U qilayotgan ba’zi ishlarini xalq bilan bo‘lishgisi kelardi.
Oilasi davrasida o‘tirganda, farzandlarining kundaliklarida qanday baholari borligini hammaga e’lon qilgisi kelardi.
Ulfatlari bilan oshxona, kafelarda o‘tirganda, qanday taom yeb o‘tirgani, salatlari nimalardan iboratligi, salqin ichimliklari nimaligini hammaga bildirgisi, ko‘rsatgisi kelardi.
Ko‘chada yurganda ham o‘zi guvohi bo‘lgan biror voqeani o‘zi tahlil qilib, xulosa chiqarib qo‘yavermasdan, tarmoqqa yozib, undan tashqari o‘sha voqeada ishtirok etganlarning rasmlarini ham postiga qo‘shib joylardi. Rasmni tarqatishni egalaridan so‘rash kerakligi, umuman, ular bilan bog‘liq hodisani barchaga yoyishni so‘rab ko‘rish kerakmi-yo‘qmi, o‘ylab o‘tirmasdi.
Og‘aynilari bilan dam olishga qorli tog‘larga borar ekan, iloji bo‘lsa har bir bosgan qadamini turli tomonlardan suratga tushirib, tarmoqqa joylashga, umrida “qor ko‘rmagan sahroi kabirliklar”ga qalin qorni g‘irchillatib bosib yurganini ko‘rsatgisi kelardi.
U qorli tog‘ bag‘rida o‘zini goh mutafakkirdek tutib, ibratli postlar yozar, goh bo‘ydoqqa aylanib, sevgi haqida she’rlar “bitardi”.
Dengiz bo‘yiga o‘xshash joylarda o‘tirgancha, “sevgi bobida omadi kelmagan oshiqdek” xayollarga berilar, iztiroblarini bayon etib, o‘z rasmini qo‘shib postlar qoldirardi.
Ba’zan shaharning allaqaysi burchagida joylashgan kafeda kim bilandir “qimmat” qahva ichib o‘tirganini va bu paytda ham o‘zini Istanbuldagi Bosfor bo‘g‘ozi sohilida o‘tirgandek his qilayotganini bildirishga urinardi.
Safarga ketayotganini, aeroport terminali derazasidan tashqariga nigoh tashlab turganini, vatani sog‘inchi uni qiynayotganini sezdirishga urinib post qo‘yar, postning ustida esa o‘zi turgan joy nomini kiritib qo‘yardi.
Uyida chiroq o‘chsa, qora rasmning ustiga “21-asr” deb yozib, tarmoqqa joylar, chiroq yonsa, ba’zan “Chiroq yondi” deb post qo‘yar, ba’zida esa chiroq yonganini aytmay qo‘ya qolardi.
Aytyapmanku, u qilayotgan ishlarining ba’zilarini xalq bilan bo‘lishgisi, xalqqa ilingisi kelardi.
Birodar, kitob o‘qiyotganingiz, Masjidga kirayotganingiz rasmini qo‘ysangiz, agar qalbingizda riyo qilishni ko‘zlamagan bo‘lsangiz, bu ikki turdagi rasmingiz boshqalarga ibrat bo‘ladi deb umid qilamiz. Ammo boshqa yumushlarni rasmga olib tarmoqqa joylayverish masalasini o‘ylab ko‘rarsiz.
Axir siz qahva ichish, toqqa borish, ulfatlar bilan osh yeyish va hokazo ishlarni xalq uchun emas, o‘zingiz uchun qilasiz-ku! Qolaversa, bunday ishlar maqtanchoqlikka aylanib ketishi xafvi bor.
Har birimiz vaqtimiz, umrimiz, pullarimizni nimalarga sarf etayotganimiz, ilmlarimizga qanchalik amal qilayotganimizga e’tibor beraylik!
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytganlar: «Banda qiyomat kuni to‘rt narsa haqida so‘ralmasidan turib oyog‘i o‘rnidan jilmaydi: umrini nimaga sarf qilgani, ilmiga qanday amal qilgani, mol-dunyosini qayerdan topgani va uni nimaga xarajat qilgani, jismini nima uchun fido etgani».
Alloh taolo barchamizni O‘zining hidoyatidan ayirmasin va xotimamizni chiroyli qilgin!
Nozimjon Hoshimjon
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Ajoyib bir ramziy qissa bor. Bir kishi xotini bilan tovuq yeb o‘tirgan edi, eshik taqillab qoldi. Xotini borib qarasa, tilanchi ekan. Xotin tilanchiga yeb turgan ovqatidan berishni xohlagan edi, eri jerkib tashlab: «Tilanchini eshik oldidan haydab yubor», dedi. Xotin uni haydab yubordi. Keyinchalik er-xotin orasiga sovuqlik tushib, er xotinini taloq qildi. So‘ngra boshqa bir kishi kelib, sovchi qo‘ydi va o‘sha xotinga uylandi. Kunlarning birida xotin keyingi eri bilan tovuq yeb o‘tirgan edi, eshik taqillab qoldi. Xotin eshikni ochish uchun borsa, tilanchi ekan. Xotin tilanchini ko‘rgach, qiyin ahvolga tushib qoldi. Eri: «Eshikni taqillatgan kim ekan?» desa, xotin: «Avvalgi erim» dedi. Shunda keyingi eri: «Bir necha yil avvalgi eshiging tagiga kelgan tilanchi ham men edim», dedi.
Al-Jabbor sifatiga ega Alloh bandasini O‘zi iroda qilgan narsasiga yo‘llaydi. Bir banda u narsani xohlasa ham, boshqasi bu narsani xohlasa ham, Alloh xohlaganini amalga oshiradi. Shunday bo‘lgach, har bir o‘tayotgan kuningga shukr qil.
Anvar Tursunov