyg‘otish, axloqiy negizlarni va fuqaroviy totuvlikni buzishda, vaziyatni beqarorlashtiruvchi uydirmalarni tarqatish ifodalangan xatti-harakatlarni sodir etganlik uchun ham javobgarlik belgilanganligini sira unutmaslik kerakligi to‘g‘risida ogohlantirib o‘tamiz.
Din ishlari bo‘yicha qo‘mita
Matbuot xizmati
Diyorimizga ulug‘ ayyom kirib kelmoqda. Qutlug‘ Iydul Azho vatandoshlarimizni xayru saxovat, mehr-oqibat sari chorlaydi. Bu bayram chin ma’noda odamiylik ayyomi. Insonlarga mehr, o‘ksik ko‘ngillarga shodlik ulashish fursati.
Qalblari himmat va karam ne’matidan bobahra xalqimiz bu muazzam kunlarni boy bermaslik uchun fursatni g‘animat biladilar va savobdan bahramand bo‘lib qolishga harakat qiladilar.
Dinimiz ko‘rsatmalari, shariat hukmlarini ustivor tutgan qodir vatandoshlarimiz qurbonliklar qilib, Haqni rozi qilishga, haqdorlar ko‘nglini olishga intiladilar. Yaratganning rahmati yog‘ilib turgan damlarda duolar mustajob bo‘ladi. Alloh taolo o‘zining kalomida “Parvardigoringiz uchungina namoz o‘qing va qurbonlik qiling”, - deb marhamat qiladi.
Bu borada sarvari koinot sayyidimiz ibratlari o‘rinli. Oila a’zolarimizni yo‘qlash, qo‘shnilar holidan xabar olishda, miskinlarni sevintirish-u, xastalar ahvolidan ogoh bo‘lishda ularning hadisi muboraklari bizga nurli yo‘l, deymiz.
Amallar ko‘p. Ularga beriladigan savoblarning darajasi amalga qarab belgilanadi. Eng savobi ko‘p amal bu farz hisoblansa, boshqalarga yaxshilik ulashish undan keyingi o‘rinda turadigan ulug‘ ibodatdir!
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam muborak hadislarida boshqalarga qilinadigan yaxshilikni farzdan keyingi o‘rinda turishini bayon qilib shunday dedilar: “Farzlarni ado qilishdan keyingi o‘rinda turadigan Allohga eng suyukli bo‘lgan amal bu musulmoning qalbiga xursandchilikni kiritishdir”.
Shuning uchun Shayx Abdulloh Hoshim rahmatullohi alayh qozilikdan kelgan maoshning teng yarmiga shirinlik sotib olib, o‘zlari bilan olib yurar va har doim uchratgan bolaga shirinlikdan berib, uni xursand qilar edilar.
Ulug‘ kunlarda turibmiz. Har damni g‘animat bilishlik, bir birimizga saxovatda ibrat bo‘lishimiz savobli amallar ekanini his qilmog‘imiz lozim. Bu kunda isrofgarchilikdan xoli dasturxonlar yozish, borimizni boshqalar bilan bo‘lishishga intilishimiz darkor. Xayrni, yaxshilikni gunohga almashtirib qo‘ymaslik uchun ham uyg‘oq ko‘ngil bo‘lish talab etiladi.
Bugun muazzam kunlar og‘ushidamiz, dedik. Vatandoshlarimiz ulug‘ safarlarni ixtiyor etganlar. Ayni fursatlarda hojilarimiz Mino, Arofat vodiylarida, Muzdalifada – duolar qabul bo‘ladigan makonlarda, zamonlarda ibodatlar qilib, elu yurtga tinchlik, osoyishtalik so‘ramoqdalar. Bu duolar barakotidan diyorimiz ahliga qancha yaxshiliklar yetishadi, inshaalloh. Ibodatlar huzurini totgan odamlarning qalbi salim, ehsonu, muruvvatda peshqadam bo‘lishlari bu eng katta yaxshilik aslida. Hojilarimiz safar odoblarini tushunib, ulug‘ dargohlardan nasibador bo‘lib qaytadilar. Diyorimizga qaytganlaridan so‘ng esa yoshlarimiz ma’naviyatiga kamarbasta bo‘ladigan, Haq va haqiqat yo‘lida sidqidil xizmat qiladigan xolis Haq xizmatchilariga aylanadilar, degan umidimiz bor. Bunday ulug‘ ziyoratlar insonni qaysi yoshda bo‘lmasin, ezguliklarga xayrixox qiladi. O‘zgalar qalbini tushunishga, vatan va xalq manfaati yo‘lida sa’y-harakatga chorlaydi.
Bu kunlarning Yaratgan dargohidagi o‘rni musharraf. Hayit kechalarida duolar qabul bo‘ladi. Qurbonlik go‘shtlaridan nasibador oilalarga xursandchilik kiradi. Bu ehsonlar ortida ham mehr-oqibat, o‘zaro bag‘rikenglik maqsadi mujassam. Biz bu makonda yasharkanmiz, turli millatlar vakillari yagona O‘zbekistonning fuqarolarimiz. O‘zaro tenglik, adolat hukm surgan yurtda birodarlik, yaxshi qo‘shnichilik an’analarini qadrlab yashamoqdamiz. Mahallalarda hamkorlik bilan obodlik sari yo‘l ochilyapti. Vatanimiz kundan- kunga farovon, xalqimiz turmushi chiroyli bo‘lib boryapti. Bu ne’matlarga shukrona qilish, to‘g‘ri yo‘lda sobitqadam bo‘lish ma’rifatimiz, ma’naviyatimiz kamolidan darak beradi.
Xalqimizga saodat va sano ayyomi – Qurbon hayiti muborak bo‘lsin! Barchamizni Yaratgan xayru xursandchiliklar ustida bardavom qilsin. Vatanimiz tinch, yurtdoshlarimizning oilalari farovon bo‘lsin.
Xolmurod MAMAJONOV,
Farg‘ona shahar “Ummul quro” masjidi imom-xatibi